Ramazon oyi davomida Rossiya Federatsiya shaharlarida taroveh namozlarini o‘qib berish uchun yurtimizdan jo‘nab ketgan qorilarimiz xatmi Qur’onlarni zo‘r ishtiyoq bilan davom ettirmoqdalar.
Kuni kecha vakillarimiz taroveh namozlarini ado etib berayotgan masjidlarda juma namozlarini o‘qib berdilar. Qorilarimiz juma ma’ruzalarida Ramazon oyining fazilatlari, Ramazon ro‘zasi haqida Qur’on va hadislarda keltirilgan oyat hamda hadislar asosida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, ma’ruza davomida musulmonlarning turli buzg‘unchi oqimlar girdobiga tushib qolmasliklari, buning uchun amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar haqida aytib o‘tdilar.
Juma namozlarida faqat erkaklar yig‘ilishini inobatga olib, juma namozidan so‘ng ayollar uchun alohida yig‘ilish o‘tkazilib, ularni hozirgi globallashuv va tahlikaviy davrda yoshlar va ayollarni turli noto‘g‘ri aqidaviy hurujlardan saqlanishlari haqida gapirib o‘tildi. Bunda ularga O‘zbekiston musulmonlari idorasi nashrlaridan bo‘lgan “ISHID fitnasi” kitobi yaxshi qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim juma kuni Kahf surasini o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi gunohlari kechiriladi", dedilar» (Abu Bakr ibn Marduyah rivoyat qilgan).