Ramazon oyi davomida Rossiya Federatsiya shaharlarida taroveh namozlarini o‘qib berish uchun yurtimizdan jo‘nab ketgan qorilarimiz xatmi Qur’onlarni zo‘r ishtiyoq bilan davom ettirmoqdalar.
Kuni kecha vakillarimiz taroveh namozlarini ado etib berayotgan masjidlarda juma namozlarini o‘qib berdilar. Qorilarimiz juma ma’ruzalarida Ramazon oyining fazilatlari, Ramazon ro‘zasi haqida Qur’on va hadislarda keltirilgan oyat hamda hadislar asosida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, ma’ruza davomida musulmonlarning turli buzg‘unchi oqimlar girdobiga tushib qolmasliklari, buning uchun amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar haqida aytib o‘tdilar.
Juma namozlarida faqat erkaklar yig‘ilishini inobatga olib, juma namozidan so‘ng ayollar uchun alohida yig‘ilish o‘tkazilib, ularni hozirgi globallashuv va tahlikaviy davrda yoshlar va ayollarni turli noto‘g‘ri aqidaviy hurujlardan saqlanishlari haqida gapirib o‘tildi. Bunda ularga O‘zbekiston musulmonlari idorasi nashrlaridan bo‘lgan “ISHID fitnasi” kitobi yaxshi qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida keng qamrovli maqsadlar nazarda tutilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish, diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu g‘oya va tashabbuslarni xalq manfaatlaridan kelib chiqib izchil davom ettirish farmonning mazmun-mohiyatini tashkil qiladi.
Prezidentimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbusi tufayli O‘zbekistonning do‘stlari, xayrixohlari xalqaro maydonda ham ko‘payib bormoqda. Qo‘shni, yaqin va uzoq jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo do‘stlik-hamkorlik g‘oyalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu holatni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ham e’tirof etmoqda.
Muzaffarxon Joniyev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 3 may, 90-son