O‘n to‘rt yildirki, marokkolik nasroniy Mishel Ayub musulmonlarni saharlikka uyg‘otadi. U o‘z xohishi bilan Ramazonning har tunida baraban chalib odamlarni uyg‘otishga chiqadi.
Uning aytishiga qaraganda, ilgari bunday ko‘ngilli barabanchilar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu an’ana o‘tmishda qolib ketdi. Hozirgi vaqtda Akka shahrida yolg‘iz uning o‘zi bu ish bilan shug‘ullanadi.
Ayub tungi soat birda ko‘chaga chiqadi va tonggi to‘rtga qadar baraban chalib aylanib yuradi. Undan mamnun bo‘lgan shahar aholisi uni saharlikka taklif etadi va uning haqqiga duolar qiladi.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni sahroda bir otliq kishi ketib borardi. Cho‘lda sarson bo‘lib, adashib chanqoqdan tinkasi qurigan bir kishini uchratdi. Bu odam otliqdan suv so‘radi, otliq unga suv berdi. Yo‘lovchi biroz o‘ziga kelgach otliqdan uni o‘zi bilan olib ketishini iltimos qildi. Otliq rozi bo‘ldi va yo‘lovchini otiga minishiga izn berdi.
Ammo, yo‘lovchi ko‘p toliqqani uchun otga o‘zi mingasha olmadi va: "Men chavandoz emasman, oddiy dehqonman, shuning uchun otga minishga o‘rganmaganman. Iloji bo‘lsa menga otga minishimga yordamlashib yuborsangiz", deb iltimos qildi.
Otliq otdan tushib, unga yordam berdi. Biroq, yo‘lovchi otga mingach, mohir chavandoz kabi otni choptirib qochib qoldi.
Shunda otliq o‘zini aldanganini angladi va qochayotgan o‘g‘rining ortidan qichqirib: "Menga qilgan bu ishingni hech kimga aytma, iltimos! Yo‘qsa, odamlar bir-birlariga muruvvat qilmay qo‘yadilar", dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV