Boshqalarga qilingan xayr saxovatning ajri qanday ham ulug‘. Xususan xayr, saxovat oyi bo‘lmish ramazon oyida bo‘lsachi? Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qiladi:
مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُحَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir.
Qur’oni karimda xayr saxovat fazilati borasida juda ko‘p oyatlar mavjud. Ushbu ramazon oyini g‘animat bilib, iloji boricha ko‘proq xayr saxovat qilish, beva-bechoralar ko‘ngliga xursandchilik ulashish va buning sababidan ko‘plab ajru mukofotlarga sazovor bo‘lishimiz darkor.
Undan tashqari qilingan sadaqalar kasallikka shifo bo‘lishi hadislarda vorid bo‘lgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kasallaringizni sadaqa bilan davolanglar”, deb aytganlar. Haqiqatdan ham, siz ko‘ngli siniq, biroz iqtisodiy jihati oqsagan insonga mehr-oqibat ko‘rsatsangiz u Robbisiga chin ko‘ngildan duo qiladi va natijada Alloh taolo sadaqa qiluvchi insonning qalbidagi o‘ylagan maqsadini ato qiladi.
ففى الحديث الصحيح أن رسول الله - صلى الله عليه وسلم - قال :" أتاني جبريل فقال: يا محمد، عش ما شئت فإنك ميت، وأحبب من شئت فإنك مفارقه، واعمل ما شئت فإنك مجزي به، واعلم أن شرف المؤمن قيامه بالليل، وعزه استغناؤه عن الناس"... أخرجه الحاكم
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Mening oldimga Jabroil keldi va ey Muhammad, alayhissalom hohlaganingizcha yashang, albatta bir kun vafot etasiz, hohlagan insoningizni yaxshi ko‘ring, albatta, bir kun undan ajralasiz, hohlagan amalingizni qiling albatta, bir kun uning evazigi jazo yoki mukofot olasiz. Shuni bilinki, mo‘minni sharafi kechalari qoim bo‘lishligidadir. Va uning azizligi insonlardan behojat bo‘lishligidadir”-dedilar (Imom Hokim rivoyati). Ramazon oyida insonlarning qalbiga hursandchilik ulashishga intilaylik.
أن النبى - صلى الله عليه وسلم - قال : " أفضل الأعمال أن تدخل على أخيك المؤمن سرورا، أو تقضي عنه دينا، أو تطعمه خبزا "..... أخرجه ابن أبي الدنيا في قضاء الحوائج
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Amallarning eng yaxshisi mo‘min birodaring qalbiga hursandchilik kirgizish yoki uning qarzini uzishda ko‘maklashish, unga biror yaxshi taom berishligingdir”. Boshimizga soyabon bo‘lib turgan Ramazon oyini shu va boshqa solih amallar bilan ziynatlaylik. Zero, bu oy bizlar uchun mehmon, mehmon esa qadrlamoq oliy fazilatdir.
El-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga mansub olijanob fazilatlarni, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va uyg‘un tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan edi. Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini, muqaddas dinimiz arkonlarini e’zozlash, bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga, totuv va bahamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan savobli amallar va targ‘ibot ishlari tashkil etish belgilangan. Ushbu qutlug‘ oyda ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning muqaddas ziyoratgohlarini obodonlashtirish bo‘yicha olib boriladigan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berish tavsiya qiligan edi. Mazkur olijanob, ezgu ishlarga amaliyotga tadbiq etib kelinmoqda. Kuni kecha Toshkent shahrida joylashgan “Novza” masjidi a’zolarining tashabbusi va homiylarni jalb etgan holda Chilonzor tumani Cho‘pon ota ko‘zi ojizlar jamiyatida iftorlik ziyofati tashkil etildi.
Jaloliddin HAMROQULOV
"Novza" jome’ masjidi imom xatibi
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.
13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.
Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.
Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.
Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.
«Xalq so‘zi».