Alloh taolo ba’zi kishilarga ro‘zada ham yengillik qilgan. Bu islomning hukmlarida bandalarga yengillik iroda qilinganiga dalildir. Alloh taolo aynan ro‘za haqidagi oyatda: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara, 185-oyat) deb marhamat qiladi. Mana shunga ko‘ra, farz bo‘lishiga qaramasdan, Alloh taolo ba’zi o‘rinlarda bandalariga ro‘zasini ochishga ruxsat beradi. Bular ramazondagi uzrlilar bo‘lib, “Al-Fiqhul hanafiyya” kitobi muallifi ularni ikki qismga bo‘lgan:
Birinchi qismga quyidagilar kiradi:
1.Musofir. Islom dini o‘z yurtidan shar’iy safar masofasicha uzoqlikdagi joyga ketgan musofirga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. O‘z yurtidan 86 km. va undan ko‘proq masofada o‘n to‘rt kun va undan kamroq muddatga turishni niyat qilib chiqqan kishi musofir bo‘ladi va bu musofirga safardalik paytida ro‘za tutmaslikka islom shariati ruxsat beradi. Dalil: Alloh taolo: “Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) deb marhamat qilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan safarga chiqardik. Bizning oramizda ro‘zadorlar ham, ro‘za tutmaganlar ham bor edi. Ro‘za tutganlar tutmaganlarni, tutmaganlar ro‘za tutganlarni ayblamasdi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taoloning: “Agar bilsangiz ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir” (Baqara,184-oyat) degan oyatiga binoan, agar musofir kishiga zarar bo‘lmasa, ro‘za tutish afzal deydilar.
2.Bemor. Agar bemor kasalligi ziyoda bo‘lishidan qo‘rqsa yoki kasallikdan tuzalishi kechikadigan bo‘lsa, islom unga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Lekin bu gapni musulmon, ishonchli tabiblar aytgan bo‘lishi lozim. Agar u o‘zining fikriga asoslanib, ro‘zasini ochadigan bo‘lsa, unga kafforat lozim bo‘lib qoladi. Gohida ro‘za kasallikdan shifo topishiga ham sabab bo‘ladi. Bemor kishining ro‘za tutmasligiga ruxsat ekanligiga dalil, Alloh taoloning yuqoridagi “Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) degan oyatidir.
3.Homilador va emizikli ayol. Shariatimiz bu ikkisiga agar o‘zlariga yoki farzandlariga zarar yetish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqqan homiladorga va bolasiga zarar yetishidan qo‘rqqan emizikli ayolga ro‘zasini ochishga ruxsat berdilar” (Imom Nasaiy va Ibn Moja rivoyati).
Emizikli ayol agar tabib buyurgan bo‘lsa, emizikli bolasini muolajasiga dori ichishi uchun og‘zini ochishi ham mumkin. Bu islomning rahmati, uning hukmlarining yengilligiga katta dalildir.
4. Halok bo‘lishdan qo‘rqqan kishi. Ro‘zador kishiga juda qattiq chanqoq yoki ochlik yetsa, undan halok bo‘lib qolishidan yoki aqli noqis bo‘lib qolishidan qo‘rqsa, ro‘zasini buzib, uni qazo qilishi mumkin. Ammo, kafforat unga vojib bo‘lmaydi. Shuning uchun nonvoy, temirchi, konchiga o‘xshash og‘ir kasb egalariga ro‘zasini mukammal qilishdan ojiz qoldiradigan darajada ko‘p ish qilmasliklari vojib bo‘ladi. Balki, bular ramazon kunlarida ishlarini kamaytirishlari yoki imkoni bo‘lsa kechki paytga ko‘chirishlari lozim bo‘ladi.
Fatovoyi Hindiya kitobida “Nafaqaga muhtoj kasb egasi agar o‘z kasbi bilan shug‘ullansa, o‘ziga ro‘zani buzishni muboh qiladigan zarar yetishni bilsa, unga kasal bo‘lishidan oldin ro‘zasini buzishi harom bo‘ladi” deyilgan.
Bu uzrli kishilar ramazonda og‘izlari ochiq yurgan paytlarida kunduzlari ramazonning hurmatidan oshkora taom yemasliklari vojib bo‘ladi. Ularning uzrlari ketgandan keyin, quyosh botgunga qadar ro‘zadorga o‘xshab saqlanib turadilar. Musofir kishi muqim bo‘lsa, bemor sog‘ayib qolsa, hayz va nifos ko‘rgan ayollar pok bo‘lsalar, og‘izni g‘arg‘ara qilganda bilmasdan ichiga suv ketib qolgan kishiga o‘xshash xato sababidan ro‘zasi ochilgan bo‘lsa, bularning hammasi ramazon oyining hurmatidan kunning qolgan qismini yemasdan ro‘zadorga o‘xshab o‘tkazishligi vojib bo‘ladi.
Yuqorida zikrlari o‘tgan kishilar bir kunga bir kun qilib, necha kun qazo qilgan bo‘lsalar ramazondan keyin shuncha kun qazosini tutib beradilar.
II.Qism. Og‘iz ochish vojib va fidyasi vojib bo‘lgan kishilar. Bu toifadagi kishilar doimiy ojizlik yoki surunkali kasalliklari sababidan ro‘za tutishdan muttasil ojiz qoladigan kishilar hisoblanadi. Yoshi o‘tib qolgan keksalar va bedavo dardga chalinganlar ro‘za tuta olmasalar, bular og‘izlari ochiq yuraveradilar va ramazonning har bir kuniga fitr sadaqasi miqdoricha fidya beradilar. Bular xohlasalar ramazonning boshida, xohlasalar oxirida fidya beraveradilar. Alloh taolo “Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya lozimdir” (Baqara,184-oyat) degan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Bu ro‘za tuta olmaydigan qari va qariyalar uchundir. Ular har bir kunlariga bitta miskinni taomlantiradilar”, deganlar. Buni Imom Buxoriy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan. Ali va Ibn Umar roziyallohu anhulardan ham rivoyat qilingan. (“Al-Fiqhul hanafiyya”, 437-444-betlar).
Demak, yuqoridagi holatlardan xoli bo‘lgan kishilar ramazon oyini g‘animat bilib, uni ro‘zasini tutmoqqa bel bog‘lashlari lozim bo‘ladi. Chunki Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Ro‘za men uchundir. Uning mukofotini O‘zim beraman” degan. Unutmaylikki, Alloh eng buyuk Zotdir. Buyuk Zotning mukofoti ham buyuk bo‘ladi. Shunday ekan, buyuk zotdan buyuk mukofotlarni olishga shoshilaylik.
“Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi D.ESONOV tayyorladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning qurilish va ekspozitsiya ishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash direksiyasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Shayx Abdulaziz Mansur, xattot Habibullo Solih, akademik Akbar Hakimov kabi bir qator olimlar va tashkilotlar mas’ullari (zoom orqali) hamda Markaz xodimlari ishtirok etdi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi uchrashuvda binoning yangi bosqichdagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Unda Markaz ekspozitsiyasida namoyish etiladigan xattotlik asarlari, Qur’on oyatlari yozilgan gilamlar, bino fasadiga o‘rnatilgan hadislar tarjimasi, shuningdek, rassom Bahodir Jalolov va Sobir Raxmetov asarlari, “Bayram” nomli so‘zananing muzey ekspozitsiyasiga qabul qilinishi masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Shayx Abdulaziz Mansur Markaz Qur’on zali uchun tayyorlanayotgan 8 ta gilamda aks etishi belgilangan oyatlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
"Bizning asosiy maqsadimiz – gilamlarda aks etgan muqaddas so‘zlarni keng jamoatchilikka tushunarli va ravon tarzda yetkazishdir. Shu bois, ravoqlarda aks etgan har bir oyat va hadis o‘zbek tilidagi tarjimasi bilan ham berilishi kerak. Bu Markazga tashrif buyuruvchilarga islom ta’limoti va uning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini yaratadi. Shuningdek, tarjimalar aniq, mazmunan mukammal va diniy-ilmiy jihatdan izchil bo‘lishi shart. Bunda eng to‘g‘ri va ishonchli manbalardan foydalanish, mutaxassislar bilan maslahatlashish, olimlarimizning tajribasiga tayanish zarur. Islom sivilizatsiyasi markazi – islom ma’rifati, madaniyati va tamaddunining ulkan ilmiy-madaniy majmuasi bo‘ladi. Uning fasadi ham ma’naviy mohiyatini aks ettirishi kerak. Shu bois, ushbu 44 ta ravoqdagi yozuvlar Markazning umumiy konsepsiyasiga, islom ta’limotiga va tarixiy manbalarga to‘la mos kelishi lozim", – dedi Markaz katta ilmiy xodimi Abdulaziz Mansur.
Qurilish masalalari doirasida binoning to‘rtta asosiy kirish joyida o‘rnatiladigan marmar toshlarda aks etadigan yozuvlar, markaz eshiklari va suratlar galereyasi o‘rtasidagi yo‘lak dizayni, marmar taxtachada aks ettiriladigan matn mazmuni yuzasidan ham takliflar bildirildi.
"Biz bu yerda markazning asosiy g‘oyalarini aks ettiruvchi ramziy elementlar, yozuvlar va naqshlarni joylashtirishimiz kerak. Ushbu yozuvli toshlar islom ilm-fani, madaniyati, ma’naviyatining eng muhim jihatlarini yozib qo‘yish, ularni tarixiy manbalar asosida ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Chunki bu yerga tashrif buyuruvchi har bir kishi islom sivilizatsiyasining ulkan ilmiy va ma’naviy merosini his etishi kerak. Shuningdek, bu stelalar shunchaki yozuvlar bilan cheklanmasligi lozim", — dedi Markaz bo‘lim boshlig‘i Shoazim Minovarov.
Markaz ilmiy-innovatsion loyihalari, xususan, Maxdumi A’zam ilmiy-tadqiqot fondi bilan hamkorlik, ravoqlar bo‘yicha masalalar ham muhokama qilindi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining 80 yilligiga bag‘ishlangan media-loyiha konsepsiyasi taqdim etildi.
"Bugungi Ilmiy kengash uchrashuvi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, har bir uchrashuvda biz ekspozitsiyani yanada boyitish va takomillashtirish uchun yangi takliflarni birgalikda muhokama qilib kelyapmiz. Ayni kunlarda ekspozitsiyani shakllantirishdagi eng muhim jihatlardan biri – uning ilmiy asoslanganligi va keng qamrovli bo‘lishidir. Shu bois, bugungi yig‘ilishda ilmiy tadqiqotlarga asoslangan takliflar muhokama qilindi, hamda ularni amaliy jarayonga tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ilmiy kengash – bu markazning yuragi, deb aytish mumkin.
Chunki aynan shu yerda ilmiy yondashuv asosida loyihalar shakllantiriladi, tarixiy haqiqatlar qayta tiklanadi va madaniy merosni asrash hamda keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinadi", — dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Ilmiy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi yakunida kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati