Alloh taolo ba’zi kishilarga ro‘zada ham yengillik qilgan. Bu islomning hukmlarida bandalarga yengillik iroda qilinganiga dalildir. Alloh taolo aynan ro‘za haqidagi oyatda: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara, 185-oyat) deb marhamat qiladi. Mana shunga ko‘ra, farz bo‘lishiga qaramasdan, Alloh taolo ba’zi o‘rinlarda bandalariga ro‘zasini ochishga ruxsat beradi. Bular ramazondagi uzrlilar bo‘lib, “Al-Fiqhul hanafiyya” kitobi muallifi ularni ikki qismga bo‘lgan:
Birinchi qismga quyidagilar kiradi:
1.Musofir. Islom dini o‘z yurtidan shar’iy safar masofasicha uzoqlikdagi joyga ketgan musofirga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. O‘z yurtidan 86 km. va undan ko‘proq masofada o‘n to‘rt kun va undan kamroq muddatga turishni niyat qilib chiqqan kishi musofir bo‘ladi va bu musofirga safardalik paytida ro‘za tutmaslikka islom shariati ruxsat beradi. Dalil: Alloh taolo: “Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) deb marhamat qilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan safarga chiqardik. Bizning oramizda ro‘zadorlar ham, ro‘za tutmaganlar ham bor edi. Ro‘za tutganlar tutmaganlarni, tutmaganlar ro‘za tutganlarni ayblamasdi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taoloning: “Agar bilsangiz ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir” (Baqara,184-oyat) degan oyatiga binoan, agar musofir kishiga zarar bo‘lmasa, ro‘za tutish afzal deydilar.
2.Bemor. Agar bemor kasalligi ziyoda bo‘lishidan qo‘rqsa yoki kasallikdan tuzalishi kechikadigan bo‘lsa, islom unga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Lekin bu gapni musulmon, ishonchli tabiblar aytgan bo‘lishi lozim. Agar u o‘zining fikriga asoslanib, ro‘zasini ochadigan bo‘lsa, unga kafforat lozim bo‘lib qoladi. Gohida ro‘za kasallikdan shifo topishiga ham sabab bo‘ladi. Bemor kishining ro‘za tutmasligiga ruxsat ekanligiga dalil, Alloh taoloning yuqoridagi “Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) degan oyatidir.
3.Homilador va emizikli ayol. Shariatimiz bu ikkisiga agar o‘zlariga yoki farzandlariga zarar yetish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqqan homiladorga va bolasiga zarar yetishidan qo‘rqqan emizikli ayolga ro‘zasini ochishga ruxsat berdilar” (Imom Nasaiy va Ibn Moja rivoyati).
Emizikli ayol agar tabib buyurgan bo‘lsa, emizikli bolasini muolajasiga dori ichishi uchun og‘zini ochishi ham mumkin. Bu islomning rahmati, uning hukmlarining yengilligiga katta dalildir.
4. Halok bo‘lishdan qo‘rqqan kishi. Ro‘zador kishiga juda qattiq chanqoq yoki ochlik yetsa, undan halok bo‘lib qolishidan yoki aqli noqis bo‘lib qolishidan qo‘rqsa, ro‘zasini buzib, uni qazo qilishi mumkin. Ammo, kafforat unga vojib bo‘lmaydi. Shuning uchun nonvoy, temirchi, konchiga o‘xshash og‘ir kasb egalariga ro‘zasini mukammal qilishdan ojiz qoldiradigan darajada ko‘p ish qilmasliklari vojib bo‘ladi. Balki, bular ramazon kunlarida ishlarini kamaytirishlari yoki imkoni bo‘lsa kechki paytga ko‘chirishlari lozim bo‘ladi.
Fatovoyi Hindiya kitobida “Nafaqaga muhtoj kasb egasi agar o‘z kasbi bilan shug‘ullansa, o‘ziga ro‘zani buzishni muboh qiladigan zarar yetishni bilsa, unga kasal bo‘lishidan oldin ro‘zasini buzishi harom bo‘ladi” deyilgan.
Bu uzrli kishilar ramazonda og‘izlari ochiq yurgan paytlarida kunduzlari ramazonning hurmatidan oshkora taom yemasliklari vojib bo‘ladi. Ularning uzrlari ketgandan keyin, quyosh botgunga qadar ro‘zadorga o‘xshab saqlanib turadilar. Musofir kishi muqim bo‘lsa, bemor sog‘ayib qolsa, hayz va nifos ko‘rgan ayollar pok bo‘lsalar, og‘izni g‘arg‘ara qilganda bilmasdan ichiga suv ketib qolgan kishiga o‘xshash xato sababidan ro‘zasi ochilgan bo‘lsa, bularning hammasi ramazon oyining hurmatidan kunning qolgan qismini yemasdan ro‘zadorga o‘xshab o‘tkazishligi vojib bo‘ladi.
Yuqorida zikrlari o‘tgan kishilar bir kunga bir kun qilib, necha kun qazo qilgan bo‘lsalar ramazondan keyin shuncha kun qazosini tutib beradilar.
II.Qism. Og‘iz ochish vojib va fidyasi vojib bo‘lgan kishilar. Bu toifadagi kishilar doimiy ojizlik yoki surunkali kasalliklari sababidan ro‘za tutishdan muttasil ojiz qoladigan kishilar hisoblanadi. Yoshi o‘tib qolgan keksalar va bedavo dardga chalinganlar ro‘za tuta olmasalar, bular og‘izlari ochiq yuraveradilar va ramazonning har bir kuniga fitr sadaqasi miqdoricha fidya beradilar. Bular xohlasalar ramazonning boshida, xohlasalar oxirida fidya beraveradilar. Alloh taolo “Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya lozimdir” (Baqara,184-oyat) degan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Bu ro‘za tuta olmaydigan qari va qariyalar uchundir. Ular har bir kunlariga bitta miskinni taomlantiradilar”, deganlar. Buni Imom Buxoriy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan. Ali va Ibn Umar roziyallohu anhulardan ham rivoyat qilingan. (“Al-Fiqhul hanafiyya”, 437-444-betlar).
Demak, yuqoridagi holatlardan xoli bo‘lgan kishilar ramazon oyini g‘animat bilib, uni ro‘zasini tutmoqqa bel bog‘lashlari lozim bo‘ladi. Chunki Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Ro‘za men uchundir. Uning mukofotini O‘zim beraman” degan. Unutmaylikki, Alloh eng buyuk Zotdir. Buyuk Zotning mukofoti ham buyuk bo‘ladi. Shunday ekan, buyuk zotdan buyuk mukofotlarni olishga shoshilaylik.
“Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi D.ESONOV tayyorladi.
Qur’on va yaxshilik oyi Ramazonda Alloh taolo bandalariga O‘z rahmati va barakotini ko‘plab nozil qiladi. Shunday ekan, o‘z navbatida insonlar ham bu kunlarni g‘animat bilib, ko‘proq ibodat va ezgu amallarni ado etib, ikki dunyosini obod qilishga harakat qilishi lozim.
Ezgu amallar deganda, avvalo, chin ixlos-e’tiqod, ibodatda bardavom bo‘lish, shuningdek, o‘zgalarga xayru saxovat ko‘rsatish va ularni chiroyli ko‘rinishda xolis ado etish tushuniladi.
Islom dini besh asos ustida qurilgan bo‘lib, shulardan biri bu – Zakot ibodatidir. Zakot Alloh taolo mo‘min bandalariga farz qilgan ulug‘ amallaridandir.
Zakotning joriy etilish hikmati shuki, zakot tufayli jamiyatda bir qadar tenglik paydo bo‘lib, boy va faqir tabaqalar o‘rtasida iliq munosabatlarni vujudga keladi, qolaversa, zakot beruvchining molini poklab, uni talofatdan asrashiga zamin tayyorlanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlar mollaringizni zakot (berish) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berish) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz”.
“Zakot” so‘zi lug‘atda «poklik» va «o‘sish» degan ma’nolarni anglatadi. Zakot bergan kishining moli poklanadi. Qachon zakotini bersa, poklanadi, bo‘lmasa yo‘q. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko‘payib, o‘sadi.
Shar’iy istilohda “Zakot – maxsus moldan maxsus juzni maxsus shaxsga Allohning roziligi uchun shariatda tayin qilingandek mulk qilib berishdir”.
“Maxsus mol” – nisobga yetgan mol demakdir.
«Maxsus juz» – zakot beruvchining mulkidan ajratiladigan miqdordir. Misol uchun, bir kishiga «Ushbu uyda bir yil o‘tirib turishing senga zakot», deb bo‘lmaydi. «Maxsus shaxs» deganda zakot olishga haqli bo‘lgan shaxs nazarda tutilgan.
«Allohning roziligi uchun» jumlasi esa zakotning ibodat niyati bilan berilishi kerakligini anglatadi.
«Shariat tayin qilgan» deganda zakot chiqarish miqdori shariatda ko‘rsatilgan miqdorga to‘g‘ri kelishi kerakligi nazarda tutiladi. Ozgina sadaqa berib, «shu zakot» deb bo‘lmaydi.
«Mulk qilib berish» degan jumladan esa «o‘sha berilayotgan mol uni oluvchiga mulk bo‘lmagunicha zakot bo‘lmaydi» degan ma’no anglanadi.
Zakot to‘g‘ri bo‘lishi uchun ajratilgan mol zakot beruvchi tomonidan haqdorlarga mulk qilib berilishi kerak.
Foydalanib turishga berilgan buyumlar zakot bo‘lmaydi, shuningdek, kishilarni taomlantirib, «mana shu mening zakotim» deyish ham joiz emas. Lekin taom sotib olib, zakot deb niyat qilib bersa bo‘ladi.
Zakot Islomning besh ruknidan biri bo‘lib, shariat farz qilgan ulug‘ amaldir.
Zakot Islomdagi besh ruknning uchinchisidir. U islomiy ibodat bo‘lib, aqiydaning ajralmas qismidir. Kim zakotni inkor etsa, kofir bo‘ladi, bordiyu uni ado etmasa, gunohkor bo‘ladi.
Qur’oni karimda “zakot” so‘zi o‘ttiz martadan ortiq zikr qilingan bo‘lsa, shulardan yigirma yettitasida namoz birga kelgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam sunnatlarida ham zakotga katta e’tibor berilgan.
“Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz va ruku qiluvchilar (namozxonlar) bilan birga ruku qilingiz (namoz o‘qingiz)” (Baqara, 43).
“Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) yo‘ldir” (Bayyina, 5).
Yuqoridagi har ikki oyati karimada zakot so‘zi ulug‘ ibodat – namoz so‘ziga qo‘shilib kelmoqda.
Qur’oni karimning bir necha oyatlarida zakot namozdan keyingi o‘rinda keltirilgan. Bu zakotning shartligi namoz majburiyatidan kam emasligiga dalildir.
Demak, namoz qanchalik farz bo‘lsa, zakot ham shunchalik farz.
Ma’lumki, zakot muayyan miqdordagi mablag‘ga ega bo‘lgan musulmonning zimmasiga farz bo‘ladi. Zakotni vojib qiluvchi muayyan miqdor shariat tilida – nisob deyiladi. Zakot tillo va kumush, pul meva va dehqonchilik mahsulotlari hamda chorva mollaridan beriladi. Zakot beriladigan molning nisobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan qat’iy belgilab berilgan.
Tilloning nisobi (85 gr.) 20 misqol bo‘lib, undan (2,5 gr.) 0,5 misqol zakot uchun ajratiladi. Ya’ni qirqdan biri demakdir. Zakot vojib bo‘lishi uchun yuqorida aytib o‘tilgan nisob miqdori mavjud bo‘lishi hamda shu nisob bir yil davomida ko‘paygan bo‘lishi shart.
Ma’lumki, zakot ulug‘ ibodat bo‘lishi bilan birga, unda buyuk insoniy fazilatlar mujassam, zakot berish tufayli kishi ruhiy, axloqiy kamolotga erishadi. Buning uchun zakot beruvchida ixlos va samimiyat bo‘lsa bas.
Albatta, zakotning savobi yanada mukammal bo‘lishi uchun uni munosib o‘rinlarga berilishi muhimdir. Zakot bersam bo‘ldi, men farzni ado etgan bo‘laman, deb xohlagan shaxsga berib yuborish dinimiz ko‘rsatmalariga mutlaqo ziddir. Chunki nomunosib shaxslarga berilgan mablag‘ingiz, garchi u halol yo‘l bilan topilgan boylik bo‘lsa ham noshar’iy ishlarga yo‘naltirilib, zakot beruvchi gunohkor bandalar qatoriga tushib qolishi hech gap emas.
Shuning uchun halolidan topgan boyligingizdan ajratilgan zakotni Allohni tanib Uni barcha buyruqlariga itoat qiladigan beva-bechora, yetim-yesir, kambag‘al, muhtoj oilalarga shuningdek, yurtimizning turli bilim yurtlarida tahsil olayotgan yordamga muhtoj talabalarning o‘quv shartnoma to‘lovlariga yordam berilsa, ham farzni ado etgan bo‘lamiz, ham ulkan savoblarga erishamiz inshaalloh.
Zakotni masjid va turli ishlab chiqarish korxonalarni qurishga ham sarflanmaydi.
Shuningdek, o‘zi yashab turgan hudud va shaharda faqir va miskinlar mavjud bo‘laturib, zakotni boshqa joylardagi muhtojlarga yuborish ham makruhdir. Agar zakot beruvchining yaqin qarindoshlari yoki o‘ta miskinlar bo‘lsa zakotni yuborish joizdir. Zakotni berishda maslahat ila ma’lum o‘rinlarga, yuqorida qaydi kelgan zakotni olishga haqli bo‘lgan, ehtiyojmand kishilarga berish amalning ayni qabul bo‘lish shartidir.
Zakot beruvchi odam o‘zining berayotgan zakotini chin qalbdan, xursand holda va rozi bo‘lgan holda ado etishi lozim bo‘ladi. Zakotni oluvchi inson ham bo‘ynini egib emas, balki azizu mukarramlik holda Alloh bergan haqni olayapman deb olishi va uni olayotgan vaqtda “bu mening haqqim” deb bilishi kerak bo‘ladi.
Zakot berish va olish jamiyatda insonlarga bunyodkorlik ruhini vujudga keltiradi. Ulardan hayot qiyinchiliklarini, iztirob va mashaqqatni ketkazadi, buzg‘unchilik, hasadni yo‘qotadi. Jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro mehribonlik, rahm-shafqat, tenglik, adolat va muhabbat vujudga keladi. Zakot olgan kishilarda xarid quvvati oshadi, zera ularda qo‘llaridagi mablag‘ga bir narsa sotib olish imkoniyati vujudga keladi.
Demak, zakot jamiyatdagi moliyaviy holatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘plab iqtisodiy, moddiy va ijtimoiy muammolarni hal etish yo‘lida xizmat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi”.
Zakotning hikmatidan biri, unda zakot beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor.
Shuningdek, u tufayli mulkdor tarafning qalbi, ruhiy poklanib, saxovat va muruvvat fazilatlariga ega bo‘ladi. Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga buyurib: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling…”, degan.
Qolaversa, zakot berilgan mol har qanday ofat va talofotlardan omon bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday dedilar: “Sizlar mollaringizni zakot (berishlik) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berishlik) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz”.
Alloh taoloning bizga bergan mol dunyosidan belgilangan zakotni berish, albatta uning o‘sishi va barakotli bo‘lishida aosiy omil bo‘lish bilan birga, zakotni oluvchilarga ham katta manfaatlar bordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining joriy 2025 yildagi zakot bo‘yicha qabul qilingan qarori:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati milodiy 2025 yil (hijriy 1446 yil) uchun ZAKOT nisobini (85 g. tillodan) 61 mln 200 ming so‘m deb belgiladi.
Shunga asosan, kimda zaruriy ehtiyojidan tashqari kamida 61 mln 200 ming so‘m qiymatidagi pul mablag‘i yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moli bo‘lsa, jami mablag‘ining qirqdan biri (2,5 foiz)ni zakot niyatida haqdorlarga beradi.
Alloh taolo xalqimizning farovonligini ziyoda aylab, barchamizni zakot beradigan, ko‘plab yaxshiliklar qilib, O‘zining roziligini topadigan bandalaridan qilsin!
Manbalar asosida
Xo‘jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi
Muhammad Quddus Abdulmannon tayyorladi.