Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446

Ramazon ruh ozig‘i oyidir

07.06.2017   71068   18 min.
Ramazon ruh ozig‘i oyidir

Mehribon va rahmli Alloh nomi ila (boshlayman).

Alloh taolo bizlarga ramazoni sharif oyida ro‘za to‘tishni farz ayladi.  Shu sabab bizlar farzni qanday shaklda ado etishni ilmlari va taqvolari ila bezalib butun dunyoga dars bergan olimlarimizdan o‘rgansak maqsadga muofiq bo‘ladi.

Qarang, tiriklik dahshati shu taom nozu – nemati  ustida bilinadi. Nafs qurg‘ur qancha noz-ne’matni yutib yuboradi-yu, aslo to‘ydim demaydi. Aql to‘yganini bilur, ammo nafs hech qachon. Nafs shaytonning ulfati, unda shiddat boru jilov yo‘q. Jilov o‘sha iblisning qo‘lida. Insoniyat yaratilibdiki, uch unsur unga ofat tashiydi. Biri shayton, ikkinchisi nafs, uchinchisi johillik. Aqlini tanigan zot shu uch illatdan uzoq yuradi. O‘zini bilmagan ularning domiga ilinib, umrining oxirigacha aldovida yashaydi.

Ramazon oyida payg‘ambar alayhissalom nimalar bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Ramazon oyi kelsa u zot kecha-yu kunduz savobi ko‘p amallarni saralab olib u bilan mashg‘ul bo‘lib amaliy ravishda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanganlar. Ulug‘ fazilatlarni o‘zlarida jamlagan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir kishiga buyurishdan ko‘ra o‘zlari o‘sha amallarda yorqin namuna bo‘lishi o‘zlari uchun suyukli amal bo‘lib ko‘rinar edi. Hozirgi kunimizda haddan ziyod pandu- nasihatlar aytilmoqda, biroq uning natijasi hech ko‘rilmaydi. Nimaga? Chunki o‘zimiz avval sunnatni tark qilib insonlarga noto‘g‘ri muomala qilmoqdamiz. Muomala madaniyati husni – hulqda, odobda va amalda yaqqol ko‘rinib turishi shart. Siz amalingizni birovda ko‘rishni istasangiz avval o‘zingiz amalda ko‘rsatib qo‘ying. Bu Rasululloh sunnati va bu din ishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror bir joyga bir sahobani u yerdagi odamlarni isloh qilish uchun yubormoqchi bo‘lsalar go‘yo o‘zlari borgandek bo‘ladigan muborak sahobalarni yuborganlar. U sahoba borishi bilan butun insonlar u kishidagi hislatning ko‘pligidan xayratda qolib butun yaxshilik va fazilatlardan mahrum bo‘lganliklarini sezib qolardilar. Sahobalardan tashqari sunnatga amal qilgan tobe’inlar biror-bir kishiga bir nazar qilsalar ularning nazarlari sababidan avliyolik darajasiga erishar ekanlar. Agar ma’ruza qilsalar insonlarni xushudan ketkazib hatto o‘ldirib ham qo‘yganlar. Yahyo ibn Muoz Xirotda mamlakat padshohining qizi iltimosiga binoan 3 kun ma’ruza qilganda 150 da muxlis insonlar ma’ruzaning ta’siridan o‘lib qolgan ekanlar. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh bir kuni bir janozada insonlarga go‘yo shu tobutning ichidagi odam misolidek ibrat va va’z olib juda ham mayinlik bilan to‘rt kalimani aytib yig‘ladilar. Ko‘z yoshlari butun tanalaridan oqib yerni balchiq qilib tashladi. Go‘yo Hasanul Basriy rahmatullohi alayh o‘zlarini bilmay qoldilar. Atrofdagi kishilar bu kishining holatini ko‘rib yig‘lab- yig‘lab xushlaridan ketib qoldilar. Va hammalari xushlariga kelib avliyolik darajasiga yetib turib ketdilar. Demak, bizlarga bir narsa ma’lum bo‘ladiki haqiqiy Allohning oyatiga binoan ma’ruza qilsak u odamni isloh qilishdan ham ko‘ra uni Allohning do‘stiga aylantirish mumkinligi ayon bo‘ladi. Imom al-Hakim at-Termiziy, Imom Buxoriy, Imom Iso Termiziy va Abu Hafiz Kabir rahmatullohi alayhilar agar ma’ruza qilsalar, o‘zlarining majlislarida 40, 120, 150 va 200 ming odamlar jamlanar ekan.

Xorun ar-Rashidning ayollari bir kuni saroyning darchasidan qarasa odamlar betartib holatda bir joyga yig‘ilayotganini ko‘rib so‘radi: Bular qayerga ketmoqda va nimaga yig‘ilishmoqda? Xurosondan Abdulloh ibn Muborak roziyallohu anhu tashrifiga yig‘ilmoqdalar dedi. Shunda Xorun ar-Rashidning ayollari aytadilar: Xorun ar- Rashidning moli va jonidan Abdulloh ibn Muborak roziyallohu anhuning fazilati ustun bo‘ldi, ustun bo‘ldi deb takrorladi va Xorun ar-Rashid agar buncha insonlarni yig‘aman desa askarlarining ham kuchi yetmaydi. Bir maydon odam bir yerga yig‘ilgan va hammasi ovoz yetkazuvchi moslamasiz hamma birday eshitgan va tinglagan. Nimaga shunday bo‘lgan bilasizmi? Ular barcha insonlarga to‘liq yetib borishi uchun qalblari bilan sekin-sekin gapirishgan. Agar qalban gapirish bo‘lmaganda edi ularga bir vaqtning o‘zida hammalariga birdek yetkazishlikning iloji bo‘lmagan bo‘lar edi. Abduxoliq G‘ijduvoniy rahmatullohi alayh agar ma’ruza qiladigan bo‘lsa, oddiy odamlarni qo‘ya turing, 400 dan ortiq vazirlar va podshohlar kelib tinglab o‘tirarkanlar. Onadan to‘g‘ilgan chaqaloqdek gunohdan pok bo‘lib turib ketar ekanlar. O‘zi amal qilmagan, tanasida harakatlantirmagan uning zavqi shavqini tortmagan uning sababidan kulmagan va uning sababidan yig‘lamagan o‘ziga begona so‘zni “bu–meniki” deb yetkazgan odam eng ashaddiy yolg‘onchi hisoblanadi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytadilar: “Og‘ziga kelgan har narsani gapiraverish kishining yolg‘onchiligiga yorqin dalildir”.

Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh xutba qilayotganlarida mag‘rurlanib qolishdan qo‘rqsalar, xutbalarini to‘xtatardilar. Yozayotganlarida ham mag‘rurlanishdan xavfsirasalar, varaqni yirtib tashlardilar va: “ Ey Parvardigor, Sendan nafsimning yomonligidan panoh tilayman”, derdilar. Insonlarga so‘zlash orqali va yozish orqali o‘zining samimiy tilaklarini bajo qilayotganlarida mag‘rurlanish va xavfsirash va nafsining yomonligi ustun kelsa, unga munosib ravishda munosabat qilarkanlar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu buyuk sahobalarga ma’ruza qilish uchun minbarga chiqib keldilar va sekinlik bilan minbarda birgina “Allohdan qo‘rqinglar” deb shunday yig‘ladilarki uning ta’siridan barcha sahobai kiromlar yig‘lab qoldilar. Uylab ko‘rilsa hamma yomonlik Allohdan qo‘rqmaslikdan kelib chiqadi. Bu so‘zning ortidan biz nimani o‘ylaymizu sahobalar nimani o‘ylagan bo‘lishi mumkin, degan savol keladi. Ular zarra misoli qalbdan o‘tgan gunohga ham hisob borligini his qilib yig‘lashardi. Ular qancha Allohga qarab yursalar ham uni o‘zlari uchun oz amal deb bilishardi. Chunki savob amalni musobaqa qiluvchilar shunchalik ko‘p qilishardiki, ularning oldida o‘zlarining amali zarra misoli ko‘rinmasdan ketardi  va u ulug‘ sahoba shuncha amaliga mag‘rurlanmasdan yana qayerda katta amal bo‘lsa, uni ham musobaqa orqali tortib olishi ularni sira tinch qo‘ymasdi. Bizning zamonimizda savob amalni musobaqa qiladigan odamni mikroskopda ham topib-axtarib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham odamlar uxlab yotgan odamlar misoli mudrab yurishibdi. Nimaga yashayotganini va nimaga namoz o‘qiyotgani va nimaga ro‘za to‘tayotganiga farq qilmasdan ahmoq odam misoli yer yuzida o‘ynab yurishibdi. Biz tezroq uyg‘onishimiz kerak. Agar tezroq uyg‘onmasak, ertaga qabrda bizni qattiq savolga tutganda uyg‘onganimizda keyin kech bo‘ladi. Rasululloh yo‘lidan yurish rasulullohning sunnatlaridan bir qadam ham orqada qolmasdan yurishni talab etadi. Ko‘nglingiz xohlaganda bir savobni qilib va ko‘nglingiz xohlaganda bir gunohni qilib o‘zingizni aldab yurmang. Islomga to‘liq kirib to‘liq amal qiling. Yolg‘onchi musulmonni rasululloh “Yolg‘onchilar mening ummatim emas”, deganlar. Shuning uchun biz ramazoni sharif hurmati bilan o‘zimizni ozroq nafsimizni tiyib, ruhiy ozuqa berib o‘zimizni isloh qilaylik. Ramazondan chiqqaningizda sizning qo‘lingiz va tilingizdan biror-bir kishi ozor chikmaydigan bir musulmon bo‘lib chiqing. Allohning tavfiqi va yordami ila mavzuni yoritishga kirishamiz. Allohumma solli vasallim va barik alayh.

Mo‘min kishining nishoni buldirkim, sukuti fikr, nazari ibrat, yurgani toat bo‘lur.

Ilohiyotda avval amal, so‘ng ilm deyilgan. 

Insonning qanoti uning ilmi. Yana bilinki, qanot temirdan bitganida ham ucholmasa puch yong‘oqchalik qadri yo‘q. Qanot uchganda sinaladi, qoqilganda yana kuch to‘playdi, sayqallanadi, parvoz hadisini o‘rganadi.

Ibrohim ibn Adham aytadi: Bir qavmga hukmron bo‘lgandan ko‘ra, bir nafsga hokim bo‘lmoqlik  qiyinroqdir.

Insonning asosiy harakatini belgilovchi ozuqani o‘z miqdorida berish kerak. Alloh dilni toblash asnosida tanni ham tarashlab, misqolga go‘sht qoldirmas. Odam bolasi ortiqcha yukni ko‘tarib yurishi ko‘nglida turli mayllarga rag‘bat uyg‘otadi.

Rasululloh (s.a.v.) marhamatiga ko‘ra, mo‘min kishida bitta chuchvaraga  loyiq ortiqcha et qolmasligi kerak, deganlar.

Barcha buzg‘unchilik, chalkashlik shu omonat dunyo xiyla-nayrangi, odamzotning tutgan tutumi. Kimdir aql taniganidan quvonib, uni to‘yg‘azadi. Kimdir aql taniganidan foydalanib, nafsini semirtiradi. Nafs semirib to‘lishgach, o‘z xaloskori hisoblangan aqlni bo‘g‘ib o‘ldiradi yoki hibsga olib, ko‘z ochishiga imkon bermaydi. Buning uchun azizu mukarram inson Allohdan gina qilishi kerakmi yoki o‘zidan? Aqli sog‘lom zot yaxshilikni ham, yomonlikni ham taqdiri azal hukmi deb biladi. Yomon odam esa, yog‘ ichganida sevinib, qon kechganida zamonni, qismatni la’natlaydi...

Etlari ustixonga aylansa-da, vujudini shijoat va zavq-shavq tark etmagan kishilarga havaslanib boqishimiz kerakmasmikin? Butun kitoblari va xikmatlari bilan butun dunyoni to‘ldirgan ustozlarning hammalari shu sifatlarni o‘zlarida jam aylagan. Hamma fazilat ochlik ortidan ruh oziqasi orqali kelib chiqadi.

Katta olimlar ham hatto “Bizdan andoza olmanglar, goho ojiz banda bilib-bilmay nafsning aldoviga ko‘nadi” - deb, nafsning yomonligidan ogoh qilib ketganlar.

Holbuki, Saxl Tustariydek buyuk zot nafsini hamisha xumda qamaganday saqlagan, lekin uning har xil rangda tuslanuvchi aldoviga yurmagan, dod-faryodiga quloq solmagan edi.

Hazrati Saxl Tustariy bir hikmatlarida aytadi:

– Tavba muyassar bo‘lmas ul kishigakim, toki tilsiz bo‘lmagunicha; tilsiz bo‘la olmas, toki xilvatga kirmagunicha, xilvatga kira olmas, toki halol yemagunicha; halol yemoq hosil bo‘lmas, toki haqning haqqini ado etmaguncha. U ham hosil bo‘lmas, to vujudini pok saqlamagunicha, u ham hosil bo‘lmagay, haqdan inoyat yetmagunicha! – deb yozgan ekanlar. Badanda nam va ozuqa qolmasdan turib ruhiy ozuqa hisoblangan ilm tinglansa! Qalb kiri boshdan ter bo‘lib chiqib ketadi.

Hasanul Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: Sahoba Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu boylar atrofida o‘ralashib yurmasdi. Farzandlari unga “Sizdan ulug‘lar ham ularning huzuriga boryapti, siz ham qatordan qolmang” deyishdi. Ul zot: “Ey farzandlarim! Qavm bir o‘likni o‘rab olgan bo‘lsa, unga men ham boraymi?! Allohga qasamki, kuchim yetgunicha ulardan qochaman”, dedilar. Farzandlari: “Ey otajon! Unda biz ochlikdan o‘lib ketamiz-ku?” – deyishdi. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu ularga shunday javob berdi:

– Ey bolalarim! Semiz munofiq holda o‘lishdan ko‘ra, och mo‘minligimcha rixlatga chekinishim men uchun suyukliroqdir. Tufroq, imonni emas, go‘sht va yog‘ni yeyishini unutdinglarmi!..

Sahoba Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu bizlarga tanbeh sifatida aytmoqdalarki rizqni Alloh taolo beradi, uni boshqa joydan izlamang, rizq sizni izlab, quvib yuradi. Rizq masalasida boylarga shikoyat qilish o‘ta ketgan ahmoqlik hisoblanadi. Chunki rizqni boyga ham Alloh beradi. Shu sababdan ham sahoba mana shu muborak so‘zni aytdi, bu esa barcha ilm yo‘lida yurgan olimlarga dastur bo‘lishi uchun Xasanul Basriy rahmatullohi alayh bizlarga yetkazib qo‘ydilar. Hamma odamning birlashib bir kishiga menga yemish bering deyishi, o‘ta ketgan ahmoqlik ekanini bildirmoqda. Bu masala yuzasidan juda qattiq gaplar kelgan bunga e’tibor qarataylik:

Iso alayhissalom yomon olimlar botqoqdagi o‘t kabidurki, zohiri chiroyli, ichi balchiqqa to‘la debdurlar. (O‘zlari rizqni Alloh beradi, deb tilda aytib, amalda insonlarga o‘z holini bildirgan kishilarga nisbatan aytilmoqda). Rizq masalasida olimlar boshqalarga o‘rnak bo‘lishi aytilmoqda.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar:

– Bilmaydiganlar holini bir bora bilib, unga amal qilmaydiganlar holiga yetti bora voy bo‘lsin. Va nihoyat, olimlik martabasiga qiziqqan inson shuni yodidan chiqarmasligi zarurki, Rasululloh (s.a.v.) marhamat etganlari kabi, “Yomonlarning eng yomoni – olimlarning yomoni, yaxshilarning eng yaxshisi – olimlarning yaxshisi”. Bu o‘git olimlar vijdonini belgilovchi mezondir.  Ochlikdan qo‘rqmaslik kerak, uning ortidan ruhiy ozuqa keladi.

– Ey kecha-kunduz g‘am chekuvchi, hirs qo‘lida nochor kishi, sen razzoqqa suyan, imon-e’tiqodda mustahkam bo‘lib ishongil. Unga sabr qilib tinchlan biroz. Faqir yo‘lini tanla, chunki faqirlik rasuli akramdan merosdir.

Taom ortidan keladigan zararlar:

 Abu Sulaymon Daroniy aytadi, har narsaning boshi bor. Ko‘ngilning boshi ko‘p yemakdir. Va har kim ko‘p yemak odat qilsa besh narsaga mubtalo bo‘lgay.

Birinchi, ibodat zavqini topmagay;

Ikkinchi, xotirasi kesiladi. Nima eshitsa, darhol unutadi;

Uchinchi, shafqatsiz bo‘ladi! Chunki, o‘zi to‘qdir, barcha xalqni to‘q deb biladi;

To‘rtinchi, toat qilishga erinadigan bo‘ladi;

Beshinchi, shahvati g‘olib bo‘ladi.

 Ibrohim ibn Adham aytadi: Men doimo to‘rt ot saqlayman va ularning chavandoziman. Agar Allohning ne’matiga duch kelsam Shukur otiga minib, uning oldiga peshvoz chiqaman. Agar ranj-alamga yuzlansam, Sabr va Ixlos otlarida kutib olarman. Va gunohga botayotganimni sezsam, Tavba otiga minib, maqsadimga yetarman. Mana shu ishtibohlarga yo‘l qo‘ymaslikning eng qisqa yo‘li – dunyo lazzatidan yuz o‘girmoq, uning aldamchi, behayo jilvasiga sabr-toqat aylamoq va shaytonga bo‘yin egmay yashamoqdir. Ochig‘i, bu oson erishilmaydigan saodatdir.

“Har kim valiylar martabasiga vosil bo‘lmoq istasa, dunyo va oxiratga rag‘bat qilmay, faqat Alloh taologa qalbini berib, halol luqma yesin”.

Abu Sulaymon Daroniy aytadi:

  • Ochlik oxirat eshigini, to‘qlik dunyo eshigini ochar.
  • Agar sening biror hojating bo‘lsa, ul hojating chiqmaguncha hech narsa yemagin. Chunki, ko‘p yemak aqlni ishlashdan to‘sadi. Shayton vasvasasiga soladi. Yuking qancha yengil bo‘lsa, uzoq mashaqqatli manzilingga yetish shuncha oson bo‘ladi.
  • Ro‘za sening o‘zingga ochlik, nafsingga qahrdir, ruhingga ozuqa bo‘ladi.
  • Ochlik ko‘ngilni munavvar etar, to‘qlik ko‘ngilni qoraytirar.
  • Allohni topmas, to nafsini o‘ldirmaguncha va dunyodan yuz o‘girmaguncha
  • Gunohlarning boshi dunyoni sevmoqdir va toat-ibodat ko‘rki ochlikdir.

Har kim Allohga yetishmoqni tilasa, nafsini o‘ldirsin! Alloh aytadi: “Ey bandalarim, agar sizlar dunyoda mendan uyalsangizlar (gunoh amallarni qilishdan), men ham oxiratda sizlardan uyalaman. Va ayblaringizni yuzingizga solmayman, gunohlaringizni nomai a’molingizdan o‘chiraman”. Ko‘p taomlarni istimol qilish vaqtida Allohni ko‘rib turganday his qilib, undan uyalib turilsa! Nur ustiga nur bo‘ladi inshoalloh. Sulaymon Daroniyning lutfini eslasak: “Qo‘rquvdan yiroq qalb xarob bo‘ladi”, - deganlar.

– Gunoh qilmoqqa qudrat topgan vaqtdagi xushvaqtlik gunohning o‘zidan yomonroqdir.

Iblis savdoyi yoki anoyi emas, u olim, faqat uning borlig‘ini kibr egallagan, xolos. Bilki, u oddiy kimsalarni chalg‘itishdan ko‘p quvonmas, u tuzoqni haq istaganlar yo‘liga qo‘yur. Mingta omi shaxsni avragandan, bitta olimni chalg‘itgan afzal, deb bilur.

– Nega?

– Chunki olimning adashuvi – olamning adashuvi! Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning “Mavti olim – mavti olam”, ya’ni olimning o‘limi, olamning o‘limi degan hadisini unutdinggizmi?

Zotan, avliyolar uchun moddiy ne’mat ma’naviy ziyofat oldida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan.

Abu Sulaymon Daroniy aytadi, mening kunlik odatim nonni tuz bilan yer edim. Bir kuni ko‘za ichida yog‘ bor ekan, unga qo‘shib yegandim. Bir yilcha uning ta’sirining zararidan toat zavqini topmadim. Endi men ajablandimki, hamisha nafs orzularini berursan, sening holing qanday bo‘ladi?

Shubhalik taomdan qo‘lni tortish:

Avliyolar sayyidi, atqiyolar peshvosi Horis Muhosibiy qachonki, bir shubhalik taomga qo‘l uzatadigan bo‘lsa, qo‘lining tomirlari chiqar va shundan bilar edikim, ul taom shubhalikdir.

Solih ibn Muso Talhiy (rahmatullohi alayh) otasidan rivoyat qiladi: “Ash’ariy o‘limi oldidan ibodatga shiddat bilan kirishdi. Unga: “O‘zingizni buncha qiynamang”, dedilar. U: “Poygada marraga yaqinlashib qolgan ot o‘zidagi bor kuchni ishga soladi. Mening vaqtim esa bundan ham oz qoldi”, deb javob berdi” (Ibn Asokir).  

Sahroga sepilgan urug‘ ko‘karmaydi, ma’rifatsiz qalbga ziyo kor qilmaydi,  nodon o‘lsa o‘lar,  aslo ilmga bo‘yin egmas...

Gohida inson ojizligi sababli dil qulfini ochib, ichkaridagi sirni ovoza qilur.

Hikmatli qalbga da’vo beruvchi so‘zlar bilan o‘z so‘zimni nihoyalaymiz vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu.

Allohumma solli vasallim va barik ala nabiyyina Muhammad.

Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar” kabinet mudiri

Urol Nazar Abdulmalik Termiziy tayyorladi.

 

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

19.04.2025   18871   8 min.
O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.


Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.


So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.  


Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.


Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.


Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.


Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.


Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.


Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.


Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.


Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.


Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

O'zbekiston yangiliklari