Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Abu Hanifa hadisdan dalil olmaganmi?!

07.06.2017   10239   12 min.
Abu Hanifa hadisdan dalil olmaganmi?!

Insonlar zulmatdan yorug‘likka, zalolatdan hidoyatga chiqishlari uchun O‘z payg‘ambarlarini yuborib, ularning tili orqali O‘z dinini mukammal qilgan Alloh taologa bitmas, tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.

O‘zimdan so‘ng sizlarga ikki narsani qoldirdim, agar ularni mahkam ushlasangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisi”, - deya ummatlari g‘amida bo‘lgan Allohning rasuli Muhammadga salotu salomlar bo‘lsin.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘zni qalblariga jo qilgan, U zotning sunnatlarini mahkam ushlab, kelgusi ummatga yetkazgan sahobalar, tobeinlar va barcha olimlarga Alloh taoloning rahmati bo‘lsin.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hadislari Islom shariatining Qur’ondan keyingi ikkinchi asl manbasi hisoblanadi. Shuning uchun ham hadisi sharif Qur’on bilan birga shariatning asosini tashkil qiladi. Bundan hadisi shariflar ham Qur’on kabi shariatning asosiy manbasi ekanligi, Qur’on qanday qilib keyingi avlodlarga yetkazilgan bo‘lsa hadislar ham xuddi shunday keyingi avlodlarga  yetkazilishi kerak ekanligi tushuniladi.

Bu mas’uliyatni his qilgan sahobalar hadislarni biror-bir kalimasiga ham o‘zgartirish kiritmay tobeinlarga, ular esa o‘z navbatida tabaa tobeinlarga yetkazishga harakat qilganlar. Ba’zi sahobalar boshqalari oldiga borib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitmay qolgan hadislar bormikan, degan maqsadda ulardan hadislarni tinglashar va eshitmaganlari bo‘lsa, ularni o‘rganib olishar edi. Bunga Ibn Abbos, Ibn Umar, Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhum va boshqa yosh sahobalarni misol qilish mumkin. Bu hol tobeinlar ichida yanada rivoj topdi. Tobeinlar hadis va dinga tegishli barcha narsalarni eshitish uchun sahobalarni mahkam tutdilar. Ulardan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning aytgan hadislarini eshitishga juda katta ahamiyat qaratdilar. Bu maqsadda sahobalarga soyadek ergashar va ulardan hadislarni eshitardilar. Juda ko‘plari bu borada mashhur bo‘lishdi. Sa’id ibn Musayyab, Hasan Basriy, Asvad ibn Yazid, Qatoda, Urva ibn Zubayr, Alqama va yuzlab tobeinlar bunga misol bo‘ladi. Tobeinlar o‘z navbatida hadis va shariatga tegishli barcha narsani o‘zlaridan keyingilarga, ya’ni tabaa tobeinlarga o‘rgatar edilar. Bu hol shu tarzda davom etib, hadis ilmi keyingi avlodlarga  yetkazilar edi.

Bu kabi olim sahoba va tobeinlar “faqih” deb nomlanar edi. Shu narsaga e’tibor qaratish kerakki, “Madinaning yetti faqihi” deb nom olgan tobeinlar faqat fiqh bilan shug‘ullanib, boshqa (Qur’on, tafsir, hadis va hokazo) ilmlar bilan shug‘ullanmagan ekan-da, degan ma’no kelib chiqmaydi. Kim shu tushunchaga borsa, u nozik bir xatoga yo‘l qo‘yadi. Zero, faqih deb bizning nazdimizda faqat fiqh ilmi bilan shug‘ullanuvchi odamga ishlatiladi. Go‘yoki faqih inson hadis va boshqa ilmlarga fiqhchalik e’tibor bermaganday. Aslida esa tobeinlar va tabaa tobeinlar davrida faqih deb, butun din ilmlarini egallab, bu borada juda katta tajribaga ega va ayni vaqtda ma’lumotlar orasidan ham ko‘pchilik odamlar e’tibor bermagan nozik qirralarini biluvchi insonga aytilgan. Ayni shu ma’noda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Kimga Alloh ko‘p yaxshilikni xohlasa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”, - deb aytganlar. Chunki bu hadisda biz bilgan faqihlargina maqtalmaganliklari aniq. Zero, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam zamonlarida alohida fiqh degan ilm yo‘q edi. Balki uning ma’nosi shariat sir-asrorlarini, nozik qirralarni biluvchi kishi deganidir. Bu esa ayni vaqtda dinga tegishli barcha narsani, xususan,  Qur’onni, hadisni juda yaxshi bilishni talab qiladi. Demak salafi solihlar davrida faqih tushunchasi muhaddis degan tushunchadan yuqoriroq bo‘lgan. Bundan  mujtahid tobeinlar va tabaa tobeinlar faqatgina rivoyatlarni jamlash bilan shug‘ullangan muhaddislardan ustun bo‘lgani anglashiladi.

Zero, muhaddis hadislarni jamlaydi, ularni ishonchlisini ishonchsizidan ajratadi va ayrimlarini kitoblarda qayd qiladi. Mujtahidlarda ham aynan muhaddislardagi rivoyatlar bo‘ladi, lekin ular muhaddislardan farqli o‘laroq hadislarni  faqat rivoyat qilish yo kitobga qayd qilish bilangina emas, balki ularni tahlil qilish, ko‘rinishidan bir-biriga qarshi ko‘ringan hadislarni izohlash, ularni bir-biri bilan muvofiqlashtirish va ularni Qur’on oyatlari bilan muvofiq kelishini izohlash, ikki manba naslari  borasidagi sahobalar va o‘zlaridan oldin o‘tganlarniing so‘zlarini sharhlash bilan shug‘ullanadilar. Bu narsa ulardan juda katta ilmni talab qiladi. Bu kabi mujtahidlarga Sayyid ibn Musayyab, Madinaning yetti faqihi, Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Sufyon Savriy, Imom Avzoiy, Ahmad ibn Hanbal, Imom Shofeiy  (rahmatullohi alayhim) va boshqalarni misol qilish mumkin.

Asfuski, XX va XXI asrga kelib, dinni yaxshi tushunmaydigan, oldingi olimlarni qay darajada ilmga ega bo‘lganliklari, ular davridagi ilmiy muhit, bitta hukm chiqarish uchun qanchadan-qancha oyat va hadislarga yana bir karra nazar solishlari va barcha kishilardan, hatto shogirdlaridan ham ma’lumotlar olishga tashna bo‘lganliklarini anglamasdan barcha jabhada peshvo bo‘lgan mazhabboshi mujtahid olimlarga tana toshini otish, ularni hadis va Qur’onga amal qilmay, masalalarni o‘z fikr va xohishlari bilan chiqarishlarida ayblaydiganlar chiqib qolgani hech kimga sir emas. Tabiiyki, ana shu jabridiyda mujtahidlarning asosiylaridan biri mazhabboshimiz bo‘lmish Abu Hanifa rahmatullohi alayhdir. Ayniqsa, ular mazhabboshimizning fikrlari bilan olingan bir qancha fiqhiy hukmlarni sahih hadisga, ba’zan umuman hadisga asoslanmaganligini, hadislar turganda o‘z ra’ylari bilan fatvo berganliklarini aytadilar. Abu Hanifa (r.a.) va uning shogirlarini “as'hobi ra’y” deb nomlanishlarining asosiy sababi ham shu, deb ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Go‘yoki, Abu Hanifa(r.a.) hadislarni qo‘yib, o‘z fikriga tayanib dalil chiqargan-u, boshqa mujtahidlar hadisga amal qilganlar. Tabiiyki, bu kabi so‘zlar ular salafi solihlar davrini yaxshi bilmasliklari, o‘zlarining to‘liq ilmlari bo‘lmagani va boshqa bir qancha omillarga borib taqaladi. Ularning bu kabi asossiz gaplariga bir qancha ko‘rinishda raddiyalar berish mumkin. Ulardan ba’zilarini quyida keltiramiz:

- Hamma mujtahidning ham, xususan Abu Hanifa(r.a.)ning ham doim fatvosi ostida albatta yo oyatdan, yo hadisdan yoki sahobaning so‘zidan iborat bir dalil bo‘lgan. Qachonki bulardan birontasi bo‘lmasagina ijtihod qilgan.

- Abu Hanifa (r.a.) 80 hijriy yilda tug‘ilgan va ayrim sahobalarni ko‘rgan. Bu narsa esa u zotning boshqa mazhabboshilardan katta ustunlikka ega ekanliklarini bildiradi. Axir tobeinni tabaa tobeindan ustunligini Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o‘zlari aytganlar.

- Abu Hanifa(r.a.)ning 80 hijriy yilda tug‘ilib, hadislarni roviylarning og‘zidan eshitganliklari, u zotdan keyin yashagan mujtahidlar bilmagan gaplardan xabardor bo‘lganliklarini anglatadi.

- Abu Hanifa(r.a.)ning 4000 mingta ustozi bo‘lgan. Tabiiyki, ulardan faqat din ishlarini o‘rgangan. U ilmlar esa Qur’on, hadis, sahoba va tobeinlarning so‘zlariga asoslangan bo‘lgan, albatta.

- Abu Hanifa(r.a.)ko‘p hollarda oldin mavjud bo‘lgan hukmlarni tarjih qilganlar. Sahoba va tobeinlar davrida uchramagan masalalarga yangidan hukm chiqarganlar. Chunki u zot aytgan hukmlar sahobalar va tobeinlar orasida ham mavjud bo‘lgan. U zot esa faqatgina shu fikrni ustun ekanligini isbotlab berganlar, xolos. Masalan, namozda qo‘lni bog‘lash masalasini olsak, Abu Hanifa(r.a)gacha ham hamma namoz o‘qigan va namozda qo‘lini bog‘lagan. Lekin hamma o‘ziga yetib kelgan asarlarga ko‘ra turlicha  fikrda bo‘lganlar. Abu Hanifa(r.a) o‘ziga yetib kelgan hadis va asarlarni jamlab, chuqur taammul va ijtihod bilan ularning birini tarjih qilgan hamda buni isbotlab bergan. Aslida esa  qo‘lni kindik ostiga bog‘lashni u zot birinchi bor paydo qilmaganlar.

- Abu Hanifa(r.a.)ning juda ko‘plab shogirdlari mujtahid darajasidagi olimlar bo‘lgan. Ulardan bir qanchalari esa ana shu davrning buyuk muhaddislari bo‘lishgan. Masalan, Imom Abu Yusuf, imom Muhammad, imom Zufar, Abdulloh ibn Muborak, Vake’ ibn Jarroh, Mis’ar ibn Kidom, Ali ibn Mus'hir, Yahyo ibn Zakariyo va boshqalar. Manbalarda kelishicha, ularning 40 tasi mujtahid olim bo‘lishgan. Ayni vaqtda bu zotlar esa boshqa buyuk muhaddislarga bevosita ustoz yoki ustozlarining ustozi bo‘lganlar. Mana shu kabi yuz minglab hadislarni biladigan buyuk muhaddislar hadislarga amal qilishni qo‘yib, o‘z havoi nafsiga berilib, fatvo beruvchi odamga shogird bo‘lishlari va uning darsida ustozga juda tavoze’lik bilan o‘tirishlari mumkinmi?! Bu gap kulgili ekanligini bilish uchun inson aqlli bo‘lishi shart emas.

- Abu Hanifa(r.a.)ning darslari asosan munozara tarzida bo‘lib, bu munozaralarda yuqorida zikr qilingan mujtahid odamlar ishtirok etgan. Ba’zan bir masala juda uzoq muddat o‘rganilgan. Oxir-oqibat uning hukmi aytilgan. Agar Abu Hanifa(r.a.) tomonidan aytilgan hukmlar dalillarga, xususan, hadislarga asoslanmagan bo‘lganida darsda o‘tirgan muhaddislar albatta bundan norozi bo‘lgan va bunga raddiya keltirgan bo‘lar edilar. Lekin voqelikda ular imomning hukmlarni dalillardan chiqarib olishlari, u zotda haddan tashqari ma’lumotlar ko‘pligi va dalillarni tushunishda aql-idroklarining naqadar teranligiga qoyil qolganliklari ko‘p kitoblarda naql qilingan. Bu esa u zotning hukmlari juda kuchli dalillarga tayanganini ko‘rsatadi.

- Abu Hanifa (r.a)ning ilmi mujtahid va muhaddis talabalarni qoniqtirgani uchun ham ular dars halqasida doimo u zotni intizor bo‘lib kutganlar.

- Abu Hanifa(r.a.)ga o‘z zamondoshlari ta’na toshini otmagan. Balki u zot bilan hamfikr bo‘lganlar yoki u zotdan keyin yashaganlar ham u zotni juda maqtaganlar.

- Abu Hanifa (r.a.)dan keyin ham katta olimlar, xususan, muhaddislar u zotning mazhabini tutishi ham Abu Hanifa(r.a)ning hadis borasidagi darajalarini ko‘rsatib beradi. Masalan, hijriy 164 yilda tug‘ilgan, buyuk muhaddis, jarh va ta’dil olimlaridan bo‘lgan Yahyo ibn Ma’in ham Abu Hanifa(r.a) mazhabini tutgan. Manbalarda kelishicha, Yahyo ibn Ma’in bir million asar jamlagan. Uni Ahmad ibn Hanbal juda hurmat qilgan va uning yaqin do‘sti bo‘lgan. Endi o‘ylab ko‘raylikchi, qachon bir million hadis to‘plagan odam o‘zga odamga ergashadi? Qachonki, u odamni hadislari ko‘pligi va ularni o‘zidan yaxshiroq tushunishini tan olgan kishigina o‘zidan olimroq kishiga ergashadi. Aslida Yahyo ibn Ma’in ham fahm-farosatda mashhur edi.

- Abu Hanifa (r.a.) va u zotning shogirdlariga “as'hobi ra’y” degan nomni ishlatilishi ularning hadisga tayanmay, o‘z fikriga ko‘ra hukm chiqarganlaridan emas, balki Qur’on va hadisni yaxshi bilganliklari va asarlarni boshqalar ilg‘amaydigan jihatlarini ko‘ra olganliklari sababli bu nom u kishi va shogirdlariga nisbatan ishlatilgan. Chunki, ra’y so‘zi shu maqsadda ishlatilishi ham ana shu zamonda urfda bo‘lgan. Masalan, Imom Molikning mashhur ustozi Robi’aga  ham “Robiatur-Ra’y” deb nom berilgan.

Bu gaplardan shuni tushunish mumkinki, aslida Abu Hanifa(r.a.) hadislarni bilish borasida buyuk muhaddislardan ustun bo‘lsalar ustun bo‘lganlar-u, lekin kam bo‘lmaganlar. Chunki u zotda hadisdan tashqari ulardan hukm olish salohiyati ham kuchli bo‘lgan. Shu ustunlikni yaxshi anglagan buyuk muhaddislar u zotga bevosita yoki bilvosita shogird bo‘lganlar va o‘zlarini u zotga nisbatlaganlar. Ayni vaqtda ular bundan o‘zlarida faxr hissini tuyganlar. Bunga buyuk muhaddislarning yuzlab e’tiroflari dalil hamda bu ma’lumotlar ko‘pgina kitoblarda qayd qilingan.  Demak, bugungi kunda U zotni nasga, xossatan, hadisga tayanmay hukm chiqarishda va hadisni yaxshi bilmaganlikda ayblashlik go‘yo bir go‘dakning xarxashasiga o‘xshaydi.

Toshkent islom instituti

 o‘qituvchisi F. Mamanasirov

Fiqh
Boshqa maqolalar

«Bismillah»ni aytish esidan chiqib qolsa...

23.06.2025   1649   5 min.
«Bismillah»ni aytish esidan chiqib qolsa...

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَذْكُرِ اسْمَ اللهِ، وَإِنْ نَسِيَ أَنْ يَذْكُرَ اسْمَ اللهِ فِي أَوَّلِهِ فَلْيَقُلْ بِسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz taom yesa, Allohning ismini zikr qilsin. Agar avvalida Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, «Bismillahi avvalahu va axirohu» desin», dedilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar).


Ba’zan taom tanovul qilish paytida inson shoshilib, «Bismillah»ni aytish esidan chiqib qoladi. Bir oz yeganidan keyin «Bismillah»ni aytmagani esiga tushib qoladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflariga binoan, ana shunday vaqtda «Bismillahi avvalahu va axirohu» demog‘i lozim.

Bu jumlaning ma’nosi «avvalida ham, oxirida ham Bismillah» degani bo‘lib, taomning barakasini qaytaradi va unga shayton sherik bo‘lishini qirqadi.

وَعَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَأْكُلُ فِي سِتَّةٍ مِنْ أَصْحَابِهِ فَجَاءَ أَعْرَابِيٌّ فَأَكَلَهُ بِلُقْمَتَيْنِ، فَقَالَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَمَا إِنَّهُ لَوْ سَمَّى كَفَاكُمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining oltita sahobalari bilan taom yemoqda edilar. Bir a’robiy kelib, ikki luqmada (hammasini) yeb qo‘ydi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Agar u tasmiya aytganida, hammangizga yetar edi», dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan).

Bu hadisi sharifda har bir odam taomni «Bismillah»ni aytib yesa, u barakali bo‘lishiga dalolat bor.


Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va u kishining olti sahobalari albatta «Bismillah»ni aytib, so‘ng taom yeyishni boshlaganlar. Ammo haligi a’robiyning «Bismillah»ni aytmay taom yegani barakani qochirdi.

وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ جَالِسًا وَرَجُلٌ يَأْكُلُ فَلَمْ يُسَمِّ حَتَّى لَمْ يَبْقَ مِنْ طَعَامِهِ إِلَّا لُقْمَةٌ، فَلَمَّا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ قَالَ: بِسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ، فَضَحِكَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثُمَّ قَالَ: مَا زَالَ الشَّيْطَانُ يَأْكُلُ مَعَهُ، فَلَمَّا ذَكَرَ اسْمَ اللهِ اسْتَقَاءَ مَا فِي بَطْنِهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan edilar. Bir kishi taom yer edi. U tasmiya aytmadi. Faqat bir luqma taom qolgandagina «Bismillahi avvalahu va axirohu» dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kuldilar va:

«Shayton u bilan taom yeb turdi. Allohning ismini zikr qilganida qornidagi narsani qusib yubordi», dedilar» (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilganlar).

Bu ham barchamiz uchun dars. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bor joydagi har bir o‘tirish, harakat va sakinat hammaning diqqat e’tiborida bo‘lishi ma’lum.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan joyda bir odam «Bismillah»ni aytmay, taom tanovul qila boshladi. Hamma damini ichiga yutib, nima bo‘lar ekan, deb kutib turdi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam esa indamas edilar. Haligi kishi esa taom yeyishda davom etar edi. Endi nima bo‘ladi? Atigi bir luqma taom qolganda birdan esiga tushib qolib:

«Bismillahi avvalahu va axirohu» dedi».


Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kuldilar va: «Shayton u bilan taom yeb turdi. Allohning ismini zikr qilganda qornidagi narsani qusib yubordi», dedilar».

Demak, taomni «Bismillah»ni aytmay yegan odam bilan birga shayton ham uning taomidan qo‘shilishib yeb turar ekan.

Bu esa ham gunoh, ham taomning barakasini qochirishdir. Shuning uchun bu masalaga juda ehtiyot bo‘lmoq kerak. Mabodo avvalida aytish esdan chiqib qolgan bo‘lsa ham, eslagan zahoti aytish lozim.

Allohning ismini zikr qilib, so‘ng taom yeyishni boshlash islomiy ovqatlanish madaniyatining boshida turadi.

Albatta, taom Alloh taolo tomonidan bandaga beriladigan ulkan ne’mat ekanligi hech kimga sir emas. Doimo Allohni eslab turishi lozim bo‘lgan banda uchun ne’matga erishgan paytda ne’mat beruvchi Zotni eslash zarurati yana ham ortadi. Ana shunday paytda Allohni – ne’mat beruvchi Zotni esidan chiqargan odam xato qilgan bo‘ladi. Agar o‘zi eslab, xatosini to‘g‘rilasa, yaxshi. Agar uning esiga tushmasa, atrofdagilar unga eslatib qo‘yishlari lozim. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam doimo shunday qilganlar.

«Hadis va hayot» kitobi 16-juzidan