Alloh taolo Ramazon oyida musobaqalashish uchun avvalo iymonni shart qilib qo‘ygan va mukofotga taqvoni va’da qilgan. Zotan, ushbu sharif oy ortidan buyuk mukofotlar va’da qilingandir. Rabbimiz shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
“Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183 oyat).
E’tibor beradigan bo‘lsak, oyati karima “Ey insonlar” deb emas, balki “Ey iymon keltirganlar” xitobi bilan boshlanmoqda. Demak, ramazon oyidagi musobaqalashuvchilarda iymon bo‘lishi shart ekan. Shunday ekan, bu ibodatning mukofotiga erishish uchun musobaqa qilishimiz lozim bo‘ladi.
Ibodatlarda kim o‘zarga bellashish shariatimizda targ‘ib qilingan amallardandir. Alloh taolo:
... وَفِي ذَلِكَ فَلْيَتَنَافَسِ الْمُتَنَافِسُونَ
“... Bas, musobaqachilar shu (ne’matlar) yo‘lida musobaqa qilsinlar!” –deya lutf qiladi (Mutoffifun surasi, 26 oyat).
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ramazon oyi kirib kelganda, Rasululloh sollallohu alyhi vasallam shunday dedilar: “Baraka oyi bo‘lmish Ramazon kirib keldi. Ushbu oyda Alloh sizlarni yaxshiliklarga burkaydi-ki, U Zotning rahmati yog‘iladi, xatolar o‘chiriladi, duolar mustajob bo‘ladi. Alloh sizlarning o‘zaro musobaqa qilishingizga qaraydi va farishtalariga sizlarni ko‘rsatib maqtanadi. Shunday ekan, Allohga faqat yaxshiliklaringizni ko‘rsating. Zotan, bu oyda Allohning marhamatidan mahrum bo‘lganlar haqiqiy baxti qarolardir”.
Amallar – Alloh taoloning nazargohidadir. U Zot marhamat qilib shunday deydi:
وَقُلِ اعْمَلُوا فَسَيَرَى اللَّهُ عَمَلَكُمْ وَرَسُولُهُ وَالْمُؤْمِنُونَ وَسَتُرَدُّونَ إِلَى عَالِمِ الْغَيْبِ وَالشَّهَادَةِ فَيُنَبِّئُكُمْ بِمَا كُنْتُمْ تَعْمَلُونَ
“Ayting: “Amal qilinglar! Albatta, Alloh, Rasuli va mo‘minlar ishlaringizni ko‘rajaklar. Shuningdek, albatta, g‘oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot) huzuriga qaytarilursiz. Bas, (o‘shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur” (Tavba surasi, 105 oyat).
Oxirgi ikki oyatni mulohaza qiladigan bo‘lsak, Alloh taolo “musobaqa qilsinlar”, “amal qilinglar” deb ko‘plik shaklida aytdi. Demak, musobaqa qilish va amal qilish ma’lum kishilarga emas, hammaga tegishli ekan.
Noz-ne’matlari mangu bo‘lmish jannatga erishish uchun solih amallarni qilishga shoshilish, yaxshi ishlarda musobaqa qilish borasida Qur’oni karimda quyidagicha oyati karima bor:
سَابِقُوا إِلَى مَغْفِرَةٍ مِنْ رَبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا كَعَرْضِ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ أُعِدَّتْ لِلَّذِينَ آَمَنُوا بِاللَّهِ وَرُسُلِهِ ذَلِكَ فَضْلُ اللَّهِ يُؤْتِيهِ مَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ ذُو الْفَضْلِ الْعَظِيمِ
“(Ey, insonlar!) Rabbingiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Alloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz! Bu Allohning fazli bo‘lib, uni O‘zi xohlagan kishilarga ato etur. Alloh ulug‘ fazl sohibidir” (Hadid surasi, 21 oyat).
Qarofiy: “Yaxshi ishlarga musobaqa qilish ta’qiqlanmagan. Aksincha, ba’zi ishlarda musobaqa qilish darajasi vojib bo‘lsa, boshqalarida mandub, yoki muboh bo‘ladi. Namoz, zakot va ro‘zaga o‘xshash ibodatlarda musobaqa qilish vojibdir. Chunki, musobaqa degani - orqada qolmay deganidir. Namozga o‘xshash ibodatlarda esa ortda qolishga rozi bo‘lish gunohga rozi bo‘lish hisoblanadi. Gunohga rozi bo‘lish esa haromdir. Nikoh kabi muboh ishlarda musobaqa qilishni esa zarari yo‘q”, - deb aytgan.
Yaxshi ishlarga shoshilish haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَسَارِعُوا إِلَى مَغْفِرَةٍ مِنْ رَبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا السَّمَوَاتُ وَالْأَرْضُ أُعِدَّتْ لِلْمُتَّقِينَ
“Rabbingizdan (bo‘luvchi) mag‘firatga va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari (solih amallar qilish bilan) shoshilingiz!” (Oli Imron surasi, 133 oyat).
“Rabbingizdan bo‘ladigan mag‘firatga shoshiling” degani mag‘firatga sabab bo‘ladigan ishlarga shoshiling, degan ma’nodadir. Chunki, mag‘firat qilish Allohga tegishli g‘aybiy narsalardan bo‘lib, uni qo‘lga kiritish bandaning imkoniyatida yo‘q va unga shoshilinmaydi.
Yaxshi ishlarda musobaqa qilish bilan ularga shoshilish o‘rtasida farq bor. Yaxshi ishga shoshilish musobaqa qilishdan yaxshiroqdir. Chunki, shoshish – bor imkoniyatini ishga solish demakdir. Musobaqa qilish esa bor imkoniyatini ishga solmasada, shunchaki hech kimdan ortda qolmaslik deganidir. Aynan shuning uchun ham, Alloh taoloning musobaqa qiluvchilar bilan yaxshilikka shoshuvchilarga beradigan mukofotiga qarasak, ularning o‘rtasida farq bor. Yaxshi ishlarda musobaqa qilguvchilarga beriladigan jannatning sifatini Alloh taolo “kengligi OSMON-U yercha” deb sifatlagan bo‘lsa, yaxshiliklarga shoshiluvchilarga beriladigan jannatning sifatini “kengligi OSMONLAR-U yercha” deya keltirdi. Osmon bilan osmonlarning o‘rtasida farq borligi esa hech kimga sir emas. Bundan tashqari, Alloh taolo musobaqa qiluvchilarga jannatni va’da qilgan bo‘lsa, yaxshi ishlarga shoshiluvchilarga jannatlarni va’da qilgan.
Demak, mo‘min odam bu muborak oyni sharofatidan umid qilib, ko‘proq yaxshi solih amallarni qilishga oshiqmoqligi zarur bo‘ladi. Yaxshi niyat va mukammal ijrosi ila qanday amalni bajarsa, uni savobiga ega bo‘laveradi. Shu o‘rinda yaxshilikka shoshiluvchi va musobaqa qiluvchilar uchun ba’zi foydali zikrlarni keltirib o‘tamiz:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim bir kunda yuz marotaba “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamd va huva ala kulli shay’ing qodiyr” desa, o‘nta qulni ozod qilganchalik savobga ega bo‘ladi, unga yuzta yaxshilik yoziladi, yuzta gunohi o‘chiriladi, o‘sha kuni kech kirgunga qadar zikrlari unga shaytondan panoh bo‘ladi, o‘sha kuni undan afzal birorta inson bo‘lmaydi, illo shu zikrni undan ko‘p aytgan kishigina undan afzal bo‘lishi mumkin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alyhi vasallam: “Allohga yoqadigan eng yaxshi gaplar to‘rttadir, ular: “subhanalloh, valhamdu lillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar” bo‘lib qaysi biridan boshlasang ham zarari yo‘q”, - dedilar. (Imom Muslim rivoyati).
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelganlarida insonlar bir vodiyga to‘planib ovozlarining boricha takbir va tahlil ayta boshlashdi. Shunda U zot: “Baqir-chaqir qilmanglar, sizlar kar yoki yo‘q zotga iltijo qilayotganingiz yo‘q axir, aksincha hamma narsani eshituvchi, sizlarga yaqin va doimo sizlar bilan birga bo‘ladigan Zotga yolboryapsiz” – dedilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mingan ulovning orqasida ketayotganimda mening “la havla va la quvvata illa billah” deyotganimni eshitdilar va menga: “Ey Abdulloh ibn Qays”, - dedilar. Men “labbay, yo Rasulalloh” dedim. U zot: “Senga jannatning xazinalaridan bo‘lgan kalimalarni aytaymi?” – dedilar. Men “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, albatta yo Rasulalloh” dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “La havla va la quvvata illa billah”, - dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo marhamat qiladi:
إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا
“Albatta Alloh va farishtalari Nabiyga salovat aytur. Ey iymon keltirganlar! Unga salovat va salom aytinglar”. (Ahzob surasi, 56 oyat).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:”Kim menga bir marta salovat aytsa, Alloh unga o‘n marta salovat aytadi va uning darajasini o‘n marta ko‘taradi hamda o‘nta xatosini o‘chiradi”, deb marhamat qilganlar (Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy alayhis salom: “Ikki kalima bor. Ular tilga yengil, tarozu pallasini bosadigan og‘ir, Rahmonga suyuklidir. Ular: Subhanallohil azim, subhanallohi va bihamdihi”, - dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Ya zaljalali val ikrom”ni aytib yuringlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir o‘tirishda yuz martagacha “Rabbig‘fir liy, va tub alayya, innaka antat Tavvabur Rohiym” deb istig‘for aytganlarini eshitganmiz (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Bularning barchasi Alloh taoloning juda katta marhamatidir. Mana shu va’dalardan umidvor bo‘lib, bu kunlarni g‘animat bilib, ko‘proq va xo‘broq savob ishlarga shoshilsak, kim o‘zarga musobaqa qilsak, shoyad taqvodor bandalari safidan joy olsamiz.
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatibi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.
So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.
Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.
Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.
Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.
Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.
Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori