Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Ramazonda o‘zaro musobaqa qilaylik!

06.06.2017   79098   10 min.
Ramazonda o‘zaro musobaqa qilaylik!

Alloh taolo Ramazon oyida musobaqalashish uchun avvalo iymonni shart qilib qo‘ygan va mukofotga taqvoni va’da qilgan. Zotan, ushbu sharif oy  ortidan buyuk mukofotlar va’da qilingandir. Rabbimiz shunday marhamat qiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ  

Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz(Baqara surasi, 183 oyat).

E’tibor beradigan bo‘lsak, oyati karima “Ey insonlar” deb emas, balki “Ey iymon keltirganlar” xitobi bilan boshlanmoqda. Demak, ramazon oyidagi musobaqalashuvchilarda iymon bo‘lishi shart ekan. Shunday ekan, bu ibodatning mukofotiga erishish uchun musobaqa qilishimiz lozim bo‘ladi.

Ibodatlarda kim o‘zarga bellashish shariatimizda targ‘ib qilingan amallardandir. Alloh taolo:

... وَفِي ذَلِكَ فَلْيَتَنَافَسِ الْمُتَنَافِسُونَ 

“... Bas, musobaqachilar shu (ne’matlar) yo‘lida musobaqa qilsinlar! –deya lutf qiladi (Mutoffifun surasi, 26 oyat).

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ramazon oyi kirib kelganda, Rasululloh sollallohu alyhi vasallam shunday dedilar: “Baraka oyi bo‘lmish Ramazon kirib keldi. Ushbu oyda Alloh sizlarni yaxshiliklarga burkaydi-ki, U Zotning rahmati yog‘iladi, xatolar o‘chiriladi, duolar mustajob bo‘ladi. Alloh sizlarning o‘zaro musobaqa qilishingizga qaraydi va farishtalariga sizlarni ko‘rsatib maqtanadi. Shunday ekan, Allohga faqat yaxshiliklaringizni ko‘rsating. Zotan, bu oyda Allohning marhamatidan mahrum bo‘lganlar haqiqiy baxti qarolardir”.

Amallar – Alloh taoloning nazargohidadir. U Zot marhamat qilib shunday deydi:

 وَقُلِ اعْمَلُوا فَسَيَرَى اللَّهُ عَمَلَكُمْ وَرَسُولُهُ وَالْمُؤْمِنُونَ وَسَتُرَدُّونَ إِلَى عَالِمِ الْغَيْبِ وَالشَّهَادَةِ فَيُنَبِّئُكُمْ بِمَا كُنْتُمْ تَعْمَلُونَ 

“Ayting: “Amal qilinglar! Albatta, Alloh, Rasuli va mo‘minlar ishlaringizni ko‘rajaklar. Shuningdek, albatta, g‘oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot) huzuriga qaytarilursiz. Bas, (o‘shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur” (Tavba surasi, 105 oyat).

Oxirgi ikki oyatni mulohaza qiladigan bo‘lsak, Alloh taolo  “musobaqa qilsinlar”, “amal qilinglar” deb ko‘plik shaklida aytdi. Demak, musobaqa qilish va amal qilish ma’lum kishilarga emas, hammaga tegishli ekan.

Noz-ne’matlari mangu bo‘lmish jannatga erishish uchun solih amallarni  qilishga   shoshilish,   yaxshi ishlarda musobaqa qilish borasida Qur’oni karimda quyidagicha oyati karima bor:

 سَابِقُوا إِلَى مَغْفِرَةٍ مِنْ رَبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا كَعَرْضِ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ أُعِدَّتْ لِلَّذِينَ آَمَنُوا بِاللَّهِ وَرُسُلِهِ ذَلِكَ فَضْلُ اللَّهِ يُؤْتِيهِ مَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ ذُو الْفَضْلِ الْعَظِيمِ 

(Ey, insonlar!) Rabbingiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Alloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz! Bu Allohning fazli bo‘lib, uni O‘zi xohlagan kishilarga ato etur. Alloh ulug‘ fazl sohibidir (Hadid surasi, 21 oyat).

 Qarofiy: “Yaxshi ishlarga musobaqa qilish ta’qiqlanmagan. Aksincha, ba’zi ishlarda musobaqa qilish darajasi vojib bo‘lsa, boshqalarida mandub, yoki muboh bo‘ladi. Namoz, zakot va ro‘zaga o‘xshash ibodatlarda musobaqa qilish vojibdir. Chunki, musobaqa degani - orqada qolmay deganidir. Namozga o‘xshash ibodatlarda esa ortda qolishga rozi bo‘lish gunohga rozi bo‘lish hisoblanadi. Gunohga rozi bo‘lish esa haromdir. Nikoh kabi muboh ishlarda musobaqa qilishni esa zarari yo‘q”, - deb aytgan.

Yaxshi ishlarga shoshilish haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

 وَسَارِعُوا إِلَى مَغْفِرَةٍ مِنْ رَبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا السَّمَوَاتُ وَالْأَرْضُ أُعِدَّتْ لِلْمُتَّقِينَ 

“Rabbingizdan (bo‘luvchi) mag‘firatga va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari (solih amallar qilish bilan) shoshilingiz!” (Oli Imron surasi, 133 oyat).

“Rabbingizdan bo‘ladigan mag‘firatga shoshiling” degani mag‘firatga sabab bo‘ladigan ishlarga shoshiling, degan ma’nodadir. Chunki, mag‘firat qilish Allohga tegishli g‘aybiy narsalardan bo‘lib, uni qo‘lga kiritish bandaning imkoniyatida yo‘q va unga shoshilinmaydi.

Yaxshi ishlarda musobaqa qilish bilan ularga shoshilish o‘rtasida farq bor. Yaxshi ishga shoshilish musobaqa qilishdan yaxshiroqdir. Chunki, shoshish – bor imkoniyatini ishga solish demakdir. Musobaqa qilish esa bor imkoniyatini ishga solmasada, shunchaki hech kimdan ortda qolmaslik deganidir. Aynan shuning uchun ham, Alloh taoloning musobaqa qiluvchilar bilan yaxshilikka shoshuvchilarga beradigan mukofotiga qarasak, ularning o‘rtasida farq bor. Yaxshi ishlarda musobaqa qilguvchilarga beriladigan jannatning sifatini Alloh taolo “kengligi OSMON-U yercha” deb sifatlagan bo‘lsa, yaxshiliklarga shoshiluvchilarga beriladigan jannatning sifatini “kengligi OSMONLAR-U yercha” deya keltirdi. Osmon bilan osmonlarning o‘rtasida farq borligi esa hech kimga sir emas. Bundan tashqari, Alloh taolo musobaqa qiluvchilarga jannatni va’da qilgan bo‘lsa, yaxshi ishlarga shoshiluvchilarga jannatlarni va’da qilgan.

Demak, mo‘min odam bu muborak oyni sharofatidan umid qilib, ko‘proq yaxshi solih amallarni qilishga oshiqmoqligi zarur bo‘ladi. Yaxshi niyat va mukammal ijrosi ila qanday amalni bajarsa, uni savobiga ega bo‘laveradi.  Shu o‘rinda yaxshilikka shoshiluvchi va musobaqa qiluvchilar uchun  ba’zi foydali zikrlarni keltirib o‘tamiz:

  1. لا إله إلا الله وحده لا شريك له، له الملك و له الحمد و هو على كل شيء قدير

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim bir kunda yuz marotaba “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamd va huva ala kulli shay’ing qodiyr” desa, o‘nta qulni ozod qilganchalik savobga ega bo‘ladi, unga yuzta yaxshilik yoziladi, yuzta gunohi o‘chiriladi, o‘sha kuni kech kirgunga qadar zikrlari unga shaytondan panoh bo‘ladi, o‘sha kuni undan afzal birorta inson bo‘lmaydi, illo shu zikrni undan ko‘p aytgan kishigina undan afzal bo‘lishi mumkin” (Imom Buxoriy rivoyati).

  1. سبحان الله و الحمد لله و لا إله إلا الله و الله أكبر

Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alyhi vasallam: “Allohga yoqadigan eng yaxshi gaplar to‘rttadir, ular: “subhanalloh, valhamdu lillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar” bo‘lib qaysi biridan boshlasang ham zarari yo‘q”, - dedilar. (Imom Muslim rivoyati).

  1. لا حول و لا قوة إلا بالله

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelganlarida insonlar bir vodiyga to‘planib ovozlarining boricha takbir va tahlil ayta boshlashdi. Shunda U zot: “Baqir-chaqir qilmanglar, sizlar kar yoki yo‘q zotga iltijo qilayotganingiz yo‘q axir, aksincha hamma narsani eshituvchi, sizlarga yaqin va doimo sizlar bilan birga bo‘ladigan Zotga yolboryapsiz” – dedilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mingan ulovning orqasida ketayotganimda mening “la havla va la quvvata illa billah” deyotganimni eshitdilar va menga: “Ey Abdulloh ibn Qays”, - dedilar. Menlabbay, yo Rasulallohdedim. U zot: “Senga jannatning xazinalaridan bo‘lgan kalimalarni aytaymi?” – dedilar. Men “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, albatta yo Rasulalloh” dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “La havla va la quvvata illa billah”, - dedilar  (Imom Buxoriy rivoyati).

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovat aytish.

Alloh taolo marhamat qiladi:

إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

Albatta Alloh va farishtalari Nabiyga salovat aytur. Ey iymon keltirganlar! Unga salovat va salom aytinglar”. (Ahzob surasi, 56 oyat).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:”Kim menga bir marta salovat aytsa, Alloh unga o‘n marta salovat aytadi va uning darajasini o‘n marta ko‘taradi hamda o‘nta xatosini o‘chiradi”, deb marhamat qilganlar (Buxoriy rivoyati).

  1. سبحان الله العظيم، سبحان الله و بحمده

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy alayhis salom: “Ikki kalima bor. Ular tilga yengil, tarozu pallasini bosadigan og‘ir, Rahmonga suyuklidir. Ular: Subhanallohil azim, subhanallohi va bihamdihi”, - dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

  1. يا ذا الجلال و الإكرام

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Ya zaljalali val ikrom”ni aytib yuringlar (Imom Termiziy rivoyati).

  1. رب اغفر لي، و تب علي، إنك أنت التواب الرحيم

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir o‘tirishda yuz martagacha “Rabbig‘fir liy, va tub alayya, innaka antat Tavvabur Rohiym” deb istig‘for aytganlarini eshitganmiz  (Abu Dovud rivoyat qilgan).

Bularning barchasi Alloh taoloning juda katta marhamatidir. Mana shu va’dalardan umidvor bo‘lib, bu kunlarni g‘animat bilib, ko‘proq va xo‘broq savob ishlarga shoshilsak, kim o‘zarga musobaqa qilsak, shoyad taqvodor bandalari safidan joy olsamiz.

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatibi

Ramazon
Boshqa maqolalar

Bir chumoli dedi

02.05.2025   3250   3 min.
Bir chumoli dedi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Naml surasida: «To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar! Uyalaringizga kiringiz...” dedi»,  deyiladi.

Sulaymon alayhissalom qo‘shini bilan kelayotganida, bir chumoli jamoasiga kutilmagan xatar yaqinlashayotganini his qildi va qolganlarni ogohlikka chaqirib, biz tarafga xatar yaqinlashib kelyapti, joningizni qutqaring: «...Yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar, degan edi» (Naml surasi, 18-oyat).

Chumolining qilgan ishi qanchalar ajabtovur-a?! U xatarni payqashi bilanoq o‘zini qutqarish uchun emas, jamoasini qutqarish uchun shoshildi.

Qavmining qayg‘usini o‘z zimmasiga oldi, xatar kelmasidan uni his qila bildi va chumolilar to‘dasini “xavf bostirib kelyapti, shoshilinglar, joningizni xatardan qutqarib qoling”, deya ogohlantirdi.

Bir nazar solaylik-da, oyati karimada kelgan “chumoli” so‘zi arab tili qoidalariga ko‘ra tadqiq qilinsa, u nakra (noaniq) shaklda turibdi. Ahamiyatli jihati shundaki, “chumoli” so‘zi Qur’oni karimda noaniq shaklda keltirildi, demakki o‘sha chumoli to‘daning oddiy bir a’zosi, lekin shunday bo‘lishiga qaramay o‘zini past sanamadi. Biz esa, falonchi nima qildi, pismadonchi-chi, deb surishtirish bilan ovoramiz.

Keling, endi masalaning boshqa tomoniga e’tiborimizni qarataylik. Chumoli: “Ey chumolilar, hozir Sulaymon sizlarni qirib yuboradi. Sizlar bir kuchsiz jamoasiz, ular sizga e’tibor ham bermaydi”, dedimi?! U to‘dasidagilar bilan vaziyatni tahlil qildimi?! Chumoliga boqing. Aksincha, Sulaymon va uning qo‘shinini aybsiz deya, ular sezmayaptilar, deb ularni oqladi.

Chumolilar ham ogohlantiruvchiga qarab: “Yo‘q, sen bizning ustimizdan boshliq bo‘lmoqchisan. Senga faqat martaba, mansab kerak”, deyishdimi?! Aslo yo‘q! Aksincha, uning gapini olib, inlariga kirib ketishdi va jajji chumolining da’vatiga ergashganlari holda najotga yetib, jonlari omon qoldi.

O‘zi uchun uya qurish jarayonida sabr qilish ham chumolilarning xususiyatlaridandir. Ular qurayotgan uyalari bir necha marotaba qulab tushishiga qaramasdan, uni qayta-qayta tiklayveradilar va oxir-oqibat bir butun uya holiga keltiradilar.

Hikoyat. Rivoyat qilinishicha, Amir Temur janglarning birida mag‘lubiyatga uchraydi va o‘sha yerga yaqin bir g‘orga kirib, mag‘lubiyati haqida o‘ylaydi. U chuqur tafakkur qilarkan, ko‘zi bir chumoliga tushadi. Chumoli g‘or devoriga ko‘tarilmoqchi bo‘lib, tushib ketadi. Ikkinchi urinishda ham devordan sirpanib tushadi. Uchinchi safar ham... Amir Temur bu mitti jonivorni diqqat bilan kuzata boshlaydi, undan ko‘zini uzmaydi. Axiyri, o‘n yettinchi urinishda chumoli devorga chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Shunda Amir Temur: “Yo qudratingdan! Shu kichik maxluq sal kam yigirma marta urindi. Men nima uchun mag‘lubiyatimdan zaiflashyapman?!” – deya o‘zini koyiydi.

Buyuk qo‘mondon g‘ordan chiqib tor-mor bo‘lgan qo‘shinini yana jangga tayyorlaydi va bitta bo‘lsa-da, tirik odami qolgunicha taslim bo‘lmaslikka astoydil qaror qiladi. Uning ko‘z o‘ngida esa mitti chumolining shijoati aks etadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, chumoli hasharotlar orasida eng qat’iyatli, o‘zaro hamkor va hamjixat ekan.

Chumolining yana bir sifati ularning o‘zaro hamkorlik va hamjihatligidir. Ularning bari bir bo‘lib, bitta chiziq tortgan holda doimiy harakatda bo‘lar ekanlar.

Shu mitti chumolining harakatlari bizlarga qaysidir ma’noda o‘rnak bo‘lishi mumkinmi?!


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.