Abu Salama ibn Abdurrahmon Oisha onamiz raziyallohu anhodan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Ramazonda o‘qiydigan namozi qanday ekanligini so‘raganlarida, ummul mo‘minin Oisha onamiz raziyallohu anho: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonda ham, undan boshqasida ham o‘n bir rakatga ziyoda qilmas edilar. To‘rt rakat o‘qirdilar. Ularning qanday ham chiroyliligi, uzunligini so‘ramay qo‘yaver!... So‘ng yana to‘rt rakat o‘qirdilar. Ularning qanday ham chiroyliligi, uzunligini so‘ramay qo‘yaver!... So‘ng uch rakat (vitr) o‘qir edilar”. – deb javob berganlar
Mazkur hadisi sharifga binoan payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tarovehni sakkiz rakat o‘qiganliklari ma’lum bo‘lmoqda.
Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan qilingan rivoyat ham yuqoridagi hadisni quvvatlab kelgan. Zero, u zot “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyida bizga sakkiz rakat namoz o‘qib berdilar va vitr o‘qidilar. Ertasi kuni biz masjidga yig‘ildik, ul zoti sharif chiqadi, deb o‘yladik. Bas, tong otguncha bizning oldimizga kelmadilar. So‘ng kelganlarida, biz aytdikki: “Ey, Rasululloh! Kecha masjidda to‘plangan edik, bizga namoz o‘qib berasiz deb umid qilgan edik”. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Men sizlarga farz bo‘lib yozilishidan qo‘rqdim”, – dedilar”.
Shundoq bo‘lsa-da, tarovehni yigirma rakat ekanligiga sahobalar, tobe’inlar, hamda ulardan keyingi avlodlar va barcha fiqhiy mazhablarning imomlari ittifoq qilganlar. Jumladan, Ibn Abbos raziyallohu anhudan keltirilgan rivoyatda: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonda yigirma rakat taroveh o‘qiganlar va vitrni ham o‘qiganlar. Imom Bayhaqiy ham mazkur hadisni rivoyat qilib: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yigirma rakatni jamoatsiz o‘qir edi”, deb qo‘shimcha qilganlar. Abu Abdurahmon Sulamiyning rivoyatida, Hazrati Ali karramallohu vajhahu Ramazonda qorilarni chaqirib, ulardan biriga odamlarga yigirma rakat o‘qib berishni buyurgan, Hazrati Ali esa ularga vitrni o‘qib berganlar.
Yazid ibn Rumon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattobning zamonida odamlar yigirma uch rakat ila qoim bo‘lar edilar”. Yigirmasi taroveh, uchtasi vitr. Hazrati Umar roziyallohu anhu o‘zlarining xalifalik davrlarida odamlarning ramazon kechalarida masjidga to‘plab, tarovehni yigirma rakat jamoat bilan o‘qishni joriy qildilar. Sahobalardan biror kishi bu ishga qarshi chiqmadi. Hatto hazrati Umardan keyingi hazrati Usmon va hazrati Aliydek xulofoi roshidinlar martabasidagi zotlar ham bu amalni to‘xtatishmagan. Vaholanki, bu ulug‘lar dindagi bid’at amallarning ro‘parasida hargiz sabr qilib turmaganlar, balki u bid’at bo‘lsa, o‘z o‘rnida to‘xtatardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida shunday marhamat qilgandilar: “O‘zinglarga mening sunnatimni hamda roshid va mahdiy bo‘lgan (ya’ni, hidoyat, to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi) xalifalarimni sunnatini lozim tutinglar, buni aql tishlaring bilan mahkam tishlab olinglar”. (Abu Dovud rivoyati). Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning mazkur ko‘rsatmalariga muvofiq Mullo Ali qori rahmatullohi alayh “Mishkatul masobih”ning sharhi “Mirqotul mafotih”da sahobalar taroveh namozining yigirma rakat ekanligiga ijmo qilishganligini keltirganlar.
Yuqoridagi rivoyatlardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, taroveh namozining yigirma rakatligi kecha yoki bugun paydo bo‘lgan narsa emas, balki Hazrati Umarning xalifalik davrlaridan boshlab joriy qilingan sunnat ekan. O‘tgan ajdodlarimiz ushbu sunnatga og‘ishmay amal qilib kelgan. Alloh taolo bizlarga ham ana shunday mustahkam e’tiqodda bo‘lishimizni nasib etsin.
Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Abdug‘ofur Niyazqulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan