Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2025   |   12 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:29
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2025, 12 Ramazon, 1446

Ramazon – rahmat, mag‘firat va do‘zaxdan omon bo‘lish oyi

5.06.2017   83317   3 min.
Ramazon – rahmat, mag‘firat va do‘zaxdan omon bo‘lish oyi

Allohga beadad shukrlar bo‘lsin, muborak Ramazon oyi­ni barchamiz tinchlik-xotirjamlikda o‘tkazib kelayotirmiz.

“Ramazon” so‘zi besh harfdan iborat. Uning har bir harfiga ulamolar shunday ma’no berganlar: “ro” – “rahmat”, “mim” – “mag‘firat”, “zod” – “zimonun liljannat” (jannatga kirish uchun kafolat), “alif” – “amanun minannar” (do‘zaxdan omonlik), “nun” – “nurun minalloh” (Allohdan nur) ma’nolarini anglatadi. Ushbu fikrni Imom Termiziy rivoyat qilingan: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozodlik kunlaridir”, hadisi sharifi ham quvvatlaydi. Ya’ni: “ro” harfi ramazonning avvali bo‘lgan rahmat kunlariga, “mim” o‘rtadagi mag‘firat kunlariga, “zod” va “alif” harflari oxiridagi “do‘zaxdan ozod bo‘lish” kunlariga, “nun” harfi esa butun ramazonning natijasida hosil bo‘ladigan nurga dalolat qiladi.

Bu oyning dastlabki o‘n kuni – “rahmat” dahasida ro‘yi zaminga Allohning rahmati yog‘iladi. Yaratganning o‘zi qodir qilganicha ro‘za tutib, taroveh namozlarini ado etamiz.

Ikkinchi o‘n kunligi – “mag‘firat” dahasida xolis niyat bilan ro‘za tutgan bandalarning oldingi qilgan gunohlari kechiriladi, deyilgan.

Oxirgi o‘n kunligi esa “Itqun minan-niyron”, yana “Qadr dahasi” ham deyiladi. Kim Ramazon oyining ro‘zasini pok niyat bilan tutgan bo‘lsa, u bandaga Alloh va’da qilgan ajr­larini ato etgay. Ramazon hayiti kuni esa Alloh taolo Ramazon ro‘zasini tutgan, taroveh namozlarini o‘qigan, Qadr kechasini bedor o‘tkazgan bandalariga O‘zi tayyorlab qo‘ygan mukofotlarni ko‘paytirib beradigan kundir.

Bu oyda imon-e’tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo‘ladi. Chunki muborak oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duosini qabul qiladi.

Nafs tarbiyasida ro‘za asosiy o‘rin tutadigan ibodatdir. Ro‘za nafsni o‘z holiga qo‘ymay, uni mahkam jilovlash deganidir. Unda imon va e’tiqod bir taraf, xohish-istak va shayton ikkinchi bir taraf bo‘lib kurash olib boradi. Jannatdan quvilganidan beri shayton inson zotiga qarshi ayovsiz kurashishi haqida Alloh taolo aytadi: “U (alamidan) dedi: “Qasamyod etamanki, meni yanglishtirganing tufayli Sening To‘g‘ri yo‘ling (Islom dini) uzra ular (odamlarni chalg‘itish) uchun o‘tiraman. So‘ngra ularga oldilaridan, ortlaridan, o‘ng tomonlaridan va so‘l tomonlaridan (chalg‘itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan” (A’rof, 16-17).

Alloh taolo shayton ig‘vosini rad etadi: “Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo‘qdir, illo senga ergashgan gumrohlarnigina (yo‘ldan ozdira olursan) (Hijr, 42).

Shayton bilan inson o‘rtasidagi bu kurashda ro‘za muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, inson hayoti uchun zarur bo‘lgan taom va suv hamda shahvat – kurash maydonlaridir. Bularning har birida o‘ziga yarasha kuch-quvvat bor. Agar inson u mayl qarshisida sobit tura olsa va nafsining ig‘volariga uchmasa, albatta, imtihondan o‘tadi va Parvardigori huzurida ulug‘ darajaga erishadi.

Manbalar asosida No‘mon ABDULMAJID tayyorladi

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ro‘zaning bir kuni uchun beriladigan mukofot

11.03.2025   1957   1 min.
Ro‘zaning bir kuni uchun beriladigan mukofot

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo Qur’oni Karim Baqara surasida bunday marhamat qiladi:

«Iymon keltirib yaxshi amallar qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostlaridan daryolar oqib turuvchi bog‘lar bor. Qachon o‘sha bog‘larning biror mevasidan bahramand bo‘lsalar, "ilgari totib ko‘rgan narsamiz-ku", deyisha-di. Zero, ularga surati bir-biriga o‘xshash mevalar berila-di. Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordir. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar» (25-oyat).

Hakim Termiziy «Navodirul usul»da keltiradi:

Abu Mas’ud G‘iforiy aytdi: «Alloh taolo: «Chodirlarda asralgan hurlar», deya sifatlagani yaxlit durdan o‘yib ishlangan chodirlardagi hurlardir. Ulardan har birining yetmish xil ziynati bor, u ziynatlarning biridagi rang boshqasida takrorlanmaydi. Ularga yetmish xil hid beriladi, bir hid boshqasida takrorlanmaydi. Ularda har bir ayol uchun dur va yoqutdan o‘yilgan yetmishta so‘ri bo‘ladi. Har bir so‘rida yetmishta to‘shak, har bir to‘shakda bolishlar bor. Har bir ayolga yetmish ming qiz va bola xizmat qiladi, ularning qo‘lida turli xil taomlar solingan oltin likopchalar bor. Taomlarning lazzati ham bir-birinikidan o‘zgacha. Uning juftiga ham shuning misli beriladi. Qizil yoqutdan bo‘lgan so‘ri ustida yoqutdan ishlov berilgan ikkita bilakuzuk bor. Bu ne’matlar Ramazon oyida tutilgan ro‘zaning har bir kuni uchundir».

Ramazon