Allohga beadad shukrlar bo‘lsin, muborak Ramazon oyini barchamiz tinchlik-xotirjamlikda o‘tkazib kelayotirmiz.
“Ramazon” so‘zi besh harfdan iborat. Uning har bir harfiga ulamolar shunday ma’no berganlar: “ro” – “rahmat”, “mim” – “mag‘firat”, “zod” – “zimonun liljannat” (jannatga kirish uchun kafolat), “alif” – “amanun minannar” (do‘zaxdan omonlik), “nun” – “nurun minalloh” (Allohdan nur) ma’nolarini anglatadi. Ushbu fikrni Imom Termiziy rivoyat qilingan: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozodlik kunlaridir”, hadisi sharifi ham quvvatlaydi. Ya’ni: “ro” harfi ramazonning avvali bo‘lgan rahmat kunlariga, “mim” o‘rtadagi mag‘firat kunlariga, “zod” va “alif” harflari oxiridagi “do‘zaxdan ozod bo‘lish” kunlariga, “nun” harfi esa butun ramazonning natijasida hosil bo‘ladigan nurga dalolat qiladi.
Bu oyning dastlabki o‘n kuni – “rahmat” dahasida ro‘yi zaminga Allohning rahmati yog‘iladi. Yaratganning o‘zi qodir qilganicha ro‘za tutib, taroveh namozlarini ado etamiz.
Ikkinchi o‘n kunligi – “mag‘firat” dahasida xolis niyat bilan ro‘za tutgan bandalarning oldingi qilgan gunohlari kechiriladi, deyilgan.
Oxirgi o‘n kunligi esa “Itqun minan-niyron”, yana “Qadr dahasi” ham deyiladi. Kim Ramazon oyining ro‘zasini pok niyat bilan tutgan bo‘lsa, u bandaga Alloh va’da qilgan ajrlarini ato etgay. Ramazon hayiti kuni esa Alloh taolo Ramazon ro‘zasini tutgan, taroveh namozlarini o‘qigan, Qadr kechasini bedor o‘tkazgan bandalariga O‘zi tayyorlab qo‘ygan mukofotlarni ko‘paytirib beradigan kundir.
Bu oyda imon-e’tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo‘ladi. Chunki muborak oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duosini qabul qiladi.
Nafs tarbiyasida ro‘za asosiy o‘rin tutadigan ibodatdir. Ro‘za nafsni o‘z holiga qo‘ymay, uni mahkam jilovlash deganidir. Unda imon va e’tiqod bir taraf, xohish-istak va shayton ikkinchi bir taraf bo‘lib kurash olib boradi. Jannatdan quvilganidan beri shayton inson zotiga qarshi ayovsiz kurashishi haqida Alloh taolo aytadi: “U (alamidan) dedi: “Qasamyod etamanki, meni yanglishtirganing tufayli Sening To‘g‘ri yo‘ling (Islom dini) uzra ular (odamlarni chalg‘itish) uchun o‘tiraman. So‘ngra ularga oldilaridan, ortlaridan, o‘ng tomonlaridan va so‘l tomonlaridan (chalg‘itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan” (A’rof, 16-17).
Alloh taolo shayton ig‘vosini rad etadi: “Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo‘qdir, illo senga ergashgan gumrohlarnigina (yo‘ldan ozdira olursan)” (Hijr, 42).
Shayton bilan inson o‘rtasidagi bu kurashda ro‘za muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, inson hayoti uchun zarur bo‘lgan taom va suv hamda shahvat – kurash maydonlaridir. Bularning har birida o‘ziga yarasha kuch-quvvat bor. Agar inson u mayl qarshisida sobit tura olsa va nafsining ig‘volariga uchmasa, albatta, imtihondan o‘tadi va Parvardigori huzurida ulug‘ darajaga erishadi.
Manbalar asosida No‘mon ABDULMAJID tayyorladi
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.