Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za to‘suvchidir, sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir. Alloh taolo: “Ro‘za men uchun, uning mukofotini O‘zim beraman. Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qildi”, deb marhamat qilgan. Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).
Sharh: “Ro‘za to‘suvchidir”. Hadisning arab tilidagi matnida ushbu o‘rinda “الصيام جنة” “as siyomu junnatun” deyilgan. Bu yerda arab tilidagi “junnatun” so‘zi to‘suvchi degan ma’noni anglatadi. Ushbu so‘z har qanday to‘sadigan narsaga nisbatan ishlatiladi. Ro‘za ham to‘suvchidir, u insonni yomon ishlardan va turli gunohlardan saqlab do‘zaxdan to‘sadi. Chunki ro‘za shahvatlardan tiyilishdir, do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan.
Ibn Asir roziyallohu anhu: “junnatun” so‘zining ma’nosi – ro‘za ro‘zadorni shahvat va shunga o‘xshash aziyat beradigan narsalardan himoya qilib turadi degan ma’noni bildiradi”, deydi.
Imom Iyoz roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘za insonni gunohdan, do‘zaxdan saqlaydi”. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannat insonga yoqmaydigan amallar bilan o‘ralgan. Do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan” dedilar (Imom Dorimiy, Imom Termiziy rivoyati).
Ya’ni, jannatga kirish oson emas, yoqmaydigan narsalardan murod bu –musibat va ibodatlardagi qiyinchiliklarga sabru bardoshli bo‘lish va gunohlardan tiyilishdir.
Usmon ibn Abul Os aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Sizning jangdagi qalqoningiz kabi, ro‘za sizning qalqoningizdir” deganlarini eshitdim (Imom Ibn Moja, Imom Nasoiy rivoyati).
“Sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoqi urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin”. Bu jumlalarda g‘oyat yuksak odob-axloq haqida so‘z bormoqda. Ro‘zador odam turli xildagi behuda, fahsh, uyatsiz va nomaqbul so‘zlardan o‘zini tiyishi lozim. G‘azablanmasligi, shovqin-suron qilmasligi, halim, shirin so‘zli bo‘lishi kerak. Agar u bilan boshqalar janjallashmoqchi yoki so‘kishmoqchi bo‘lsa, u vazminlik ila ro‘zadorligini ma’lum qiladi. Janjaltalab kishiga ro‘zaning hurmatidan beodoblikni tark qilishini eslatsin va o‘zi ham bunday ishlardan tiyilsin.
“Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir”. Hadisning arab tilidagi matnida ushbu yoqimsiz hidni “خلوف”, “xaluf” deb atalgan. Ma’lumki, ro‘zador insonning og‘zida ko‘p vaqt taom yemaganidan noxush hid paydo bo‘ladi. Ro‘za tufayli paydo bo‘lgan o‘sha yoqimsiz hid Alloh taolo nazdida mushku anbarning hididan-da, yoqimli ekanini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ta’kidladilar.
“Alloh taolo: “Ro‘za men uchun. O‘zim uning mukofotini beraman, Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qiladi”, deb marhamat qilgan”.
Bu jumlada qudsiy hadis rivoyat qilinmoqda. Boshqa bir rivoyatda: “Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amali o‘zi uchun, faqat ro‘za men uchun va uni mukofotini beraman”, dedi”.
Ro‘zador banda ro‘za kunlarida sabru qanoatda bardavom bo‘lib, Parvardigorining amriga bo‘ysinish uchun barcha ne’matlar: taom va ichimliklarni iste’mol qilishdan va o‘z jufti haloliga (ayoli) yaqinliq qilishdan shahvatini tiyadi.
Ro‘zadan boshqa amallarga ozgina bo‘lsa-da, riyo aralashadi, ya’ni banda bajarayotgan ibodatlarini boshqalar ham ko‘radi. Faqat ro‘za bundan mustasnodir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ro‘zada riyo yo‘qdir. Alloh : faqat ro‘za men uchun … degan”.
Bir insonni ro‘za ekanini boshqalar bilishi qiyindir. Shu bois Alloh taolo ro‘zaning mukofotini O‘zi berishini bildirdi.
Imom Zuhriy roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘zadan boshqa barcha amallar inson tashqi harakatisiz bo‘lmaydi, faqat ro‘za qalbdagi niyat bilan boshqalar ko‘ziga ko‘rinmaydigan amaldir”.
Ro‘za ulug‘ ibodat. Ro‘zador kuni bo‘yi yeb-ichishdan o‘zini tiyadi. Ayniqsa, yoz fasli kelgan Ramazon oyida kunlar uzun va havo harorati issiq bo‘lishi sababli mashaqqatliroq kechadi. Shunda ham ro‘zaning hurmatidan ro‘zador o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man’ qilingan narsalardan saqlanadi. Bu bilan ro‘zadorning sabru bardoshi sinaladi.
“Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi” boshqa rivoyatda bunday deyilgan: “...Bir yaxshilikka uning o‘n barobaridan to yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib berilur”. Oxiratda barcha ibodatlar va yaxshiliklarga beriladigan ajru mukofotlar va savoblar miqdorining qancha berilishi aytilgan. Ammo faqat ro‘zaning oxiratdagi mukofotining miqdori qanchaligini hech kim bilmaydi, buni Alloh taoloning O‘zigina biladi.
Demak, Ramazon biz uchun katta imkoniyat oyidir. Bilib-bilmay qilgan xatoyu kamchiliklarimizni kechirishini Alloh taolodan so‘rashimiz uchun g‘animat fursatdir. Shunday ulug‘ kunlarda Alloh taolo barchamizni ulkan mukofotlarga sazovor qilsin!
“Umdatul Qori sharhi Sahihil Buxoriy” asari asosida Urgut shahar bosh imom-xatibi Shodi HAQBЕRDIYEV va “Islom nuri” gazetasi maxsus muxbiri Abduvohid O‘ROZOV tayyorladi.
Islom ilmlarining taraqqiyotida hadis ilmi juda ham muhim o‘rin tutadi. Bu ilm nafaqat shariat asoslarining sahih manbalar orqali yetkazilishi, balki musulmon ummatining aqidaviy, fiqhiy va axloqiy asoslarini to‘g‘ri anglab olishda ham muhim ro‘l o‘ynaydi.
Xususan, hadis ilmidagi eng yirik va ishonchli manbalardan biri bo‘lgan Imom Buxoriy rahmatullohi alayhining “Sahih al-Buxoriy” asari bo‘lib, minglab ulamolar tarafidan bu kitob o‘rganilib, unga turli mazmun va uslublarda sharhlar yozganlar. Ana shunday sharhlovchi ulamolardan biri sifatida Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriyning nomlari alohida e’tiborga loyiqdir.
Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy, ba’zi manbalarda esa bu zotning ismlari Muhammad ibn Ya’qub ibn Ali al-Banoniy shaklida ham uchraydi. Bu zotning qachon tug‘ulganlari borasida manbalarda aniq ma’lumolar ko‘rsatilmagan bo‘lsada, hijriy 1098 yilda vafot etganlari ochiq bayon qilingan.
Ya’qub al-Banoniy Hindistonning ilmiy markazlaridan biri bo‘lmish Lohur shahrida tavallud topganlar va butun umrlarini shu yerda ilmga xizmat qilishga bag‘ishlaganlar.
Ya’qub al-Banoniy mashhur muhaddis, faqih, mufassir va bir qancha ilmlarda yirik hanafiy olimlardan hisoblanadilar.
“Nuzhat al-Xavotir” asarining muallifi shayx Ya’qub Al-Banoniyning tarjimayi holini bayon qilib aytadilarki: “U zot olim, muhaddis Mavlono Ya’qub Al-Banoniy Al-Lohuriy, Lohur shahrida tug‘ilib, voyaga yetganlar. O‘z zamonasidagi yetuk olimlardan tahsil olganlar va ko‘plab ilmlarda, xususan hadis, fiqh va boshqa bir qancha ilmlarni puxta egallagan mashhur olimlardan biri bo‘lganlar”, deb ta’riflaydilar.
Bu zotning ustozlari haqida aniq ma’lumotlar uchramasada, eng yirik shogirdlari fazilatli shayx Muhammad G‘ovs ibn Abu al-Xoyr ibn Abu al-Mag‘far ibn Abdussalom al-Hanafiydir. U ilmli shayxlar oilasidan bo‘lib, hijriy 1056 yilda tug‘ilgan. U hadis ilmini shayx Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriydan o‘rgangan.
Ya’qub al-Banoniy hadis ilmda ham chuqur bilim egasi sifatida tanilgan olimlardandir. U zotning eng mashhur asari “Al-xoyr al-Joriy fi Sharhi sahih Al-Buxoriy” bo‘lib, bu asar imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” kitobiga yozilgan muhim sharhlardan biri hisoblanadi.
Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy ilmiy maqom va martaba jihatidan yuksak mavqega ega bo‘lgan olimlardandir. Manbalarda u zot bir qancha asarlarning muallifi ekani qayd etilgan. Quyida ularning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy hijriy 1098 yilda vafot etganlari qayd etilgan.
Shuningdek, qo‘lyozma nusxasining ko‘chirilgani ham bu sanani tasdiqlaydi. “Nuzhat al-Xavotir” kitobi muallifi ham uning 1098 hijriy yilda vafot etganini ta’kidlab bunday yozadi: “U hijriy bir ming to‘qson sakkizinchi yilda vafot etdi. Bu sanani muftiy Valiyyulloh al-Farhobodiy o‘z ta’liqlaridan birida ochiq bayon qilgan”.
Bu zot Hindistonning Dehli shahrida vafot etganlar va o‘z uylariga dafn etilganlar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy o‘z davrining yirik allomalaridan biri bo‘lib, hadis, fiqh, tafsir kabi ilmlarda chuqur bilmga ega bo‘lgan zotlardan sanaladilar. U zotning ilmiy, ma’naviy merosi Hindiston mintaqasidagi islomiy ilmiy taraqqiyotga katta ta’sir ko‘rsatgan va ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda ham u zotning qoldirga ilmiy meroslari tadqiqotchilar uchun ham bebaho manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhammad Umar Muhammadjonov,
Toshkent Islom instituti talabasi.