Har yilgidek, Ramazon oyini mushtoq bo‘lib kutdik, savoblar mavsumi, imkoniyatlar pallasi... Yetkizgani uchun Alloh taologa shukronalar aytdik. Har bir musulmon yurtdoshimiz qo‘ldan kelganicha ibodatlarni xolis ado etishga kirishib ketdi. Qodir bo‘lganlarning amalga oshirayotgan yaxshiliklari esa ko‘nglimizni tog‘dek ko‘taradi. Shunday kunlarning birida iftorlik dasturxoniga ul-bul olish uchun bozorga yo‘lim tushdi. To‘g‘risi, ayrim manzaralarni ko‘rib... bir masalani hukmingizga havola qilishga jazm qildim.
Nuroniy yoshga yetgan, tuppa-tuzuk o‘zbek otaxoni qo‘llarida o‘sha noming o‘chgur “shayton suvi”ni qadog‘i bilan ko‘tarib olib, uyga shoshib ketmoqda. Bu ham yetmaganidek, telefonda butun bozorni boshiga ko‘tarib, og‘aynilarini tug‘ilgan kuniga taklif qilmoqda. Ayni nabiralariga yaxshilikdan saboq berib, farzandlariga halollikda o‘rnak bo‘ladigan kayvoni yoshlarida, yana muborak oyda spirtli ichimliklar bilan dasturxon bezab, do‘stu yorlarni uyga chaqirish avvalo dinimizga zid holat. Qolaversa, o‘zbek axloqiga ham xos bo‘lmagan illatdir.
Bolaligimizdan kattalar Ramazon kunlarida odamlarning oldida biror narsa yeyish, suv ichish katta odobsizlik ekanini tushuntirganlar. Biz shunday tushuncha bilan katta bo‘lganmiz. Bugungi kunda esa ko‘cha-ko‘ylarda, ro‘zai Ramazon kunlarida bemalol suv ichib, yegulik yeb yurganlarku mayli, spirtli ichimlik ichib yurganlariga nima deysiz? Mayli, ro‘zadorlarni hurmat qilmasin, mayli “atrofdagilarning men bilan ishi bo‘lmasin”, degan aqida bilan bu ishga qo‘l urayotgan bo‘lsin. Ammo, oylar sultonining hurmatini bilmaganlarni nima deyish mumkin?
Shunday fikrlar bilan yurgan kunlarimda, yana bir holatning guvohi bo‘ldim. Qashqadaryodan kelgan qo‘shnilarimizning harholda salom-aligi joyida. Biroq, kunora uylarida “bazmi-jamshid”. Ayniqsa, bu ziyofatning Ramazon oyida ham davom etishi... achinarli judayam.
Biz qayoqqa qarab ketmoqdamiz? Ota-bobolarimizning ming yillik odob-axloq qadriyatlari, muqaddas oyni naqadar hurmat qilganlari, oilalarida xotirjamlikni, yaxshi tarbiyani asrash uchun har ishga tayyor bo‘lganlari, Ramazonning qadrli kechalarini ma’rifiy suhbatlarga bag‘ishlaganlari va shu kabi diniy va milliyligimiz uyg‘unlashgan odatlarimizni ayrim yurtdoshlarimiz unutib qo‘yayotgani og‘riqli masaladir. To‘g‘ri, men ta’kidlab o‘tgan voqealar barmoq bilan sanarli bo‘lishi mumkin. Lekin, birgina kimsaning illatidan butun oila, mahalla, boringki, undan ham ko‘proq odamlar aziyat chekadi.
Unutmasligimiz kerakki, bu eslatmalar birgina o‘zimiz uchun emas, balki, o‘sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasi uchun ham dolzarbdir. Kim aytadi, ertaga mahallasidagi kishilarni mast holatda ko‘raverib ko‘zi o‘rgangan, “Ramazon oyida ham bunday noma’qulchiliklar mumkin ekanda”, deb ongiga singgan o‘smir ertaga bu ishni takrorlamaydi, deb, hech kim bunga kafolat bera olmaydi.
Dinimiz ta’limotida mast qiluvchi ichimliklar qoralanadi. Hadislarda ko‘pini ichganda mast qiluvchi har qanday narsaning ozi ham harom ekanligi ta’kidlanadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir hadisi muboraklarida: “Har bir kayf qildiruvchi narsa xamrdir, har bir xamr haromdir”, – deb ogohlantirganlar. Xamrdan murod aql faoliyatini to‘suvchi narsa, ya’ni mast qiluvchi ichimlikdir. Boshqa bir hadisda esa shunday deyiladi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar” (Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Ichkilikning zararlari va salbiy oqibatlari borasida allomalarimizning qimmatbaho fikrlari mavjud. Jumladan, ibn Sino shunday degan ekan: “Muntazam ichish zararlidir, u jigar va miya faoliyatini buzadi, asabni bo‘shashtirib, asab kasalligi va bevaqt o‘limga olib keladi”.
Alisher Navoiy hazratlari esa mast bo‘lgan odamni qopag‘on itga qiyoslaydilar:
Ulki, ichib bodani paymonadin,
Mast chiqar ko‘yga xumxonadin,
Elga qilib hamla yomon it kibi,
Qaysi yomon it, qopag‘on it kibi.
Bodag‘a ko‘rguzsa kishi xiraliq,
Aql chirog‘iga berur tiraliq.
Yusuf xos Hojibning ushbu fikrlari esa may ichish pastkashlikka olib keladi, illatlarning sababchisidir, deydi: “Har qanday uyat-andishali, xushfe’l, xulqi yaxshi kishilar ham may ichgudek bo‘lsalar, yuztuban ketib pastkashlik qiladilar”.
“Qancha-qancha qilinishi zarur bo‘lgan ishlar may ichilgach qolib ketadi, qanchadan-qancha nojo‘ya ishlar may ichgach sodir bo‘ladi”.
“May bilim va aql-zakovatning ashaddiy dushmanidir, may urish-janjal va adovatning haqiqiy sababchisidir”.
Abdulla Qahhor ichkilikni “jon o‘g‘risi” deb ataydi:
“O‘g‘ri mol o‘g‘irlasa, ichkilik jon o‘g‘irlaydi, jamiyat a’zosini safdan chiqarib tashlaydi”.
Chindan ham, spirtli ichimlik insonga faqat va faqat zarar olib keladi. Kishini insoniylikdan chiqarib yuboradi. Ko‘pgina notinchliklarga sabab bo‘ladi, oilalarni parokanda, bolalarni sarson qiladi. Yoshlar tarbiyasiga o‘zining yomon ta’sirini o‘tkazadi.
Rahmatlar beriladigan, gunohlar kechiriladigan, do‘zaxdan najot olib keladigan muborak kunlarda bu kabi harom narsalarni iste’mol qilish ongli mo‘minning ishi emas. Binobarin, bu oyda har bir xatti-harakatini ibodat darajasiga olib chiqish, cheksiz savoblarga musharraf bo‘lish imkonilari mavjud.
Ramazon – muqaddas. Uning har soatida rahmat mujassam, lahzasida savoblar yashirin. Bu imkoniyatlardan foydalanib qolish esa musulmonlik fazilatidir, insonlarning ulkan imkoniyatidir.
Sharifa G‘ANIYEVA
Tirikmisiz? Hayotning qadriga yeting.
Charchadingizmi? Alloh yaratgan tabiat qo‘yniga chiqing dam oling, tafakkur qiling!
Yiqildingizmi? Allohdan sabr va kuch so‘rab, o‘rningizdan turing.
Sizdan so‘rasalar, o‘ylanmay beravering. Zero, hamma narsa Allohniki. Alloh vaqtinchalik sizga berib turibdi, xolos. O‘rni bo‘lsa, muhtojlarga ulashib, savobini olib qoling.
Sizni qadrlamasalar xafa bo‘lmang, qadrlashlarini so‘ramang ham. Ammo sha’ningiz toptalgan joyda qolmang.
O‘rgatsalar, o‘rganing saboq oling. Hayot sinovlari oldida yengilmang. Kurashib yashang. To hayot ekansiz, har bir ne’matning shukrini qiling. Bu foniy olamda hammasi sinov ekanini esdan chiqarmang.
Akbarshoh Rasulov