Ro‘zaning farzi ayn ekaniga Baqara surasining 183-oyati dalil bo‘ladi: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz. Sanoqli kunlar...”
Ushbu oyatdan ro‘za tutish har bir imon keltirgan erkak va ayolga farzligi ma’lum bo‘lmoqda. Demak, ayollar ham ro‘za tutar ekanlar, ramazon va unga oid ayrim xukmlarni bilib borishlari lozim:
Ro‘zaning ado bo‘lishining shartlaridan biri: hayz va nifosdan pok bo‘lishdir. Zero, ulardan pok bo‘lish sahobai kiromlarning ijmosi bilan ro‘zaning adosi to‘g‘ri bo‘lishi uchun shartdir.[2]
Ro‘zador ayol old yoki ort jinsiy a’zosiga barmog‘ini kirgizishi bilan ro‘zasi ochilmaydi, ho‘l barmog‘ini kirgizishi bilan esa ro‘zasi ochiladi. Shuningdek, quruq barmog‘ining hammasini yoki ba’zi qismini kirgizib, tashqariga chiqarib so‘ng yana qayta kirgizishi bilan ham ro‘za ochiladi. Agar old jinsiy a’zosiga quruq paxta yoki shu kabi vositalarni kirgizsa va uning bir uchi tashqarida qolsa ro‘zasi ochilmaydi. Butunlay ichkariga kirgizib yuborsa, ro‘zasi ochiladi.[4]
Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim yurti o‘qituvchisi Qutbidinova Maharam Eshonxon qizi tayyorladi.
[1] “Kitabul Fatava”, Xolid Sayfulloh Rahmoniy
[2] “Badoi’us Sanoyi’”, Alouddin Kosoniy
[3] “Raddul Muxtor”, Ibn Obidiyn
[4] “Raddul Muxtor”, Ibn Obidiyn
[5] “Raddul Muxtor”, Ibn Obidiyn
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV