frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Toatlar maqbul, duolar mustajob, gunohlar kechirilgan oy

02.06.2017   86476   4 min.
Toatlar maqbul, duolar mustajob, gunohlar kechirilgan oy

Ro‘za arab tilida «siyom» deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi. Shariat istilohida esa «tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zni tiymoqdir». Ro‘zani ochuvchi narsalar deganda yemoq, ichmoq, jinsiy yaqinlik qilmoq va ro‘zani ochib yuboradigan boshqa narsalar tushuniladi.

Ramazon oyi ro‘zasi hijratning ikkinchi sanasida farz qilingan. Alloh taolo bandalarni ro‘za tutishga buyurib: «Ey iymon keltirganlar, sizlarga ham, xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek, ro‘za farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz», degan (Baqara: 183-184).

Tabiblarning ta’kidlashicha, ixtiyoriy och qolish, ya’ni ro‘za tutish ila insonda Allohdan qo‘rqish, Uni doimo his etib turish, xullas, taqvo hissi paydo bo‘ladi.

Ma’lumki, havoyi nafsning aytganini qilaverish insonni unga qul qilib qo‘yadi. Bora-bora inson nafsi nima desa, shuni qiladigan bo‘lib qoladi. Ro‘za tutgan kishi esa, ishtahasi kelib turgan holda turli taomlar, ichimliklar, shahvoniy va boshqa narsalardan o‘zini tiyishi bilan havoi nafsining xohishini sindiradi. Shu bilan ro‘zadorning irodasi kuchayib, havoi nafsini jilovlab olishga erishadi.

Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish esa kishi qalbini musaffo qiladi. Uning qalbiga Alloh muhabbatidan boshqa narsa sig‘may qoladi. Ro‘zador kishi o‘z-o‘zidan yomonlik qila olmay qolishi ham shundan.

Ramazon – qadrlash oyi. Ushbu oyda ezgu amallarni ko‘paytirish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Ramazon – ezgulik oyi. Insonlar bu oyda ma’naviy poklanib o‘zlarida go‘zal xulqlarni namoyon qiladilar. Jumladan, xalqimiz ushbu oyda iftorliklar, xayr-ehsonlar qilish, fitr va zakotlarini ado qilish orqali bir-birining holidan xabar olish kabi ezgu amallarni bajarib ushbu oyning har bir kunini bayram kayfiyatida ko‘tarinki ruhda o‘tkazadi.

Ramazonning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar bor, ulug‘ ulamolarning so‘zlari, madhlar aytilgan, kitoblar bitilgan. Lekin bu haqdagi ta’riflarning gultojisi Robbul Olamiynning O‘z kalomida aytgan madhidir. Bu – ramazoni sharifning eng ulkan fazilati haqidagi ta’rifdir. Ya’ni:«Unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu fur­qondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir» (Baqara, 185).

Ro‘zadan boshqa hamma amallarda amal qiluvchi xohlasa ham, xohlamasa biroz e’tibortalablik bo‘ladi.  Ro‘zada esa birortasi yo‘q, tongga yaqin hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa barcha barobar yuraveradi. Hech kimsiz yolg‘iz o‘zi qolganida ham ro‘zador Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, birt narsa yemaydi. Ana shular ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir. Shuning uchun ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taolo O‘zi bilib berishga va’da qilmoqda. Shu bilan birga, ro‘za uchun beriladigan savobning ko‘payishi shunchalarki, uni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, idrok ham qila olmaydi. Ro‘zadorning amali bunchalar yuqori baholanishining sababi u faqat Alloh taolo uchun taomi va shahvatini tark qilib, ro‘za tutganidandir.

Darhaqiqat, bizga Alloh taolo barakot oyini nasib qildi. Uning qanchalik darajada barakali ekanini, iymonimiz va ishonchimiz  darajasi ila his qilamiz. Bu oyda tutayotgan ro‘zalarimiz bilan o‘zimizdagi ko‘p yomonliklardan tiyilamiz. “Men ro‘zadorman” deb ancha-muncha nojoiz ishlarimizdan to‘xtaymiz. Ko‘pchiligimiz shu barakotli oy tufayli o‘sha yoqimsiz amallarimizni tark qilamiz. Bu oyning fazilatlaridan yana biri ro‘zador qanday inson bo‘lishidan qat’i nazar uning duosi albatta ijobat bo‘ladi. Chunki bu oyda ro‘zador insonga Alloh O‘z rahmat nazari bilan qaraydi va faqat U uchun tutilgan xolis ro‘zadorning duosini ijobat qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam rivoyat qilganlaridek,  ro‘za bu –omonatdir, ro‘za bu – ibodatdir. Shuning uchun issiq kunlarda tutayotgan ro‘zalarimizni ixlos bilan ado etib, Parvardigordan uning ajrini kutaylik. Zero, savoblar ramazon ichida yig‘ilgandir – toatlar maqbuldir, duolar mustajobdir, gunohlar kechirilgandir va jannat ro‘zadorlarga mushtoqdir.

 

Xayrulla ABDULLAYEV,

O‘MI Xorazm viloyati vakili

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Buxoriy" ordeni — yuksak ehtirom ramzi!

28.08.2026   12118   2 min.

Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.

Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.

Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.

Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari