1-FATVO
Tahorat qilayotganda ko‘zlar qattiq yumilmaydi. Aks holda, ko‘z atroflariga suv yetmasligi natijasida tahorat chala bo‘lib qolishi mumkin. Ko‘zlar erkin yumib turiladi. Ochib, ichiga suv yetkazish shart emas.
«Olamgiriya», «Sirojiya», «Qozixon», «Muhit».
2-FATVO
Tahorat va g‘uslda shol odam oyog‘ini, garchi kesganda ham sezmaydigan darajada bo‘lsa-da, yuvishi vojibdir.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «Yatima».
3-FATVO
Oyoqlarini yog‘lagandan so‘ng yuvsa, yog‘ ostiga suv o‘tishiga to‘sqinlik qilsa ham, tahorati durust hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Zaxira».
(4-FATVO)
5-FATVO
Yomg‘ir ostida qolgan yoki oqayotgan ariqqa tushgan kishining hamma a’zosiga suv yetgan bo‘lsa, tahoratga ham, g‘uslga ham o‘tadi. Faqat og‘zi bilan burnini chayishi kerak bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Sirojiya».
6-FATVO
Boshiga mas'h tortmasdan yuvsa ham, mas'h o‘rniga o‘tadi, lekin bu makruh sanaladi.
«Olamgiriya», «Muhit».
7-FATVO
Suv bilan istinjo qilishdan oldin ham, undan keyin ham ikki qo‘lni uch marta yuvish kerak. «Bismilloh»ni avratni ochmay turib bir marta, istinjodan keyin avratni yopgach, yana bir marta aytish afzaldir.
«Olamgiriya», «Qozixon».
8-FATVO
Misvok ishlatish erkaklar uchun sunnat. Ayollarning saqich chaynashi misvok o‘rniga o‘tadi.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
9-FATVO
Tahoratda har bir a’zoni uch martadan yuvish sunnat. Agar uch marta to‘liq yuvganiga shak-shubha qilsa yoki tahorat ustiga tahorat bo‘lsin, degan niyat bilan uch martadan ko‘p yuvsa, joizdir.
«Olamgiriya», «Nihoya», «as-Sirojul-vahhoj».
10-FATVO
Bo‘yinga mas'h tortish – mustahab. Lekin tomoqqa mas'h tortish – bid’at.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
11-FATVO
Masjidda muayyan bir joyni o‘zi uchun xoslab olish makruh bo‘lganidek, tahorat qilish uchun o‘ziga xos idish tutish ham makruhdir.
«Olamgiriya», «al-Vajiz».
12-FATVO
Qulog‘idan yiring oqsa, qaraladi: agar og‘riq bilan oqsa, tahorat sinadi. Aks holda, sinmaydi. Zero, og‘riq quloq ichidagi jarohatdan dalolatdir.
«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira», «Sirojiya».
13-FATVO
Egarsiz ulovga mingan odam uxlab qolsa, qaraladi: agar tekislikda ketayotgan yoki balandlikka o‘rmalayotgan bo‘lsa, tahorati sinmaydi. Bordi-yu, pastlikka tushayotgan bo‘lsa, tahorati ketadi. Egarda uxlab qolsa, tahorati buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
14-FATVO
Cho‘zilib yotgan holda mudrash ikki xil bo‘ladi:
Biri – qattiq mudrash bo‘lib, odamlarning gurungini eshitmay, anglamay qoladi. Oqibatda tahorat sinadi. Ikkinchisi – yengil mudrash, bunda odamlarning gurungini eshitib yotadi. Shu bois tahorat sinmaydi. Uxlagandan yoki yel chiqqandan keyin tahoratni yangilaganda, suv bilan «istinjo» qilinmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira», «Qozixon».
15-FATVO
G‘uslda kindik ichiga barmoq bilan suv kiritib yuvish ham vojib amallardandir.
«Muhit».
16-FATVO
G‘usl oldidan tahorat qilganda boshiga mas'h tortadi. Undan keyin boshiga suv quyib, barcha a’zolarini uch bor yuvadi.
«Olamgiriya», «Zohidiy».
17-FATVO
G‘usl qilmoqchi bo‘lgan odam niyatni dilida qilib, qo‘lini yuvish oldidan «Bismilloh»ni aytadi va istinjo qiladi.
«Olamgiriya», «al-Javharatun-nayyira».
18-FATVO
G‘uslda suvni ortiqcha isrof qilmaslik, shuningdek, haddan ziyod tejab yubormaslik, qiblaga yuzlanmaslik sunnat darajasidagi amallardandir.
«Olamgiriya».
19-FATVO
G‘uslda har bir a’zoni uch martadan yuvish, birinchi martasida ishqalab yuvish, yuvinish asnosida imkoni boricha gapirmaslik, yuvinib bo‘lgach, sochiq bilan artinish sunnat amallardandir.
«Olamgiriya», «Munya».
20-FATVO
Junub bo‘lgan kishi uxlashdan oldin g‘usl qilib olgani yaxshi. Lekin namoz vaqti yaqinlashgunga qadar uxlasa yoki ikki qo‘li va og‘zini yuvib ovqatlansa, zarari yo‘q.
«Olamgiriya».
21-FATVO
Janobatdagi, ya’ni junub bo‘lgan odam namoz vaqti kirgunga qadar g‘usl qilmay tursa, gunohkor bo‘lmaydi. Zero, tahoratsiz odamga tahorat qilish, janobatdagi va hayz yoki nifosdan chiqqan ayolga g‘usl qilish namoz o‘qish yoki boshqa tahoratsiz holda qilib bo‘lmaydigan amallarni bajarish oldidan vojib bo‘ladi.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «Muhit».
22-FATVO
Ishlatilgan suv (obi musta’mal) Imom Muhammad (r.h.) nazdida, pok-tahoratli odamning qo‘l, oyoq yoki badaniga yopishgan loy, xamir yoxud kirlarni ketkazish uchun ishlatgan suvi «obi musta’mal»ga aylanmaydi. Demak, uni tindirib, yana ishlatsa bo‘ladi. Salqinlash maqsadida cho‘milishga ishlatgan suvi ham musta’mal hisoblanmaydi, balki tahorat, g‘usl, najosatni ketkazish kabilar uchun ishlatilgan suv, Imom Muhammaddan (r.h.) boshqalar nazdida, nopoklik sifatini oladi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
23-FATVO
Janobatdagi odam g‘usl qilayotganida sachragan suv idishdagi suvga tushsa, zarari yo‘q. Ammo badanidan oqayotgan suv idishga quyilib tushsa, uni nopok qiladi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
24-FATVO
Agar inson qo‘lining kaftini mushuk yalagan bo‘lsa, qo‘lini yuvib namoz o‘qishi lozimdir. Aks holda, namozni makruhlik bilan ado etgan sanaladi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Tabyin».
25-FATVO
Insonning sochi tig‘ bilan yoki qaychi bilan qirqib olinsa, toza hisoblanadi. Yulib olingan soch nopokdir.
«Olamgiriya», «Ixtiyor».
26-FATVO
Sichqon mushukdan qochib ketayotib, idish ustidan sakrab o‘tsa, idish ichidagi suv nopokka aylanadi. Zero, u odatda, mushukdan qo‘rqqanidan siyib yuborgan bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».
27-FATVO
Bir marta ishlatilgan suv (obi musta’mal), Imom Abu Hanifa va Abu Yusuf (r.h.) nazdida, najas, ya’ni nopok hisoblanadi. Imom Muhammad (r.h.) nazdida esa, pokdir. Lekin shunga qaramay, obi musta’mal bilan ho‘l qilingan sochiq yoki uning badandan tomchilab tushishidan ivigan kiyim bilan namoz o‘qish, har uch imom nazdida ham, joizdir.
«Olamgiriya», «Badoye».
28-FATVO
Tayammum qilishda «Bismilloh»ni o‘qib, ikki qo‘l barmoqlarini ochiq tutgan holda, panjalarining oldi va orqasi bilan tuproqqa urgandan keyin qo‘llarni bir-biriga ishqalab, yopishgan changlarni yengillatish, oldin yuzga, so‘ngra ikki qo‘lning tirsaklarigacha surtib chiqish sunnat hisoblanuvchi amallardandir.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
29-FATVO
Ota bilan o‘g‘ilda faqat bir kishiga yetadigan suv bo‘lsa, u bilan ota tahorat qiladi, o‘g‘li esa tayammum bilan kifoyalanadi.
«Olamgiriya».
30-FATVO
Oyoq kiyimiga mas'h tortishning shartlaridan biri – poyabzalning kamida uch kunlik safarga yaraydigan bo‘lishidir. Yana bir sharti – poyabzal oyoqning oshiqlarini yopib turishidir. Oshiqdan ustki qismi yopilgan bo‘lishi shart emas.
«Olamgiriya», «Qozixon».
31-FATVO
Bir oyog‘ida jarohati borligidan uni yuvish yoki unga mas'h tortishning iloji bo‘lmasa, ikkinchi oyog‘iga mas'h tortishi mumkin. Shuningdek, oyog‘ining oshig‘idan pastki qismi kesib tashlangan kishi ham ikkinchi oyog‘ini yuvishi va poyabzal ustidan mas'h tortishi joizdir. Kesilgan joyda uch barmoq miqdori joy qolgan bo‘lsa, o‘sha joyga mas'h tortadi. Undan kam bo‘lsa, tortmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
32-FATVO
Janobatdan g‘usl qilganda, badanida tangadek joy suv tegmay quruq qolgan bo‘lsa, o‘sha yerini poyabzal kiygandan keyin yuvsa, hadas (ifloslik) yetgandan so‘ng tahorat qilganda poyabzalga mas'h tortaveradi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
33-FATVO
Tahorat qilganda tangadek joy yuvilmay qolgan bo‘lsa, o‘sha yer yuvilmaguncha oyoq kiyimini kiyib, mas'h tortishi joiz emas.
«Olamgiriya», «Tabyin».
34-FATVO
Yara ustidagi matoh (bint)ga mas'h tortish uning ostini yuvish bilan barobardir. Shunga ko‘ra, bir oyog‘iga mas'h tortib, ikkinchi sog‘ oyog‘ini yuvgan odam har ikki oyog‘ini yuvgan hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
35-FATVO
Bir oyog‘idagi jarohat ustiga mas'h tortgach, ikkinchi oyog‘ini yuvib, shu sog‘ oyog‘iga poyabzal kiyib olsa, keyingi tahorat qilganda mas'h tortishi joiz emas. Ammo ikkala oyog‘iga poyabzal kiyib olsa, mas'h tortaveradi.
«Qozixon», «Olamgiriya», «Muhit».
36-FATVO
Oyoq kiyimlariga mas'h tortib qo‘yishni boshqa kishiga buyursa ham joizdir.
«Olamgiriya», «Xulosa».
37-FATVO
Tug‘ilgan ikki chaqaloq egizak hisoblanishi uchun ikkinchi chaqaloq ikki oydan kam muddatda tug‘ilgan bo‘lishi shart. Agar ikkisining oralig‘idagi muddat olti oy yoki undan ko‘p bo‘lsa, ular ikki homila va ikki «nifos» bolalari hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
38-FATVO
Hayzdagi ayol, shuningdek, junub kishiga Qur’on oyatlaridan o‘qish taqiqlanadi. Lekin turli xil duolar, azon javobi, «Qunut duosi» kabilarni o‘qishi mumkin.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Sirojiya».
39-FATVO
Junub kishilar, hayz va nifosdagi ayollar Qur’onni o‘qimasdan, oyatlariga qarashlari mumkin. Oyatlarni yozishlari ham joiz emas.
«Olamgiriya», «Javhara», «Zaxira».
40-FATVO
Burnidan yoki yarasidan tinmay qon oqayotgan kishi namozni oxirgi vaqtigacha kutadi. Qon to‘xtasa, yaxshi, yo‘qsa, vaqt chiqib ketmasidan oldin tahorat qilib, namozni o‘qiyveradi.
«Olamgiriya», «Zaxira».
41-FATVO
Idishdagi moyga sichqon tushgan bo‘lsa, qaraladi: agar quyuq, qotgan moy bo‘lsa, sichqon atrofidagi tegib turgan moylari bilan qo‘shib olib tashlansa, qolgan moy toza hisoblanadi. Bordi-yu, moy suyuq bo‘lsa, nopok bo‘ladi va ovqatdan boshqa, yeyilmaydigan narsalarga ishlatiladi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
42-FATVO
Hojatxonadagi pashshalar kiyimga qo‘nsa, zarari yo‘q. Ammo ular ko‘p bo‘lsa, kiyimni nopok qiladi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
43-FATVO
Nopok tuproq suvga yoki nopok suv tuproqqa aralashtirilib loy qilinsa, u najas hukmidadir. Lekin shu loydan yasalgan idishlarda pishirilgan ovqat toza hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Xulosa».
44-FATVO
Sut sog‘ilayotganda hayvonning qumalog‘i sutga tushsa, darhol olib tashlansa, sut nopok bo‘lmaydi. Ammo u chayilib ketsa, idishdagi bor sut nopokka aylanadi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
45-FATVO
Istinjoda adad belgilanmagan, balki bir martada toza bo‘lsa, shuning o‘zi kifoya. Ammo uch martada ham toza bo‘lmasa, istinjo chala qilingan hisoblanadi.
«Sirojiya», «Olamgiriya», «Muzmarot».
46-FATVO
Istinjoda faqat chap qo‘lidan foydalanadi. Uzrli holatlardagina o‘ng qo‘l ishlatiladi. Olatdan siydik chiqmay qolgunga qadar uchiga chap qo‘lda kesak kabi namlikni o‘ziga shimib oladigan narsani tutib turish vojibdir. Bu «istibro» deyiladi.
«Olamgiriya», «Zohidiy», «Zahiriya».
47-FATVO
Har kim istibroni ko‘ngli qaror topgunga qadar davom ettiradi. So‘ngra shaytonning vasvasasiga e’tibor bermaslikka harakat qiladi. Masalan, tahorat qilib, namoz o‘qib turganida soniga sovuq narsa tekkandek seziladi. Ko‘pincha bu siydik tomchisi emas, balki shaytonning chalg‘itish uchun qilgan ishidir. Shuning uchun suv bilan istinjo qilgan paytda olati va sonlariga suv sepib qo‘yish tavsiya etiladi. Shunda shayton vasvasa qila olmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muzmarot», «Zahiriya».
48-FATVO
O‘zi tahorat qilishga qodir bo‘lmagan bemorga o‘g‘li yoki birodari tahorat qildirib qo‘yadi. Lekin xotini bo‘lmasa, istinjo qildirilmaydi. Bunda istinjo uning zimmasidan soqitdir. Bemor ayol hukmi ham xuddi shunday. Unga qizi yoki opa-singlisi tahorat qildiradi. Lekin istinjo soqit bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Qozixon».
49-FATVO
Hojatxonaga chap oyoq bilan kirib, o‘ng oyoq ila chiqiladi. U yerda gapirilmaydi, salomga alik olinmaydi, azonga, aksirgan kishiga javob aytilmaydi, o‘zi aksirsa, dilida «Alhamdu lilloh» deydi, tilini qimirlatmaydi, avratiga, axlatiga qaramaydi, tupurmay, burnini qoqmay, yo‘talmay, ko‘zini osmonga qaratmay o‘tiradi. Iloji boricha uzoq o‘tirmaslikka harakat qiladi.
«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».
50-FATVO
Quduqdan sichqon yoki qush o‘ligi topilsa, qaraladi: agar go‘shti aynib, hidlangan bo‘lsa, shu quduq suvi bilan tahorat qilib o‘qilgan uch kunlik namoz qayta ado etiladi. Bordi-yu, aynimagan bo‘lsa, Abu Hanifa (r.h.) so‘ziga ko‘ra, bir kecha-kunduzgi namoz qayta o‘qiladi.
«Qozixon».
51-FATVO
Tovuqning yangi tuqqan tuxumi suvga tushsa, suvni nopok qilmaydi.
«Qozixon».
Izoh:
Bu fatvoning ahamiyati shundaki, odatda, hech kim tuxum tushgan suvni iste’mol qilmaydi. Lekin ayrim savodxonlar qozonga yoki idishga xom tuxumni chaqib oqizsa, u haromga aylanadi, chunki tuxum po‘chog‘ining ustki qismi nopok. Unga tegib tushgan suyuqlik ham nopok bo‘ladi, deb odamlarni shubhaga solish hollari uchrayotgani uchun mazkur fatvoni topib yozishga to‘g‘ri keldi. Demak, tuxum po‘chog‘ining ustki qismi shar’an toza hisoblanar ekan.
52-FATVO
Daraxt tanasidan chiqqan va turli mevalardan siqib olingan suvlar bilan tahorat qilish mumkin emas.
«Qozixon».
53-FATVO
Junub kishi og‘zini chaymay turib, suv ichsa, qaraladi: agar u faqih bo‘lsa, ichgan suvi og‘izni chayish o‘rniga o‘tmaydi. Zero, faqih kishi suvni og‘izning hamma joyiga tegadigan qilib ichmay, istihola bilan so‘rib ichadi. Ilmsiz kishi bo‘lsa, ichgan suvi og‘iz chayish o‘rniga o‘tadi. Zero, u so‘rib ichmay, og‘zini to‘ldirib, ho‘plab ichadi. Natijada, suv og‘izning hamma joyiga tarqaladi.
«Qozixon».
54-FATVO
Go‘shti halol hayvonlarning siydigi, Imom Abu Hanifa (r.h.) nazdida, najas, Imom Abu Yusuf (r.h.) nazdida, yengil najas, Imom Muhammad (r.h.) nazdida, toza hisoblanadi.
«Qozixon».
55-FATVO
Tovuq, o‘rdak, g‘ozdan boshqa go‘shti halol parrandalarning axlati toza hisoblanadi. Inson, it va yirtqich hayvonlarning axlati najasdir. Lochin, kalxat kabi yirtqich qushlarning axlati kiyimni benamoz qilmaydi. Pashsha, bit, burga qoni ham shunday.
«Qozixon».
56-FATVO
Avvalgi davrlarda ovchilar o‘zlari ovlagan hayvonlarning tishlarini bo‘yinlariga osib olishlari urf bo‘lgan. Bundan odamlar o‘rtasida o‘z kasbidan faxrlanish maqsad qilingan va aslo tumor ma’nosi ko‘zlanmagan. Shariatimizga ko‘ra to‘ng‘izdan boshqa har qanday hayvonning tish va suyaklari pok sanaladi. Fuqaholarimiz ushbu masalani quyidagi fiqhiy misol orqali ifodalaganlar: "Bir kishi bo‘yniga it yoki bo‘ri tishidan yasalgan taqinchoq ilgan holda namoz o‘qishi mumkin" (Qozixon). Bu fatvodan ko‘zlangan asosiy maqsad, to‘ng‘izdan boshqa barcha hayvonlarning xoh go‘shti halol bo‘lsin, xoh harom bo‘lsin suyagi va tishi pok ekani, mabodo namoz o‘qiguvchi bilan birga (masalan, cho‘ntagida) suyak yoki tish bo‘lsa, namozi durust bo‘lishini bayon qilishdir. Lekin, bu fatvoda it yoki bo‘ri tishidan yasalgan taqinchoqlarni taqishga targ‘ib yo‘q. Aksincha bunday taqinchoqlarni tumor sifatida (noto‘g‘ri e’tiqodlar bilan) taqish bugungi kunimizda urf bo‘ldi. Buni esa mumkin emasligi hammaga ma’lum.
57-FATVO
Qo‘y so‘yilganda pichoqni uning yungiga artib, qon izi ketkazilsa, pichoq toza bo‘ladi. Shuningdek, metalldan yasalgan qilich kabi boshqa tig‘li narsalar ham najosatdan tuproq yoki latta bilan artib tozalanadi.
«Sirojiya», «Qozixon».
58-FATVO
Qo‘yning kallasi qonga belangan bo‘lsa-da, uni kuydirib, so‘ngra qozonga solib, qaynatib pishirilsa, sho‘rvasini ichish mumkin. Kalla uni palid qilmaydi.
«Qozixon».
59-FATVO
Go‘shtning ustiga so‘yilganda oqqan qondan tekkan bo‘lsa, uni yuvmasdan ishlatib bo‘lmaydi. Ammo go‘shtning o‘zida yoki tomirlarida qolgan qon bo‘lsa, zarari yo‘q.
«Qozixon».
60-FATVO
Qozon qaynab turganida, osmondan qush uchib kelib ichiga tushsa, undagi hamma narsa palid (nopok) bo‘ladi va to‘kib yuboriladi. Ammo qaynamay sokin turganida tushsa, sho‘rvaning suvi to‘kib tashlanib, go‘shti yuvib, qayta ishlataveriladi.
«Qozixon».
61-FATVO
Ikki qo‘li shol bo‘lib qolgan odam tahoratga ham, tayammumga ham qodir bo‘lmasa, ikki bilagini tirsaklari bilan yerga, yuzini devorga surtish bilan tayammum qilib, namoz o‘qishi mumkin.
«Qozixon», «Naf’ul-muftiy».
62-FATVO
Tahorat qilgandan keyin mo‘ylabini, sochini qirsa yoki tirnog‘ini olsa, tahorat qaytadan olinmaydi.
«Qozixon».
63-FATVO
Tahorat yoki g‘usl qilganda badandagi mavjud kir ustidan yuvilsa, u suvni ostiga o‘tkazgani uchun tahorati ham, g‘usli ham joiz hisoblanadi. Ammo junub ayolning tirnoqlari ostidagi xamir yoki loysuvoq qilgan kishining tirnoqlari ostida qolgan loy qoldiqlari yoki bo‘yoq asoratlari suv o‘tkazishi to‘g‘risida ixtilof qilishgan. Ba’zi ulamolar suv o‘tkazadi, deb fatvo berganlar. «Sirojiya» kitobida tirnoq ostida xamir qolgan bo‘lsa, g‘usl o‘rniga o‘tmaydi, deyilgan.
«Qozixon», «Sirojiya».
64-FATVO
Junub kishiga g‘usl qilishdan oldin ovqatlanishga to‘g‘ri kelsa, qo‘llarini yuvib, og‘iz va burnini suv bilan chayib ovqatlanishi mumkin.
«Qozixon».
65-FATVO
Junub kishi peshob qilmay turib yuvingan va namoz o‘qigan bo‘lsa, namozi durust. Bordi-yu, shundan keyin maniy qoldig‘i chiqib qolgudek bo‘lsa, Abu Hanifa bilan Muhammad (r.h.)nazdida, g‘uslni qayta qiladi, Abu Yusuf (r.h.) nazdida esa, bu holda g‘uslni ham, namozni ham takrorlamaydi.
«Qozixon», «Sirojiya».
66-FATVO
Ishtonbog‘ (yoki kamar) it yungidan qilingan bo‘lsa, kiyimni benamoz qilmaydi.
«Olamgiriya».
67-FATVO
Safarda junub, hayzdan pok bo‘lgan ayol va mayyit birga bo‘lib qolsa va ularda bir kishining g‘usliga yarasha suv bo‘lsa, qaraladi: agar suv ulardan biriga tegishli bo‘lsa, o‘sha ishlatadi. Bordi-yu, suv uchoviga qarashli bo‘lsa, hammasi tayammum qilib, suvni ichishlari mumkin. Agar suv egasiz bo‘lsa, junub g‘usl, ayol tayammum qiladi. Mayyit ham tayammum qildiriladi.
«Qozixon».
68-FATVO
Istinjoni tahoratdan keyin qilsa, tahorati buzilmaydi.
«Sirojiya».
69-FATVO
Tahorat qilgach, ikki oyog‘ini nopok yerga qo‘ysa, qaraladi: agar yer qattiq va quruq bo‘lib, uzoq turmay, darhol oyoqlarini yerdan olsa, zarari yo‘q. Ammo oyoqlari qurigan, yer esa nam bo‘lib, oyoqlariga o‘sha namlik o‘tsa, ularni yuvishi lozimdir.
«Sirojiya».
70-FATVO
Gul, qovun, tarvuz suvlari, sut, sirka kabi suyuqliklar toza hisoblanadi va ular bilan qo‘l, kiyimlar yuvilsa, toza bo‘ladi, lekin ular bilan tahorat yoki g‘usl qilinmaydi.
«Sirojiya».
71-FATVO
Tayammumni barcha yer jinsidan bo‘lgan narsalar bilan qilish mumkin. Masalan, qum, chang, tosh, ohak, surma, ganch, zirnix (margimush), yoqut, marjon, zumrad, firuza, g‘isht va boshqalar. Ammo kul, qo‘rg‘oshin, oltin, kumush, shisha, tuz, loy kabi narsalar bilan tayammum qilinmaydi. Imom Saraxsiy va Husomiddin (r.h.) so‘ziga ko‘ra, tog‘ tuzlari bilan tayammum qilish joiz, suv tuzlari bilan mumkin emas. Oltin, kumush, temir, mis kabi metallar yerdan olinib, buyum yasalmay turgan holatida ular bilan tayammum qilish mumkin.
«Sirojiya», «Naf’ul-muftiy».
72-FATVO
To‘qqiz yoshga yetmagan qiz boladan hayz qoni kelsa, u shar’an hayz hisoblanmaydi.
«Sirojiya».
73-FATVO
Ro‘zador kishi tahoratda og‘zini g‘arg‘ara qilmay chayadi. Suv tomoqqa ketib qolish xavfi bo‘lgani uchun g‘arg‘ara qilish makruh hisoblanadi.
«Naf’ul-muftiy»,
«Hoshiyatul Viqoya».
74-FATVO
Qalin soqolli odam tahoratda soqoli ostiga suv yetkazishi shart emas, balki ustki qismini yuvib qo‘yaveradi. Ammo soqoli siyrak kishi soqoli ostiga suv yetkazishi farz amallardan hisoblanadi. G‘uslda esa, qalin soqol ostiga ham suv yetkazish shartdir.
«Naf’ul-muftiy»,
«Sharhi Niqoya», «Badoye».
75-FATVO
Insonning badanidan chiqqan ter shar’an toza hisoblanadi. Ammo muttasil araq ichishga mubtalo bo‘lgan kishining teri najasdir.
«Sirojiya», «Zaxoir».
76-FATVO
Og‘iz to‘lib qayt qilish tahoratni sindiradi. Ammo ovqat oshqozonga yetib bormasidan qayt qilsa, tahorat sinmaydi.
«Sirojiya»,
«Xizonatur-rivoyot».
77-FATVO
Baliqning ichidan chiqadigan qonga o‘xshash narsa qon hisoblanmaydi. U tozadir. Zero, qon quyoshga tutilsa, qorayishi kerak. Baliqdan chiqqan narsa esa oftobda oqaradi.
«Naf’ul-muftiy».
78-FATVO
It suvga belanib silkinganida sachragan suv kiyimga tegsa, qaraladi: agar suv it yungini ostigacha ivitgan va uning kiyimga tekkan miqdori bir dirhamcha bo‘lsa, kiyim nopokdir. Bordi-yu, it yungining ustki qismigina ivigan bo‘lsa, sachragan suv kiyimni nopok qilmaydi.
«Naf’ul-muftiy», «Jome’ul-muzmarot».
79-FATVO
Kiyimning najosat tekkan yeri unutilib, uni topish imkoni bo‘lmasa, bir joyi qasd qilinib, yuvib qo‘yilaveradi. Shuningdek, xirmon yanchiyotgan ot-eshaklar tezagini ajratib olib tashlash qiyin bo‘lgani sababli bir qism don olib yuvilsa yoki yuvmay ehson qilinsa, yanchilgan donning hammasi poklangan bo‘ladi.
«Muxtasar», «Naf’ul-muftiy», «Xulosa».
80-FATVO
Gilam, palos kabi suvini siqib chiqarish mumkin bo‘lmagan narsalarga najas tekkan bo‘lsa, ular bir kecha oqar suvga tashlab qo‘yish bilan poklanadi.
«Naf’ul-muftiy», «Fathul-Qadir», «Muxtasar».
81-FATVO
Suyuq asalga najas tushsa, uni poklash uchun o‘nga ikki miqdorida, ya’ni asalning beshdan biricha suv qo‘shib qaynatiladi. Suv bug‘lanib tamom bo‘lishi bilan yana suv quyib, ushbu jarayon uch marta takrorlanadi.
«Naf’ul-muftiy», «Qunya».
82-FATVO
Badan, kiyim, idish va boshqa narsalarni poklash uchun ishlatiladigan vositalarning turlari ko‘pdir. Masalan:
Agar daraxt yoki qamishdan kesib yoki sindirib olinsa va unga najas tegsa, faqat yuvish yoki kesib tashlash bilan toza bo‘ladi. Yerga yotqizib terilgan g‘ishtlar ham yer hukmidadir.
«Naf’ul-muftiy».
83-FATVO
Kiyim yupqaligidan yirtilib ketmasin deb yuvganda siqmagan bo‘lsa ham, zarurat yuzasidan shu kiyimda namoz o‘qish joiz bo‘ladi.
«Naf’ul-muftiy»,
«Durrul-muxtor».
84-FATVO
Zamzam suvi bilan g‘usl qilish joiz, lekin istinjo qilish makruhdir.
«Naf’ul-muftiy»,
«Durrul-muxtor».
85-FATVO
Dasht, sahro joylardagi toshlar ustiga siyish, ular bilan istinjo qilish joiz emas. Zero, toshli joylar jinlar maskani hisoblanadi. Shuningdek, suyak va tezaklar bilan ham istinjo qilinmaydi. Zero, suyaklar jinlar ozuqasi, tezaklar esa (jinlar) ulovlarining ozuqasidir.
«Naf’ul-muftiy».
86-FATVO
Qasddan betahorat namoz o‘qigan kishi kofir bo‘ladi. Imom Halvoniy so‘ziga ko‘ra, tahoratning farzligini bilib turib, betahorat namoz o‘qigan kishi zindiqdir.
«Qozixon».
87-FATVO
Hayz ko‘rgan ayol har bir namoz vaqti kirganda tahorat olib, har kuni o‘qiydigan joyiga o‘tirib, bir namoz o‘qiganchalik vaqt mobaynida tasbeh, tahlil o‘qib o‘tirishi mustahab amallardan hisoblanadi.
«Sirojiya».
88-FATVO
Yirtqich qushlarning og‘zidan qolgan suv yoki taom makruhdir. Lekin ular qafas yoki boshqa ihota qilingan joylarda toza yemish bilan boqilayotgan, tumshuqlari nopok narsadan ifloslanmayotgan bo‘lsa, ularning og‘zidan qolgan yoki og‘zi tekkan narsa makruh emas. Bu Abu Yusufning (r.h.) so‘zlari bo‘lib, shunday deb berilgan fatvoni mashoyixlar ma’qullashgan.
«Zaxoir».
89-FATVO
Katta hovuz yoki oqib turgan ariq suviga hayvon tezagi yoki boshqa najosat turlaridan biri tushgan bo‘lsa, uni biror idish bilan olib tashlaganda shu idish va uning ichidagi suv nopok bo‘ladi. Hovuz va ariq suvi esa pokligicha qoladi.
«Zaxoir».
Alloh taologa cheksiz hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga mukammal salavotu salomlarimiz bo‘lsin.
Muhtaram yurtdoshlar!
Allohga shukrki, go‘zal diyorimizda har tongni tinchlik, xotirjamlik bilan qarshi olmoqdamiz. Ushbu ulug‘ ne’mat sababli, har sohada yutuqlar, yuksalishlar bo‘lmoqda, ne’matlar kundan-kun ziyoda bo‘lib bormoqda. Bu yurtda inson aziz, uning qadri yuksak ekani, o‘zining hayotiy ifodasini topib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan insonlar, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Shubhasiz, oxirgi yillarda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yordamga muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha qonuniy asoslar va xalqparvar tizim yaratildi.
Siz aziz yurtdoshlarimizga murojaat qilar ekanmiz, shuni alohida ta’kidlashni xohlardikki, ijtimoiy himoya masalasida Prezidentimizga kamarbasta bo‘lish barchamiz intilayotgan farovon kelajak, farzandlarimiz baxtu saodatini ta’minlashning eng muhim shartidir.
Islom dinida muhtojlarga yordam berish, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish eng savobli amallardan hisoblanadi. Muborak dinimiz xayr-saxovatga buyurar ekan, uni o‘z o‘rniga sarflashga amr etadi. Muhtoj insonlar haqqiga xiyonat qilish esa og‘ir gunoh sanaladi.
Yurtimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi xalqimiz qalbidagi ezgu ish bo‘ldi. Agentlik og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlayotgani, xayru ehsonlarni o‘z egalariga yetkazayotgani xalqimizni mamnun etmoqda, qalbiga xursandchilik ulashmoqda. Albatta, mana shunday mehrga muhtoj insonlarning duosi bilan yurtimiz yanada obod bo‘ladi.
Hurmatli yurtdoshlarimiz!
Yaratganga shukr, tarbiyaning asosiy poydevori bo‘lgan maktabga, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilishga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratilmoqda. Yangidan yangi maktablar, bog‘chalar qurilmoqda. Yurtimizda o‘rta hisobda yiliga bir million bola tug‘ilmoqda. Bu degani, yetti yildan keyin bir necha ming maktabga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shunday ekan, saxovatpesha kishilarimiz maktab qurish yoki ta’mirlash ishlariga ham katta e’tibor qaratishlarini tavsiya etamiz. Zotan, ma’rifat, ziyo maskani bo‘lgan ta’lim dargohlarini qurish, obod qilish ajri ulug‘ amallardan hisoblanadi. Shuningdek, ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarni moddiy tarafdan ta’minlash, ularni kontrakt-shartnomalarini to‘lab berish, o‘quv qurol va darsliklarini olib berish savobi doimiy yozilib turadigan sadaqai joriya bo‘ladi.
Aziz vatandoshlar!
Taassufki, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar, ulardagi bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!
Qadrli ulamolar va imom-domlalar!
Ijtimoiy himoya bo‘yicha Yurtboshimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz – din peshvolari quyidagi 7 ta vazifani amalga oshirishni belgilab olmoqdamiz:
Birinchi, ulamolar va imom-xatiblar “Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirish.
Ikkinchi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish.
Uchinchi, har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblari hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatish.
To‘rtinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatish va ish bilan band qilish.
Beshinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga ko‘maklashish.
Oltinchi, masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.
Yettinchi, imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.
Aziz yurtdoshlar!
Xayrli va savobli ishga hissa qo‘shgan, yetim-yesir, beva-bechoraning boshini silagan odamning amal daftariga qiyomatgacha sadaqai joriya savobi to‘xtamasdan yozilib turishini, bunday odam xalq ichida, el orasida doimo hurmat va e’zozda bo‘lishini unutmaylik!
Alloh taolo ezgu ishlarimizni O‘zi mukofotlasin, omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi raisi,
muftiy Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR
Toshkent shahri
2024 yil 26 dekabr