Ro‘zaning buzilish holatlari
01.06.2017
82052
2 min.
Ro‘zaning buzilishi ikki xil bo‘ladi. Birinchisi – qazo va kafforatni vojib qiladigan holatlar hisoblanadi. Quyidagi holatlarda ro‘zasi buzilgan kishi har bir kunning qazosi bilan birga kafforat sifatida muttasil ravishda ikki oy ro‘za tutib beradi. Agar bunga qodir bo‘lmasa 60 ta miskinning qornini to‘yg‘izadi:
- Qasddan oziq-ovqat mahsulotlaridan yesa;
- Qasddan ichimlik ichsa;
- Qasddan jinsiy yaqinlik qilsa;
- Ro‘zadorligini bila turib, dori-darmon iste’mol qilsa;
- Og‘ziga kirgan yomg‘ir suvini qasddan yutsa;
- Birovning g‘iybatini qilganidan, qon oldirganidan yoki shahvat bilan ushlaganidan keyin “Ro‘zam ochilib ketdi”, degan o‘y bilan qasddan yeb-ichsa.
Ikkinchisi – faqat qazoni vojib qiladigan holatlar. Quyidagi holatlarda ro‘zadorning ro‘zasi buzilgan hisoblanib, bir kuniga bir kun qazo ro‘za tutib beradi:
- Mayda tosh, tuproq yoki tangaga o‘xshash odatta yeyilmaydigan narsalarni yutib yuborsa;
- Qasddan og‘zini to‘ldirib qussa; Ammo og‘zi to‘lmay yoki ro‘zaligi esdan chiqib yoki beixtiyor qusgan yoki taom emas, balki balg‘am qusgan bo‘lsa ro‘zasi ochilmaydi.
- Tishlari orasida qolgan no‘xatdan katta narsani yesa;
- Tishining orasiga kirib qolgan no‘xatdan kichikroq taom qoldiqlarini og‘zidan tashqariga chiqarib, so‘ngra qayta og‘ziga solib yutsa;
- Quyosh botdi, deb o‘ylab, yeb-ichsa, keyin botmagani ma’lum bo‘lib qolsa;
- Tong otmadi, deb o‘ylab, yeb-ichsa, aslida tong otgan bo‘lsa;
- Kunduzi uxlayotgan ro‘zador uyqusirab, suv ichib qo‘ysa;
- Tahorat qilayotgan paytida, ehtiyotsizlik qilib, tomog‘idan suv o‘tib ketsa;
- O‘z amali bilan ichiga tutun kirgizsa;
- Burundan dori qabul qilsa;
- Qulog‘idan moy tomizsa; Ammo suv tomizsa, ro‘zasi ochilmaydi.
- Saqich chaynab, tupugini yutsa;
- Boshqa kishining majburlashi yoki aldovi sababli ro‘zasini ochsa;
- Danak, paxta, qog‘oz, teri kabi narsalarni yeb qo‘ysa;
- Odatda shu holatida yeyilmaydigan, inson tabiati yeyishga moyil bo‘lmaydigan: xom guruch, pishmagan xamir, biror narsa aralashtirilmagan un kabi narsalarni yeb qo‘ysa;
- Bemorlik, safar, majburlash, xato, beparvolik yoki shubha kabi shar’iy uzrlar sababli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon iste’mol qilsa;
- Ro‘zadorligi esida yo‘q taom yegan bo‘lsa yoki suv ichib qo‘ygan bo‘lsa, uning ro‘zasi ochilmaydi. Ammo hukmni bilmay, bo‘lar ish bo‘ldi, deb, yana taom yesa yoki suv ichsa ro‘zasi buziladi va faqat bir kuniga bir kun qazo ro‘za tutib beradi.
Manbalar asosida
TII prorektori
Ibodulla Ahrorov
tayyorladi.
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING