Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

02.06.2017 y. Ro‘zaning qazo va kafforati

30.05.2017   5548   12 min.
02.06.2017 y. Ro‘zaning qazo va kafforati

 بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

Muhtaram jamoat! Alhamdulillah Ramazon oyining fazilati va ulug‘ ajru savoblaridan umid qilgan holda ro‘za tutmoqdamiz.

Zero, sahardan to shomgacha yeyish ichish va jinsiy aloqadan saqlanish ro‘zaning farzlari hisoblandi. Ushbu farzlardan birortasi bajarilmasa ro‘za buziladi. Ro‘zaning qay tarzda buzilishiga qarab ro‘zadorga qazo yoki kafforat vojib bo‘ladi.

Qazo degani buzilgan ro‘zaning bir kuni o‘rniga Ramazon oyidan boshqa kunda bir kun tutib berishga aytiladi. Kafforat esa, ro‘zani buzib qo‘yganligi evaziga jarima tariqasida bir qul ozod qilish yoki ikki oy ketma-ket ro‘za tutish yoxud oltmish kishiga taom berish demakdir. Ramazon ro‘zasi kafforatining miqdori haqida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar:

قال رسول الله صلي الله عليه وسلم: "من افطر فى رمضان فعليه ما على المظاهر"

رواه الدارقطنى

ya’ni: “Kim Ramazon oyida ro‘zasini qasddan ochsa unga zihor qilgan kishiga lozim bo‘lgan kafforat vojib bo‘ladi”. (Doraqutniy rivoyati).    

Abu Hurayra (r.z.)dan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: Bir kishi Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga kelib: Ey Rasulalloh, men halok bo‘ldim, dedi. U zot: “Seni nima halok qildi?” dedilar. U: Men Ramazonda ro‘zador holimda ayolim bilan yaqinlik qilib qo‘ydim, dedi. Rasululloh (s.a.v) dedilar: “Ozod qilish uchun bitta qul topa olasanmi?”. U: Yo‘q, dedi. “Ikki oy ketma-ket ro‘za tuta olasanmi”, dedilar. U: Yo‘q, dedi. “Unda oltmishda miskinga beradigan taoming bormi?”, deb so‘radilar. U yana: Yo‘q,  deb javob berdi. Rasululloh (s.a.v.) unga: “O‘tirib tur”, dedilar. Shu payt Rasulullohga bir idishda 30 so’ xurmo keltirishdi. Rasululloh xurmoni u kishiga berib: “Mana buni sadaqa qil”, dedilar. U kishi: O‘zimdan faqirroq kishilargami, bu yerda mendan ko‘ra faqirroq oilaning o‘zi yo‘q, dedi. Shunda Rasululloh kulib: “Unday bo‘lsa borib oilangga yedir”, dedilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2017 yil uchun fidyaning (miskinning bir kunlik taomi) miqdorini hisoblab uni 12.000 so‘mligini ma’lum qildi. Mazkur voqeadan kafforatning tartibini anglab olishimiz mumkin bo‘ladi.

Muhtaram azizlar! Endi Ro‘zaning qazo va kafforatiga oid fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan masalalarning ba’zilarini zikr qilamiz:

- kim quyidagilarni o‘z xohishi bilan amalga oshirsa, uning ro‘zasi buziladi va unga ro‘zaning qazosini tutib, kafforat o‘tash vojib bo‘ladi;

-  ozuqa yoki darmon bo‘luvchi biron narsani qasddan yeyish yoki ichish;

- jinsiy aloqa qilish. Ya’ni, bunday holatda maniy to‘kilishi yoki to‘kilmasligining farqi yo‘q. Garchi ayol erkak tarafidan majburlansa, unga ham kafforat vojib bo‘ladi;

- kafforat faqat Ramazon ro‘zasini uzrsiz ochganlar uchun tayin qilingan. Boshqa turdagi ro‘zalarni ochib yuborganlar faqat ro‘zaning qazosini tutadilar, kafforat ularga vojib bo‘lmaydi. Kafforat Ramazon oyi ro‘zasining hurmatidan shariatga joriy qilingan. Sababi bu ulug‘ oyda tutiladigan ro‘zaning qadri va o‘rni katta.

Quyidagi holatlarda ro‘za ochilib, faqat qazosini tutish vojib bo‘ladi:

  • ozuqa sanalmaydigan va odam odatda uni yemaydigan narsalarni tanovul qilish. Masalan, xom guruch, xamir, ko‘p miqdorda tuz yeyish, pishmagan meva yeyish, tishlar orasida qolgan no‘xatdan katta narsani yeyish, paxta, qog‘oz, teri, tosh, tanga kabi narsalarni tanovul qilish;
  • ovqat yoki dori-darmonni shar’iy uzr – bemorlik, safar yoki majburlash, xato, e’tiborsizlik hamda shubha sababidan tanovul qilish;
  • o‘z ixtiyori bilan ichiga tutun yutsa;
  • bir odamning majburlashi yoki aldov yo‘li bilan ro‘zani ochirib yuborsa;
  • saharlik vaqti hali chiqqani yo‘q, degan gumon bilan yeb-ichishda davom etsa va borib qaraganda saharlik vaqti chiqqan bo‘lsa, shuningdek, iftor vaqti bo‘ldi, deb o‘ylab, og‘zini ochganidan keyin hali iftor vaqti bo‘lmagani ma’lum bo‘lsa;
  • qasddan og‘zi to‘la qussa ham qazo tutadi. Agar ro‘zadorligi esidan chiqib, og‘zi to‘lmasdan taom emas balg‘am qussa, ro‘za ochilmaydi;
  • tahoratda og‘iz chayayotganida ehtiyotsizlik bilan suv yutib yuborsa;
  • bir kishi kechasi saharlikdan oldin niyat qilolmay, kunduzi niyat qilgan bo‘lsa, keyin ro‘zam to‘g‘ri bo‘larmikan, degan shubha bilan taom yesa, yoki ichimlik ichsa qazosini tutib beradi.

Muhtaram birodarlar! Biz yuqorida sanab o‘tganlarimiz ro‘zaning buzilishiga sabab bo‘ladigan omillar edi. Endi, garchi ro‘za buzulmasada uning savobini kamaytirishiga yoki butunlay qabul bo‘lmasligiga sabab bo‘ladigan amallarni zikr qilamiz. Shoyad, bunday amallardan o‘zimizni saqlash bilan ro‘zaning mukammal bo‘lishiga erishsak.    

Payg‘ambarimiz alayhis salom o‘z hadisi shariflarida ro‘zadorlarni ogohlantirib shunday marhamat qilganlar:

" رُبَّ صائم حظُّه من صومه الجوع والعطش. و رُبَّ قائم حظُّه من قيامه السهر "

رواه الطبرانى

ya’ni: Shunday ro‘zador borki u tutgan ro‘zasidan ochlik va tashnalikdan boshqa nasiba olmaydi. Shunday namoz (Taroveh) o‘quvchi borki u kechasi turib o‘qigan namozidan uyqusizlikdan boshqa nasiba olmaydi”.

Ushbu hadisda ro‘zaning tartib qoidalariga rioya qilmasdan faqat och va tashna yurgandan, ixlossiz bo‘lgan bedorlikdan hech qanday foyda yo‘qligi ma’lum qilinmoqda. Ushbu ma’noda Alloh taolo hadisi Qudsiyda shunday marhamat qilgan:

" يقول الله عز و جل : مَنْ لم يصم جوارحه عن محارمى فلا حاجة أن يدع طعامه وشرابه من أجلى "

رواه ابو نعيم

ya’ni: Kimki ro‘za tutsayu a’zolari harom qilgan narsalarimdan tiyilmasa Men uchun yeyish va ichishni tark qilishiga hech hojat yo‘q.

Shunday ekan umid bilan ro‘za tutayotgan har bir inson ramazon oyi davomida tili, qo‘li, ko‘zi va boshqa a’zolari bilan biror xatoga yo‘l qo‘yib ro‘zasiga zarar yetkazib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lib yurishi lozim bo‘ladi

Tilini g‘iybat, ig‘vo, bo‘hton kabi illatlardan tiyib, imkon boricha Allohni ko‘proq zikr qilish va Qur’on tilovati bilan shug‘ullanish yoki sukut saqlash lozimligini ulamolarimiz ro‘zaning odoblaridan deganlar.

Tildan sodir bo‘ladigan xato tufayli ro‘zaga yetadigan zarar haqida Rasululloh (sav) quyidagicha marhamat qilganlar:

" الصيام جُنَّةٌ ما لم يخرقها. قيل : بِمَ يخرقها ؟ قال : بكذب أو غيبة "

رواه النسائى و ابن خزيمة و الطبرانى

ya’ni: “Ro‘za (yomonliklardan to‘suvchi) pardadir, modomiki u yirtilmasa. Nima bilan yirtiladi?” – deyildi. “Yolg‘on va g‘iybat bilan” – dedilar.

Ushbu ma’nodagi ikkinchi bir hadisda:

" الصيام جُنَّةٌ. فإذا كان صوم يوم أحدكم فلا يرفث ولا يَصخب فإن سابَّه أحد أو قاتله فليقل إنى صائم إنى صائم "

رواه النسائى و إبن ماجه

ya’ni: Ro‘za (yomonliklardan to‘suvchi) pardadir. Sizlardan qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahsh so‘zlarni so‘zlamasin, janjallashmasin, agar biror kishi uni so‘ksa yoki ursa, men ro‘zadorman, men ro‘zadorman desin”.

Ro‘zaning odoblaridan yana biri ro‘zador kamtar bo‘lishi ya’ni tutgan ro‘zasi bilan mag‘rurlanmasligi lozim. Chunki banda qilgan ibodati Alloh dargohida qabul bo‘ldimi yo‘qmi bilmaydi. Salaf ulamolar Alloh buyurgan barcha ibodatlarni o‘z vaqtida mukammal ado etishlikga harakat qilar edilar. Amalni ado etib bo‘lgandan keyin xavf va rajoda turar edilar. Ya’ni qilgan amalim qabul bo‘ldimi yoki yo‘qmi deb qo‘rqinch va umid bilan turar ekanlar. Shu bois biz ro‘zadorlarga iftor payti xavf va rajoda turish salaflardan qolgan sunnat hisoblanadi.

Muhtaram jamoat! Muborak Ramazon oyida qilingan xayrli amallarga savoblar yanada ko‘paytirib beriladi. Shundan umidvor bo‘lib mo‘min musulmon xalqimiz ro‘zadorlarga iftorlik dasturxoni yozishga xarakat qilishadi. Albatta, ro‘zadorga iftorlik qilib berishning savobi ulug‘ligi haqida Payg‘ambarimiz s.a.v.dan hadislar vorid bo‘lgan. Biroq, xayru ehson degani faqat dasturxon yozish degani emas. Balki, moddiy jihatdan qiynalgan xonadonlar, yetim-yesir, beva bechoralarga xayru sahovat qilish ayni kunlarda eng ulug‘ savobli amal sanaladi.

Alhamdulilloh, hozir to‘qchilik davri, hammaning ham ro‘zg‘orida yeguligi bor. Shunday ekan, dasturxonni turli tuman nozu ne’matlar bilan to‘ldirib, ustiga ustak qorni to‘q odamlarni chaqirib iftorlik qilish isrof hisoblanadi. Alloh taolo isrofdan qaytarib:

وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ

ya’ni: “Yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay”, degan (A’rof, 31). Yeb-ichishdagi isrof – qorin to‘q bo‘la turib, ustiga yana taom yeyish, degan tafsir ham bor. Payg‘ambarimiz s.a.v. ham hadislarida marhamat qildilar:

"ما ملأ آدمي وعاءً شراً من بطنه، بحسب ابن آدم أكلات يقمن صلبه، فإن كان لا محالة، فثلث لطعامه وثلث لشرابه وثلث لنفسه"

رواه أحمد والترمذي

ya’ni: “Odam bolasi to‘ldirgan idishlarning ichida eng yomoni uning qornidir. Odam bolasiga qaddini tutib turishi uchun ozgina luqma taom kifoya qiladi. Agar hech iloji bo‘lmasa qornining uchdan birini taomga, ikkinchi qismini ichimlikka va uchinchi qismini nafasga ajratsin” (Ahmad va Termiziy rivoyati).

Imom As-Saraxsiy “Mabsut”larida aytadilar: “Dasturxonga yeydigandan ortiqcha turli ne’matlarni qo‘yish ham isrofdir. Batahqiq, bayon qilib o‘tganimizdek, ehtiyojdan ortiq miqdori boshqalarning haqqi bo‘ladi”.

Biz iftorlik dasturxoni atrofida o‘tirganimizda bir narsa ustida mulohaza qilmog‘imiz lozim, hozir dunyoda qanchadan qancha odamlar ochlik azobini tortmoqdalar, millionlab go‘daklar ochlikdan nobud bo‘lmoqda. Bir luqma taom yoki bir burda nonga zor bo‘lganlar qancha. Allohga shukrkim, bizning yurtimizda hech kim ochlikdan o‘lmaydi. Lekin, isrofdan tiyilmasak, buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi.

Shunday ekan, savob talabida bo‘lgan kishilar xayru saxovatlari qancha bo‘lsa haqdor kishilarni topib ularning hojatlarini chiqarish yo‘llariga sarflashlari maqsadga muvofiq, ayni savob ishdir. Qolaversa, mehribonlik uylari va boquvchisini yo‘qotganlarga xayriya, maktab, sinfxona, ko‘chalarning ta’miri, nogiron bolalarga sovg‘a salom kabi ishlarga xissa qo‘shishlik bu oyda ajru savobi ulug‘ amallardan sanaladi.

Yana bir e’tiboringizni qaratishimiz lozim bo‘lgan holat, ayrim namozxonlarimiz tarovih namozlariga hali balog‘atga yetmagan bolalarni yetaklab kelishmoqda. Namozni aslida mohiyatini tushunmagan bolalarni bunday olib yurish durust emas. Payg‘ambarimiz (s.a.v) ham yosh bolalarni masjidga olib kelishlik durust emasligini eslatganlar.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallarga muvaffaq aylab,  Ramazon oyining sharofatidan bahramand bo‘lishimizni nasib etsin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

110 yillik muammoga yechim

7.01.2025   7425   9 min.
110 yillik muammoga yechim

Maxluqotlar ichida eng mukarram zot qilib yaratilgan insonning eng go‘zal xulqlaridan biri isrofdan saqlanish, Alloh o‘ziga rizq qilib bergan bergan ne’matlarni o‘rinsiz, behuda sarflamaslikdir. Bu fazilat har birimizning ezgu odatlarimizdan biriga aylansa, shubhasiz, hayotimizdagi juda ko‘p muammolarning eng maqbul yechimini topgan bo‘lar edik.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining yaqindagina e’lon qilingan murojaatini o‘qib, bunga yana bir karra amin bo‘ldim va beixtiyor bunda roppa rosa bir yuz o‘n yil muqaddam, ya’ni 1915 yilda taniqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “To‘y” she’rini esladim. Unda, jumladan, quyidagi misralar bor:


Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,

Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.

 

Bir-biridan oshurdilar to‘yni,

Topdi ravnaq g‘ayrat ila boyon to‘y.

 

Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin

Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.

 

Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab,

Etdi sarf toki tandagi jon to‘y...


Ming taassuflar bo‘lsinki, bu holatlar bugungi kunimizda ham davom etmoqda. Eng achinarlisi, yildan yilga to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar turi yanada ko‘payib, sarf-xarajati oshsa-oshyaptiki, kamaymayapti. Abdulla Qodiriy bobomiz ta’kidlaganlaridek,  “Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab, Etdi sarf toki tandagi jon to‘y” bo‘lmoqda. Ko‘pincha, bor-budini sarflab, to‘y qilgan kishidan shu kungacha nechta kitob o‘qib chiqqanligi yoki farzandlariga qaysi kitoblarni olib berganligini so‘rasang, javob bera olmaydi. Uyida farzandlari kitob o‘qishi, vazifa tayyorlashi uchun sharoit ham yaratib berilmagan. Ayrimlar bilan suhbatlashsangiz, maktab uchun zarur bo‘lgan daftar-qalam kabilarning narxi oshib ketganidan, kitoblar qimmatligidan noliydi, lekin qizining bir kunlik to‘y libosiga, o‘nlab mashinalar saf tortgan nikoh kortejiga, dabdabali to‘y bazmiga g‘ing demay millionlarni sarflab yuborishga tayyor.


Yillar davomida, ko‘pincha, xorijda ishlab topganini ana shunday behuda, bu dunyo uchun ham, oxirat uchun ham hech qanday manfaat keltirmaydigan ishlarga sarflab yuboradi-da, qarzlarini uzish uchun yana chetga otlanadi yoki umuman o‘sha yerdan turib, to‘yni “moliyalashtiradi”, ming orzu-havaslar bilan qilgan to‘yida o‘zi ishtirok etmaydi. To‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchiliklar zamiridagi eng katta muammolardan yana biri ayrim oilada farzandlar voyaga yetishi bilan ularni o‘qitib olim qilish uchun emas, balki pul topish uchun xorijga jo‘natishdir.


Bugun bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi biror sohani tanlab, chuqur va har taraflama bilim olish uchun o‘qish o‘rniga xorijda kasbsiz-hunarsiz kimlarningdir qo‘liga qaram bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emas. Murojaatda “...bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda” deya ta’kidlanishdan maqsad to‘y-ma’rakalarimizning xuddi ana shu jihatlariga e’tibor qaratishdir.


Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat diqqatimni o‘ziga tortdi: “Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!” – deyiladi unda.


Darhaqiqat, bu muammolarni hal etish bir-ikki kishining qo‘lidan keladigan ish emas. Unga barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan, bir jon bo‘lib kirishishimiz, yoshlarimizga bugungi xatti-harakatlari, kuch-g‘ayratlari, bilimlarini bir-ikki kunlik to‘y-tomosha uchun mablag‘ topish, so‘ng hammaning “havasini keltiradigan” to‘y uchun emas, balki kelajakda o‘zining birovga muhtoj bo‘lib qolmasligi uchun intilishga qaratishlari zarurligini uqtirishimiz kerak.


Shu o‘rinda Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Hotami Toy” haqidagi hikoyati esga tushadi. Unda aytilishicha, o‘zining o‘ta saxiyligi bilan dong taratgan Hotami Toydan: “Siz o‘zingizdan ham himmatliroq kishini ko‘rganmisiz?” – deb so‘rashibdi. Shunda u bir kuni yuz tuya va hisobsiz qo‘y-qo‘zilarni so‘yib, elni chorlab, juda katta ziyofat uyushtirganini, orada biroz nafas rostlash uchun ko‘chaga chiqqanini va yelkasida bir bog‘ o‘tin, qo‘lida hassa bilan har qadamda bir nafas rostlab kelayotgan qariyani ko‘rganini aytadi. O‘zining unga: “O‘zingni buncha qiynab nima qilasan. Eshitmadingmi, bugun Hotami Toy juda katta bazm uyushtirib, butun elni chorlab, ziyofat bermoqda. Tashla o‘tiningni, kir, sen ham bu ziyofatdan bahramand bo‘l!” – deganini aytadi. Shunda qariyaning javobini tinglang:


...K-ey solibon hirs ayog‘ingg‘a band,

Ozu tama’ bo‘ynuga bog‘lab kamand.

 

Vodiyi g‘ayratg‘a qadam urmag‘on,

Kunguri himmatg‘a alam urmag‘on.

 

Sen dog‘i chekkil bu tikan mehnatin,

Tortmag‘il Hotami Toy minnatin.

 

Bir diram olmoq chekibon dast ranj,

Yaxshiroq andinki birov bersa ganj...  


Demak, haqiqiy himmat kimgadir qaram bo‘lish, kimlardandir nimaningdir ilinjida yashash emas, balki o‘z kuchi, g‘ayrati, bilimi bilan hayotdagi orzu-maqsadlariga erishishdir. Shu o‘rinda orzu-maqsadlarning ham qanday bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur.


Yuqorida aytib o‘tganimizdek, to‘y-tomosha, turli tadbir va ma’rakalarni el ko‘ziga, “odamlar nima deydi” uchun tashkil qilish emas, balki, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, dabdabalarsiz o‘tkazish, ortib qolgan mablag‘ni o‘zining, farzandlarining ilm olishlari uchun sarflashni maqsad qilish ayni muddao bo‘lar edi. Chunki Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi...» dedilar».


Demak, biz nimani niyat qilib, ishga kirishsak, shubhasiz, o‘sha maqsadimiz amalga oshadi. Hotami Toy birovlarning minnatli taomidan ko‘ra, o‘z mehnati bilan topgan bir dirhamni afzal ko‘rgan ana shu o‘tinchi cholni o‘zidan ko‘ra himmatliroq hisoblagan ekan. Albatta, har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning oramizda ham u yoki bu sabab tufayli sog‘lom kishilar bilan birga imkoniyati cheklangan kishilar borligi ayni haqiqat. Biroq ko‘rib turibmizki, bunday kishilarning hammasi ham kimlargadir muhtoj bo‘lib yashashni emas, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bilim olish, kasb-hunarga ega bo‘lish va o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondirishni afzal ko‘rmoqdalar. Aksincha, ba’zida to‘rt muchasi sog‘lom kishilar kambag‘allikni o‘ziga “imtiyoz” sanab, tinimsiz ravishda turli idoralarga “shikoyatlar” yog‘dirmoqdalar. Murojaatda ta’kidlangan xayru saxovatni amalga oshirishda bunday “imtiyoz” egalari emas, haqiqatan ham shunga muhtoj oilalarni izlab topish va “otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish” zarur. Ha, ayni ko‘maklashish, ya’ni ularni xayru saxovatga o‘rgatib, kimlarningdir yelkasiga yuklab qo‘yish emas, balki kelajakda to‘g‘ri yo‘l topib olishlari uchun moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kerak.


Albatta, har bir hududda o‘ziga to‘q, boy-badavlat kishilar bor. Allohga hamdlar bo‘lsinki, yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida bunday oilalarning soni oshib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi xayru saxovatli insonlar ekanligi ham hech kimga sir emas. Murojaatdan ko‘zlangan yana bir xayrli maqsad shuki, imom-xatiblarimiz o‘z hududlaridagi ana shunday saxovatpesha insonlarni yaxshi tanishadi va bilishadi. Shuning uchun ularni o‘z hisoblaridan yoshlarimizning ilm olishlariga ko‘maklashish, buning uchun maktablarimizni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shishga chaqirish ham savobdi ishlardan biridir.


Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat biz imom-xatiblar uchun juda muhim ekanligini e’tirof etish kerak deb, o‘ylayman. Unda “imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan. Bu vazifani amalga oshirishda, avvalo, har bir imom-xatibning o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatishi, o‘zlari qilayotgan, shuningdek, masjidlar hududida o‘zlari ishtirok etayotgan to‘y-marosimlarini ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishiga erishishi kerak. Shundan keyin targ‘ibot olib borilsa, ko‘ngildagidek bo‘ladi. Aks holda xalq orasida turli mish-mishlar, fitnalar avj olishi va natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishi ham hech gap emas.


So‘zimga yakun yasar ekanman, Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisni eslashni lozim topdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yarimta xurmo (ni infoq qilib) bo‘lsa ham, do‘zaxdan saqlaninglar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Alloh har birimizni xayru saxovatli bandalaridan qilsin!


Alisher domla NAIMOV,  

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari