بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
Muhtaram jamoat! Alhamdulillah Ramazon oyining fazilati va ulug‘ ajru savoblaridan umid qilgan holda ro‘za tutmoqdamiz.
Zero, sahardan to shomgacha yeyish ichish va jinsiy aloqadan saqlanish ro‘zaning farzlari hisoblandi. Ushbu farzlardan birortasi bajarilmasa ro‘za buziladi. Ro‘zaning qay tarzda buzilishiga qarab ro‘zadorga qazo yoki kafforat vojib bo‘ladi.
Qazo degani buzilgan ro‘zaning bir kuni o‘rniga Ramazon oyidan boshqa kunda bir kun tutib berishga aytiladi. Kafforat esa, ro‘zani buzib qo‘yganligi evaziga jarima tariqasida bir qul ozod qilish yoki ikki oy ketma-ket ro‘za tutish yoxud oltmish kishiga taom berish demakdir. Ramazon ro‘zasi kafforatining miqdori haqida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar:
قال رسول الله صلي الله عليه وسلم: "من افطر فى رمضان فعليه ما على المظاهر"
رواه الدارقطنى
ya’ni: “Kim Ramazon oyida ro‘zasini qasddan ochsa unga zihor qilgan kishiga lozim bo‘lgan kafforat vojib bo‘ladi”. (Doraqutniy rivoyati).
Abu Hurayra (r.z.)dan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: Bir kishi Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga kelib: Ey Rasulalloh, men halok bo‘ldim, dedi. U zot: “Seni nima halok qildi?” dedilar. U: Men Ramazonda ro‘zador holimda ayolim bilan yaqinlik qilib qo‘ydim, dedi. Rasululloh (s.a.v) dedilar: “Ozod qilish uchun bitta qul topa olasanmi?”. U: Yo‘q, dedi. “Ikki oy ketma-ket ro‘za tuta olasanmi”, dedilar. U: Yo‘q, dedi. “Unda oltmishda miskinga beradigan taoming bormi?”, deb so‘radilar. U yana: Yo‘q, deb javob berdi. Rasululloh (s.a.v.) unga: “O‘tirib tur”, dedilar. Shu payt Rasulullohga bir idishda 30 so’ xurmo keltirishdi. Rasululloh xurmoni u kishiga berib: “Mana buni sadaqa qil”, dedilar. U kishi: O‘zimdan faqirroq kishilargami, bu yerda mendan ko‘ra faqirroq oilaning o‘zi yo‘q, dedi. Shunda Rasululloh kulib: “Unday bo‘lsa borib oilangga yedir”, dedilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2017 yil uchun fidyaning (miskinning bir kunlik taomi) miqdorini hisoblab uni 12.000 so‘mligini ma’lum qildi. Mazkur voqeadan kafforatning tartibini anglab olishimiz mumkin bo‘ladi.
Muhtaram azizlar! Endi Ro‘zaning qazo va kafforatiga oid fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan masalalarning ba’zilarini zikr qilamiz:
- kim quyidagilarni o‘z xohishi bilan amalga oshirsa, uning ro‘zasi buziladi va unga ro‘zaning qazosini tutib, kafforat o‘tash vojib bo‘ladi;
- ozuqa yoki darmon bo‘luvchi biron narsani qasddan yeyish yoki ichish;
- jinsiy aloqa qilish. Ya’ni, bunday holatda maniy to‘kilishi yoki to‘kilmasligining farqi yo‘q. Garchi ayol erkak tarafidan majburlansa, unga ham kafforat vojib bo‘ladi;
- kafforat faqat Ramazon ro‘zasini uzrsiz ochganlar uchun tayin qilingan. Boshqa turdagi ro‘zalarni ochib yuborganlar faqat ro‘zaning qazosini tutadilar, kafforat ularga vojib bo‘lmaydi. Kafforat Ramazon oyi ro‘zasining hurmatidan shariatga joriy qilingan. Sababi bu ulug‘ oyda tutiladigan ro‘zaning qadri va o‘rni katta.
Quyidagi holatlarda ro‘za ochilib, faqat qazosini tutish vojib bo‘ladi:
Muhtaram birodarlar! Biz yuqorida sanab o‘tganlarimiz ro‘zaning buzilishiga sabab bo‘ladigan omillar edi. Endi, garchi ro‘za buzulmasada uning savobini kamaytirishiga yoki butunlay qabul bo‘lmasligiga sabab bo‘ladigan amallarni zikr qilamiz. Shoyad, bunday amallardan o‘zimizni saqlash bilan ro‘zaning mukammal bo‘lishiga erishsak.
Payg‘ambarimiz alayhis salom o‘z hadisi shariflarida ro‘zadorlarni ogohlantirib shunday marhamat qilganlar:
" رُبَّ صائم حظُّه من صومه الجوع والعطش. و رُبَّ قائم حظُّه من قيامه السهر "
رواه الطبرانى
ya’ni: “Shunday ro‘zador borki u tutgan ro‘zasidan ochlik va tashnalikdan boshqa nasiba olmaydi. Shunday namoz (Taroveh) o‘quvchi borki u kechasi turib o‘qigan namozidan uyqusizlikdan boshqa nasiba olmaydi”.
Ushbu hadisda ro‘zaning tartib qoidalariga rioya qilmasdan faqat och va tashna yurgandan, ixlossiz bo‘lgan bedorlikdan hech qanday foyda yo‘qligi ma’lum qilinmoqda. Ushbu ma’noda Alloh taolo hadisi Qudsiyda shunday marhamat qilgan:
" يقول الله عز و جل : مَنْ لم يصم جوارحه عن محارمى فلا حاجة أن يدع طعامه وشرابه من أجلى "
رواه ابو نعيم
ya’ni: “Kimki ro‘za tutsayu a’zolari harom qilgan narsalarimdan tiyilmasa Men uchun yeyish va ichishni tark qilishiga hech hojat yo‘q”.
Shunday ekan umid bilan ro‘za tutayotgan har bir inson ramazon oyi davomida tili, qo‘li, ko‘zi va boshqa a’zolari bilan biror xatoga yo‘l qo‘yib ro‘zasiga zarar yetkazib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lib yurishi lozim bo‘ladi
Tilini g‘iybat, ig‘vo, bo‘hton kabi illatlardan tiyib, imkon boricha Allohni ko‘proq zikr qilish va Qur’on tilovati bilan shug‘ullanish yoki sukut saqlash lozimligini ulamolarimiz ro‘zaning odoblaridan deganlar.
Tildan sodir bo‘ladigan xato tufayli ro‘zaga yetadigan zarar haqida Rasululloh (sav) quyidagicha marhamat qilganlar:
" الصيام جُنَّةٌ ما لم يخرقها. قيل : بِمَ يخرقها ؟ قال : بكذب أو غيبة "
رواه النسائى و ابن خزيمة و الطبرانى
ya’ni: “Ro‘za (yomonliklardan to‘suvchi) pardadir, modomiki u yirtilmasa. Nima bilan yirtiladi?” – deyildi. “Yolg‘on va g‘iybat bilan” – dedilar.
Ushbu ma’nodagi ikkinchi bir hadisda:
" الصيام جُنَّةٌ. فإذا كان صوم يوم أحدكم فلا يرفث ولا يَصخب فإن سابَّه أحد أو قاتله فليقل إنى صائم إنى صائم "
رواه النسائى و إبن ماجه
ya’ni: “Ro‘za (yomonliklardan to‘suvchi) pardadir. Sizlardan qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahsh so‘zlarni so‘zlamasin, janjallashmasin, agar biror kishi uni so‘ksa yoki ursa, men ro‘zadorman, men ro‘zadorman desin”.
Ro‘zaning odoblaridan yana biri ro‘zador kamtar bo‘lishi ya’ni tutgan ro‘zasi bilan mag‘rurlanmasligi lozim. Chunki banda qilgan ibodati Alloh dargohida qabul bo‘ldimi yo‘qmi bilmaydi. Salaf ulamolar Alloh buyurgan barcha ibodatlarni o‘z vaqtida mukammal ado etishlikga harakat qilar edilar. Amalni ado etib bo‘lgandan keyin xavf va rajoda turar edilar. Ya’ni qilgan amalim qabul bo‘ldimi yoki yo‘qmi deb qo‘rqinch va umid bilan turar ekanlar. Shu bois biz ro‘zadorlarga iftor payti xavf va rajoda turish salaflardan qolgan sunnat hisoblanadi.
Muhtaram jamoat! Muborak Ramazon oyida qilingan xayrli amallarga savoblar yanada ko‘paytirib beriladi. Shundan umidvor bo‘lib mo‘min musulmon xalqimiz ro‘zadorlarga iftorlik dasturxoni yozishga xarakat qilishadi. Albatta, ro‘zadorga iftorlik qilib berishning savobi ulug‘ligi haqida Payg‘ambarimiz s.a.v.dan hadislar vorid bo‘lgan. Biroq, xayru ehson degani faqat dasturxon yozish degani emas. Balki, moddiy jihatdan qiynalgan xonadonlar, yetim-yesir, beva bechoralarga xayru sahovat qilish ayni kunlarda eng ulug‘ savobli amal sanaladi.
Alhamdulilloh, hozir to‘qchilik davri, hammaning ham ro‘zg‘orida yeguligi bor. Shunday ekan, dasturxonni turli tuman nozu ne’matlar bilan to‘ldirib, ustiga ustak qorni to‘q odamlarni chaqirib iftorlik qilish isrof hisoblanadi. Alloh taolo isrofdan qaytarib:
وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
ya’ni: “Yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay”, degan (A’rof, 31). Yeb-ichishdagi isrof – qorin to‘q bo‘la turib, ustiga yana taom yeyish, degan tafsir ham bor. Payg‘ambarimiz s.a.v. ham hadislarida marhamat qildilar:
"ما ملأ آدمي وعاءً شراً من بطنه، بحسب ابن آدم أكلات يقمن صلبه، فإن كان لا محالة، فثلث لطعامه وثلث لشرابه وثلث لنفسه"
رواه أحمد والترمذي
ya’ni: “Odam bolasi to‘ldirgan idishlarning ichida eng yomoni uning qornidir. Odam bolasiga qaddini tutib turishi uchun ozgina luqma taom kifoya qiladi. Agar hech iloji bo‘lmasa qornining uchdan birini taomga, ikkinchi qismini ichimlikka va uchinchi qismini nafasga ajratsin” (Ahmad va Termiziy rivoyati).
Imom As-Saraxsiy “Mabsut”larida aytadilar: “Dasturxonga yeydigandan ortiqcha turli ne’matlarni qo‘yish ham isrofdir. Batahqiq, bayon qilib o‘tganimizdek, ehtiyojdan ortiq miqdori boshqalarning haqqi bo‘ladi”.
Biz iftorlik dasturxoni atrofida o‘tirganimizda bir narsa ustida mulohaza qilmog‘imiz lozim, hozir dunyoda qanchadan qancha odamlar ochlik azobini tortmoqdalar, millionlab go‘daklar ochlikdan nobud bo‘lmoqda. Bir luqma taom yoki bir burda nonga zor bo‘lganlar qancha. Allohga shukrkim, bizning yurtimizda hech kim ochlikdan o‘lmaydi. Lekin, isrofdan tiyilmasak, buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi.
Shunday ekan, savob talabida bo‘lgan kishilar xayru saxovatlari qancha bo‘lsa haqdor kishilarni topib ularning hojatlarini chiqarish yo‘llariga sarflashlari maqsadga muvofiq, ayni savob ishdir. Qolaversa, mehribonlik uylari va boquvchisini yo‘qotganlarga xayriya, maktab, sinfxona, ko‘chalarning ta’miri, nogiron bolalarga sovg‘a salom kabi ishlarga xissa qo‘shishlik bu oyda ajru savobi ulug‘ amallardan sanaladi.
Yana bir e’tiboringizni qaratishimiz lozim bo‘lgan holat, ayrim namozxonlarimiz tarovih namozlariga hali balog‘atga yetmagan bolalarni yetaklab kelishmoqda. Namozni aslida mohiyatini tushunmagan bolalarni bunday olib yurish durust emas. Payg‘ambarimiz (s.a.v) ham yosh bolalarni masjidga olib kelishlik durust emasligini eslatganlar.
Alloh taolo barchalarimizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallarga muvaffaq aylab, Ramazon oyining sharofatidan bahramand bo‘lishimizni nasib etsin. Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.
Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...
Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan