Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

O‘xshashi yo‘q ibodat

29.05.2017   77439   3 min.
O‘xshashi yo‘q ibodat

Ramazonning fazilatini ro‘za tutganlar biladi. Ro‘zadorning tanasi holsizlansa-da, ko‘ngli to‘q, nafsining jilovi qo‘lida, ruhi tetik bo‘ladi. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men o‘zim berurman, dedi”, deya marhamat qiladilar. Hadisga ko‘ra, Alloh taolo “Ro‘za Men uchundir” deyapti. Ana shu fikrga e’tiborimizni qaratsak, ro‘zani niyat qilgan kishi hech kim ko‘rmasa ham yeb ichmaydi, hatto tariqcha bo‘lsa ham tomog‘idan narsa o‘tmasligiga harakat qiladi. Shubhali narsalardan yiroq yuradi, Alloh taoloning “Basiyr” ya’ni hamma narsani ko‘ruvchi ekaniga imon keltiradi. Hamisha qalbida “Alloh taolo ko‘rib turibdi”, degan fikr bo‘ladi. Ro‘za tutmagan vaqtlarda ham bu ishonch odatga aylanadi hamda kishi o‘zini yomonliklardan ana shu fikri orqali uzoq tutadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ro‘za saqlovchidir. Ro‘zador kishi  fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin”.

Ro‘za o‘z sohibini ko‘pgina yomonliklardan asraydi. Ro‘zador tiliga ham nihoyatda ehtiyot bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida qanchadan-qancha janjallarning oldini oladi, yaxshiliklarga sabab bo‘ladi.

Ro‘zaning fazilatlari cheksiz. Hadisda shunday deyiladi: “Ro‘zadorga ikki xursandlik bor. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftorlik qilsa xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga yuzlanganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay”. Sahardan shomgacha yeb-ichishdan cheklangan nafsning iftorlik chog‘idagi rohatini faqat ro‘zadorgina his qila oladi. Avvalo, ibodatni ado etganidan, katta savobga erishganidan, qolaversa, tashna jismiga suv va ochiqqan nafsiga halol yegulikka yetishganidan ko‘ngli ko‘tariladi. Oxiratda esa tutgan ro‘zasi tufayli jannatda shodlanadi.

Nabiy (s.a.v.) hadislarida shunday dedilar: “Kim Ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”. Hayotimiz davomida ko‘pgina xatolarga yo‘l qo‘yamiz, ularni mag‘firat etishini hamisha Allohdan so‘raymiz. Ro‘za sabab gunohlar kechirilishi bu ulkan imkoniyatdir. Bundan tashqari, Ramazon ro‘zasini imon va savobni umid qilib tutish joizligi eslatilmoqda. Ushbu hadis ro‘zaning naqadar qadri yuksak ekanini anglatadi.

Har bir musulmonning orzusi jannat. Unga yetishmoqni doim Yaratgandan so‘raymiz. Biroq ro‘zadorlar uchun jannatning alohida eshigi borligi bu ibodatning naqadar fazilatli ekanini anglatadi. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Jannatning bir eshigi bo‘lib, Rayyon, deb nomlanur. Qiyomat kuni ro‘zadorlar undan kirurlar, ulardan boshqa birortasi kirmas. “Ro‘zador qayerda?” deyurlar. Ular undan kirurlar. Qachon ularning oxirgisi kirsa, u bekitilur. Undan boshqa hech kim kirmas”. Ro‘zadorlarga berilajak ajru mukofotlarning salmog‘ini ana shu hadisdan ham bilib olsak bo‘ladi.

Haqiqatan, ro‘zaning fazilatlari bitmas-tuganmas xazina kabi. Bu haqda qancha gapirmaylik, yanada ortib boraveradi. Muhimi, imkoniyatlar faslida – muborak Ramazon oyidan foydalanib qolaylik. Ramazonning kunlari g‘animat, u juda tez o‘tib bormoqda. Shukrki, yurtimizda ushbu oyni munosib o‘tkizish uchun ko‘pgina sharoitlar yaratilgan. Musulmonlar o‘z ibodatini emin-erkin ado etmoqdalar. Masjidlarda har kuni taroveh namozlari o‘qilmoqda. Ba’zi kunlari dolzarb mavzularda suhbatlar uyushtiriladi, yurtdoshlarimiz o‘z savollariga javoblar olmoqda. Albatta, bularning barchasi bizga berilgan bebaho ne’matdir.

A.G‘ANIYEV,

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy  ishlar bo‘yicha mudir muovini

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi

15.05.2025   3824   2 min.
Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi

Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda. 

Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda. 

Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘. 
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.

Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.

Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi. 

Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan. 

Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.

Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, qulay sharoitlar hozirlandi
O'zbekiston yangiliklari