Sayt test holatida ishlamoqda!
14 May, 2025   |   16 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:05
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:37
Xufton
21:05
Bismillah
14 May, 2025, 16 Zulqa`da, 1446

Ro‘zadorning ovqatlanish tartibi

29.05.2017   78690   6 min.
Ro‘zadorning ovqatlanish tartibi

So‘nggi yillarda Ramazon oyi jazirama yoz fasliga to‘g‘ri kelmoqda. Mana yana muqaddas oyni uzun kunlaru qisqa tunlar bilan qarshiladik. Bu – diniy burchimizni bajargan holda to‘g‘ri oziqlanishni yo‘lga qo‘yishimiz uchun ajoyib imkoniyatdir.

Ochlik muolajasi, ya’ni ro‘za tutish o‘ziga xos jarayon bo‘lib, u muayyan qonuniyat va tamoyillar asosida kechadi. Ilmiy asosga tayanib, ma’lum qoidalarga amal qilib tutilgan ro‘za salomatlik uchun foydali. Zero, Qur’oni karimda ro‘zadorning ochlik holatida insoniy (tabiiy) qonunlar emas, balki ilohiy qonunlar ishga tushishi e’tirof etilgan. Ro‘za esa bu qonunlar talabiga rioya etgan, moslashgan vujudni himoya qilish mexanizmini yuzaga chiqaradi. Qirq kun davomida ro‘za tutib, ochlik muolajasini o‘tkazgan kishi ilohiy qonuniyatlardan chinakam bahramandlik hissini tuyib, ro‘zani har yili bahorni sog‘inganday intiqlik bilan kutadi. Umrni ortga qaytarishning iloji bo‘lmasa-da, odam o‘zini yoshargandek his qilib, vujudida yoshlik shijoatini mavjlantiruvchi hayotbaxsh qon gupurib oqa boshlaydi. Qirq kunlik chilladan so‘ng bosh miya tomirlari xiltlardan tozalanib, odamning fikrlash, tushunish, anglash, his qilish o‘rganish, xayolni jamlash qobiliyatlari ortib, ta’m sezish hissi kuchayadi. Ro‘za tutish davri, ochlik jarayonida tananing yashirin imkoniyatlari namoyon bo‘lishi uchun odam ruhan, ma’nan va jisman tayyor bo‘lishi kerak. 

Iftorlik xurmo va suv bilan

Ilmiy izlanishlar ko‘rsatishicha, dunyoda millionlab kishilar me’yoridan ortiq ovqat yeyishning qurboni. Ayni paytda inson tanasi minerallar va vitaminlar yetishmovchiligidan  qariydi. Tana uchun eng muhimi – tanadagi suv me’yorini joyiga keltirish, bunga ayniqsa, Ramazon oyida alohida e’tibor qaratish kerak. Iste’mol qilinayotgan suv miqdorini nazorat qilish va doimiyligini ta’minlashimiz zarur. Iftordan saharlikkacha bo‘lgan vaqtda eng kamida ikki litr suvni bo‘lib-bo‘lib ichish zarur. Masalan, iftorlikka yarim litr suv ichilsa, keyin har soatda 0,3 litr suv is’temol qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Darvoqe, iftorlik suviga  bir qoshiq asal qo‘shilsa, nafaqat oziqlantiruvchi, balki shifobaxsh, antibakterial ichimlikka aylanadi.

Ro‘za tutganda, ayniqsa, iftorlik mahali xurmo is’temol qilish an’anaga aylangani bejiz emas. Xurmo inson tanasidagi quvvat – energiyani tiklab beruvchi vitamin va minerallarga boy mevadir.

Ro‘zada tarkibida kofein moddasi bo‘lgan ichimliklar, ya’ni choy, qahvadan tiyilgan ma’qul. Ular tashna organizmga foyda bermaydi, aksincha, undagi muhim mineral – magniy va boshqa vitaminlarni chiqarib yuboradi, tanadagi namlikni quritadi. Agar siz choy va qahva ichishda o‘zingizni cheklay olmasangiz, iste’mol qilinadigan suv miqdorini oshiring.

Iftorlikda suv va xurmo bilan og‘iz ochgandan so‘ng turli mevalardan tayyorlangan salat yoki meva sharbati iste’mol qilinsa ayni muddao bo‘ladi. Mevalar inson hayotida katta ahamiyatga ega, balki, shu bois hatto jannatda ham Alloh bandalarini mevalar bilan siylaydi.

Ularga u joyda (turli) mevalar va ular uchun istagan narsalari mavjuddir” (Yosin, 57).

“Sizlar uchun u joyda ko‘plab meva(lar) bo‘lib, sizlar ulardan yegaysiz” (Zuxruf, 73).

Mevalar – suv, vitamin, minerallarga boy, tabiiy ne’mat. Meva sabzavotga qaraganda tezroq parchalanadi, ovqat hazm qilish kanallarini ochadi va tanani vitamin, minerallar bilan boyitadi. Uy sharoitida yangi tayyorlangan sharbat ich qotishiga qarshilik qiladigan, tanadagi zaharli moddalar – toksinlarni chiqarish, ovqat hazm qilish va qon aylanish tizimiga yordam beruvchi to‘qimalarga boy bo‘ladi. Shuningdek, tayyor qadoqlangan sharbatlar ham foydadan xoli emas.  Eng oson va tez hazm bo‘ladigan yegulik tarvuzdir. 

Saharlik dasturxoni – oqsillar makoni

Saharlik dasturxoni go‘sht, yog‘lar va sabzavotlardan tayyorlangan taomlardan iborat bo‘lishi kerak. Go‘sht inson organizmida 16 soat davomida parchalanadi. Dimlangan qo‘y go‘shti, qovurilgan jo‘ja, sabzavotli quymoqlar kishini to‘q tutadi. Ammo ularni iloji boricha guruch va non mahsulotlaridan alohida iste’mol qilgan ma’qul. Guruch va non kabi kraxmal va uglevodlarga boy mahsulotlar oshqozonda ishqoriy muhit yaratilishini talab qiladi. Ammo oqsillarni parchalovchi pepsin fermenti ishqoriy muhitda kuchini yo‘qotadi. Demak, ikki xil ozuqa guruhiga mansub mahsulotlarni parchalovchi fermentlar birga ishlay olmaydi, bu esa oshqozonga tushgan ovqatning bijg‘ishiga olib keladi. Natijada qorin dam bo‘lishi, jig‘ildon qaynashi kabi holatlar vujudga keladi.

Ta’kidlash lozimki, sanoat miqyosida ishlab chiqariladigan go‘sht mahsulotlari tarkibida yuqori miqdorda gormonlar qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Maxsus dorivor moddalar qora mollar, parrandalar ozuqasiga ularning vaznini oshirish – semirtirish uchun qo‘shib beriladi. Bunday go‘shtning tarkibida yana katta miqdorda karbomid kislota toksinlari mavjud bo‘lib, ularning odam tanasidan chiqib ketishi qiyin . Jonivor so‘yilganda uning tanasida qancha zararli toksin bo‘lsa, hammasi go‘shtda saqlanib qoladi.

Shu o‘rinda dudlangan, konservalangan go‘sht, kolbasa, sosiska kabi mahsulotlar haqida to‘xtalsak. Ularning tarkibida mahsulot yaroqlilik muddatini uzaytirish uchun qo‘shilgan xolesterin, yog‘, katta miqdorda tuz, hazmi og‘ir boshqa qo‘shimchalar bo‘ladiki, aksariyatini salomatlik uchun bezarar deb bo‘lmaydi. Demak, xarid qilayotgan mahsulotlarimiz, xususan go‘shtning halol-pokiza insonlar yetishtirgani, ro‘zadorning tanasiga sof quvvat berishiga alohida ahamiyat bermoq lozim.

Nihoyat, eng asosiy jihatlar: birinchidan, kun davomida och yurib, iftorda birdaniga ko‘p ovqat yeyish ro‘zaning hikmatiga zid, qolaversa, oshqozonga og‘irlik qilib, oqibatda inson sog‘ligiga salbiy ta’sir qiladi; ikkinchidan,saharlik qilish ro‘zaning mustahab odoblaridan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam saharlik qilishga buyurib, aytganlar: «Saharlik qilinglar, zero saharlikda baraka bordir» (Muttafaqun alayh).

Ro‘za vaqtida sabr va tirishqoqlik bilan to‘g‘ri ovqatlanish, tabiiy yeguliklar iste’mol qilish jism salomatligi, ruhiyatning yengillashishi, tiniq fikrlash, uzoq umrga sabab bo‘ladi, inshaalloh. 

Dilfuza RAHIMJON qizi tayyorladi.

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston muzeylari Islom sivilizatsiyasi markaziga bir yarim mingdan ortiq eksponatlarni taqdim etdi

13.05.2025   4613   1 min.
O‘zbekiston muzeylari Islom sivilizatsiyasi markaziga bir yarim mingdan ortiq eksponatlarni taqdim etdi

 

Ularning 80 foizi asl eksponatlardir!

Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kengaytirilgan Ilmiy kengashning uchrashuvida to‘xtalib o‘tildi.  Markaz katta ilmiy xodimi Alisher Egamov ilmiy ekspeditsiya yakunlari haqida gapirib berdi.

Islom sivilizatsiya markazi Axborot xizmati

VIDEO