Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

Ramazon aytib keldik...

29.05.2017   79608   4 min.
Ramazon aytib keldik...

Isamat ota keyingi vaqtlarda oilasiga to‘ya olmay qoldi. Bir sabab topadi-yu, uylarini alohida qilib chiqarib yuborgan farzandlarini uyiga chaqiradi. Osh ustida bolalari bilan gaplashib o‘tirishni, keyin achchiq-achchiq choyni ho‘plaganicha chug‘urlashib hovlini boshiga ko‘tarayotgan nabiralarini kuzatishni yaxshi ko‘radi.

Bugun ham Ramazonning ilk kunidagi iftorlikni ana shunday fayzli o‘tkazishni istadi. Tongda, hali quyosh nurlari atrofni qizdirib ulgurmasidan bozorga yo‘l oldi. Iftorlik uchun eng sara mevalarni, salqin ichimliklarni xarid qildi. Uyga kelib bozorliklarni mashinadan tushirayotganida kampiriga va keliniga  kechga tayyorgarlik ko‘rishlarini, hamma iftorlikka kelishini aytdi.

 Ota asr namozini ado etib masjiddan qaytganida allaqachon kelinlari, nabiralari kelib bo‘lgan, hovli g‘ala-g‘ovur edi. Kelinlar esa yeng shimarib ishga kirishib ketgandi. Iftor vaqti yaqinlashgani sayin hammaning ham intiqligi, ham hayajoni oshdi. Dasturxon yozilib, nozu ne’matlar tortila boshlandi. Ota jimgina duo qilib o‘tirarkan, tez-tez soatga qarab qo‘yayotgan nabirasi Azizbekning qorni ochganini sezib kelinlarini tezlatdi:

– Hamma birgalikda ovqatlanganga nima yetsin! Oilada qut-baraka, birdamlik bo‘ladi. Ammo bolalarni bir oz ertaroq ovqatlantiringlar. Ro‘zadorlarga qo‘shilib och qolmasin!

– Yo‘q. – shoshganidan baqirib yubordi, Azizbek. Keyin esa o‘z ovozidan cho‘chib, past ovozda qo‘shib qo‘ydi: – Men ham sizlar bilan...

Otaning nabirasidagi bu sarosimadan hayron qolganini ko‘rib, kelini izoh berdi:

– Bobojonisi, bugun Azizbegingiz ham birinchi marta ro‘za tutdi. Axir 12 ga to‘ldi-ku!  Otaning ko‘zlaridan yosh oqib ketdi. Ko‘zlaridagi yoshni qadoq qo‘llari bilan artgancha olis o‘tmishga xayoli ketdi.

...O‘shanda yettinchi sinfda o‘qirdi. Ramazonning ilk kuni u ham kattalar bilan turib saharlik qildi. Bu juda ajoyib tuyg‘u ekan. Ko‘ngli xotirjam, ruhi tetik. Buning ustida savob va rahmatdan umidvorlik uning oyoqlarini yerdan ko‘tarib yuborgandek edi. Faqat bu farahbaxsh onlar uzoqqa cho‘zilmadi. Uchinchi soat tugashi bilan kirib kelgan sinf rahbari hammalarining og‘ziga majburlab non soldi. Keyin esa o‘ziga g‘azab bilan qarab o‘tirgan o‘quvchilariga o‘sayotgan organizmning ovqatsiz yurishi yaxshi emasligi, bu darslarni o‘zlashtirishga xalal berishi haqida va’z o‘qidi.

Uyga yelkasi yerga tushib kirib kelgan o‘g‘lini ko‘rib hol so‘ragan onaizor kap-katta bolaning piqillab yig‘layotganidan qo‘rqib ketdi. Yuzlaridagi yoshlarni artib, bag‘riga bosgancha tinchlantirdi. Bir oz o‘ziga kelgan Isamat:

– Men ro‘zamni qasddan ochib yubordim. O‘qituvchim majburlab non yedirdi...

O‘shanda onasi uni arang tinchlantirgan, buning uchun u gunohkor bo‘lmasligini tushuntirgan edi.

Otaning uzoq vaqt jim qolgani oila a’zolarini tashvishga soldi. Isamat ota ularning xavotirga tushganini sezib tinchlantirdi:

– Men yaxshiman. Shunday kunda yaxshi bo‘lmay bo‘ladimi? Axir bugun Azizbek birinchi marta ro‘za tutibdi. Keyin turib kitob javonidan yaqinlariga sovg‘a qilish uchun olib qo‘ygan Qur’oni karimlardan birini olib nabirasiga berdi:

– Doim hamrohing bo‘lsin, bolam. Hayotingni shu kitobga ko‘ra kechir, kam bo‘lmaysan!

Olisdan elas-elas azon eshitildi. Barcha shoshganicha dasturxon atrofiga o‘tirdi. Ota ko‘zlarida yosh bilan duo qildi. Farzandalari bilan birga iftorlik qilarkan, ko‘nglida faqat shukronalik, istig‘for yangrardi. Shu orada otaning qulog‘iga ramazon aytib kelgan bolalarning beg‘ubor ovozi eshtildi. Darvoza tomon shoshilayotgan kenja kelinini Isamat ota to‘xtatdi, bir dunyo shirinlik, ko‘targanicha o‘zi bolalarning oldiga chiqdi. Ro‘molning to‘rt burchagidan tutgancha turgan bolalardan ramazon aytishlarini so‘radi.

Ortiqcha iltifotni kutmay ular ham kuylab yuborishdi:

– Ramazon aytib keldik, eshigingizga,

Xudoyim o‘g‘il bersin, beshigingizga...

 Ota ko‘zlarini yumganicha ularni uzoq tingladi. Bolaligida aytib, eshikma-eshik yurishni xohlagandi. Onasi ruxsat bermadi, o‘qituvching bilib qolsa, boshimiz baloga qoladi, partkomga aytib beradi, dedi.

Chiroyli qo‘shiqni maroq bilan tinglagan kishidek Isamat otaning ruhi yengil tortdi. Bolalarga shirinlik va sovg‘a salomlar ulashgach, ularni ortidan havas bilan kuzatib turdi:

– Allohim, o‘zingga beadad shukr. Shu kunlarni yetkazganingga ming qatla shukr!

Nigora MIRZAYEVA

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ushbu masalaga Misr muftiysining javobi

6.01.2025   76   12 min.
Ushbu masalaga Misr muftiysining javobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

«Bu kabi ixtilofli masalalar faqat bizda, O‘rta Osiyoda yoki MDH davlatlarida emas, boshqa yerlarda ham borligining dalili sifatida Misr Arab Jumhuriyati bosh muftiysi shayx Ali Juma hazratlarining «Zamonaviy fatvolar» nomli kitoblaridan tarjima qilingan matnni keltirishga ijozat bergaysiz.

Savol: Dafn davomida yoki undan keyin qabr oldida Qur’on o‘qishning hukmi nima? Mayyitga Qur’on talqin qilinishining hukmi nima? Ba’zi bir kishilar: «Bunday ish bid’at bo‘lib, na Qur’on, na hadis va na ergashish lozim bo‘lgan xabarda kelmagan, Qur’on qabrlar oldida tilovat qilish uchun nozil qilinmagan», deyishadi. Bu haqda shariatning hukmi nima?

Javob: Qur’on tilovati shariat buyrug‘ida umumlashtirilgan holda aytilgan. Umumiy buyruq esa jamiki makon, zamon, shaxs va holatlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu umumiylikni faqat dalil bilan cheklash mumkin, xolos. Agar dalil keltirmasdan cheklansa, bid’at ishni qilgan bo‘lib, Alloh va Rasuli keng qilib qo‘ygan ishni toraytirish bo‘ladi.

Shunga binoan, qabr oldida, dafndan oldin yoki keyin Qur’on tilovat qilish shar’iy amal bo‘lib, nass(matn)larning umumiyligi ham shunga dalolat qilmoqda. Bunga yana qo‘shimcha ravishda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari va salaf solihlardan vorid bo‘lgan ko‘plab asarlar bordir.

Imom Abu Bakr Hallol Hanbaliyning (hijriy 311 yilda vafot etgan) «Jome’» kitobining «Qabrlar oldidagi qiroat» nomli juzida, Hofiz Shamsuddin ibn Abdulvohid Mavdisiy Hanbaliyning kitobidagi ushbu masalaga oid juzda, imom Qurtubiy Molikiyning (hijriy 671 yilda vafot etgan) «Oxirat ishi va o‘liklar holati xususida eslatma» nomli kitobida, Hofiz Suyutiy Shofe’iyning (hijriy 911 yilda vafot etgan) «O‘liklar va qabr holatini sharhlashda qalb ochqichi» nomli kitobida, Hofiz Abdulloh ibn Siddiq Fimoriyning (hijriy 1413 yilda vafot etgan) «Qur’on savobi yetishida bayonning ochiq-oydin bo‘lishi» kitobida va bundan boshqa bir qancha kitoblarda bu masala xususida so‘z aytilgan.

Bu xususda ochiq-oydin kelgan sahih hadislar ham ko‘p. Quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz.

Abdurrahmon ibn Alo ibn Lajlajdan, u otasidan rivoyat qilinadi:

«Otam menga: «Ey o‘g‘ilcham! Agar vafot etsam, meni lahadga qo‘ygin. Lahadimga qo‘yib bo‘lgach: «Bismillahi va ’ala millati Rasulillah», deb ustimga tuproq tortgin. Keyin bosh tomonimda Baqara surasining avvali va oxirini o‘qigin, chunki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana shunday deyayotganlarini eshitganman», dedi».

Tabaroniy rivoyat qilgan.

Xuddi mana shu hadisni Ibn Umar mavquf holatda rivoyat qilgan. Shuningdek, Hallol ham «Qabrlardagi qiroat» juzida, Bayhaqiy «Sunanul Kubro»da va bu ikkovlaridan boshqalar ham rivoyat qilishgan. Imom Navaviy va Ibn Hajar bu hadisni hasan deyishgan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar sizlardai biror kishi vafot etsa, uni ushlab turmanglar. Qabriga tez olib boringlar. Bosh tomonida «Kitobning ochuvchisi» (Fotiha) o‘qilsin. Qabrning oyoq tomonida Baqara surasining oxiri o‘qilsin», dedilar».

Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan.

Imom Ibn Hajar «Fathul Boriy»da «Kitobning ochuvchisi» degan jumlaning o‘rniga «Baqaraning boshlanishi» deb aytilgan rivoyatni keltirganlar. Bu masalada boshqa hadislar ham bor, lekin biroz kuchsizdir.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Kim qabrlar oldidan o‘tayotib, «Qul huvallohu ahad»ni o‘n bir marta o‘qisa, so‘ngra uning savobini o‘liklarga bag‘ishlasa, unga o‘liklar adadicha savob beriladi».

Ushbu rivoyatni Hallol «Qabrlardagi qiroat» nomli kitobida, Samarqandiy «Qul huvallohu ahadning fazilati» kitobida rivoyat qilishgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim qabristonga kirsa, so‘ngra Fotiha, «Qul huvallohu ahad» va «Al haakumut takaasuru» suralarini o‘qisa, keyin: «Allohim! Ushbu kalomingdan o‘qigan narsalarning savobini qabristondagi mo‘min va mo‘minalarga atadim», desa, Allohga u xususida shafoatchi bo‘lishadi», dedilar».

Abul Qosim Zanjoniy «Favoid» nomli kitobida rivoyat qilgan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

«Kim qabristonga kirib, Yosin surasini o‘qisa, u yerdagilarning azobi yengillatiladi va unga u yerdagilar adadicha hasanot yoziladi».

Hofiz Shamsuddin ibn Abdulvohid Maqdisiy Hanbaliyning bu masaladagi qismda ta’lif etgan narsalari quyidagichadir: «Ushbu mavzudagi hadislar zaif bo‘lsa ham, ularning majmuasi asli borligini bildiradi. Barcha o‘lka va asrdagi musulmonlar hech qanday inkorsiz ijmo’ qilgan hollarida o‘liklariga Qur’on o‘qiydilar».

2. Sunnatda Yosin surasini o‘liklarga qiroat qilish xususida quyidagilar aytilgan.

Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘liklaringizga Yosin surasiii o‘qinglar», dedilar».

Imom Ahmad «Musnad»ida rivoyat qilgan.

Qurtubiy bu hadisni sharhlab: «Ushbu qiroat mayyit o‘lgan vaqtda yoki qabri huzurida bo‘lishi mumkin», degan.

Ibn Hajar Haytamiy «Fatvo» nomli kitobida: «Yosin qiroati yuqoridagi ikki o‘rinda ham mandub», degan.

3. Shuningdek, shariat ham janozada Fotiha surasini o‘qishni aytgan. Chunki bunda mayyitga xos manfaat bor bo‘lib, rahmat va mag‘firat ham mujassamdir. Ammo undan boshqa suralarda unday emas.

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ummul Qur’on» surasi boshqa suralarning o‘rnini bosuvchidir. Lekin boshqa suralar uniig o‘rnini bosa olmaydi», dedilar».

Doraqutniy rivoyat qilgan. Imom Hokim sahih degan.

Shuning uchun imom Buxoriy ham «Sahih» kitoblarida «Fotihani o‘likka o‘qish bobi» deb alohida bob ochganlar. Demak, u janoza namozi yoki uning tashqarisida bo‘lishdan umumiyroqdir.

Janoza namozida Fotiha surasini o‘qishga dalolat qiluvchi boshqa hadislar ham bor. Bundan tashqari, Fotiha surasini dafn paytida yoki undan keyin o‘qishga dalolat qiluvchi hadislar ham mavjud.

Ummu Afif Nadiyya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ayollar bay’at qilganida, biz ham bay’at qildik. O‘sha bay’atda faqat mahram erkaklar bilan gaplashishga va o‘liklarimizga Fotiha surasini o‘qishga buyurdilar».

Tabaroniy rivoyat qilgan.

Ummu Sharik roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘likka Fotiha surasini o‘qishimizni buyurdilar».

Ibn Moja rivoyat qilgan.

4. Ulamolar qabr oldida Qur’on qiroat qilishga Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan quyidagi hadisni ham dalil qilib keltirishadi:

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki qabrning yonidan o‘tayotib: «Mana shu ikkovi azoblanmoqda. Katta narsa uchun azoblanayotgani yo‘q. Ulardan biri peshobidan to‘sinmas edi, boshqasi esa chaqimchilik qilib yurar edi», dedilar. So‘ngra bir hil xurmo novdasini opkeltirdilar-da, ikkiga bo‘lib, bunisiga birini, unisiga birini suqib qo‘ydilar. So‘ngra: «Shoyad, bular quriguncha ikkovidan (azob) yengillatib turilsa», dedilar».

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Xattobiy: «Bu qabrlar oldida Qur’on tilovat qilish mahbub ekaniga dalildir. Chunki daraxt(shohi) ning tasbehidan mayyit naf olganidan keyin, Qur’on tilovatidan undan ham ko‘p foyda va baraka umid qilinadi», deydi.

Imom Qurtubiy aytadi: «Ba’zi ulamolar qabr oldida Qur’on qiroat qilinishiga ikki novda hadisini dalil qilishadi va qabrlarga daraxt ekish hamda Qur’on tilovatining foydali ekanini ta’kidlashadi. Daraxtlar azobni yengillatganidan keyin, qanday qilib mo‘min kishining Qur’on tilovat qilishi foyda bermasin! Shuning uchun ulamolar «Qabr ziyorati mustahab, tilovat ziyoratchidan mayyitga tuhfadir», deyishgan».

Imom Navaviy «Sahihi Muslim»ning sharhida: «Ulamolar qabr oldida Qur’on tilovat qilishni mana shu hadisga asosan mustahab deyishgan. Shohning tasbehi bilan azob yengil bo‘lgach, Qur’on tilovati bilan azobning yengillashishi yanada a’loroqdir», degan.

5. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha marta qabr ustida janoza namozi o‘qiganlar. Ushbu habar ikki «Sahih» va boshqa kitoblarda kelgan. Namoz esa Qur’on tilovati, salavot, zikr va duolarni o‘z ichiga oladi. Demak, bularning barchasi joiz bo‘lgan o‘rinda ba’zisi joiz bo‘lishi tabiiydir.

Shuningdek, ulamolar quyidagilarni aytadilar:

«Mayyitga qiroat savobining yetib borishini hajning savobi mayyitga yetib borishiga qiyos qilib olganlar. Chunki haj xam namoz amalini o‘z ichiga oladi. O‘z-o‘zidan, namozda Fotiha va boshqa suralar bor. Demak, bularning barchasi yetib borganidan keyin, ba’zisi, ya’ni tilovat yetib borishi tabiiydir. Ba’zilar tortishsa ham, mana shu oxirgi ma’no haqdir. Lekin aksar ulamolar: «Qiroat qiluvchi kishi mayyitga qiroatining savobi adadicha savob berilishini so‘rasa, Alloh O‘z izni bilan o‘shancha savob beradi. Chunki agar Karim sifatli Zotdan so‘ralsa, U albatta beradi. Va duo qilinsa, ijobat etadi», deyiladi.

6. Mana shu hech qanday inkorsiz, avloddan avlodga, salafdan xalafga o‘tib kelayotgan amal bo‘lib, ergashilayotgan mazhablarda e’timodli narsadir. Hattoki Hofiz Shamsuddin ibn Abdul Vohid Maqdisiy Hanbaliy hamda Shayx Usmoniylar ham kitoblarida quyidagicha naql qilishgan: «Albatta, istig‘for, duo, sadaqa, haj va qul ozod qilishda mayyitga manfaat bo‘lib, savobi unga yetib turadi. Qabr oldida Qur’on tilovat qilish esa mustahab amaldir».

O‘tgan solihlarning ushbu mavzudagi asarlari:

Ibn Abu Shayba «Musannaf» nomli kitobida imom Sha’biydan qilgan rivoyatda: «Ansoriylar mayyit huzurida Baqara surasini o‘qishar edi», deb aytilgan.

Imom Xallol «Qabrlardagi qiroat» nomli kitoblarida: «Agar biror kishi o‘lsa, ansoriylar uning qabriga navbat bilan qatnab, u yerda Qur’on o‘qishar edi», deb aytganlar.

Xallol Ibrohim Naxa’iydan rivoyat qilib: «Qabrlar oldida Qur’on qiroat qilishning zarari yo‘q», deb aytganlar.

Hasan ibn Sabboh Za’faroniydan rivoyat qilib: «Shofe’iydan qabrlar oldida qiroat qilish xususida so‘radim. Shunda u zot «Zarari yo‘q» dedilar», deb aytadi.

Ali ibn Muso Haddoddan rivoyat qilinadi:

«Men Ahmad ibn Hanbal va Muhammad ibn Qudoma Javhariy bilan janozada edim. Mayyit dafn etilgach, ko‘zi ojiz bir kishi qabr oldida o‘tirib, tilovat qila boshladi. Shunda Ahmad ibn Hanbal: «Ey falonchi! Qabr oldidagi qiroat bid’atdir», dedi.

Qabristondan chiqqach, Muhammad ibn Qudoma Ahmad ibn Hanbalga:

«Ey Abu Abdulloh! Mubashshir Halabiy xususida fikringiz qanday?» dedi. Imom Ahmad:

«U ishonchli, - dedilar. So‘ng: - Siz u kishidan biror narsa yozib olganmisiz?» degan edilar, Muhammad ibn Qudoma quyidagicha javob berdi:

«Mubashshir Abdurrahmon ibn Alodan, u esa otasidan rivoyat qiladi. Otasi vasiyat qilib: «Agar dafn qilsangiz, mayyitning boshida Baqara surasining boshi va oxirini o‘qinglar. Chunki men Ibn Umarning shunday vasiyat qilganlarini eshitganman», degan ekan».

Shunda imom Ahmad:

«Borib, xaligi odamga ayting, tilovat qilaversin», dedilar».


Keyingi mavzu:
Ergashilatyotgan mazhab sohiblarining bu xususda aytgan so‘zlari

Kutubxona