Isamat ota keyingi vaqtlarda oilasiga to‘ya olmay qoldi. Bir sabab topadi-yu, uylarini alohida qilib chiqarib yuborgan farzandlarini uyiga chaqiradi. Osh ustida bolalari bilan gaplashib o‘tirishni, keyin achchiq-achchiq choyni ho‘plaganicha chug‘urlashib hovlini boshiga ko‘tarayotgan nabiralarini kuzatishni yaxshi ko‘radi.
Bugun ham Ramazonning ilk kunidagi iftorlikni ana shunday fayzli o‘tkazishni istadi. Tongda, hali quyosh nurlari atrofni qizdirib ulgurmasidan bozorga yo‘l oldi. Iftorlik uchun eng sara mevalarni, salqin ichimliklarni xarid qildi. Uyga kelib bozorliklarni mashinadan tushirayotganida kampiriga va keliniga kechga tayyorgarlik ko‘rishlarini, hamma iftorlikka kelishini aytdi.
Ota asr namozini ado etib masjiddan qaytganida allaqachon kelinlari, nabiralari kelib bo‘lgan, hovli g‘ala-g‘ovur edi. Kelinlar esa yeng shimarib ishga kirishib ketgandi. Iftor vaqti yaqinlashgani sayin hammaning ham intiqligi, ham hayajoni oshdi. Dasturxon yozilib, nozu ne’matlar tortila boshlandi. Ota jimgina duo qilib o‘tirarkan, tez-tez soatga qarab qo‘yayotgan nabirasi Azizbekning qorni ochganini sezib kelinlarini tezlatdi:
– Hamma birgalikda ovqatlanganga nima yetsin! Oilada qut-baraka, birdamlik bo‘ladi. Ammo bolalarni bir oz ertaroq ovqatlantiringlar. Ro‘zadorlarga qo‘shilib och qolmasin!
– Yo‘q. – shoshganidan baqirib yubordi, Azizbek. Keyin esa o‘z ovozidan cho‘chib, past ovozda qo‘shib qo‘ydi: – Men ham sizlar bilan...
Otaning nabirasidagi bu sarosimadan hayron qolganini ko‘rib, kelini izoh berdi:
– Bobojonisi, bugun Azizbegingiz ham birinchi marta ro‘za tutdi. Axir 12 ga to‘ldi-ku! Otaning ko‘zlaridan yosh oqib ketdi. Ko‘zlaridagi yoshni qadoq qo‘llari bilan artgancha olis o‘tmishga xayoli ketdi.
...O‘shanda yettinchi sinfda o‘qirdi. Ramazonning ilk kuni u ham kattalar bilan turib saharlik qildi. Bu juda ajoyib tuyg‘u ekan. Ko‘ngli xotirjam, ruhi tetik. Buning ustida savob va rahmatdan umidvorlik uning oyoqlarini yerdan ko‘tarib yuborgandek edi. Faqat bu farahbaxsh onlar uzoqqa cho‘zilmadi. Uchinchi soat tugashi bilan kirib kelgan sinf rahbari hammalarining og‘ziga majburlab non soldi. Keyin esa o‘ziga g‘azab bilan qarab o‘tirgan o‘quvchilariga o‘sayotgan organizmning ovqatsiz yurishi yaxshi emasligi, bu darslarni o‘zlashtirishga xalal berishi haqida va’z o‘qidi.
Uyga yelkasi yerga tushib kirib kelgan o‘g‘lini ko‘rib hol so‘ragan onaizor kap-katta bolaning piqillab yig‘layotganidan qo‘rqib ketdi. Yuzlaridagi yoshlarni artib, bag‘riga bosgancha tinchlantirdi. Bir oz o‘ziga kelgan Isamat:
– Men ro‘zamni qasddan ochib yubordim. O‘qituvchim majburlab non yedirdi...
O‘shanda onasi uni arang tinchlantirgan, buning uchun u gunohkor bo‘lmasligini tushuntirgan edi.
Otaning uzoq vaqt jim qolgani oila a’zolarini tashvishga soldi. Isamat ota ularning xavotirga tushganini sezib tinchlantirdi:
– Men yaxshiman. Shunday kunda yaxshi bo‘lmay bo‘ladimi? Axir bugun Azizbek birinchi marta ro‘za tutibdi. Keyin turib kitob javonidan yaqinlariga sovg‘a qilish uchun olib qo‘ygan Qur’oni karimlardan birini olib nabirasiga berdi:
– Doim hamrohing bo‘lsin, bolam. Hayotingni shu kitobga ko‘ra kechir, kam bo‘lmaysan!
Olisdan elas-elas azon eshitildi. Barcha shoshganicha dasturxon atrofiga o‘tirdi. Ota ko‘zlarida yosh bilan duo qildi. Farzandalari bilan birga iftorlik qilarkan, ko‘nglida faqat shukronalik, istig‘for yangrardi. Shu orada otaning qulog‘iga ramazon aytib kelgan bolalarning beg‘ubor ovozi eshtildi. Darvoza tomon shoshilayotgan kenja kelinini Isamat ota to‘xtatdi, bir dunyo shirinlik, ko‘targanicha o‘zi bolalarning oldiga chiqdi. Ro‘molning to‘rt burchagidan tutgancha turgan bolalardan ramazon aytishlarini so‘radi.
Ortiqcha iltifotni kutmay ular ham kuylab yuborishdi:
– Ramazon aytib keldik, eshigingizga,
Xudoyim o‘g‘il bersin, beshigingizga...
Ota ko‘zlarini yumganicha ularni uzoq tingladi. Bolaligida aytib, eshikma-eshik yurishni xohlagandi. Onasi ruxsat bermadi, o‘qituvching bilib qolsa, boshimiz baloga qoladi, partkomga aytib beradi, dedi.
Chiroyli qo‘shiqni maroq bilan tinglagan kishidek Isamat otaning ruhi yengil tortdi. Bolalarga shirinlik va sovg‘a salomlar ulashgach, ularni ortidan havas bilan kuzatib turdi:
– Allohim, o‘zingga beadad shukr. Shu kunlarni yetkazganingga ming qatla shukr!
Nigora MIRZAYEVA
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.