Isamat ota keyingi vaqtlarda oilasiga to‘ya olmay qoldi. Bir sabab topadi-yu, uylarini alohida qilib chiqarib yuborgan farzandlarini uyiga chaqiradi. Osh ustida bolalari bilan gaplashib o‘tirishni, keyin achchiq-achchiq choyni ho‘plaganicha chug‘urlashib hovlini boshiga ko‘tarayotgan nabiralarini kuzatishni yaxshi ko‘radi.
Bugun ham Ramazonning ilk kunidagi iftorlikni ana shunday fayzli o‘tkazishni istadi. Tongda, hali quyosh nurlari atrofni qizdirib ulgurmasidan bozorga yo‘l oldi. Iftorlik uchun eng sara mevalarni, salqin ichimliklarni xarid qildi. Uyga kelib bozorliklarni mashinadan tushirayotganida kampiriga va keliniga kechga tayyorgarlik ko‘rishlarini, hamma iftorlikka kelishini aytdi.
Ota asr namozini ado etib masjiddan qaytganida allaqachon kelinlari, nabiralari kelib bo‘lgan, hovli g‘ala-g‘ovur edi. Kelinlar esa yeng shimarib ishga kirishib ketgandi. Iftor vaqti yaqinlashgani sayin hammaning ham intiqligi, ham hayajoni oshdi. Dasturxon yozilib, nozu ne’matlar tortila boshlandi. Ota jimgina duo qilib o‘tirarkan, tez-tez soatga qarab qo‘yayotgan nabirasi Azizbekning qorni ochganini sezib kelinlarini tezlatdi:
– Hamma birgalikda ovqatlanganga nima yetsin! Oilada qut-baraka, birdamlik bo‘ladi. Ammo bolalarni bir oz ertaroq ovqatlantiringlar. Ro‘zadorlarga qo‘shilib och qolmasin!
– Yo‘q. – shoshganidan baqirib yubordi, Azizbek. Keyin esa o‘z ovozidan cho‘chib, past ovozda qo‘shib qo‘ydi: – Men ham sizlar bilan...
Otaning nabirasidagi bu sarosimadan hayron qolganini ko‘rib, kelini izoh berdi:
– Bobojonisi, bugun Azizbegingiz ham birinchi marta ro‘za tutdi. Axir 12 ga to‘ldi-ku! Otaning ko‘zlaridan yosh oqib ketdi. Ko‘zlaridagi yoshni qadoq qo‘llari bilan artgancha olis o‘tmishga xayoli ketdi.
...O‘shanda yettinchi sinfda o‘qirdi. Ramazonning ilk kuni u ham kattalar bilan turib saharlik qildi. Bu juda ajoyib tuyg‘u ekan. Ko‘ngli xotirjam, ruhi tetik. Buning ustida savob va rahmatdan umidvorlik uning oyoqlarini yerdan ko‘tarib yuborgandek edi. Faqat bu farahbaxsh onlar uzoqqa cho‘zilmadi. Uchinchi soat tugashi bilan kirib kelgan sinf rahbari hammalarining og‘ziga majburlab non soldi. Keyin esa o‘ziga g‘azab bilan qarab o‘tirgan o‘quvchilariga o‘sayotgan organizmning ovqatsiz yurishi yaxshi emasligi, bu darslarni o‘zlashtirishga xalal berishi haqida va’z o‘qidi.
Uyga yelkasi yerga tushib kirib kelgan o‘g‘lini ko‘rib hol so‘ragan onaizor kap-katta bolaning piqillab yig‘layotganidan qo‘rqib ketdi. Yuzlaridagi yoshlarni artib, bag‘riga bosgancha tinchlantirdi. Bir oz o‘ziga kelgan Isamat:
– Men ro‘zamni qasddan ochib yubordim. O‘qituvchim majburlab non yedirdi...
O‘shanda onasi uni arang tinchlantirgan, buning uchun u gunohkor bo‘lmasligini tushuntirgan edi.
Otaning uzoq vaqt jim qolgani oila a’zolarini tashvishga soldi. Isamat ota ularning xavotirga tushganini sezib tinchlantirdi:
– Men yaxshiman. Shunday kunda yaxshi bo‘lmay bo‘ladimi? Axir bugun Azizbek birinchi marta ro‘za tutibdi. Keyin turib kitob javonidan yaqinlariga sovg‘a qilish uchun olib qo‘ygan Qur’oni karimlardan birini olib nabirasiga berdi:
– Doim hamrohing bo‘lsin, bolam. Hayotingni shu kitobga ko‘ra kechir, kam bo‘lmaysan!
Olisdan elas-elas azon eshitildi. Barcha shoshganicha dasturxon atrofiga o‘tirdi. Ota ko‘zlarida yosh bilan duo qildi. Farzandalari bilan birga iftorlik qilarkan, ko‘nglida faqat shukronalik, istig‘for yangrardi. Shu orada otaning qulog‘iga ramazon aytib kelgan bolalarning beg‘ubor ovozi eshtildi. Darvoza tomon shoshilayotgan kenja kelinini Isamat ota to‘xtatdi, bir dunyo shirinlik, ko‘targanicha o‘zi bolalarning oldiga chiqdi. Ro‘molning to‘rt burchagidan tutgancha turgan bolalardan ramazon aytishlarini so‘radi.
Ortiqcha iltifotni kutmay ular ham kuylab yuborishdi:
– Ramazon aytib keldik, eshigingizga,
Xudoyim o‘g‘il bersin, beshigingizga...
Ota ko‘zlarini yumganicha ularni uzoq tingladi. Bolaligida aytib, eshikma-eshik yurishni xohlagandi. Onasi ruxsat bermadi, o‘qituvching bilib qolsa, boshimiz baloga qoladi, partkomga aytib beradi, dedi.
Chiroyli qo‘shiqni maroq bilan tinglagan kishidek Isamat otaning ruhi yengil tortdi. Bolalarga shirinlik va sovg‘a salomlar ulashgach, ularni ortidan havas bilan kuzatib turdi:
– Allohim, o‘zingga beadad shukr. Shu kunlarni yetkazganingga ming qatla shukr!
Nigora MIRZAYEVA
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.