Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Yanvar, 2025   |   2 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:23
Shom
17:08
Xufton
18:27
Bismillah
01 Yanvar, 2025, 2 Rajab, 1446

Ramazon va komil inson tarbiyasi

27.05.2017   75216   11 min.
Ramazon va komil inson tarbiyasi

Intizorlik ila kutgan muborak Ramazon oyi boshimizga soya solib turibdi. Butun dunyo musulmonlari ushbu oyni intiqlik bilan kutadilar. Zero, oylarning sultoni bo‘lmish Ramazon - Allohning rahmati va barakoti, fazilat va go‘zalliklarni o‘z ichiga jo aylagandir. Ushbu oyda bizni duo harorati va zikr tafti egallaydi hamda jismimiz va ruhimiz taskin topadi.

Allohning fazli bilan komil inson va yuksak axloq tarbiyachisi bo‘lgan, uni amalga oshirishga intilgan tarbiya ulamolari ta’kidlashlaricha,  ro‘za madrasasi insonni chiniqtiradi va poklaydi.

Biz bilan ramazon holati undan keyin ham davom etishi mumkinmi?! Biz uning o‘rnini saqlab qola olamizmi? Zero, u tengsiz muallim va aziz ustozdirki, agar biz uni anglab yetsak, harakat qilsak, bizdan komil inson tarbiyasi madrasisining o‘quvchilari yetishib chiqardi.

Birinchidan: Komil inson kim?

Komillik, kamolot, barkamol, mukammal odam, komil inson, piri komil... Bu so‘z, iboralarni ko‘p eshitamiz, aytamiz, o‘qiymiz. Lug‘atlarda “komil” so‘zi – “to‘liq”, “yetuk”, “mukammal” ma’nolarini, “barkamol” esa “yetuklikka erishgan”, “mukammal”, “kamol topgan”, “bekamu-ko‘st” ma’nolarini berishi aytiladi. “Bekam” – “biror jihatida kami yo‘q”; “beko‘st” – biror egri, kemtigi yoki ortiqcha joyi yo‘q, “benuqson” degani ekan.

Faylasuf Kantning nazdida: “U - uning yo‘li umuminsoniy tayanch qilib olishga salohiyatli bo‘lgan shaxs”;

Nitshaning nazdida esa: “U - o‘zini rivojlantirish uchun amal qiladigan, natijada aql va quvvat bilan narsalarga hukm o‘tqazishga qodir bo‘ladigan insondir”.

Biror bir tarbiya madrasasi, nafs ilmi, turli xil falsafalar ham bizga talab qilingan komil insonni yetishtirib bera olmagan.

Chunki, biz ibodatlarni faqat quruq harakatlar bilan ado qilamiz, uning ruhiy tomonini, axloqiy ta’sirini his qilmaymiz. Lekin ro‘za bizda tarbiyalaydigan go‘zal axloqlarni va biz ramazonda yetishtirishimiz mumkin bo‘lgan mevalarni bir o‘ylab ko‘rganmisiz? Kim shuni o‘ylab ko‘rsa, uni amalga oshirsa va shunga muvofiq yashasa, u Allohning inoyati bilan komillikka yaqin inson bo‘ladi.

 Imomimiz va habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bashariyat tarixi tanigan eng komil shaxs ekanliklarida shubha yo‘q. Chunki, U zot sollallohu alayhi vasallam biz ibodat va undan hosil bo‘ladigan komillik quvvati o‘rtasida yashayotgan “ajratishni” bilmaganlar. Balki, U zot qorin va shahvat ro‘zasidan oldin ruh va vijdon ro‘zasini tutganlar va yaxshilikda esgan shamoldan ham tez bo‘lganlar.

Ro‘za maktabi bizga qanday foydalar beradi?

Xayolga keladigan birinchi foyda bu - bandaga Alloh taolo uni kuzatib turishini his qildirish. O‘ylab ko‘ring, ramozon oyida, kunduzi bir musulmon kishi yolg‘iz o‘zi bir xonada yo qasrda o‘tirsa yoki sahroda sayr qilib yursa, uni hech kim ko‘rmayotgan, hech kim kuzatib turmagan bo‘lsa, och bo‘la turib o‘zi ishtahasi tortib turgan taomni tanovul qilishga yoki muzdek suv bilan chanqog‘ini bostirish uchun nega qo‘l uzatmaydi? Uni bundan nima to‘sib turibdi? Bu Alloh taolo uni ko‘rib turganini his qilishidir. Bu axir iymonning eng oliy darajasi bo‘lgan, hadisi sharifda maqtalgan “ehson” emasmi? Qur’oni karim ro‘zaning bu foydasi haqida shunday deydi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ  

Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz(Baqara surasi, 183-oyat).

Bizlarni har birimiz Allohning kuzatib turishidan, taqvodan, “ehson”dan bir nasibaga ega bo‘ladi. Shunday ekan, musulmonning shaxsiyati u bilan mukammal bo‘ladigan xulqqa aylanishi uchun uni rivojlantirish va ramazonda ham, ramazondan keyin ham shu holatda qolish lozim.

Darhaqiqat, ro‘za bizda Alloh taoloning kuzatib turishi hissini tarbiyalaydi. Hatto, biz barcha xaloyiqning nazaridan xoli joyda bo‘lsak ham Mavlosi uni kuzatib turgan kishining yo‘lidan yursak va undan foydalana olsak yolg‘onchi yolg‘on gapiradimi? Yoki o‘g‘ri o‘grilik qiladimi? Yoki poraxo‘r pora oladimi yo beradimi? Yoki sudxo‘r sudxo‘rlik qiladimi? Yoki kimdir ota-onasiga oq bo‘ladimi? Yoki buzg‘unchi kishi insonlar orasida buzg‘unchilik qiladimi? Ramazon va Ramazondan keyin. Yo‘q aslo!

Bu ulug‘ xulqning yolg‘iz o‘zi bugungi kunda hayotimizda ba’zan uchrab turgan xiyonat, o‘g‘rilik, yolg‘on kabi yomonliklarni hal qilishi mumkin. Chunki, yolg‘on ko‘pchilik uzrsiz ishlatadigan illatga aylanib qolgan. Ramazon – agar bilsak bizga Allohning kuzatib turganini o‘rgatadi.

Ikkinchidan: Bu yerda yana ro‘za bizni irodali qilib  tarbiyalaydi. Biz u sababli shahvatlarga bo‘ysunmaymiz, adolatsizlik qilmaymiz, balki nafsimiz, shahvatimizdan g‘olib chiqamiz va Rabbimizning roziligini istab rag‘batlarimizdan chetlanamiz. Tong otgandan quyosh botguniga qadar yemoq-ichmoq va shahvatlardan tiyiladigan kishi, zaiflashmaydigan irodali, azmi-qarori qat’iy, qalbi pok va baquvvat insonga aylanadi. Chunki, u hech kimning oldida zaiflashmaydi. Agar biz o‘zimizda ro‘za maktabi axloqlaridan bo‘lgan shu oliymaqom xulqni shakllantira olsak, dunyo va oxratda aziz va mukarram bo‘lamiz.

Ba’zi bir kishilar islomdagi ro‘za haqida so‘rab, qiziqadi. Agar inson dinimiz talab qilgandek ro‘za tutsa, umuminsoniy mantiq orqali ro‘za maktabida iroda sifati tarbiyalangan faqatgina rivojlanishda katta o‘rin egasi bo‘lishi kerakligini anglab yetadi. Vaholanki, rivojlanish faqat maqsad qo‘yib, uni rejalashtirib, amalga oshirishda bor imkoniyatni ishga solish bilan bo‘ladi. Lekin, bularning barchasi ro‘za bizda tarbiyalagan iroda sifati bo‘lmasa yuzaga chiqmaydi.

Uchinchidan: Ramazon sabr malakasi. U sohibini yuksaklarga ko‘taradigan, unga nusratni naqd qiladigan qanday ham yaxshi xulqdir. Hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ta’limotlaridan birida kelishicha: “Bilingki, nusrat sabr bilandir, kushoyish mashaqqat bilandir va albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”. Sabrli kishi agar xohlasa o‘zining ichki kasalliklari va dushmanlarining hiylasi ustidan g‘alaba qilishga qodirdir.

Hokisorlik – baland martaba, tortinchoqlik – peshqadamlikdir. Yengiltaklik va besabrlik ro‘za davolaydigan yoqimsiz narsa emasmi? Nima uchun mushkullarimiz ko‘payib, ba’zi oilalar ajrashib, do‘st-u aqrabolarimiz dunyo matohlariga berilib ketdilar? Nega oqibatsizlik va fitna avj oldi? Chunki, sabr bizda hali hanuz hali xulq bo‘lib shakllanmaganidandir. Ramazoniy sabr kasalliklarimizdan qanchasini davoladi? Qancha insoniy shaxsiyat ro‘za ila komillikka erishdi?

To‘rtinchidan: Tilni saqlashga e’tibor qaratish. Habibimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining sahih hadisi shariflarida bunday marhamat qiladilar: “Ro‘za qalqondir. Biringiz ro‘za tutsa janjallashmasin, baqir-chaqir, fisq-u fujur qilmasin. Agar uni birortasi haqoratlasa men ro‘zadorman, desin”. Yo Alloh! Insonda qanchadan qancha xunuk so‘z, haqorat qilish, tili o‘tkirligi bor-a! Ro‘za mana shularni barini bir so‘z bilan hal qilib qo‘ya oladi. Tilni tiyish ish atrofimizdagi bizni qurshab olgan aziyatlarni qanchasini daf qila oladi? Agar hayotimizning turli jabhalarida tadbiq qilinadigan bo‘lsa, qancha inson shaxsiyatlari kamol topishi mumkin?

Beshinchidan: Baxillikdan saqlanish.  Baxillik kasaliga qarshi qanday yordam berishiga bir nazar soling! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ro‘zadorga iftor qilib bersa, ro‘zadorning ajridan kamaytirilmay unga ham ro‘zadorning ajricha ajr bo‘lur”-deya marhamat qilganlar. Saxiylikka yetaklovchi qanday go‘zal chorlov! Bu baxillikka qarshi kuch bag‘ishlovchi ilohiy ramazoniy ta’limdir.

... وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ 

 “...Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir. (Saba surasi, 39-oyat)

 Karamli bo‘lgan inson hech qachon ziyon ko‘rmas ekan. Zero, mol xayr-ehson qilishlik bilan kamaymaydi, balki, savob ko‘payadi, ramazon barakotidan islomiy shaxsiyat to‘kis bo‘ladi. Baxillik, inson shaxsiyatini past sanash va uning ehtiromini biladigan va bilmaydiganlar orasini keskin ajratuvchi omildir. Ha, insonlar ko‘rsin uchun amal qilib emas, balki Alloh taolo uchun qilgan amal sababidan insonlarning ko‘z o‘ngida daraja topiladi. Agar inson shunga ham intilmasa, nafsning xarxashalariga ramazon maktabidek fazilat urug‘ini sochadigan, uning ayblarini ketkaza oladigan yana biror maktab bormikan?!

Mana shularga zakot molini, hech bo‘lmaganda fitr sadaqasini berishni va infoq-ehsonga o‘rgatadigan sabablarni qiyoslab ko‘raylik. Hatto, bir kunlik taomidan boshqa yeguligi bo‘lmagan faqir ham inson ruhiyatini tarbiyalovchi islomiy nizomda turib fitr sadaqasini beradi.  Agar barcha musulmonlar mana shu tenglikni tushunib yetganlarida, hiqd-u hasad yo‘qolgan, nafrat o‘ldirilgan, kuchli kuchsizni rioyasini qiladigan, boy kambag‘alga e’tibor qaratadigan tenglikda  ajoyib ummat shakllangan bo‘lardi. Qanday ham go‘zal-a!

Oltinchidan: Zikrlarni ko‘paytirish: Qur’on tilovati, taroveh namozi, qadr kechasi, ruhiyatni nurafshon bo‘lishi bilan Alloh taoloning rahmatiga burkanishi ila ichki olamni ham unutmaslik. Insoniyatning ruhiy va jismoniy xislatlari ibodat, tenglik, muhabbat va yakka-yu yolg‘iz Alloh taologa qullik qilish bilan mukammal bo‘ladi.

 Ramazondagi dasturni butun hayotimizga tadbiq qila olamizmi?

Inson shaxsiyati e’tiqodining to‘g‘riligi, ibodatining go‘zalligi bilan kamol topadi. Ro‘za bilan komil inson yetishib chiqadi. Bunday komil insonni g‘ayrioddiy inson, deb aytish yoki “Suppermen”, deb, xohlagancha nomlash mumkin. U Islom farzandi. Inson shaxsiyatida komillik barq uradigan bo‘lsa, Allohning huzuridagi narsa bilan xushnud bo‘ladi:

 قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِمَّا يَجْمَعُونَ 

“Ayting: “Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus surasi, 58-oyat). Bas, shunday ekan, inson ramazon dasturini hayotga tadbiq qilishi, ramazoniy axloqni mahkam tutishi lozim bo‘ladi. Bundan keyin uni hech ham qo‘ldan boy berishga haqqi yo‘q. Chunki inson doimo Rabbisini nazoratidadir. Shundagina, yaxshilikni ko‘zlab, Alloh taoloning qudrati ila ko‘zlagan maqsadlarni ro‘yobga chiqara olishi mumkin bo‘ladi. Alloh taoloni roziligini istab musibatlarning har qanday turiga dosh bera oladigan bo‘ladi. Yomon so‘zlardan tilni saqlash, Allohning yo‘lida infoq qilish jamiyatda tenglikni yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Komil insonning sifati shudir. Bizlarga ramazonni bergan Xoliqimizga shukrlar bo‘lsin!               

 

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom institui “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom-xatibi

 

Ramazon
Boshqa maqolalar

Iltimos, shovqin solmang, ozor berishni bas qiling!

31.12.2025   15096   1 min.
Iltimos, shovqin solmang, ozor berishni bas qiling!

Odatda har yili 31-dekabr sanasida shomdan keyin boshlangan paqildoq va salyutlar tovushi soat o'n ikkiga yaqin avjiga chiqib, tonggacha davom etadi. Ba‘zi insonlarning xursandchilik qilaman, degan niyatda solayotgan shovqinlari hammaga ham yoqmaydi.

 Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu ovozu shovqinlar qanchalab xonadonlarning tinchini buzar ekanaa?!. Ba'zi uylarda qon bosimi baland bo‘lgan qariyalar, og'riqdan ko'ngliga qil ham sig‘mayotgan bemorlar, kunu tun betob bo‘lib yotgan farzandining tepasida mijja qoqmay chiqayotgan onalar, shovqindan qo'rqib tinmay yig‘layotgan go‘daklar tong otishi, shovqin-suronlar to‘xtashiga intizor bo‘ladilar. Kishilar tinchini buzayotganlarni uyida ham yuqoridaga aytgan holatlar bo'lganda shu ishni qilisharmidi? 

Dinimizda boshqalarga tili va qo‘li bilan ozor yetkazishdan qaytarilgan. Islomda insonlarni qo'rqitish zulm hisoblanadi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmon musulmonni qo'rqitishi halol bo‘lmaydi", deya marhamat qilganlar. 
 
Yangi yil arafasida paqildoq va salyutlar narxi qancha qimmat bo'lishi hammamizga ma‘lum. Mana shu narsalarga pullarini isrof qilib, uni havoga uchirmay, ehson qilinsa, qanday ham yaxshi amal bo‘lardi. 

Bularni nega yozayapmiz?! Iltimos, o'zingizning ozgina xursandchiligingizni, deb boshqalarga ozor bermang, bizni o‘z uyimizda tinch yashashga qo‘ying, o'zgalarga ozor berishni bas qiling!"

Joziba Jamol qizi,
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta‘lim muassasasi o'qituvchisi