Umra ibodatini mukammal ado qilish avvalo uchun niyatni to‘g‘ri qilib olish lozim. Barcha amallar niyatga bog‘liq bo‘lgani uchun, ibodatda yagona maqsad Alloh taoloning roziligini istash bo‘lishi kerak. Agar dunyo noz – ne’matlariga erishmoqchi, “hoji aya” yoki “umraga borgan” nomlarini qozonmoqchi, “xo‘jako‘rsin” yoki asosiy maqsadi o‘zga yurtlarni sayr qilib, bir yo‘la umrani ado etib kelmoqchi bo‘lsa, umra ibodati qabul bo‘lmaydi. Alloh taolo buyuradi:
وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّه
“Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting!”. Baqara surasi, 196.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Umra keyingi umragacha qilgan gunohlariga kafforatdir...” (Sahihi Buxoriy, 1773).
Ato roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Ibn Abbos roziyallohu anhu aytdilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir ansoriy ayolga: “....Ramazon oyi kelsa u oyda umra qilgin, chunki ramazon oyidagi umra haj qilgan bilan barobar savobga egadir”-dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Mazhabimiz xulosasiga ko‘ra umra sunnati muakkadadir. U buyuk ziyoratdir! Zero, musulmon kishi bunda butun qalbi, ruhi va badani ila Alloh taolo uchun eng suyukli bo‘lgan joyni ziyorat qiladi. Bu omonlik diyorida ko‘ngillar xotirjam bo‘ladi, ko‘zlar esa uni ko‘rishlikka oshiq bo‘ladi. Bu diyor musulmonlar qalbidan ulkan o‘rin egallagan Makka va Madinadir.
Hammamizga ma’lumki, umra qilishni qasd qilgan har bir musulmon ulug‘ ibodatni to‘la-to‘kis ado etishni istaydi. O‘z-o‘zidan biz uchun bu nafaqat ibodat, balki uzoq masofali safar hamdir. Shu sababli, umra qilishni qasd qilgan har bir ayol kishi umra qonun – qoidalari bilan bir qatorda safar qoidalari va odoblarini yaxshilab o‘rganishi lozimdir. Ular quyidagilardir:
أسْتَوْدِعُكُمُ اللهَ الّذِي لَا تَضِيعُ وَدَائِعُهُ
“Astavdi’ukumulllohal-laziy la tazi’u vada’iuhu (ma’nosi: “Sizlarni Unga topshirilgan omonatlar zoye bo‘lmaydigan Zot Allohga omonat topshirdim”)” (Ibni Moja rivoyati);
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Uchta duo borki, shaksiz mustajobdir. Mazlumning, musofirning va ota-onaning farzandiga qilgan duosi” (Imom Termiziy rivoyati).
Hayz ko‘rgan ayolning masjidga kirishi joiz emas. Agar bir ayol hayz yoki nifos ko‘rgan holatida ilmsizlik qilib yoki qasddan yetti marta tavof yoki tavofning to‘rt yoki undan ko‘proq qismini ado qilsa, zimmasiga uchta ish vojib bo‘ladi:
a) harom amal hisoblangan – nopok holatda masjidga kirish va tavof qilish gunohidan tavba qilish;
b) pok bo‘lgach, tavofini qaytadan qilish;
v) agar qaytadan qilmasa, bitta mol yoki bitta tuya so‘yish.
Eslatma: agar hayz holatida ado qilgan tavofini pok bo‘lgach, qayta ado qilmasa va vataniga ketib qolsa, miyqotdan o‘tib ketmagan bo‘lsa, ehromsiz qaytib kelib, ziyorat tavofini ado qiladi. Agar miyqotdan o‘tib ketib bo‘lgan bo‘lsa, qaytib, miyqotdan umraga ehromga kirib, umraning amallarini tugatgach, ziyorat tavofini ado qiladi. Agar vatanidan ortiga qaytmasa, vatanidan turib, Haramda bir mol yoki tuyani qurbonlik qildirtiradi. Shundan so‘nggina ehromdan chiqadi.
Xadicha Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisasi
Nilufar Saidakbarova
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati