Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Yanvar, 2025   |   2 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:23
Shom
17:08
Xufton
18:27
Bismillah
01 Yanvar, 2025, 2 Rajab, 1446

OY ko‘rinsa ham hisob, to‘lsa ham hisob

26.05.2017   75080   10 min.
OY ko‘rinsa ham hisob, to‘lsa ham hisob

Bugun muborak juma - hajjul masokin. Ana shunday fazilatli kunning oqshomida taroveh namozini o‘qib boshlaymiz, inshoalloh.

Yurtimizda turli firqalar, diniy oqimlar ildiz otib ketishiga yo‘l qo‘yilmasdan ularning faoliyatiga vaqtida chek qo‘yilgani tufayli diniy masalalarda ixtiloflar yo‘q - Allohga shukr. Ammo shu, har yili Ramazon kirgan va chiqqan vaqtda ayrim kishilar ikkilangandek bo‘lib qoladi: "falon davlatda ro‘za boshlanibdi, pismadon joyda hayit bayrami bo‘libdi..." Bu masalada ham yurtdoshlarimiz ancha tushunchaga ega bo‘lib, oldinga shubha-gumonlar ikkilanishlarga joy bo‘shatdi, ikkilanishlar ham deyarli barham topib qoldi. Shunday bo‘lsa-da, iymonlashishni niyat qilib ro‘zaning kunini aniqlash borasida sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, salafi solihlar va ulug‘larimiz qanday yo‘l tutgani haqida so‘z yuritishni niyat qildik.

Oisha onamiz aytadilarki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sha’bon oyining kunlarini hisoblagani qadar boshqa birorta oyning kunlarini hisoblamas edilar. Ramazon hiloli ko‘ringanidan boshlab ro‘za tutardilar. Agar bulut chiqib oyning yuzini to‘sib qolsa, Sha’bonning kunlarini o‘ttizga yetkazardilar va ro‘zani boshlardilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Hadisi sharifdan Ramazonning boshlanishiga va oxiriga yetishiga ishorat qiluvchi asosiy holat hilolning ko‘rinishi emas, oyning kun hisobiga  to‘lishi ekani ayon bo‘lmoqda. Demak, Payg‘ambar alayhissalom hilolni ko‘rmasalar ham vaqt kirgani uchun ro‘zani boshlagan ekanlar.

Bugungi kunda hilolning qaysi vaqtda to‘lishi astronomik kuzatuvlar  tufayli oldindan bilinmoqda. Ko‘z bilan ko‘rmoq esa hilol to‘lganidan 8-10 soat so‘ngra yuz berishi ham mumkin bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda ba’zi islom o‘lkalarida ro‘zani boshlash uchun astronomik kuzatuvlar, ba’zilarida esa  esa ko‘z bilan ko‘rmoq asos qilib olinmoqda. 

Astronomik jihatdan hilolga yetishmoq davrining hisoblanishi aniq hisobda qat’iy bir vaqtni ifoda etadi. Fiqh olimlari ikkalasining ham joizligini, kishining o‘zi turgan joyga ko‘ra harakat etishi kerakligini aytganlar. Saodat asrida yuz bergan hodisa bu fikrni tasdiqlaydi.

Kurayb roziyallohu anhudan rivoyat: 

"Ummu Fazl binti al-Horis uni Shomga, Muoviyaning oldiga yuborgan edi. U aytadiki: 

"Bas, Shomga kelib u (Ummu Fazl)ning hojatini bajardim. Men Shomdaligimda Ramazon kirib qoldi, hilolni juma kechasi ko‘rdim. So‘ngra oyning oxirida Madinaga keldim. Ibn Abbos mendan:     "Hilolni qachon ko‘rdingiz?" deb so‘radi.

"Uni juma kechasi ko‘rdik", dedim.

"Sen o‘zing ko‘rdingmi?" dedi.

"Ha, odamlar ham ko‘rdilar. Ro‘za tutdilar. Muoviya ham ro‘za tutdi", dedim.

"Lekin biz shanba kechasi ko‘rdik. To o‘ttiz kunni mukammal qilgunimizcha yoki uni ko‘rgunimizcha tutaveramiz", dedi.

"Muoviyaning ko‘rgani va ro‘za tutgani bilan kifoyalanmaysanmi?" dedim.

"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga shundoq amr qilganlar", dedi" (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).

Sharh:
Bir ish bilan Shomga borgan Qurayb roziyallohu anhu u yerda juma kuni hilolni ko‘rgan va shomliklar bilan birga ro‘zani tutishni boshlagan. Madinaga kelganida ham Ramazon davom etayotgan edi va bu yerdagilar ro‘zani bir kun so‘ng boshlaganlar.

Shomda bir kun oldin boshlangan ro‘za masalasini Ibn Abbos roziyallohu anhu Shomga ergashishni ma’qul topmay, “hilolni ko‘rishga qadar”, hilol ko‘rilmagan taqdirda “kun hisobida o‘ttiz kun to‘lishiga qadar” ro‘zada davom etmoqqa qaror qilmoqda. “Nega Shomga ergashmaysiz?” degan savolga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (bunday  holatlarda) turgan makonimizdagi vaqtga rioya etmog‘imizni amr etdilar”, dedilar. 

Qur’oni Karimda:

 "Quyosh ham, Oy ham (aniq) hisob bilan (sayr qilur)" (Ar-Rahmon surasining 5-oyati);

"(U) tong ottiruvchidir. Tunni oromgoh, Quyosh va Oyni esa hisob belgilari qilib qo‘ydi. Bu qudratli va Dono zotning o‘lchovidir" (An’om surasining 96-oyati);

"U Quyoshni ziyo (taratuvchi) va Oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt va zamonga doir) hisobini bilishlaringiz uchun uni (Oyni) manzillarga (bo‘lib) o‘lchab qo‘ygan zotdir..." (Yunus surasining 5-oyati);

"Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq - o‘n ikki oydir..." (Tavba surasining 36-oyati);

"Sizdan (Ey Muhammad!) hilollar (yangi oylar) haqida so‘raydilar. "Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir", - deb ayting" (Ar-Rahmon surasining 189-oyati), deb oy va yillar almashishining aniq vaqt bo‘yicha haraktlanishi bayon qilingan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ana shu oyati karimalarga suyangan holda Ramazon boshlanishi va nihoyasini aniqlashni buyurganlar.  “Hilolni ko‘rgandan so‘ng ro‘zani boshlang, uni takror ko‘rganda bayram qiling. Havo bulutli bo‘lib hilol ko‘rinmay qolsa, ichida bo‘lganingiz oyni o‘ttizga yetkazing” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati), ma’nosidagi hadislardan islomda ibodat hayotiga va boshqa bir qator hukmlarga aloqador vaqtlarning aniqlanishi har bir kishining  qulaylik bilan anglab amalga joriy eta oladigan darajada sodda ko‘rinishdadir.

Yer sharining  tuxumsimon yoki yumaloq shaklda ekani bois hilol har yurtda har xil vaqtda ko‘rinishi mumkin. Bunga oy tug‘adigan yerning farqliligi deyiladi. Ro‘zani boshlarkan oyning qachon ko‘rinishi yoki ko‘rinmasligiga e’tibor berilishi yoki berilmasligi haqida olimlar turli fikrlarni ilgari surganlar. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, dunyoning bir joyida ko‘ringan hilol boshqa yerga uzoq bo‘lsa, ular oyning ko‘rilishini kutishi kerakligi aytiladi.

Ilmimiz boyishiga hissa bo‘lsin degan niyatda muhtaram shayximiz Abdulaziz Mansur hazratlarining fatvolari va hurmatli Muhammad Sharif Juman domla tayyorlagan materialni ham mushtariylarimizga ilindik. 

Ibodat masalasida ehtiyot bo‘laylik

Dinimiz bizlarga buyurgan ibodatlarning hammasi muayyan vaqtlarda ado etiladi. Besh mahal namozning vaqtlarini hamma yaxshi biladi. Hojatidan ortiq moli (puli, qo‘y-echkisi, qoramoli va tijorat mollari) nisobga yetgan kundan bir qamariy yil to‘lishi bilan kishiga zakot farz bo‘ladi. Shuning uchun, har bir kishi molining zakotini ado etish vaqtini o‘zi uchun belgilab oladi.

Ammo qachon ramazon ro‘zasining boshlanishi va tugashining, haj tayin etilishining shartlari bor. Ramazon ro‘zasining boshlanishini aniqlash ramazondan bir oy oldin boshlanadi. Chunki oldin sha’bon oyining birinchi kuni aniqlanishi lozim. Sha’bonning yigirma to‘qqizinchi kuni shomdan oldin ramazon hilolini ko‘rishga chiqish vojib bo‘ladi. Agar shu kuni hamma hilolni ko‘rsa, ertasi kuni ramazon ro‘zasi tutiladi.

Ramazon hilolini hamma ko‘rishi juda kam bo‘ladigan holat. Havo bulutli yo chang bo‘lganidan hech kim ramazon hilolini ko‘rmasa, muftiy sha’bonni o‘ttiz kunga to‘ldirilishini va ke­yingi kun ramazon ro‘zasi boshlanishini e’lon qiladi. Ya’ni, bu holda ramazon ro‘zasi boshlanishini faqat muftiy e’lon qiladi.

Havo bulutli yo chang bo‘lganida bir kishi, shavvol hilolini ko‘rdim deb, ertangi kuni og‘zini ochmasligi lozim. Agar og‘zini ochsa, bir kun qazo tutib berishi vojib bo‘ladi. Agar bir qancha kishilar falon yurtda bugun ro‘zaning o‘ttizinchi kuni, ertaga hayit, ular bizdan bir kun oldin oyni ko‘rib, ro‘za tutishgan ekan, desalar, ertangi kuni og‘iz ochilmaydi, taroveh namozi ham qoldirilmaydi. Chunki ular, o‘zlari yo boshqalarning shavvol oyi hilolini ko‘rishgani haqida guvohlik berishmagan.

Ibodat masalalarida ehtiyot bo‘lish kerak. Falon yurtda bugun hayit ekan, deb og‘izni ochib yuborish mumkin emas. Zero, ramazon ro‘zasining boshlanishi ham, tugashi ham muftiy e’lon qilishi bilan aniq bo‘ladi.

 

“Hidoya”, “Olamgiriya”

kitoblari asosida

Muhammad Sharif JUMAN tayyorladi

Bizning asrimizda hilolni ko‘rib, ro‘za tutish va hilolni ko‘rib, hayitni belgilash masalasida butun islom olamining ulamolari ittifoqda emaslar. Zero, keyingi vaqtlarda paydo bo‘lgan zamonaviy astronomik jihozlar, quyosh, oy hisoblarini taqvimlar bilan yuritishning keng joriy bo‘lgani ko‘pchilik ulamolarda zamonaviy taqvimlarga moyillik paydo qilgan. Masalan, Saudiya mamlakatida «ru’yati hilol»ga oid hadisi sharifga qattiq amal qilinishi natijasida har yili Ramazon oyining birinchi kuni, taqvimda qanday yozilganidan qat’i nazar, yangi oy hilolini ko‘rgan guvohlar so‘ziga binoan e’lon qilinadi. Natijada bizning mintaqamizga o‘xshagan ko‘plab taqvimga binoan oyni belgilovchi musulmonlar diyorlarida ba’zan Saudiya bilan bir xil emas, balki boshqa-boshqa kunlarda ro‘zani boshlash yoki hayitni e’lon qilish hollari davom etmoqda. Vaholanki, har bir mamlakat o‘zining iqlimiga qarab hilol ko‘rinishini belgilab, o‘zining hisob-kitobi bo‘yicha ro‘za va hayit kunlarini belgilashi joiz ekani «Badoye as-sanoye» kitobida keltirilgan.

Shayx Abdulaziz Mansur,

«Ming bir fatvo», 2-kitob, 37-bet.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

 

Ramazon
Boshqa maqolalar

Iltimos, shovqin solmang, ozor berishni bas qiling!

31.12.2025   14910   1 min.
Iltimos, shovqin solmang, ozor berishni bas qiling!

Odatda har yili 31-dekabr sanasida shomdan keyin boshlangan paqildoq va salyutlar tovushi soat o'n ikkiga yaqin avjiga chiqib, tonggacha davom etadi. Ba‘zi insonlarning xursandchilik qilaman, degan niyatda solayotgan shovqinlari hammaga ham yoqmaydi.

 Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu ovozu shovqinlar qanchalab xonadonlarning tinchini buzar ekanaa?!. Ba'zi uylarda qon bosimi baland bo‘lgan qariyalar, og'riqdan ko'ngliga qil ham sig‘mayotgan bemorlar, kunu tun betob bo‘lib yotgan farzandining tepasida mijja qoqmay chiqayotgan onalar, shovqindan qo'rqib tinmay yig‘layotgan go‘daklar tong otishi, shovqin-suronlar to‘xtashiga intizor bo‘ladilar. Kishilar tinchini buzayotganlarni uyida ham yuqoridaga aytgan holatlar bo'lganda shu ishni qilisharmidi? 

Dinimizda boshqalarga tili va qo‘li bilan ozor yetkazishdan qaytarilgan. Islomda insonlarni qo'rqitish zulm hisoblanadi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmon musulmonni qo'rqitishi halol bo‘lmaydi", deya marhamat qilganlar. 
 
Yangi yil arafasida paqildoq va salyutlar narxi qancha qimmat bo'lishi hammamizga ma‘lum. Mana shu narsalarga pullarini isrof qilib, uni havoga uchirmay, ehson qilinsa, qanday ham yaxshi amal bo‘lardi. 

Bularni nega yozayapmiz?! Iltimos, o'zingizning ozgina xursandchiligingizni, deb boshqalarga ozor bermang, bizni o‘z uyimizda tinch yashashga qo‘ying, o'zgalarga ozor berishni bas qiling!"

Joziba Jamol qizi,
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta‘lim muassasasi o'qituvchisi