Alloh taolo bizlarga ramazoni sharif oyida ro‘za to‘tishni farz ayladi. Shu sabab bizlar farzni qanday shaklda ado etishni ilmlari va taqvolari ila bezalib butun dunyoga dars bergan olimlarimizdan o‘rgansak maqsadga muofiq bo‘ladi.
Parvardigor jamolini ko‘rish va Rayyon eshigidan kirib, abadiy jannatga musharraf bo‘lish har bir bandaning orzusidir. Buning uchun buyurilgan narsalarni bajarib, qaytarilgan narsalarni tark qilmog‘imiz kerak.
Alloh farz qilgan har bir amalning vazifalari va xususiyatlari bor. Uning fazilatiga yetish uchun unga zarar yetkazadigan uning faqat(ro‘za degan) ismini qoldiradigan amallardan saqlanishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun biz Sunnatga binoan ro‘za tutishimiz kerak bo‘ladi. Buni ismini esa olimlarimiz “Sunnat ro‘za” deb nomlashgan. Alloh taolo har bir amalni O‘zi aytganday qilmasangiz zinhor qabul qilmasligini qat’iy aytgan. Rasululloh o‘zlari o‘rnak bo‘lib qaysi bir ummatida Alloh belgilagan amrlari bo‘zilsa, tezlik bilan u haqda o‘zlarining muborak hadislari orqali qaytariqlarini berganlar. Siz rozi bo‘lmagan amalga Alloh taolo ham rozi bo‘lmasligini juda yaxshi bilib olishimiz kerak. Oddiy ilmsiz odam ham sizdagi qabihliklarga rozi bo‘lmasa, siz yana qanday qilib o‘zingiz amalingizga buyuk ajrlar olishni istaysiz? Buyuk ajrlarni olish uchun Alloh va uning Rasuli va Nabiysi bo‘lgan Muhammad Mustofo sollallohu alayhi vasallamning amaliy tarzda namuna bo‘lgan ro‘zalariga e’tibor bilan, fikr doirangizni kengaytirib o‘ta mas’uliyatli ishga yondashganday o‘qib, uni qalbga singdirib, uning amalini butun vujudingizda singdirib go‘yo Alloh uni ko‘zatib turganligini his qilib, tutmoqlikdir. Bu masala yuzasidan qo‘yidagi ma’lumotlarga ko‘z yuritib chiqsak foydadan holi bo‘lmaydi, degan umidda ushbu mu’jazgina ma’lumotlarni keltirdek.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan marfu’ holatdagi hadis “Har bir amalning kafforoti bor ro‘zadan tashqari. (ya’ni boshqa amallar kafforot sababli gunohlar yuvilib amali qabul bo‘ladi, lekin ro‘zada Alloh va uning sevikli Rasuli qaytargan amallarni qilib qo‘ysa, uning tutgan ro‘zasi qabul qilinmaydi). Ro‘za men uchundir va uning mukofotini men o‘zim beraman deydi Alloh taolo”. Xuddi shunga o‘xshash rivoyatni Abu Dovud Tayolisiy o‘z musnadlarida keltirib o‘tgan.
Shu’badan, Shu’ba esa Muhammad ibni Zayyoddan rivoyat qiladi. “Alloh taolo aytadi: “Har bir amalning kafforoti bor ro‘zadan tashqari”. Qosim ibn Asbig‘ Shu’badan boshqacha yo‘l bilan rivoyat qiladi: “Odam bolasi qilgan har bir amal uchun kafforot bordir, faqatgina ro‘za bundan mustasnodir.
Xuzayfa sanadi sahih hadisni rivoyat qiladi. “Kishining o‘z ahli, moli va bolalari ichidagi fitnalarning kafforoti namoz, ro‘za, sadaqalardir”.
Ibn A’rabiy ba’zi zohidlardan naql qildiki. Albatta ro‘za to‘rt qismga bo‘linadi:
Ro‘za banda va Allohning o‘rtasidagi sirdir uni Alloh uchun xolis qilishligi va uning buyurgan amallarida uning roziligini talab qilib amalda doimiy bo‘lishlikdir. Chunki Alloh taolo ro‘zaning mukofotini o‘zi berishligini va’da qildi. Ro‘za o‘z ichiga nafsni sindirishlikni, badanni esa nuqsonli narsalardan saqlashlikni, yemoq- ichmoq achchiqligiga sabr qilishlik va shahvatni tark qilishni o‘z ichiga oladi. Va eng asosiysi ro‘zadan taqvoli bo‘lib chiqishlikni maqsad qilingan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim yolg‘onchiligini va yolg‘on so‘zga amal qilishni tashlamasa, uning taom va ichimlikdan o‘zini tiyishiga Alloh taolo muhtoj emas” (Imom Buxoriy rivoyati). Sharh: Ushbu hadis ro‘za hikmatlaridan biri axloqiy illatlardan xalos bo‘lish ekanini bildiradi. Ro‘za yolg‘on, g‘azab, g‘iybat, chaqimchilik, gina saqlash kabi yomonliklardan qutulish uchun munosib fursatdir. Inson tabiiy muhtoj bo‘lgan yeb- ichishdan o‘zini tiyish ila aslo ehtiyoji bo‘lmagan yolg‘on so‘z, g‘azablanish va chaqimchilik kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsa, xato qilgan bo‘ladi. Chunki ro‘za nafsning istagini sindirib, uni imon taqozosiga bo‘ysundirishga o‘rgatadi. Hadisda yolg‘on so‘z va yomonlikda unga teng bo‘lgan g‘iybat, chaqimchilik, hasad, hiyonat va zulm kabi illatlar tark qilinmas ekan, Alloh taolo unday kimsaning och, tashna bo‘lishiga muxtoj emasligi ta’kidlangan. Ramazon oyida savobli ishlar qilgan va gunoh ishlardan tiyilgan kishiga Alloh taoloning rahmati bo‘ladi. Ibni Hajar Asqaloniy aytadi: “Kishi yolg‘on gapirish, g‘azab qilish va so‘kinish kabi yomon illatlarni tark qilmas ekan, uning ro‘zasida savob yo‘q. Yolg‘on so‘z va u kabi illatlardan saqlangan kishigina mukofotga erishadi”.
Ibn Mu’nir: “Taom va ichimlikdan tiyilishiga Alloh taolo muhtoj emas” degani o‘shanday bandaning amallari qabul bo‘lmasligiga ishoradir...”, deydi.
Ro‘za go‘yo badandir. Uning libosi solih amallardir. Shu bois ro‘zador odam butun vujudini ro‘zaga qaratishi boshqalardan tazyiq yetganida ham “men ro‘zadorman”, deya g‘azabini jilovlay olishi kerak.
Bayzoviy aytadi: Ro‘zani Alloh taolo shari’atga kiritishdan maqsadi nafsni yeb – ichishdan tiyib qo‘yishmas. Balki, nafsi chaqiradigan yomon illatlardan shahvatini sindirish va nafsi ammorani nafsi mutma’innaga buysindirishdir. Agar siz shu narsani xosil qilmas ekansiz, Alloh taolo qilgan amalingizga qabul nazari bilan qaramaydi. Ro‘zador kishi hech bo‘lmasa bir oy qilgan amallarini qabulini o‘ylab katta va kichik gunohlarni kuni bo‘yi qilishdan saqlanib yursa va sabr qilsa, uning bu amalidan Alloh rozi bo‘ladi. Va kim shu oyda savob amallarni qilish va gunohlardan saqlanishni o‘ziga odat qilsa, u kishi keyingi ramazongacha yaxshi amallarni o‘ziga odat qilgan va gunohlardan saqlanishni o‘ziga dasturil amal qilgan bo‘ladi.
Ro‘za banda va Allohning o‘rtasidagi sir bo‘lib, uning mukofotini O‘zi berishini va’da qildi. Yemaslik, ichmaslik, har narsaga sabr qilish va shahvatni tark etish bilan nafsni sindirish ro‘zadagi taqvo bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: ...Ro‘za qalqondir (Abi Zannad: jahannamdan qalqondir degan). Endi sizlardan kim Ramazonda ro‘za tutsa,
فلا يرفث - Fahsh so‘zlarni so‘zlamasin, ولا يصخب – baland avozda baqirmasin.
Agar uni biror kishi so‘ksa yoki u bilan urushmoqchi bo‘lsa, ikki marta men ro‘zadorman, deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibn Huzayma roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Nabiy sollolohu alayhi vasallam: “Agar sen ro‘zador bo‘lsang biror kishini so‘kma, agar seni biror kishi so‘ksa, men ro‘zadorman, deb ayt. Agar turgan bo‘lsang, o‘tirib ol, g‘azabing ketadi. Boshqa rivoyatda o‘tirganingda ham ketmasa tahorat qil va ikki rakat namoz o‘qi deganlar.
Ramazon ro‘zasining savobini olish usuli: O‘tgan olimlarimiz ro‘zaning savobini olish maqsadida bir nechta Rasulullohning tavsiyalarini bajarishgan. Ulardan biri Ro‘zaning savobi baland uning mukofoti esa behisob shu sababdan ro‘zadan oldin Rajab va Sha’bon oyi ro‘zalarini Ramazonga tayyorgarlik sifatida o‘z ummatiga namuna sifatida bizlarga ko‘rsatib berganlar. Agar oldingi ikki oyda ro‘za tutilsa Ramazondagi to‘liq savobni bekami ko‘st olib chiqiladi. Chunki u ikki oy mobaynida nafsini ibodat amali bilan chiniqtirdi. Shu sabab uning ruhi va jasadi ibodatga tayyor bo‘ldi. U martlar maydoniga chiqib bemalol ro‘zaning savobini to‘liq olib chiqib ketishga tayyor bo‘ladi. Rasulullohday zoti sharif o‘zlarining nafslarini ikki oy ro‘zaga tayyorlaganda biz ham bu oyga tayrgarligimiz xuddi shunday bo‘lishini nazorat qilishimiz kerak. Chunki tildagi 20 xil ofatdan saqlanish Allohning valiylarining qo‘lidan keladi xalos. Bu fursat shunday fursatki unda foydalangan odam bir yilga yetadigan gunohdan saqlanish zahirasini qo‘lga kiritadi. Qarang! Ramazon o‘zidan oldingi barcha gunohlarni yo‘q qilishi bilan birgalikda kelasi yilgacha biror bir gunoh qilmasligingizga kafil bo‘ladi. Ro‘za tutilganda inson nafsiga qattiq qiyinchilik va og‘ir mashaqqatlar sinovi yuklanadi. Shu paytda insonning tili ishga kirishadi. Til esa barcha savoblarni vayron qilib tashlaydi. Ayniqsa bu holat kishining qo‘l ostidagi kishilarda ochiq namoyon bo‘ladi. Ochlik paytida farzandiga baqirishi va ayoliga har xil narsalarni aytishi va ozor berishi ko‘zatilayapdi. Bu degani samarasiz harakat deganidir. Fazilat sohiblari bo‘lmish olimlar ro‘zaning qabul bo‘lgan bo‘lmaganligini oldingi va keyingi vaqt oralig‘i bilan ulchab ko‘rganlar. Agar yaxshilik tarafga qarab o‘zgarmagan bo‘lsa u ro‘zadan qo‘riq chiqibdi. Ya’ni: ro‘zadan nasibasini olib chiqmabdi degan ekanlar. Ro‘zaning ichida shunday savoblar jamlab qo‘yilganki xatto o‘tgan Payg‘ambar alayhissalomlar ham buni orzusida bo‘lganlar. Alloh taolo har bir kuniga bir payg‘ambarining umri davomida topgan savob amalini har bir ro‘za to‘tgan ummati Muhammadiyaga berishini va’da qilgan. Qarang! 30 kunda 30 ta ulug‘ payg‘ambarlarning savoblarini bermoqda, bu esa Allohdan bizga eng katta fazldir. Ro‘zadan ko‘zlangan bir necha maqsadlar bor. Ular qo‘yidagilardir:
Ayniqsa ramazondan so‘ng semirib chiqilsa undagi maqsad xosil bo‘lmagan bo‘ladi. Ulamolar ikki narsa insonni tez qaritadi deganlar. Ko‘p taom istimol qilish va ko‘p ayoli bilan shar’iy suhbat qilish deganlar. Bunga misol Hazrati Usmon roziyallohu anhuning xush surat bo‘lganlari hammamizga ma’lum. U sahobai sharif bir haftada bir marta ayollari bilan payshanba kuni shom bilan hufton oralig‘ida qo‘shilishlari ma’lumotlari keltirilgan. Sunnatga binoan taomlanishda to‘ymasdan tuxtatish kerak. Yana kam yeyishning fazilati tibbiy tarafdan ham isbotlangan. Insonda uchraydigan ko‘p kasalliklarning boshida ko‘p taom istemoli yotadi, deyiladi. Bir yilda bir oy ro‘za tutishdan maqsad ham oshqozon bechoraga dam berishdir. U ko‘p taomni hazm qilaman deb charchab ketadi. Shuning natijasida butun tanada zuriqish oqibatida turli hil bedavo kasalliklar kelib chiqadi. Ayniqsa, to‘q holatda yotilganda butun tana va bosh miya ishlagani bois charchagan holda to‘riladi.
Shuni aytib o‘tish lozimki ulamolar ijmosida inson jasadini 3 kun davomida biror bir yaxshilikka qiyinchilikka sabr qilgan holda qalban odatlantirsa, inson jasadi hech qanday xato kamchilikka yo‘l qo‘ymasdan to‘tinchi kuni jasad 3 kunlik ishning amalining reaksiyasi bilan odatiy ravishda jasad ishga tushib ketadi. Go‘yo bu telefonning zaryadiga qiyos qilinadi. Zaryad olgandan so‘ng bemalol ishlagani kabi inson jasadi ham u tarzda ishlashda davom etadi. Aslida butun zaryad oladigan moslamalar shakli inson tanasi sababidan o‘ylab chiqilgan. Demak, inson majburiy xolatda Allohning farzlarini Rasulullohning sunnatlarini va ulamolar tavsiyalariga 30 kunlik muddatda amal qilib borsa. Uning ma’naviy zaryadi yanagi yil shu ramazon kunigacha yetishini ulamolar e’tirof etishgan. Ramazondan so‘ng bu holat ko‘zatilmasa. Demak, Alloh taolo bizdan istagan narsa amalga oshmagan bo‘ladi. U esa bekorga ramazon oyida o‘z nafsini qiynab ro‘za to‘tgan kishi misoli bo‘ladi. Oldingi zabardast olimlar Burgut misoli ilgir bo‘lishgan. Qayerda katta o‘lja bo‘lsa o‘shani axtarib yurishgan. Ya’ni: savobi past amalga qaramaganlar va unga nazar ham qilishmagan. Alloh taolo bizga shuncha behisob savoblarni berayotgan ekan, biz ham u savoblarni qanday qilib qo‘lga kiritishni o‘ylashimiz va amaliy tarzda unga munosibligimizni namoyon qilishimiz kerak bo‘ladi.
Taom ortidan keladigan zararlar:
Abu Sulaymon Daroniy aytadi, har narsaning boshi bor. Ko‘ngilning boshi ko‘p yemakdir. Va har kim ko‘p yemak odat qilsa besh narsaga mubtalo bo‘lgay.
Birinchi, ibodat zavqini topmagay;
Ikkinchi, xotirasi kesiladi. Nima eshitsa, darhol unutadi;
Uchinchi, shavqatsiz bo‘ladi! Chunki, o‘zi to‘qdir, barcha xalqni to‘q deb biladi;
To‘rtinchi, toat qilishga erinadigan bo‘ladi;
Beshshinchi, shahvati g‘olib bo‘ladi.
“Har kim valiylar martabasiga vosil bo‘lmoq istasa, dunyo va oxiratga rag‘bat qilmay, faqat Alloh taologa qalbini berib, halol luqma yesin”.
Abu Sulaymon Daroniy aytadi:
Abu Sulaymon Daroniy aytadi, mening kunlik odatim nonni tuz bilan yer edim. Bir kuni ko‘za ichida yog‘ bor ekan, unga qo‘shib yegandim. Bir yilcha uning ta’sirining zararidan toat zavqini topmadim. Endi men ajablandimki, hamisha nafs orzularini berursan, sening holing qanday bo‘ladi?
Shubhalik taomdan qo‘lni tortish:
Avliyolar sayyidi, atqiyolar peshvosi Horis Muhosibiy qachonki, bir shubhalik taomga qo‘l uzatadigan bo‘lsa, qo‘lining tomirlari chiqar va shundan bilar edikim, ul taom shubhalikdir. Etlari ustixonga aylansa-da, vujudini shijoat va zavq-shavq tark etmagan kishilarga havaslanib boqishimiz kerakmasmikin? Butun kitoblari va xikmatlari bilan butun dunyoni to‘ldirgan ustozlarning hammalari shu sifatlarni o‘zlarida jam aylagan. Hamma fazilat ochlik ortidan rux oziqasi orqali kelib chiqadi. Katta olimlar ham xatto bizdan andoza olmanglar, goho ojiz banda bilib-bilmay nafsning aldoviga ko‘nadi, deb, nafsning yomonligidan ogoh qilib ketganlar. Holbuki, Saxl Tustariydek buyuk zot nafsini hamisha xumda qama-ganday saqlagan, lekin uning har xil rangda tuslanuvchi aldoviga yurmagan, dod-faryodiga quloq solmagan edi.
Hazrati Saxl Tustariy bir hikmatlarida aytadi:
– Tavba muyassar bo‘lmas ul kishigakim, toki tilsiz bo‘lmagunicha; tilsiz bo‘la olmas, toki xilvatga kirmagunicha, xilvatga kira olmas, toki halol yemagunicha; halol yemoq hosil bo‘lmas, toki haqning haqqini ado etmaguncha. U ham hosil bo‘lmas, to vujudini pok saqlamagunicha, u ham hosil bo‘lmagay, haqdan inoyat yetmagunicha! – deb yozgan ekanlar. Badanda nam va oziqa qolmasdan turib ruxiy oziqa hisoblangan ilm tinglansa! Qalb kiri boshdan tir bo‘lib chiqib ketadi. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: Sahoba Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu boylar atrofida o‘ralashib yurmasdi. Farzandlari unga “Sizdan ulug‘lar ham ularning huzuriga boryapti, siz ham qatordan qolmang” deyishdi. Ul zot: “Ey farzandlarim! Qavm bir o‘likni o‘rab olgan bo‘lsa, unga men ham boraymi?! Allohga qasamki, kuchim yetgunicha ulardan qochaman”, dedilar. Farzandlari: “Ey otajon! Unda biz ochlikdan o‘lib ketamiz- ku?” – deyishdi. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu ularga shunday javob berdi:
– Ey bolalarim! Semiz munofiq holda o‘lishdan ko‘ra, och mo‘minligimcha rixlatga chekinishim men uchun suyukliroqdir. Tufroq, imonni emas, go‘sht va yog‘ni yeyishini unutdinglarmi!..
Allohim o‘zing bizlardan qanday tarzda ro‘za to‘tmoqligimizni estagan bo‘lsang, O‘zing bizlarga u amallarni O‘zing estaganday amalga oshirishimizni nasib aylagin. Va ramazondan so‘ng go‘nohlardan go‘dak misoli pok chiqishligimizni va muttaqiy bo‘lib, kelasi yilgacha yaxshi amallarni musobaqa qiluvchi bo‘lishni nasib aylagin. Va sallollohu ala Muhammad va ala olihi va as'habihi ajma’iyn.
“Fathul Boriy”ning sharhi “Sahihil Buxoriy” asosida
Toshkent islom instituti
“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi kabinet mudiri
Urol Nazar Mustofo tayyorladi.
Islom shariatida ijtihod (ya’ni shariat hukmlarini aniqlashda ilm va dalil asosida izlanish olib borish) juda muhim o‘ringa ega. Shariat o‘z samarasini berishi uchun shaxs, oila, jamiyat va ummat hayotida maqsadlariga erisha olishi uchun, u har tomonlama va har darajada ijtihodning amalga oshirilishiga muhtojdir. Bu — yangi masalalarda ijtihod bo‘ladimi, mavjud fikrlardan tanlab olinadigan ijtihodmi, umumiy yoki qisman, yakka tartibda yoki jamoaviy bo‘ladimi — barchasi shariat faoliyatida zarur sanaladi.
Ijtihodning turli ko‘rinishlari mavjud. Ulardan biri — qozilikdagi ijtihod bo‘lib, bu qozilar tomonidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, islomda ijtihod faol davrlarda va hukmlar qonun sifatida rasman qayd etilmagan, qozilar majburiy ravishda ularga amal qilishga buyurilmagan davrlarda bu juda keng tarqalgan edi.
Ijtihodning yana bir shakli — qonunlashtirishdir. Ya’ni, fiqh hukmlarini huquqiy moddalar shaklida ifoda etish. Masalan, oila qonunchiligi, fuqarolik qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi, ma’muriy va moliyaviy qonunchilik kabi sohalarda. Masalan, Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida hanafiy mazhabi asosida tayyorlangan mashhur "Majallatul ahkom" ana shunday qonunlar to‘plamining namunasi bo‘lgan. Bugungi kunda ham shariat hukmlarini yangi ijtihod asosida tartiblash mumkin, bu ijtihod umumiy ham bo‘lishi mumkin, yoki qisman, yangi yoki mavjud fikrlardan tanlangan holda bo‘lishi mumkin.
Bu amaliyot oila qonunchiligida (yoki "shaxsiy holatlar" deb ataluvchi sohada) amalga oshirilgan. Avvalida bu hanafiy mazhabi asosida bo‘lsa-da, keyinchalik to‘rt mazhab doirasiga kengaydi va yanada ilgarilab, islom fiqhining barcha imkoniyatlaridan bahra olishga o‘tildi. Bu yo‘lni Misrda al-Azhar shayxi — shayx Muhammad Mustafo al-Marog‘iy boshlagan, uni ba’zi mazhab mutaassiblari va taqlid tarafdorlari tanqid qilganlar, lekin u shariat dalillari bilan ularga munosib javob qaytargan.
Ijtihodning yana bir ko‘rinishi — fiqhiy tadqiqotdir. Bu islom ulamolari o‘z halqalarida shogirdlari bilan birga bajargan ishlar bo‘lib, masalalarni bayon qilish, savollarga javob berish va buni shariat matnlari, qoidalari va maqsadlari asosida olib borishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda buni universitetlardagi professorlar yoki ilmiy daraja (magistrlik, doktorlik) ishini yozayotgan talabalar amalga oshirmoqdalar. Ana shunday izlanishlar asosida kitoblar yoziladi.
Ijtihodning yana bir shakli — fetvo berishdir. Fuqaholarga odamlar turli hayotiy masalalarda murojaat qilishadi va muftiy unga javob berishi shart, ayniqsa boshqa muftiy bo‘lmasa yoki u davlat tomonidan tayinlangan bo‘lsa. Muftiyning fatvosi tahqiq va ijtihod asosida bo‘lishi kerak, ya’ni real holatga mos ravishda qaror chiqariladi.
Har bir mazhabda voqealarga mos tushgan fatvolar kitoblari mavjud bo‘lib, ularda barcha fiqh bo‘limlari qamrab olingan. Bu kitoblar mazhab qoidalari asosida tuzilgan va "ahkamun navozil" (yangi masalalarga oid hukmlar) deb ham ataladi.
Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, fatvo zamon, makon, urf-odat va insonlarning ahvoliga qarab o‘zgarishi mumkin. Biz ham bu tadqiqotimizda fatvo beruvchi zamondosh ulamolar uchun ushbu omillarni e’tiborga olishni vojib, deb bildik. Ilg‘or zamon talabiga ko‘ra, oldingi ulamolar ta’riflagan to‘rt omilga yana olti omil qo‘shdik. Ya’ni, hozirgi zamonda fatvoning o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi o‘nta omil bor:
1. Makonning o‘zgarishi
2. Zamonning o‘zgarishi
3. Holatlarning o‘zgarishi
4. Urf-odatning o‘zgarishi
5. Ma’lumotlar o‘zgarishi
6. Insonlar ehtiyojining o‘zgarishi
7. Insonlar imkoniyat va iqtidorining o‘zgarishi
8. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sharoitning o‘zgarishi
9. Ommaviy muammolarning yuzaga kelishi
10. Fikr va qarashlar o‘zgarishi
Albatta, Islomda fatvo berish ulkan mas’uliyatdir. Bu vazifani ilmi va taqvosi yetarli bo‘lmagan odamlarga topshirish mumkin emas. Salafi solihlarimiz bu masalada juda qat’iy bo‘lishgan. Fiqhda va fikrda bilimsiz kishi fatvo bermasligi kerak. Imom Shotibiy shunday deydi: fatvo beruvchi kishi ummat ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rnida turadi — odamlarga Allohning shariati hukmlarini bayon qiladi. Imom Ibn al-Qayyim rahimahulloh fatvo beruvchi haqida shunday deydi: u Alloh taolo nomidan hukm chiqaradigan odamdir, xuddi podshoh va amirlar nomidan qaror chiqaradigan vakillar kabi. Shu sabab, u kishi “I’lom al-mo‘aqqiyn ’an Rabb al-’Alamiyn” (Olamlar Robbisi nomidan imzo qo‘yuqchilarni ogohlantirish) deb nomlangan kitobini muftiylar uchun yozgan.
Qur’oni Karimda Alloh taolo ba’zi masalalarda fatvoni O‘zi beradi. Masalan: “Sendan meros haqida so‘raydilar. Ayt: Alloh sizlarga kalala haqida fatvo beradi” (Niso surasi,176-oyat). “Ayollar haqida sendan so‘raydilar. Ayt: Alloh ular haqida fatvo beradi” (Niso surasi,127-oyat).
Qur’onda “So‘raydilar” degan ibora o‘nlab oyatlarda keladi. Alloh taolo unga “Ayt” (Qul) degan javob bilan murojaat qiladi. Masalan: “Sendan may ichimlik va qimor haqida so‘raydilar. Ayt: ularda katta gunoh bor…” (Baqara surasi, 219-oyat) va shunga o‘xshash oyatlar. Bu ham fatvo va fatvo berishning ahamiyati, ulug‘ligi va mas’uliyatini ko‘rsatadi. Allohning O‘zi fatvo bergan bo‘lsa, bu qanday ulug‘ ish!
Hech bir tadqiqotchiga sir emaski, musulmonlar — dunyodagi yagona ummatdirki, shariat hukmlari haqida savol beradi, ibodatlarida va muomalalarida halol-haromni aniqlamoqchi bo‘ladi. Boshqa bironta millatda — hatto kitobiy yoki butparast bo‘lsin — bunday intizom yo‘q. Shu sababli musulmon davlatlarda fatvo muassasalari tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘pgina mamlakatlarda “Muftiy” lavozimi joriy etilgan. U ayrim mamlakatlarda diniy va ilmiy eng oliy mansab sanaladi. Misrda esa “Shayx al-Azhar” eng yuqori mansab hisoblanadi.
Shu tufayli, muftiyning shartlari, odoblari va fatvo so‘rovchining ham odoblari haqida kitoblar yozilgan, hozirgi zamonda esa fatvo masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy ommaviy axborot vositalari, televideniyelar paydo bo‘lganidan so‘ng “ijtimoiy tarmoq orqali fatvo beradigan” ba’zi shaxslar ko‘paydi, ular har qanday masalada o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatadi. “Bilmayman”, “Bu masala tahqiq talab qiladi”, “Kengash qilishim kerak” demaydi. Holbuki salafi solihlarimizdan biri aytganidek: “Kimki ‘bilmayman’ deyishda xatoga yo‘l qo‘ysa, u halokatga yuz tutgan bo‘ladi”.
Shu maqsadda biz avvalroq «Fatvo: intizom va beqarorlik o‘rtasida» nomli kitobimizni nashr etgan edik. Endi esa ushbu «Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar» nomli risolamizni taqdim etyapmiz. Bu orqali fatvo egalarini to‘g‘ri yo‘l — nurli sirotul mustaqim — bilan yurishga yordam berishni, imkoni boricha haq va to‘g‘rilikni izlab topishga undashni, haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishni va eng oxirida muftiyning Allohdan tavfiq so‘rab, U zotdan ko‘mak so‘rashini istaymiz. Chunki salafi solihlardan biri shunday degan: “Agar bir masala sen uchun qiyin kelsa, ayt: ‘Ey Ibrohimga ilm o‘rgatgan Zot, menga ham ilm o‘rgat!’”. Alloh taolo shunday deydi: «Kimki Allohga iymon keltirsa, Alloh uning qalbini hidoyat qiladi» (Tag‘obun surasi, 11-oyat), «Kimki Allohga suyansa, bas u to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etildi» (Oli Imron surasi, 101-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bizga bunday duoni o‘rgatganlar: “Ey Jabroil, Mikoil va Isrofilning Parvardigori! Osmonlar va yerning yaratuvchisi! Yashirin va oshkora narsalarning bilguvchisi! Sen bandalaring o‘rtasida kelisha olmayotgan masalalarda hukm chiqarasan. Sening izning bilan menga haq yo‘lni ko‘rsat, chunki Sen istagan kimsani to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etasan”.
Yevropa Fatvo va Tadqiqotlar Kengashining Bosh kotibiyati mendan uning madaniy risolalar silsilasiga muqaddima sifatida bir risola yozishimni so‘radi. Men esa mana shu risolani tanladim. Umid qilamanki, bu risola ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladi, musulmonlarni umuman, ayniqsa, ozchilikda yashayotgan musulmonlarni fahm va hidoyatga yetaklaydi. Niyatimiz Alloh uchun. Uning O‘zi bizga yetarli va qanday yaxshi vakildir U.
Allohga muhtoj bandasi —
Yusuf al-Qarazoviy
Do‘ha shahri,
Rabi’ us-soniy, 1428 hijriy
May, 2007 milodiy
Homidjon domla Ishmatbekov
tarjimasi