MOZIYGA NAZAR
Buyuk shaxslar haqida tarixiy dalillar bilan birga, xalq orasida turli rivoyat va afsonalar ham yuradi. Ularning qanchalik ko'pligi o'sha insonning shunchalik mashhurligidan darak beradi. Aslida, bu kabi rivoyatlar, afsonalar zamirida o'ziga xos tarixiy haqiqat ham bo'ladi.
Burhoniddin Marg'inoniy nomi bilan shuhrat qozongan Abul Hasan Ali ibn Abu Bakr al-Farg'oniy ar-Rishtoniy al-Marg'inoniy ana shunday – faqihlar tomonidan e'tirof etilgan, xalq orasida mashhur olimlardandir. Uning nasabi mashhur sahoba Abu Bakr Siddiq (r.a.)ga borib taqaladi. Yuridik fanlar doktori A.Juzjoniy va yuridik fanlar nomzodi J.Yusupova “Burhoniddin Marg'inoniy – buyuk faqih” asarida buni Abdulhay Laknaviy ta'kidlaganini aytgan. Alloma nasabining Abu Bakr Siddiqqa borib ulanishi haqidagi muhim ma'lumotlar Abdulhay ibn Abdulfath al-Husayniy qalamiga mansub “Nasabnomayi Hoja Ubaydulloh Ahror” (“Hoja Ubaydulloh Ahror nasabnomasi”) asarida ham qayd etib o'tilgan.
Olim Farg'ona diyorida tug'ilib voyaga etgan bo'lsa-da, ona yurti ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish uchun o'sha davrning ilmiy markazlaridan bo'lgan Samarqand shahrida tahsilni davom ettirdi. Bu erda u ko'plab olimlar bilan uchrashdi, ilmiy munozaralarda qatnashdi.
Burhoniddin Marg'inoniy “Nashr al-mazhab” (“Mazhabning tarqalishi”), “Kitob-at-tajnis va-l-mazid” (“Fuqarolik huquqini taqdim etish”), “Kitob ul-faroiz” (“Meros haqida kitob”), “Mazid fi furu' al-hanafiy” (“Hanafiy mazhabiga qo'shimchalar”) kitoblarida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulkchilik turi, shakllari (davlat va xususiy mulkchilik), moliyaviy faoliyat, jinoyat va jazoning huquqiy asoslarini, fuqarolik huquqi nazariyasi va amaliyoti, qozilik muassasalari tarkibi, tartibi va jinoyat ishini ko'rish masalalarini batafsil yoritib berdi.
Zamondoshlari allomaga yuksak ehtirom bilan “Burhonuddin val milla” – “Din va millatning hujjati nisbasini bergan. Ta'kidlash joizki, tarixda kamdan-kam kishilarga bunday unvon berilgan.
Jaloliddin Suyutiy “Al-itqon fi ulum al-qur'on” asarida Burhoniddin Marg'inoniyning Qur'on ilmida ham mohirligini aytib o'tgan.
Buyuk tarixchi Shamsiddin Zahabiy allomani “Shayx ul-hanafiyya” – “Hanafiylar shayxi” deb atagan va bu bilan u zotning hanafiy allomalar o'rtasidagi martabasiga ishora qilgan. Hayriddin Zirikliy esa allomani “hofiz, mufassir, muhaqqiq, adib”, deb ta'rif qilgan.
Ulug' faqih Burhoniddin Marg'inoniy haqida Abdulhay Laknaviy “Al-Favoid ul-bahiyya fi tarojim il-hanafiyya” asarida bunday yozgan edi: “Burhoniddin Marg'inoniy imom, faqih, muhaddis, Qur'on mufassiri bo'lib, uni yod bilgan olim, fanlarni yig'ib tartibga soluvchi, zakiy, tadqiqotchi, xudojo'y va pokdomon inson, ulug' faqih, adabiyotchi, shoir, fan va adabiyotda uning tengi yo'q”.
Fiqhiy-huquqiy asarlarning barchasi o'z davrida talabalar uchun o'quv qo'llanma sifatida xizmat qilgan. Ammo Burhoniddin Marg'inoniyning Sharq Uyg'onish davridagi eng katta xizmati “Hidoya” bo'lib, u davrning eng murakkab huquqiy masalalarini tartibga solib bergan asar edi.
Burhoniddin Marg'inoniy ushbu asarni 1165-1178-yillar oralig'ida – 13 yil davomida yozib tugatgan. Asar ixchamligi, mukammalligi, hanafiy mazhabini boshqa sunniylik mazhablari bilan qiyosiy uslubda o'rganib, har tomonlama yoritgani uchun o'ziga xos katta nazariy va amaliy ahamiyat kasb etganini ulamolar ta'kidlagan.
Ma'lumotlarga ko'ra, muallif avvaliga “Bidoyat ul-mubtadiy” nomli katta asar yozadi. Uni Abul Hasan ibn Ahmad ibn Muhammad Quduriyning “Al-Muxtasar” (ilm ahli orasida “AlQuduriy” nomi bilan shuhrat qozongan) kitobi va Muhammad ibn Hasan ashShayboniyning “Al-Jome' as-sag'ir” asariga asoslanib, qisqartirilgan fiqh kitobi sifatida yozib, undagi masalalarni tartibga solishda tabarruk bo'lsin deb, Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy uslubidan foydalangan edi.
Burhoniddin Marg'inoniy “Bidoyat ul-mubtadiy” muqaddimasida bunday deb yozadi: “Yoshlik chog'larimda fiqh ilmining barcha turlarini o'z ichiga qamrab olgan hajmi kichik, foydasi keng bir kitob bo'lsa, deb o'ylab yurardim. Ittifoqan, safar jarayonida Al-Quduriy qalamiga mansub “Al-muxtasar”ni eng go'zal, mo''jaz (qisqa), ajoyib kitob, deb topdim. O'shanda zamonning barcha buyuk olimlari kattakichikni “Al-Jome as-sag'ir” kitobini o'rganishga chorlar edilar. O'shanda har ikkala asarni birlashtirishni o'z oldimga maqsad qildim va zarurat bo'lmasa, u ikki kitob chegarasidan chiqmaslikka qaror qildim va uni “Bidoyat ul-mubtadiy” (“Boshlovchining boshlang'ich kitobi”) deb atadim. Agar bu asarni sharhlashga erishsam, uni “Kifoyat ul-muntahiy” deb atagan bo'lar edim”.
Alloma mazkur niyatiga erishib, unga 8 jildlik katta sharh yozib, “Kifoyat ul-muntahiy” (“Yakunlovchilarni qoniqtiruvchi kitob”) deb ataydi. Lekin muallif bu bilan o'z oldiga qo'ygan maqsadga erisha olmasdi, negaki, sakkiz jildlik katta hajmli sharhni o'qib, uning ichidan kerakli masalalarni topish, shunday katta kitobni olib yurish ilm toliblari uchun qiyinchilik tug'dirardi. Natijada muallif o'z niyati va do'stlari maslahatiga binoan, “Bidoyat ul-mubtadiy”ni qaytadan o'rtacha andozada sharhlashga kirishadi.
573 hijriy, zulqa'da oyining chorshanba kuni boshlangan ushbu asarni yozish uchun o'n uch yil vaqt ketdi. Abdulhay Laknaviyning aytishicha, bu asarni alloma muttasil ro'zadorlik bilan yozgan. Ovqat olib kelgan xodimni jo'natib, taomni shogirdlaridan biri yoki boshqa biror kishiga edirib, bo'sh idishni qoldirar ekan. Hodim taomni ustozning o'zi egandir, deb o'ylab, idishni olib ketar ekan.
Bu haqda shayx Akmaliddin ham to'xtalib, “Alloma “Hidoya” asarini yozish muddati – o'n uch yil davomida ro'zador bo'lgan. Bu davr ichida biror marta ham og'zini ochmagan. Taqvo va parhezlarining barakotidan kitob ulamolar o'rtasida maqbul bo'lgan”, deb aytgan edi.
Burhoniddin Marg'inoniyning “Hidoya” asari to'qqiz asrdan buyon hanafiy mazhabi bo'yicha eng muhim va mo''tabar qo'llanma sifatida barcha musulmon mamlakatlari madrasalari va islom oliy o'quv yurtlarida o'qitilmoqda. Uning matni va qisqartmalari ustidan mashhur faqihlar tomonidan 60 dan ortiq sharh va hoshiya yozilgan hamda “Hidoya” hanafiy mazhabining tarqalishi yo'lida ta'sirchan omil sifatida xizmat qilib kelgan.
Burhoniddin Marg'inoniy “Hidoya” asarini yozish bilan hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shdi. Bu kitobning yozilishi Burhoniddin Marg'inoniy nafaqat fiqhni yaxshi biladigan, balki uning keng ilm sohalarini qamrab olgan qomusiy olim ekanidan darakdir. Chunki u mazkur asarida musulmon olamida mashhur olimlar, xususan, hanafiy va mintaqada faoliyat yuritgan faqihlar chiqargan fatvolarni qiyosiy o'rganib, ulardan haqiqatga yaqinroq va amalda ko'proq qo'llanadiganlarini ajratib ko'rsatib bergan.
Nodirjon ABDULAHATOV,
tarix fanlari doktori, professor
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi 2023-yil 11-aprel, 69-son
“Ey insonlar! Allohga va Uning Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga iymon keltiringlar hamda U Zot Sizlarni xalifa qilib qo‘ygan narsalardan, ya’ni vaqtincha qo‘llaringizda turgan, erta bir kun sizlar istasangiz-istamasangiz o‘zgalarni qo‘llariga o‘tib ketadigan Alloh bergan mol-davlatdan infoq-ehson qilinglar! Bas, sizlardan iymon keltirgan va infoq-ehson qilgan zotlar uchun katta ajr-mukofot bordir!” (Hadid surasi, 7-oyat).
Xalifa deb tarjima qilingan so‘z Qur’onda “mustaxlafiyna” deb keladi. Bu so‘z lug‘atda o‘zini o‘rniga biror kishini o‘rinbosar qilmoq ma’nosida – egasini o‘rniga bir ishni bajaradigan kishiga ishlatiladi. Masalan: Mol-mulk, siz unda mustaxlafsiz, ya’ni u sizni qo‘lingizda omonat, haqiqiy egasi siz emassiz, omonatdor qo‘lsiz xolos! Uni sizga Alloh ko‘rsatgan o‘ringa ishlatishingiz uchungina berilgan!
Bir to‘da tuyasi bor a’robiydan so‘rashdi, bu tuyalar kimniki? A’robiy go‘zal javob berdi: Mening qo‘limda turgan, Allohning mulki! Meni qo‘limda turgan, Allohning mulki! Ya’ni, bu Allohniki! Men uni tasarruf qilishga mas’ulman xolos.
“Mustaxlaf” so‘zini yana ham kengroq tushunsak, mol-mulkda siz mustaxlafsiz. Sihat-salomatlik! Siz unda mustaxlafsiz! Uni o‘zini o‘rnida ishlatishingiz lozim bo‘ladi. Jamiyatda har bir kishini o‘z vazifasi, o‘rni bor. Sizni ham o‘z o‘rningiz, vazifangiz bor. Nochorga yordam berish, kuchsizni himoya qilish ham jamiyat a’zolarini vazifalaridan biri hisoblanadi. Alloh sizga ilm bergan. Siz unda mustaxlafsiz! O‘zini o‘rnida ishlatishga, yaxshi-yomonni eslatishga, halol-haromni bildirishga mas’ulsiz! Allohni oldida javobgarsiz!
Alloh aytadi: “Men yerda Odamni xalifa qilmoqchiman” (Baqara surasi, 30-oyat).
Inson-Alloh uni qo‘liga mol-mulk berib, uni omonatdor qo‘l qilgan Allohni yerdagi xalifasi. Mol-mulk bizniki emas. Aslida bizniki bo‘lmagan narsa qandoq qilib bizniki bo‘lsin. Ya’ni, meni qo‘limdagi mulk meniki emas, uni qo‘lidagi mulk uniki emas, sizni qo‘lingizdagi mulk ham sizniki emas. Biz uni haqiqiy egasi emasmiz. Biz tanovul qilsak tugatamiz, kiysak eskirtamiz va ammo, sadaqa qilganimiznigina o‘zimizga olib qolamiz!
Bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalomga bir qo‘yni hammasini tarqatdim faqatgina qo‘li qoldi xolos dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: Yo‘q unday emas, qo‘lidan boshqa hammasini olib qolibsan, dedilar. Ya’ni, sadaqa qilganing oxiratga zaxira bo‘lib o‘zingda qoladi. Olib qolganing tugab tamom bo‘ladi.
Ey birodarim! "Mustaxlaf" so‘zi juda keng ma’noda tushuniladi. Masalan seni moshinang bor, sen unda mustaxlafsan.
Haqiqatda yordamga muhtojlarni hojatlariga uni ishlatsang uni haqqini ado etgan bo‘lasan. Gunoh, ko‘ngilxushi uchun yoki shunchaki aylanib kelish uchun emas, haqiqatda shunga ehtiyoji bor, chorasiz turgan odamga yordam berishga mas’ulsan! Inson unga berilgan har bir nasibada, iqtidorda, ilmda, hunarda, shijoatda, kuch-quvvatda, g‘ayratda barcha barchasida mustaxlafdir. Mol-mulk ne’mat hisoblanmaydi. Uni qay o‘ringa ishlatilishiga qarab turadi.
Agar Alloh rozi bo‘ladigan-toatga, muhtoj-u nochorlarga xayr-saxovatga, o‘zi mas’ul bo‘lganlarni nafaqalariga ishlatilsagina ne’mat hisoblanadi. Unday bo‘lmasa-gunohu ma’siyatga, kayfu-safoga, foydasiz o‘rinlarga ishlatilsa-balo bo‘ladi, ofat bo‘ladi!
Muhammad Rotib Nobulusiy suhbatlaridan
“Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham YUSUPOV tarjimasi.