Sha’bonning so‘nggi kunlarida turibmiz. Hademay, Ramazon ham kirib keladi. Hash-pash deguncha esa... muborak oy ham yakuniga yetadi. Bizdan lozimi – tabarruk oyni qanday o‘tkazishimiz, biz niyat qilgan mazmunli amallarimizga ulgurib qolishimizdir.
Ayni paytda Ramazon oyida amalga oshiradigan ishlarimizni rejalashtirish vaqtidamiz. Biroq ko‘pincha bu harakatimiz zoye ketadi, Ramazon oxiriga yetganda “oylik hisobot”lar bilan tanishganda peshonamiz tirishadi, “hech narsaga ulgura olmabmanku”, deymiz.
Keling, shu holatning oldini olish maqsadida, ayrim jihatlarga e’tiboringizni qaratamiz. Bu maslahatlar sizga oz bo‘lsa-da yordam bersa, boshimiz osmonga yetadi...
Bu oyning fazilatlarini sanab adog‘iga yetish mushkul. Biroq, har kimning o‘z oliy maqsad va niyatlari mavjud. Biz faqatgina oddiy eslatmalar bilan sizga yordam bermoqni niyat qildik xolos.
So‘zimiz yakunida olamlarga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning Sha’bonning so‘nggi kunida aytgan muborak so‘zlarini keltiramiz.
Salmon Forsiy (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) Sha’bonning so‘nggi kuni bizga xitob qilib aytadilarki:
-Ey insonlar, sizlarni buyuk bir oy bag‘riga olayotir. Unda ming oydan ham xayrli bo‘lgan qadr kesachi bor. Alloh bu oyda ro‘za tutishni farz qilgan. Tun ibodatini esa nafl sanagan. Kim bu oyda bir savob ish qilsa, u savobligidan tashqari, bir farzni ado etgan kimsa, singari bo‘lar. Bu sabr oyidir. Sabrning mukofoti esa jannatdir. Bu lutf oyidir. Bu oyda mo‘minning rizqi ortadi. Kim bu oyda ro‘zadorlarga iftor qilib bersa, bir qulni ozod qilganchalik savob oladi. Gunohlari afv etiladi...
- Kim ishonib va savobidan umid qilib ro‘za tutsa, Alloh uning o‘tmishdagi va kelajakdagi gunohlarini afv etadi. Alloh buyuradiki: “Odamzotning har amali o‘zi uchundir, lekin ro‘za mustasno. U Men uchundir. Buning mukofotini Men o‘zim beraman!”
Mening ummatimga avvalgilarga berilmagan besh xislat berildi:
Sharifa G‘ANIYEVA
“Ziyo” studiyasi muharriri
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati