Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

Intiq kutganimiz – shahri Ramazon

26.05.2017   78477   5 min.
Intiq kutganimiz – shahri Ramazon

Sha’bonning so‘nggi kunlarida turibmiz. Hademay, Ramazon ham kirib keladi. Hash-pash deguncha esa... muborak oy ham yakuniga yetadi. Bizdan lozimi – tabarruk oyni qanday o‘tkazishimiz, biz niyat qilgan mazmunli amallarimizga ulgurib qolishimizdir.

Ayni paytda Ramazon oyida amalga oshiradigan ishlarimizni rejalashtirish vaqtidamiz. Biroq ko‘pincha bu harakatimiz zoye ketadi, Ramazon oxiriga yetganda “oylik hisobot”lar bilan tanishganda peshonamiz tirishadi, “hech narsaga ulgura olmabmanku”, deymiz.

Keling, shu holatning oldini olish maqsadida, ayrim jihatlarga e’tiboringizni qaratamiz. Bu maslahatlar sizga oz bo‘lsa-da yordam bersa, boshimiz osmonga yetadi...

  • Maslahatimiz oy boshidan rejalaringizni bir varaq qog‘ozga qoralab qo‘ying, hattoki soatlarigacha;
  • Avvalo bu oyda har tomonlama poklanishni ixtiyor eting. Ayniqsa, nafsingiz tozaligiga, ruhiyatingiz pokligiga erishishga intiling;
  • Asosiy ishlaringizni kunning birinchi yarmigacha tugatishga harakat qiling. Hech qachon tugallanmagan ishni ertagacha qoldirmang, chunki ertaning ham o‘z yumushlari bo‘ladi;
  • Har qanday holatda ham yaxshilik qilishga intiling, bu kimgadir ko‘mak bo‘ladimi, og‘irini yengil qilish bo‘ladimi, qo‘ldan kelgancha ezgulikka shoshiling. Binobarin, Payg‘ambar alayhissalom: “Ushbu oyda qilingan har bir saxovat farz amal darajasiga, bir farz amal fazilati esa boshqa oylarda qilingan farzga nisbatan yetmish darajaning ko‘prog‘iga teng” ekanligini aytganlar. Shu boisdan ham, imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligimiz kerak;
  • Vaqtingizni behuda o‘tkazmang. Biz vaqt haqida ko‘p gapiramiz, biroq Ramazonning bahosi yo‘q, imkonlarga boy, duolari ijobat, yaxshiliklar uchun savoblar orttirib beriladigan lahzalarini qaytarish amrimahol, topish mushkul. Shunday ekan, har soniyangizni qadrlang, yo‘lda bo‘lasizmi, biror narsa kutayapsizmi, bekor turmang. Foydali kitob o‘qishingiz mumkin, yodlamoqchi bo‘lganingizni takrorlab yurishingiz mumkin. Hech bo‘lmaganda, kuningiz uchun rejalar tuzib olishingiz ham mumkin;
  • Yaqinlaringizni yo‘qlab turishni unutmang. Ayniqsa, ota-onangiz, oila a’zolaringizdan hol-ahvol so‘rang, lozim bo‘lsa, ko‘maklashing, xizmatlarini qilib, mamnun eting. Qolaversa, qarindoshlar va do‘stu tanishlardan sim qoqib bo‘lsa-da gaplashib, xabar oling;
  • Bemor ziyoratiga oshiqing. Qarindoshlardanmi yoki mahalladan kimdir betob bo‘lsa, borib ko‘rishni kanda qilmang;
  • Tilingizni faqat va faqat yaxshi so‘zlarga o‘rgating. Muborak oy sharofati bilan birorta nojo‘ya gap gapirmaslikka harakat qiling;
  • Sadaqa qilishga shoshiling. Bu degani faqatgina moddiy yordam emas. Balki, kimgadir yaxshilik qilib yoki shirin so‘z bilan, boringki tabassum ulashib savoblarga erishing;
  • Yuqoridagi eslatmalarga asosan, Ramazon oyini sermazmun o‘tkazsangiz, fazilatlaringiz yuzaga chiqishiga omil bo‘ladi. Natijada esa yil davomida sizni yaxshiliklar tark etmaydi, inshoalloh.

Bu oyning fazilatlarini sanab adog‘iga yetish mushkul. Biroq, har kimning o‘z oliy maqsad va niyatlari mavjud. Biz faqatgina oddiy eslatmalar bilan sizga yordam bermoqni niyat qildik xolos.

So‘zimiz yakunida olamlarga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning Sha’bonning so‘nggi kunida aytgan muborak so‘zlarini keltiramiz.

Salmon Forsiy (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) Sha’bonning so‘nggi kuni bizga xitob qilib aytadilarki:

-Ey insonlar, sizlarni buyuk bir oy bag‘riga olayotir. Unda ming oydan ham xayrli bo‘lgan qadr kesachi bor. Alloh bu oyda ro‘za tutishni farz qilgan. Tun ibodatini esa nafl sanagan. Kim bu oyda bir savob ish qilsa, u savobligidan tashqari, bir farzni ado etgan kimsa, singari bo‘lar. Bu sabr oyidir. Sabrning mukofoti esa jannatdir. Bu lutf oyidir. Bu oyda mo‘minning rizqi ortadi. Kim bu oyda ro‘zadorlarga iftor qilib bersa, bir qulni ozod qilganchalik savob oladi. Gunohlari afv etiladi...

- Kim ishonib va savobidan umid qilib ro‘za tutsa, Alloh uning o‘tmishdagi va kelajakdagi gunohlarini afv etadi. Alloh buyuradiki: “Odamzotning har amali o‘zi uchundir, lekin ro‘za mustasno. U Men uchundir. Buning mukofotini Men o‘zim beraman!”

Mening ummatimga avvalgilarga berilmagan besh xislat berildi:

  1. Allohning nazdida ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan xid mushkdan ham shirinroq bo‘ladi.
  2. Malaklar iftorgacha ro‘zador uchun istig‘for aytadilar.
  3. Bu oyda shaytonlar jilovlanadi.
  4. Alloh har kuni jannatni bezattiradi va “Solih bandalarim qalblaridan yomonlikni yo‘q qilishi uchun shoshilinch harakat qilishyapti”, - deydi.
  5. Alloh oyning so‘nggi kechasida bandalarini afv etadi.

Sharifa G‘ANIYEVA

“Ziyo” studiyasi muharriri

Ramazon
Boshqa maqolalar

Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

28.04.2025   5206   1 min.
Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.

Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:  

–      Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);

  • Imomul mutakallimiyn (Kalom ilmi olimlari peshvosi);
  • Musahhihu aqoidil muslimiyn (Musulmonlarning aqidalaridan xatolarni tuzatuvchi);
  • Roisu ahli sunna val jamoa (Ahli sunna val jamoa boshlig‘i);
  • Nosirus sunna va qomi’ul bid’a (Sunnatni himoya qiluvchi va bid’atlarni bostiruvchi);

–  Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).

Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.

Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.   

Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.