Qorilarimizning Ramazon oyi munosabati bilan tarovih namozlarini o‘qishi uchun qo‘shni respublikalarga yuborilishi o‘ziga xos yaxshi an’anaga aylandi.
Bu yil ham o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, bir qator qorilarimiz joriy yil Ramazon oyida tarovih namozlarini o‘qib berishlari uchun Rossiya Federatsiyasiga jo‘nab ketdi.
Rossiya musulmonlari diniy jamiyati taklifiga binoan, 26 may kuni, erta tongda 6 nafar – Chilonzor tumani Bosh imom-xatibi Abdukarimov Husniddin, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi xodimi Xudoyberdiyev Farrux, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ta’lim bo‘limi xodimi Xaydarov Mirodil, Shayxontohur tumani “Dorus-Salom” masjid noib-imomi Ubaydullayev Islom, Chilonzor tumani “Qatortol” masjidi imom-xatibi Alimov Abror va Yashnobod tumani “Ali ibn Abu Tolib” masjidi noib-imomi Mirsodiqov Nurilla kabi qorilarimiz Moskva shahriga safarbar etildi.
Qorilarimiz muborak oy davomida Rossiya Federatsiyasi shaharlarida musulmonlarga tarovih namozlarida xatmi Qur’on o‘qib beradilar.
Shuningdek, safar davomida qorilarimiz Rossiya Federatsiyasi shaharlarida tashkil etiladigan diniy marosimlarda ishtirok etishlari kutilyapti.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Bomdod namozi kirgach to quyosh chiqquncha Qur’on tilovati, zikrlar, ilm yoki boshqa xayri ishlar bilan shug‘ullanish o‘rniga dunyoviy gap-so‘zlar bilan vaqt o‘tkazish makruhi tanzihiydir. Chunki bu vaqtda qilingan zikrlar uchun juda katta savoblar va’da qilingan, mo‘min bandaga bunday imkoniyatni boy berish to‘g‘ri kelmaydi.
Ilm bilan shug‘ullanish, solihlarning hikoyasini o‘qish yoki tinglash, mehmon bilan yoki hojati bor odam bilan gaplashish xayrli ish hisoblanadi, shuning uchun bular makruh emas, aksincha mustahab bo‘ladi.
Albatta, hojat yoki zarurat bo‘lgani uchun dunyoviy gaplar so‘zlashning hech qanday ziyoni yo‘q.
Prof. Dr. Saloh Abul Hojning «Til sayqali» kitobidan