Fitriy xislatlar bu- sunnat, yo Payg‘ambarlarning sunnatlaridir. Uni biz Islomdagi poklik xislatlaridan biridir, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Fitriy xislatlar bu-shari’atga doir ish, yo sunnat, yo Payg‘ambarlarning sunnatlari[1]va inson tabiatiga xos alomatlar hisoblanadi. Zero, Alloh taolo insonni mana shu fitrat bilan yaratdi. Fitrat barcha insonga bog‘liq hodisadir. Fitrat Alloh taolo mana shu sifatlar bilan yaratgan narsadir. Bu xislatlar nafaqat ummati Muhammadiyda, balki oldingi shariatlarda ham bo‘lgandir. Soddaroq tarzda, misol bilan aytadigan bo‘lsak, inson tug‘ilganidan so‘ng kindigi kesilishi singari holatlarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Biz bu mavzuda faqatgina shar’iy va fitriy xislatlardan biri bo‘lgan tirnoq olish borasidagi sunnnatga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Mazkur shar’iy xislatlar esa hadisi muborakda keltirib o‘tilgan.
عن عائشة أم المؤمنين -رضي الله عنها- حيث قالت: قال رسول الله عليه الصّلاة والسّلام:
عشرٌ من الفِطرةِ: قصُّ الشَّاربِ، وإعفاءُ اللِّحيةِ، والسِّواكُ، واستنشاقُ الماءِ، وقصُّ الأظافر، وغسلُ البراجمِ، ونتفُ الإبطِ، وحلْقُ العانةِ، وانتقاصُ الماءِ. قال زكريَّاءُ: قال مصعبٌ: ونسيتُ العاشرةَ، إلَّا أن تكونَ المضمضةَ. زاد قُتيبةُ: قال وكيعٌ: انتقاصُ الماءِ يعني الاستنجاءَ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalom marhamat qilib aytadi: “O‘n narsa fitratdandir. Ular; mo‘ylovni qisqartirish, soqolni tek qo‘yish-tig‘ tekizmaslik[2], misvok, burunga suv tortib qoqish,tirnoq olish, barmoq va bo‘g‘imlar orasini hilol qilish, qo‘ltiq osti tukini yulish, qovsupachasidagi tuklarini qirish, istinjo qilish. Roviy Mus’ab aytadi, shu o‘ninchisi yodimdan ko‘tarildi, u og‘izni g‘arg‘ara qilish bo‘lishi kerak”[3]. Yana boshqa rivoyatlarda oq sochni yulmaslik va oq sochni qora rangga bo‘yamaslik kabilar keltiriladi.
تقليم – (taqlim) degani qism-qism, parcha-parcha qilib olish degan ma’noni bildiradi. Shar’iy istelohda esa; barmoq boshida mavjud bo‘lgan tirnoqning boshi tengligidan ortib turgan qismini bartaraf qilishga aytiladi.
Darhaqiqat, Alloh taolo insonni xushbichim va eng go‘zal shaklu shamoyilda yaratgan. Odamga turli maqsadlarini amalga oshirish uchun qo‘llarni paydo qildi. Qo‘llarga esa ishlarni oson bajarishi, qiyinchiliklarga uchramasligi uchun shoxsimon tuzilma bo‘lib, metindek mustahkam g‘ilofni berdi. Buning natijasida tirnog‘i barmoq boshidan uzun bo‘lmagan qo‘llar yordamida istalgan maqsadni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Endi, ish odamzot uchun yanada osonlashdi. Faqat, kir va mikrob to‘planadigan darajada o‘stirmaslik qoldi xolos. Zero, tirnoqlarni vaqtida olib turish, uni chiqindi anjomiga aylanib qolmasligini taminlaydi.
Tirnoq barmoq boshi ustidan chiqqan erkin qism, tana va ildizdan iborat. Tirnoq o‘rning ildiz va chuqurcha bilan qoplangan qismi matritsa deyiladi. Shu matritsa hujayralarning ko‘payishi tufayli tirnoq uchiga qarab asta sekin o‘sib boradi. Tirnoq bir kecha kunduzda o‘rta hisboda 0,1-0,2 mm o‘sadi. Taxminan 100 kunda to‘liq yangilanadi. Tirnoq kishining yoshi, jinsi, organizmning umumiy holati va boshqa omillarga bog‘liq. Masalan, bolalar tirog‘i kattalarnikiga nisbatan tezroq, yoki qishda yozdagidan sekinroq o‘sadi. Tirnoq 10-15 mm, eni 10-17 mm, qalinligi 0,30-0,37mm, ayollarda kichikroq va yupqaroq bo‘ladi. Sog‘lom kishining tirnog‘i bir oz bo‘rtib chiqqan, silliq, tiniq va rangsizdir[4].
Hadisi sharifda ham Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam bir sahobiyga qarata: “Tirnog‘ingni olib yur. Chunki, shayton o‘sib ketgan tirnoq ichiga in qurib oladi”, deb marhamat qilganlar.
Albatta, ehtiyoj vaqtida poklanish dinimizning qat’iy talablaridandir. Biz bayon qilgan fitratlar turlicha ko‘rinishda bo‘ladi.
Misol uchun umrida bir marotaba qilinadigan xatna; ma’lumot sifatida tug‘ilganining yettinchi kunida qilish afzal.
Ibodatni ado qilish uchun amalga oshirish. Ya’ni, tohoratga tegishli bo‘lgan og‘izni g‘arg‘ara qilish, burunni achitib suv tortish, misvok qilish; Ma’lumot sifatida aytib o‘tamiz Qur’on o‘qish uchun ham misvok qilish yaxshi amal hisoblanadi.
Juma, jamoat va hayit namozi singarilarga borish uchun poklanish;
Insonlar bilan o‘zaro muloqot qilish uchunu xoh do‘stlar davrasida bo‘ladimi, xoh ishda bo‘ladimi, xoh majlisda bo‘ladimi, xoh oilada bo‘ladimi farqi yo‘q, odamlarga noxush hidlar bilan ozor bermaslik.Yana bir oddiy misol Payg‘ambar alayhissalom uzoq muddatlik safardan qaytayotgan odamni oilasini boxabar qilmasdan, hech qanday tayyorgarliksiz, ha yo‘q, ba yo‘q to‘satdan kirib kelishidan qaytargan. Sababi esa U zot sollollohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Soch soqolini tartibga keltirib, ya’ni tarab, begona odamlarning ko‘zi tushmaydigan ortiqcha tuklarini olib”, kelishga buyurganlar.
Ehtiyoj yuzasidan qilinishi. Misol uchun mo‘ylovni qisqartirish, tirnoq olishkabi go‘zal ishlarga shari’atimiz tomonidan buyurilganini ko‘rishimiz mumkin.
Tirnoqlarni oralatib juma kunida olish sunnat hisoblanadi. Ba’zi olimlar jumaning zavoligacha olish yaxshi deydilar. Hatto tirnoq kaltalatishni vojib deb aytgan olimlar ham bor. Hadisi muborakda: “Albatta, kim tirnog‘ini juma kuni zavoldan oldin oladigan bo‘lsa, dardlaridan xolos bo‘lib, shifo topadi”, ushbu sanadni Ibn Butta Humayd ibn Humayd ibn Abdurahmondan u esa otasidan rivoyat qilgan. Ibn Butta “Al-Mustav’ib”, da ushbu hadisga amal qilish fazilat jihatidan deb aytib o‘tadilar. Mustahabi esa tirnoqni payshanba kuni asrdan keyin olishdir. Mana shunga amal qilinadi. Hadis kitoblarning sharhlarida payshanba kuni olish Payg‘ambar alayhissalom qilganliklari va Ali roziyallohu anhuga bu haqida aytganlari keltirib o‘tilgan.
Abdurazzoq aytadi bir kishi payshanba kuni Sufyon Savriyning oldida tirnog‘ini olmoqchi edi. Boshqa bir kishi unga: “Shuni juma kuniga qoldirsang bo‘lardi?” dedi. Buni eshitgan Sufyon: “Sunnat biror sababga ko‘ra, kechiktirilmaydi”, dedi. Shuningdek, sahih xabarga ko‘ra, yo‘q deganda qirq kunda bir olib turish sunnat. Bir rivoyatda muqim uchun yigirma kun. Musofirga esa qirq kun deyilgan. Imom Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh qachon ehtiyoj sezilsa, shunda olish mustahab deganlar. Abdurazzoqning o‘zlari va amal yuzasidan mashhuri hamda keng tarqalgani ham har haftaning juma kuni yo payshanba kuni olish mustahab hisoblanadi. Bu gapni undan boshqa olimlar ham aytib o‘tishgan. Ibn Butta Ibn Umar roziyallohu anhu o‘zlari har haftaning juma kuni mo‘ylov va tirnoqlarini qischartirardilar deb rivoyat qilgan.
Darhaqiqat, birinchi navbatta qo‘l, so‘ng oyoq tirnoqlari olinadi. Qo‘ldan boshlashda ham avval o‘ng qo‘ldan boshlab, keyin chap qo‘l barmoqlariga o‘tishlik mustahabdir. Zero, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy rohimahulloh Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisga muvofiq qiydagilarni aytadilar: “Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam oyoq buyum kiyish, soch tarash, tohorat-poklanish va barcha xayrli ishlarda o‘ng tomondan boshlashni yaxshi ko‘rar edi”[5]. Imom Navaviy: “Tirnoqni hammasini olish sunnat. Ayol bo‘ladimi, erkak bo‘ladimi farqi yo‘q. O‘ngdan boshlash esa mustahabdir”[6], degan. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, Hofiz Ibn Hajar rohimahulloh “Fathul Boriy” nomli kitoblarida tirnoq olish borasida kelgan hadislarning birortasini sobit qilmaganlar[7]. Lekin, Imom Navaviy Muslimning sharhida qat’iy tarzda: “O‘ng qo‘lning ko‘rsatgich barmog‘idan boshlanadi. So‘ng o‘rta barmoq va nomsiz barmoq keyin jimjiloq tirnoqlari olinadi va chap qo‘lga o‘tishdan ilgari bosh barmoq olinadi. Chap qo‘l barmoq tirnoqlarini esa jimjiloqdan bosh barmoq tirnoqlariga qadar olinadi. Oyoq barmoqlariga keladigan bo‘lsak, o‘ng oyoqning jimjilog‘idan boshlanib to bosh barmog‘iga qadar olinadi. Davomi o‘laroq, chap oyoqning bosh barmog‘idan to jimjiloqqa qadar olinadi”[8], deb aytadilar.
Ibn Mufallah degan olim esa “Shari’at odoblari” degan kitobida boshqa bir tartibni keltirib o‘tadilar.U kishi biz aytib o‘tganga teskari ravishda tirnoq olish haqida aytadi. Mazkur ko‘rinishni Ibn Butta tushuntirib o‘tganlar. “Birinchi bo‘lib, o‘ng qo‘lning jimjilog‘idan boshlanadi. So‘ng o‘rta katta barmoq olinadi. So‘ng bosh barmoq. Undan keyin qoldirilib ketilgan nomsiz va ko‘rsatkich barmoqlar olinadi. So‘ng chap qo‘l barmoqlariga o‘tiladi va bosh barmoqdan boshlanadi. So‘ng o‘rta barmoq so‘ng jimjiloq olinadi. Keyin qoldirib ketilgan ko‘rsatkich va nomsiz barmoq tirnolari olinadi”. Bu Ibn Butta aytgan uslub, xuddi orada bir barmoq qoldirib sakrashga o‘xshaydi. Keyin o‘sha qoldirilgan tirnoqlari olinadi.
Al-Omadiy ham shunga o‘xshash uslubni aytib o‘tadi. Ya’ni,unga ko‘ra birinchi bo‘lib o‘ng qo‘lning bosh barmog‘i, so‘ng orada ko‘rsatkich bamoqni tashlab o‘rta katta barmoq, so‘ng yana nomsiz barmoqni tashlab jimjiloq tirnog‘ini olinadi. So‘ng qoldirib ketilgan ko‘rsatkich va nomsiz bamoqlar olinadi. Chapqo‘l ham xuddi shunday uslub deydi.
Yana bir rivoyatda esa o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘idan boshlanadi to‘g‘ridan to‘g‘ri to jimjiloqqacha olinadi. So‘ng chap qo‘lga o‘tiladi va chap qo‘lning jimjiloq barmog‘idan boshlanib, o‘ng qo‘lning bosh barmog‘ida tugatiladi.
Qozi Vake’ ibn Jarroh rohimahullohdan u kishi Oisha rozyallohu anhodan keltirigan isnodda quyidagi hadis aytiladi: “Ey Oisha tirnoq olishni jimjiloqdan boshla. So‘ng katta o‘rta barmoq va bosh barmoq tirnog‘ini ol. Keyin qoldirilib ketilgan nomsiz barmoq va ko‘rsatkich barmoq tirnoqlarini ol. Zero, shu tarzda olish boy bo‘lishga sabab bo‘ladi”. Mana shu keltirilgan rivoyatga amal qilinadi.
Yana boshqa bir hadisda esa: “Kim tirnog‘ini oralatib olsa, hayoti davomida ko‘z og‘rig‘iga uchramaydi”[9], Ibn Butta rivoyati. Yana u kishi vatan himoyasi va mudofaa yo‘lidagi askarlar uchun o‘sib ketishining zarari yo‘q deb qo‘shimcha qildilar.
Tirnoq olgandan keyin qo‘lni va barmoq uch qismlarini yaxshilab yuvish, shuningdek, olingan tirnoq parchalari, soch va hijoma qoni, umumiy badandan chiqqan qonlar, uzilgan tana a’zolarini ko‘mish mustahabdir.Zero, Ibn Umar roziyallohu anhu mazkur ishni qilardilar. Xuddi shunday mazkur muddatlarda qo‘ltiq osti tukini yulish va qov supachasidagi junlarni qirish ham mustahab amallardandir. Ushbu amallarni bajarishda qaychi yo shifokor maslahatiga ko‘ra badandagi to‘kadigan dorilar va shunga o‘xshash narsalarni ishlatish ham joiz. Lekin, tish bilan tirnoq olish makruh amallardan hisoblanadi.
Imom Ahmad Alloh taoloning:
“Axir Biz yerni tiriklarni ham, o‘liklarni ham yig‘uvchi qilib qo‘ymadikmi?!”[10] tafsirida “Tiriklar unga qon, soch va tirnoqlarini xuddi vafot etganlarini ko‘mishgani singari, tashlab ko‘mishadi”, deb aytadi. Abu Dovud “Marosil” nomli kitoblarida: “Payg‘ambar alayhissalom hijoma qildirib bo‘lgach, bir kishiga bu qonni it iskab topmasligi uchun ko‘mgin”, deb keltiradi. Al-Xollal va Ibn Butta keltirgan isnodga ko‘ra: “Payg‘ambar alayhissalom tirnoq olgan va ko‘mgan”, deb aytiladi. Vakiy isnodi bilan Mujohiddan uni olgandan keyin ko‘mish mustahabdir, degan so‘z rivoyat qilingan. Bunga dalil “Payg‘ambar alayhissalom qon va soch kabi narsalarni ko‘mishga buyurgan”, deb keltiriladi. Mahna Imom Ahmad rohimahullohdan tirnoq va soch olganganidan so‘ng ko‘miladimi yo tashlab yuboriladimi? deb so‘raganda u: “Ko‘miladi”, deb aytdi. Shunda bu borada biror xabar kelganmi? deb so‘raganda, u: “Ibn Umar roziyallohu anhu uni ko‘mardilar”, deb aytdi. Ba’zi olimlar ovloraq-oyoq ostida qolib ketmaydigan daraxt taglari kabi joyga tashlasa ham bo‘ladi deyishgan. Lekin, hammom va xojatxona singari joylarga tirnoqni tashlash mumkin emas. Shuni alohida ta’kidalash kerakki, biz yuqorida aytib o‘tgan vaqtdan qov tuklari, qo‘ltiq va mo‘ylovni qirish-qisqartirishni o‘tib ketishi makruh hisoblanadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U Payg‘ambar alayhissalomning quyidagi so‘zlarini eshitdim: “Besh narsa fitratdan hisoblanadi. Bular xatna qilish, qov junini olish, mo‘ylov qisqartirish, qo‘ltiq osti junini yulish va tirnoq olishdir”. Muttafaqun alayh.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U: “Payg‘ambar alayhissalom bizlarga alohida ta’kidalab, mo‘ylovni qisqartirish, tirnoq olish, qo‘ltiq osti tukini yulish va qov tuklarini qirishni qirq kundan o‘tib ketmasligini aytardilar”, deb aytgan. Imom Muslim, Ahmad, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar rivoyat qilishgan[11].
“Mustav’ib” va “Talxis”da quyidagilar keladi. Oynaga qarab yuqorida aytilgan ortiqcha tuklarni qaychiga o‘xshash vosita bilan olsa ham bo‘ladi. Erkak kishi rangsiz, hidli xushbo‘ylik bilan xushbo‘ylanishi va ayol kishi esa rangi boru hidi yo‘q atir bilan xushbo‘lanishi mustahabdir.
Ba’zi mazhab olimlari haj vaqtida hajning hurmati uchun olinmay turgani ma’qul deganlar ham bor. Lekin, yuqorida aytilgan ikki kun payshanba va jumadan boshqa kunda olsang falon va falondaqa yomonliklarga uchraysan degan gaplar, qolaversa xalqimiz orasida keng tarqalgan kechqurun tirnoq olib bo‘lmaydi, singari so‘zlarning asosi yo‘q va bekorchi so‘zlardir. Xalifa Xorun ar-Roshid buyuk imomi, qozilarning qozisi Abu Yusuf rohimahullohdan “Kechasi tirnoq olsa bo‘ladimi?”, deb so‘raganlarida “Bo‘ladi”, deya javob berganlar. Xalifa bu borada dalil so‘raganda, Abu Yusuf: “Xayrli ishlar kechiktirilmaydi”, degan asosi javobni beragnlar. . Tunda olishning hech qanday zarari yo‘q degan ma’noda javob bergan ekan.
Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda ayrim yoshlar orasida bizning o‘zbek mintalitetimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan g‘arb madaniyati “ommaviy madaniyat”ga taqlid juda kuchayib ketmoqda. Ular buni “moda”deb izohlashmoqda. Ayniqsa, tuppa tuzuk muslimaman deb yurgan singillarimiz orasida bu kabi holat uchrayotganligi achinarli holatdir.Ammo, haqiqiy musulmon banda Alloh va Rosuli nimaga buyursa, shuni qiladigan, nimadan qaytarsa, shundan qaytadigan bo‘lishi kerak. Zero, Payg‘ambar alayhissalom ummutlarining barchasini faqat ezgulik sari chorlaydigan zot edi. Qolaversa, bizlarni tirnoq qo‘yishdan qaytargan. Qisqartirishni esa sog‘lom tabiat va yuksak did deb atagan. Biroq, tirnoqni qasddan, yo beparvo bo‘lgan holda o‘stirish jirkanch ishlardan va islom dinida joriy qilingan sunnatga xilofdir. Shuningdek, uzun tirnoqlar tohorat vaqtida barmoq uchiga suv yetishidan to‘sqinlik qilishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida tohorat va ibodatga nuqson yetkazadi. Yana, dinimiz ko‘r-ko‘rona taqlid qilish va o‘zini boshqa dindan bo‘lgan yo dinsiz adashganlarga o‘xshatishdan qaytargan. Bir o‘ylab ko‘rilsa, tirnoq o‘stirish o‘zini xuddi yirtqich hayvonga o‘xshatishday gap. Sog‘lom tabiatli inson buni hech ham hazm qila olmaydi.
Qays ibn Abu Hozim: “Payg‘ambar alayhissalom bir namozni ado qilayotganda chalg‘ib ketdilar. Buning sababi u zot alayhissalomdan so‘ralganda: “Qanday chalg‘imay, vaholangki, sizlar tirnoqni olmay, uni kir bostirib kelasizlar?!”,deb javob berdi”, deya rivoyat qilgan. Abu Ubayd bu voqeada tirnoq o‘stirishqoralangan deb aytgan. Shuningdek, tirnoqni bo‘yash, lak[12] qo‘yish va suniy tirnoq qo‘yishni ba’zi olimlar ma’qullamaganlar. O‘z novbatida bu kabi holatlar g‘usl va tohoratga xalal yetkazadi. Faqat qo‘yilgan lak va sun’iy tirnoqlarni ketkizilsagina ular ado qilingan bo‘ladi.Shuningdek, g‘usl vojib bo‘lgan holatda o‘sgan tirnog‘i bo‘lsa, to g‘usl qilmasdan uni olib bo‘lmaydi. Mobodo olsa o‘sha a’zo poklik hukmida bo‘lmaydi deyishadi. Biroq, xina[13]ga o‘xshash o‘zidan suv o‘tkazadigan bo‘lsa, mahrami uchungina durust degan qavllar bor. Shunda ham tirnoq bezagini begona erkaklarga ko‘z-ko‘z qilish, shari’atimizda man qilingan. Ayniqsa, sun’iy tirnoq insonnikidan qilingan bo‘lsa, uni qo‘yish mutlaqo mumkin emas.
Shu o‘rinda ba’zi iqtiboslarni keltirib o‘tmoqchimiz;
Savol: Oyoq-qo‘l tirnoqlariga lak qo‘ygan holda qilingan tahorat durust bo‘ladimi?
Javob: Odatda lak o‘zidan suv o‘tkazmaydi. Shuning uchun lak ostidagi tirnoqlarga suv tegmay qolgan bo‘ladi. Bu bilan tahorat ham, g‘usl ham durust bo‘lmaydi. (Xoyrul fatavo)
“Sham va xamir kabi tanaga suv yetishga to‘sqinlik qiladigan narsalarni ketkizish lozim” (Maroqil faloh)
Savol: Tirnoq osti tahoratda yuvilishi vojibmi?
Javob: “Tirnoq barmoqning uchini yopib turadigan darajada uzun bo‘lsa, tirnoq ostiga suv yetkazish vojib bo‘ladi. Agar qisqa bo‘lsa (o‘z-o‘zidan suv yetganligi tufayli) yetkazish vojib bo‘lmaydi. Agar tirnoqlar o‘sib, barmoq uchlaridan o‘tib ketsa, ijmo’ga ko‘ra tirnoqni (uning ustki va ostki qismini) yuvish vojib bo‘ladi”. (Fatvoi Hindiya)[14]
Zamonamizning tibbiy xulosasi ham tirnoq o‘stirishni yoqlamaydi. Tibbiyotga doir bo‘lgan butun olam ilmiy kengashida ham professor Yahyo Xo‘ja va professor Ahmad tirnoqni meyorida qisqartirib yurishning o‘zi, inson uchun ziynat va chiroy bag‘ishlab turishini ta’kidlaganlar. O‘stirishning esa hech qanday faydasi yo‘q.
Tirnoq o‘stirishning tibbiy zararlari;
Yana shuni alohida takidalash kerakki, uzun tirnoqlar qattiq jismlar bilan to‘qnashib ketish yo ovqat tayyorlash jarayonida yonib ketish holatlari yuzaga kelishi mumkin.
Tirnoqlar ba’zi ichki kasallik va uning tashqi tuzilishi shaxsning xarakteridan ham darak beradi. Misol Addison, pnevmaniya, emfizema, mikroniziyaxastaligi, yurak, qon jigar va temir yetishmasligi kabi va hokazo... Yurak qon tomir kasalligiga chalinganlarning tirnoqlari rangi ko‘kimtir tusda bo‘ladi. Jigar kaslligida esa sarg‘ish tusda bo‘ladi. Qadimda ajdodlarimiz bu uslubdan tabobat sohasida juda keng foydalangan. Yana noto‘g‘ri va ko‘p martalab qilingan manikyur[17] natijasida tirnoq “Gullash” kasalligiga yo‘liqadi. Uzoq muddatli rezinka qo‘lqop kiyib ishlash ham tirnoqni zaiflashtiradi. Poyafzalning tor bo‘lishi va zarbdan shikastlanishi tirrnoqning ichiga qarab o‘sishiga olib keladi. Bunda jarrohlik amaliyoti kerak bo‘ladi. Tirnoqni mustahkamlashda zaytun yog‘i va limon suvidan foydalanish va ma’lum muddat paxtali qo‘lqob kiyish tavsiya qilinadi. Ko‘p miqdorda sut mahsulotlari va tvarog iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Ba’zilarning tirnog‘i o‘ta qattiq va sinuvchan bo‘lgani uchun iliq suvda ivitib keyin olish tavsiya qilinadi. Lekin ivitmasa tuhmatga qoladi kabi so‘zlar asosi yo‘q, uydirma hisoblanadi. Tirnoqni taqab ham olmaslik kerak bo‘ladi.
Shuningdek, hozirgi zamonaviy tibbiyot tajribalar o‘tkazganida tirnoq ostidagi bakteriyalarni qancha yuvsa yo ketqizishda preparatlardan foydalangan taqdirda ham uni yo‘qotib bo‘lmasligi isbotlangan. Bu narsani davolanish maqsadida shifoxonaga yotqizilgan bemorlarning shifokorlar tomonidan kasalliklar yuqmasligi va yana qayta og‘iz bo‘shlig‘i orqali o‘tmasligi uchun o‘stirilgan tirnoqni olishni tavsiya berganlaridan ham bilishimiz mumkin bo‘ladi. Mana qarangki, bugungi ilmiy kashfiyotlar Nabaviy ta’limning nechog‘lik haqiqat ekanligini isbotlab turibdi.
Ohangaron tumani "Xonobod" jome’ masjidi imom noibi
Madaipov Ahrorbek
[1]Imom Navaviy: Sharhu Navaviy ala Sahih Muslim. Kitobut tohorat. Bob Xisolul fitra. Dorul xoyr.J. 2. –B 492.1995.
[2]Izoh: biroq tartibga keltirish yuzasidan bo‘yi va enidan olishga ruxsat bor. Bu hadis matniga ham zid emas.
[3]Imom Abu Dovud as-Sijistoniy: Sunan Abi Dovud. Dorul kutubul ilmiya. Lubnon. –B 13. 53 raqam. 2009. Imom Muslimning rivoyati ham bor.
[4]https://www.wikipedia.uzO‘zbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005).
[5]Imom Buxoriy: Sahih al-Buxoriy. Dor Ibn Kasir.–B 163. 2010.
[6]Imom Navaviy: Al-Majmu’. Al-Irshod. J. 1. –B 339. 2013.
[7]Hofiz Ahmad ibn Hajar Asqaloniy: Fathul Boriy. Dor ihyo at-tiros. J. 10. –B 345.2010.
[8]Imom Navaviy: Sharhu Sahih Muslim. Dorul xoyr.J. 3. –B 149. 1995.
[9]Muhammad: Al-Adabush ash-shari’at.Olimul kutub. –B 331. 1998.
[10]Shayx Abduaziz Mansur: Quro’ni karim ma’nolarining tarjimasi. Toshkent. 2001.-B 798. 29 pora/ 24-25 oyat
[11]Muhammad: Al-Adabush ash-shari’at.Olimul kutub. –B 332.1998
[12]Izoh; Lak- 1932 yil AQSH da paydo bo‘lgan.
[13]Izoh; Xina- inson sog‘lig‘i uchun juda foydali o‘simlik. Asl rangi qizg‘ish bo‘ladi. Tarixi 3000 yil ilgariga borib taqalaidi qadimgi Misrda xinaga bo‘yalgan mo‘miyolar topishgan. Xina qo‘yish sunnat.
[15]Professor Abdurazzoq al-Kayloniy. Al-Haqoiqi tibbiya fil Islam. Dorul qolam. –B 400. 1996.
[16]Broun Faulku: Bolnoya tela. Tarjimon Solih Dovud. Muhammad Daqor. –B 212. 2009.
[17]Izoh; Manikyur so‘zi lotincha “manus”-“qo‘l” hamda “cure”-“parvarish” ma’nosini beradi. Keyinchalik qo‘l va tirnoq ishlari bilan shug‘ullanadiganlarga nisbatan qo‘llangan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.