Shukrona
Tinch-osoyishta yurtda umrguzaronlik qilib, farzandlar kamolini ko‘rish inson uchun chinakam baxt. Shukurki, bugun biz ana shunday xotirjamlik hukmron, pok niyatlarimiz ro‘yobga chiqayotgan diyorda yashayapmiz.
Binobarin, istiqlol mamlakatimizda e’tiqod erkinligini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash hamda rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, muqaddas qadamjolarni ta’mirlash hamda obodonlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish imkoniyatini berdi.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 mayda qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori jamiyatimizdagi ezgu qadriyatlarni yanada yuksaltirish, shuningdek, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, muruvvat va saxovat kabi ulug‘vor munosabatlar yuksak e’zozlanayotganligining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Xalqimizning ming yillar davomida shakllangan insoniylik, mehr-oqibat, halollik hamda muruvvat singari fazilatlari Muborak ayyomda tashkil etiladigan turli marosimlarda yanada keng quloch yozadi. Zotan, ushbu qarorning mazmun-mohiyatida ham bu masalalar yaqqol aks etib turibdi.
Mazkur hujjatda qayd etilganidek, el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi o‘rni beqiyos. Xususan, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga mansub olijanob fazilatlarni shuurimiz, qalbimizga singdirib, sayqal berishimizda uning har bir kunidan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir. Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda, Ramazon oyini joylarda, milliy an’ana hamda qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va uyg‘un tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangani bu boradagi a’mollarni samarali bajarishda ayni muddao bo‘ldi. Zero, Ramazon ezgu amallar oyidir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ushbu muborak oyning tashrifi haqida marhamat qilib: “Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannamning eshiklari esa berkitiladi, shaytonlar kishanlanadi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amallari o‘zi uchun, ammo ro‘za Men uchun. Uning mukofotini O‘zim beraman”, deb marhamat qiladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo bunday amr qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara, 183, 184).
Oyati karimadan anglashiladiki, ro‘za qadimgi dinlarda ham bor bo‘lgan ibodatdir. Faqat boshqa dinlarda ro‘zaning tartibi, kuni va qoidasi turlicha bo‘lgan. U faqat Islom dinidagina ilohiy ma’noni kasb etadi.
Dastlab ro‘zani istagan odam tutar yoki buning o‘rniga bir miskinning qornini to‘ydirishi mumkin edi. Biroq keyinchalik bu hukm o‘zgardi, kim bu oyda hozir bo‘lsa, albatta, ro‘za tutishi shart ekanligi amr qilindi: “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukur qilishingiz uchundir” (Baqara, 185).
Ramazon oyida har bir mo‘min-musulmon ro‘za tutishi lozim. Faqatgina kasal inson, safardagi kishi, homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutmasligi mumkin. Uzrli holatni tark etgach, qazosini o‘taydi. Uzrli holatlar borasida tafsir kitoblarda, sunnati nabaviyada alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Agar bemorning tuzalishdan umidi bo‘lsa, ro‘za oyida tutmaydi, tuzalgach, qazosini tutib beradi. Biroq yoshi ulg‘aygan kishilar esa fidya beradilar. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “...Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir...” oyati keksa chol va kampirga tegishlidir. Ikkovlari ro‘zani qiynalib tuturlar. Ular og‘izlarini ochib, har bir kun o‘rniga bir miskinga taom berurlar. Homilador va emizikli ayollar qachonki qo‘rqsalar, og‘izlarini ochurlar va taom berurlar” (Imom Buxoriy va Imom Abu Dovud rivoyati). Bu o‘rinda homilador va emizikli ayollar tuzaladigan bemor sifatida ko‘riladi. Ya’ni homiladorlik yoki emizish bartaraf bo‘lgach, bu zaiflik ayol kishidan soqit bo‘ladi. Ana shunda ayol tutmagan ro‘zasining “...sanog‘i boshqa kunlardan” o‘taydi. Kasal odam agar ro‘za sababli zaiflashsa, bemorligi ziyoda bo‘lsa, ro‘zasini tutmaydi. Tuzalgach, ado etadi.
Ramazoni sharifda ro‘za tutmaslikka vaqtincha izn berilgan yana bir toifa – bu oyda safarga chiqqanlardir. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) (safarda) ro‘za ham tutganlar, og‘zilari ochiq ham bo‘lgan. Bas, safarda kim xohlasa ro‘za tutsin, kim xohlasa og‘zi ochiq yursin” (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati).
Avval boshda Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning ummatlariga farz qilingan ro‘za hozirgisidan farqli bo‘lgan. Iftor vaqti quyosh botganidan xuftongacha edi. Ro‘zador xufton namozigacha iftorlik qilib olmasa, ertasiga iftor vaqti kirgunicha yana ro‘zador holida qolib ketar edi.
Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlarni saharlik qilib ro‘za tutishga chorlaganlar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Saharlik qilinglar. Albatta saharlikda baraka bordir” dedilar” (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Shuningdek, iftor qilish, uni tezlatish lozimligi sunnati nabaviyda ko‘p bor takrorlangan. Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Modomiki iftorni tez qilar ekanlar, kishilar xayrda bo‘lurlar, dedi” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Muslim, Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyati).
Hadisi qudsiy: “Alloh azza va jalla: “Men uchun bandalarimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir”, dedi” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).
Ya’ni, yaxshilik xohlagan mo‘min kishi vaqti kirishi bilan iftorlik qilishga chaqiriladi. Zero, iftorlikni tezlatgan kishi Xoliqi Zuljalolga sevimli bo‘lishdek sharafga noil bo‘ladi. Shu bilan birga, iftor chog‘ida duo qilish ham fazilatli sanaladi. Bu paytdagi duo to‘siqsiz qabul bo‘ladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) qachon iftor qilsalar: “Allohumma laka sumtu va ala rizqika aftartu”, ya’ni “Ey Alloh, Sen uchun ro‘za tutdim va Sen bergan rizq bilan iftor qildim”, der edilar (Imom Abu Dovud va Imom Tabaroniy rivoyati).
Albatta, Ramazon xayru ehson oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Mamlakatimizdagi jome masjidlar imom-xatiblari homiylar ko‘magida Ramazonda bir qancha savobli ishlarni amalga oshiradilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, hududiy Vakillik xodimlari kam ta’minlangan oilalarga, keksa, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qariyalarga homiylar ko‘magida har yilgidek Ramazon hayiti arafasida beminnat yordamlarini ko‘rsatadi.
Muborak Ramazon oyi barcha yurtdoshlarimizga xayrli, barakotli kelsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi, muftiy
2017 yil 24 may 21-son “Nuroniy” gazetasi
Savol: Birinchi rakat tugab, sajdadan ikkinchi rakatga turayotganda bir-ikki soniya o‘tirib, keyin turish sunnat deb eshitdim. Bu qanchalik to‘g‘ri?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Buni fiqhiy kitoblarimizda "Jalsai istiroha" ya’ni, "orom olib o‘tirish" deb nomlanadi. Bundan birinchi va uchinchi rakatlar oxirida sajdadan keyin qiyomga turishdan oldin bir oz o‘tirib olish tushuniladi va bu amal hanafiy mazhabida makruh amal sanaladi ("Al-Lubob sharhul kitob").
Abu Hurayra roziyallohu anhudan Payg‘ambarimiz alayhissalom namozda bevosita qadamlarining old qismiga tayangan holllarida (ya’ni, yerga suyanmay va o‘tirmagan holda) turishlari rivoyat qilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.