Islom shariati odam o'ldirishni qattiq qoralab harom qilgan va gunohi kabiralar qatoriga qo'shgan. Alloh kalomida marhamat qiladi :
{... وَمَا كَانَ لِمُؤۡمِنٍ أَن يَقۡتُلَ مُؤۡمِنًا إِلَّا خَطَـٔٗاۚ}
"Mo'min mo'minni o'ldirmas. Magar bilmasdan qilishi mumkin...." (Niso surasi 92-oyat)
{ وَمَن يَقۡتُلۡ مُؤۡمِنٗا مُّتَعَمِّدٗا فَجَزَآؤُهُۥ جَهَنَّمُ خَٰلِدٗا فِيهَا وَغَضِبَ ٱللَّهُ عَلَيۡهِ وَلَعَنَهُۥ وَأَعَدَّ لَهُۥ عَذَابًا عَظِيمٗا }
"Kim bir mo'minni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g'azabi va la'nati yog'ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir." (Niso surasi 93-oyat)
Mo'min kishini qasddan o'ldirish shunchalik katta jinoyat va gunohki, uni qul ozod qilish bilan ham, xun to'lash bilan ham yuvib bo'lmaydi. Mo'min mo'minni qasddan o'ldirishi bir beayb jonga qo'shib, iymondek ulug' ne'mat tufayli vujudga kelgan aqida qardoshligini ham o'ldirishdir. Shuning uchun ham qisqagina bir oyatda bu jinoyatchiga boshqa hech kimga tayin qilinmagan oliy jazolar–jahannamda abadiy qolish, Allohning g'azabiga va la'natiga duchor bo'lish va u zot tayyorlab qo'ygan ulkan azob va'da qilinmoqda. Payg'ambarimiz (s. a. v.) o'z hadislaridan birida: «Bir musulmonning o'ldirilishi Allohning huzurida dunyoning zavolidan ham og'irroqdir», deganlar. Mazkur jazolar qasddan mo'min odamni o'ldirganning oxiratidagi jazosidir. Ammo boshqa oyat va hadislardan kelib chiqib, unga bu dunyoda ham ma'lum jazolar belgilangan.
Ular xohlasalar, qotildan qasos olish maqsadida uni o'ldirishni talab qiladilar, xohlasalar kechib yuboradilar yoki xohlasalar kuchaytirilgan xun oladilar. Kuchaytirilgan xun esa, o'ttizta hiqqa, o'ttizta jazu'a va qirqta xalufa tuyalardan iborat.
Bu jazolar dunyodagi o'tkinchi jazolalardir. Lekin oxiratdagi jahannamda tayyorlab qo'yilgan jazolar muqarrardir va abadiy jazoga hukm qilingandirlar.
Muoviya roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh barcha gunohlarni kechirishi mumkin, ammo bir kishi kofir holida o'lgan bo'lsa, yoki bir kishi mo'minni qasddan o'ldirsa, bu gunohlarni kechirmaydi» (Nasoiy, Hokim rivoyati).
Rivoyat qilinishicha, «Kimki bir mo'minning qatl etilishiga yarimta so'z bilan yordam bersa, ikki ko'zi orasiga «Alloh rahmatidan noumid» deb yozilgan holida Allohga yo'liqadi».
Demak mo'min banda ikki dunyoning saodatiga erishmog'i uchun doimo Allohning buyruqlariga itoat qilishi kerak. Shaytonning hiylasiga uchib turli buzg'unchilarning fitnasiga aldanmasligi kerak. Alloh rahmli va mehribon Zotdir!
Sherov Shuhrat
Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi
Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.
Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.
Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati