frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Odam o'ldirishning gunohi

12.04.2023   5489   3 min.
Odam o'ldirishning gunohi

Islom shariati odam o'ldirishni qattiq qoralab harom qilgan va gunohi kabiralar qatoriga qo'shgan. Alloh kalomida marhamat qiladi :

{... وَمَا كَانَ لِمُؤۡمِنٍ أَن يَقۡتُلَ مُؤۡمِنًا إِلَّا خَطَـٔٗاۚ}

 

"Mo'min mo'minni o'ldirmas. Magar bilmasdan qilishi mumkin...." (Niso surasi 92-oyat)

{ وَمَن يَقۡتُلۡ مُؤۡمِنٗا مُّتَعَمِّدٗا فَجَزَآؤُهُۥ جَهَنَّمُ خَٰلِدٗا فِيهَا وَغَضِبَ ٱللَّهُ عَلَيۡهِ وَلَعَنَهُۥ وَأَعَدَّ لَهُۥ عَذَابًا عَظِيمٗا }

 

"Kim bir mo'minni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g'azabi va la'nati yog'ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir." (Niso surasi 93-oyat)

Mo'min kishini qasddan o'ldirish shunchalik katta jinoyat va gunohki, uni qul ozod qilish bilan ham, xun to'lash bilan ham yuvib bo'lmaydi. Mo'min mo'minni qasddan o'ldirishi bir beayb jonga qo'shib, iymondek ulug' ne'mat tufayli vujudga kelgan aqida qardoshligini ham o'ldirishdir. Shuning uchun ham qisqagina bir oyatda bu jinoyatchiga boshqa hech kimga tayin qilinmagan oliy jazolar–jahannamda abadiy qolish, Allohning g'azabiga va la'natiga duchor bo'lish va u zot tayyorlab qo'ygan ulkan azob va'da qilinmoqda. Payg'ambarimiz (s. a. v.) o'z hadislaridan birida: «Bir musulmonning o'ldirilishi Allohning huzurida dunyoning zavolidan ham og'irroqdir», deganlar. Mazkur jazolar qasddan mo'min odamni o'ldirganning oxiratidagi jazosidir. Ammo boshqa oyat va hadislardan kelib chiqib, unga bu dunyoda ham ma'lum jazolar belgilangan.

Ular xohlasalar, qotildan qasos olish maqsadida uni o'ldirishni talab qiladilar, xohlasalar kechib yuboradilar yoki xohlasalar kuchaytirilgan xun oladilar. Kuchaytirilgan xun esa, o'ttizta hiqqa, o'ttizta jazu'a va qirqta xalufa tuyalardan iborat.

Bu jazolar dunyodagi o'tkinchi jazolalardir. Lekin oxiratdagi jahannamda tayyorlab qo'yilgan jazolar muqarrardir va abadiy jazoga hukm qilingandirlar.

Muoviya roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh barcha gunohlarni kechirishi mumkin, ammo bir kishi kofir holida o'lgan bo'lsa, yoki bir kishi mo'minni qasddan o'ldirsa, bu gunohlarni kechirmaydi» (Nasoiy, Hokim rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, «Kimki bir mo'minning qatl etilishiga yarimta so'z bilan yordam bersa, ikki ko'zi orasiga «Alloh rahmatidan noumid» deb yozilgan holida Allohga yo'liqadi».

Demak mo'min banda ikki dunyoning saodatiga erishmog'i uchun doimo Allohning buyruqlariga itoat qilishi kerak. Shaytonning hiylasiga uchib turli buzg'unchilarning fitnasiga aldanmasligi kerak. Alloh rahmli va mehribon Zotdir!

 

Sherov Shuhrat

Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   22343   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari