Takfir – arabcha so‘z bo‘lib, biror bir musulmonni assossiz kofirga chiqarish, deganidir.
Mo‘min kishi garchi kabira gunohlar sodir etgan bo‘lsa-da, do‘zaxda abadiy qolmaydi. Chunki Alloh taolo: “Bas, kim zarra og‘irligida yaxshilik qilsa ham ko‘radir”.(Zalzala surasi, 8-oyat). Azuddudin Iyjiy rohimahulloh “yaxshilik” degan so‘zning ostiga iymon ham kiradi, mo‘min kishi o‘sha kunda iymonini ko‘radi, deydilar. Shuning uchun, kabira gunoh qilgan kishi mo‘min bo‘lsa, jannatga oxiri bo‘lib kiradi.
Kabira gunohlar quyidagilar: Allohga shirk keltirish, nohaq jonni o‘ldirish, pokdomon ayolga zinoda tuxmat qilish, zino qilish, sehr qilish, dushman kelayotganda qochish, yetimlar molini yeyish, musulmon ota-onaga oq bo‘lish, ribo molini yeyish, xamr (mast qiluvchi ichimlik) ichish va boshqalar. Mutloq kabira gunoh esa – kufrdir. Zotan, kufrdanda kattaroq gunoh yo‘q. Musulmon kishi iymoni bor ekan kofir hisoblanmaydi, garchi katta gunohlarni sodir etgan bo‘lsa ham. Hozirda chiqayotgan ba’zi adashgan oqimlar har qanday gunoh ish qilgan kishini kofirga chiqarishadi. Ularning bu da’volari asossizdir. Zero Alloh taolo shunday deydi: “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni, kimni xohlasa, kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, katta gunohni to‘qibdir” (Niso surasi, 48-oyat).
Shundan kelib chiqadiki, Alloh taolo tavbasiz ham, agar xohlasa, katta-yu kichik gunohlarni avf etadi. Shunday ekan, musulmon kishi Alloh taoloning marhamatidan umidini uzmasligi barobarida gunoh sodir etganiga Alloh taoloning azobini esdan chiqarmasligi darkor. Ya’ni, domio xavf va rajo (umid) o‘rtasida yurmog‘i kerak.
Alloh taolo mo‘min kishiga musibatu balolarni uning gunohlariga kafforot bo‘lsin uchun yuboradi. Ularga sabr qilsa ham ajr oladi, ham gunohlari avf etiladi. Mobodo, bundan keyin ham gunohlari ortsa, o‘lim shiddatidagi qiyinchiliklarda gunohlar to‘kiladi. Bundan keyin ham gunohlari bo‘lsa, qab qisishi, uning azobida kafforot bo‘ladi. bulardan ham keyiin mo‘min kishini gunohlari bo‘lsa, Sirot ko‘prigi dan o‘tishdagi qiyinchiliklarda gunohlari to‘kiladi. Bordiyu, yana gunohlar ortsa, do‘zax olovi ularni kuydiradi.
Xullas, qalbida iymon nuri bo‘lgan kishi, gunhkor bo‘lsa-da, kofir bo‘lmaydi va jahannamda abadiy qolmaydi. Alloh taolo mo‘min bandasiga o‘ta mehribon va rahmili Zotdir![1]
"Takfir" masalasi to‘g‘risida ahli sunna va adashgan firqalar o‘rtasidagi farqlar:
Ahli sunna: gunohi kabira mo‘min bandani imondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi.
Mu’taziliylar: gunohi kabira mo‘min bandani imondan chiqaradi, lekin uni kufrga kirgizmaydi.
Xavorijlar: gunohi kabira mo‘min bandani imondan chiqaradi va kufrga kirgizadi.
Murjialar: kufr bilan birga toat naf bermaganidek, imon bilan birga gunoh ham zarar bermaydi.
Kalom va fiqh ulamolariga ko‘ra, biror-bir musulmonni kofirga chiqarmaslik lozimdir.
Biroq ba’zi adashgan firqalar esa mo‘min-musulmon bo‘lgan shaxsni gunohi tufayli kofirga chiqarib yuboraverishadi. Kofirga chiqarib, qatl qilishadi, tahqirlashadi, azob-uqubatlarga duchor qilishadi. Buning sababi - ular ilmda mustahkam emaslar, uni puxta egallamaganlar.
Ayrim kishilar, ayniqsa, yoshlar buni bilmasdan islom aqidalariga zid ravishda faoliyat olib borayotgan kishilar to‘dasiga qo‘shilib qolmoqda. Bunday aqidaparastlar islom dinining asl mohiyatini tushunmagan yoshlarda mutaassiblik ruhining ildiz olishiga imkon yaratadi, ularni Vatanga qarshi ruhda tarbiyalashga harakat qiladi.
O‘zidan boshqalarni kofirlikda ayblash islom dini ta’limotiga zid ekani Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislari va ulamolarning asarlarida quyidagicha berilgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Agar bir kishi o‘z birodariga: «Ey kofir» desa, ikkisidan biri o‘shanday (ya’ni kofir) bo‘ladi”. Ya’ni ayblangan kishi musulmon bo‘lsa, ayblovchining o‘zi kofir bo‘lib qoladi.
Hazrat Oysha (roziyallohu anho): “Ahli qiblani kofirga chiqarish yo‘q”, deganlar.
Mufassir, muhaddis olim Jaloliddin Suyutiy esa: “Musulmonni kofirlikda ayblagan odam, uni o‘ldirgan bilan barobardir”, deb ta’kidlaganlar.
Takfirchilar din masalasida ilm va aqlni emas, balki his-tuyg‘uni hukmron tutishlari oqibatida ayrim oyati karimalar va hadisi shariflarning noto‘g‘ri ta’vil qilgan holda, qandaydir xatolarni ro‘kach qilib, hech bir shar’iy asossiz, musulmonlarni kofirga hukm qilmoqdalar.
Imon qalbda bo‘ladi. Bir insonning qalbini bilmasdan turib, qaysidir ishi uchun darrov kofirga chiqarishdan ehtiyot bo‘lish lozim. Aks holda bu tamg‘a insonning o‘ziga qaytib, imondan ayirishi hech gap emas. Zero, yuqorida keltirilgan hadisi shariflarning mazmuni kofir bo‘lmagan odamni kofirga chiqargan kimsaning o‘zi kufrga tushib qolishini anglatadi.
Komilov Ilhom
TII bitiruvchisi
[1] Husayn ibn Shihob al-Kayloniy. Sharhul-aqoidil-izdiyya. Bayrut: Dorul-fikr. 2011 y. –B. 86, 87.
Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.
Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.
Endi bu yerda yana bir noyob majmua – "Arda Xiva" bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.
Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.
"Arda Xiva" hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.
Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.
Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, "Ko‘hna Urganch" muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.
Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.
Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, "Arda Xiva" Xorazmning zamonaviy "tashrif qog‘ozi" bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
- Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati