وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَامًا
Ular: “Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko‘z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin!” – deydigan kishilardir.
Bu oyati karima Furqon surasining oxirida kelgan Rahmonning bandalari bo‘lmish chin mo‘minlarning eng go‘zal sifatlarining bayoni qatorida zikr etilgandir. Ya’ni, bu duo Mehribon zotning suyukli bandalari qiladigan duolaridan biridir. Bu duoning mo‘min kishi uchun ahamiyati juda ham katta bo‘lganligidan, Alloh taolo bandalariga buni o‘rgatmoqda.
Duoning ma’nosiga birma bir e’tibor berib chiqaylik. “Parvardigoro, xotinlarimizdan bizlarga ko‘z quvonchini baxsh et”. Ya’ni, xotinlarimizni bizlar uchun dunyo va oxiratda baxtu saodat manbai qilgin. Zero, yaxshi xotin erining dunyoviy ishlarida ham, uxroviy ishlarida ham ko‘makdosh bo‘ladi. Bu dunyoning tashvishlarini yengishda eriga sabru qanoat tilaydi, uning ko‘nglini ko‘tarib, dalda bo‘ladi. Eri yumushdan xorib, charchab kelganda ochiq chehra bilan kutib oladi, orom olishi uchun joy hozirlaydi, uy-ro‘zg‘or ishlarini saranjom-sarishta tutadi. Imkoni boricha erining ko‘nglini olishga harakat qiladi. Bunday ayol esa, haqiqiy soliha, erkak uchun Alloh taoloning katta ne’matidir. Duoda bu narsani so‘ralishining ahamiyati shundaki, erkak kishi uchun dunyoda soliha juftu haloldan ko‘ra yaxshi ne’matning o‘zi yo‘q. Buyuk vatandoshimiz Muhammad ibn Ali Al-Hakim At-Termiziy o‘zlarining “Navodirul usul fi ahodisir rosul” nomli kitoblarining “Bir yuz qirq birinchi asl – Qanday ayolni yaxshi ayol deyilishi haqida” degan bo‘limida quyidagi hadisi muboraklarni keltiradilar:
قال {صلى الله عليه وسلم} الدنيا متاع و خير متاعها المرأة الصالحة و قال {صلى الله عليه وسلم} خير ما أعطي العبد من الدنيا زوجة مؤمنة تعينه على إيمانه و قال لقمان عليه السلام مثل المرأة الصالحة مثل التاج على رأس الملك و مثل المرأة السوء كمثل الحمل الثقيل على ظهر الشيخ الكبير
ya’ni: Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Dunyo matodir, uning matolari ichida eng yaxshisi soliha xotindir”. Yana, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Bandaga dunyoda berilgan narsalar ichida eng yaxshisi uning imonini mustahkamlashga ko‘maklashadigan mo‘mina xotindir”. Luqmon a.s. dedilar: Soliha ayol bamisoli podshohning boshidagi tojdir. Yomon ayol bamisoli munkillagan cholning ustiga ortilgan og‘ir yukdir.
Duoning keyingi qismi: “Parvardigoro, zurriyotlarimizdan bizlarga ko‘z quvonchini baxsh et”. Darhaqiqat, ota uchun farzandidan yetadigan yaxshilikdan ortiq xursandchilik yo‘q. Har bir ota farzandining odobli, ilmli, hayotda omadli, Alloh taologa itoat va ibodatli bo‘lishini istaydi. Ehtimol, inson o‘zgalarning undan qaysidir sohalarda o‘zib ketishiga xasad qilishi, g‘ayrlik qilishi mumkin. Ammo, o‘z farzandini o‘zidan har qancha ilg‘orlab ketishidan ota faqat hursand bo‘ladi. Balki, erisha olmagan marralari, qo‘lga kirita olmay armon bo‘lib qolgan orzulariga farzandining erishganini ko‘rgan ota o‘zini eng baxtli inson deb biladi.
Mazkur duodagi “ko‘z quvonchi” deb tarjima qilingan (qurrotu ayn) jumlasiga e’tibor beraylik. Ayn so‘zi arab tilida ko‘z demakdir. Qurrotun so‘zi esa bir nechta ma’nolarda keladi. Masalan, bir joyda sobit turmoq, qaror topmoq ma’nosida kelsa, boshqa joyda xursandchilik, surur degan ma’nolarni, yana bir joyda sovuq ma’nosini anglatadi. Endi ko‘zning tuzilishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda ilohiy mo‘jizaning guvohi bo‘lamiz. Ko‘z inson tanasidagi eng nozik a’zo bo‘lganligi uchun Alloh taolo uni tashqi ta’sirlardan himoyalab ihota qilib qo‘ygan. Insonning mo‘tadil tana harorati 36.6ْ S bo‘lgani holda ko‘zning harorati 9ْS darajani tashkil etar ekan. Tana haroratining mo‘tadil holatidan qo‘tarilishi tananing dardmand ekanligiga dalolat qilsa, ko‘z haroratining ko‘tarilishi uning mahzunligi alomati ekan. Shuning uchun ham xursand kishining ko‘zidan oqqan yosh sovuq bo‘lib, hafaligidan yig‘lagan ko‘zning yoshi qaynoq bo‘lar ekan. Demak, ko‘zning sovuqlik darajasi o‘zgarmay sobit turishi o‘sha ko‘zning quvonchli narsalarni ko‘rishining samarasi ekan. Endi oyatning ma’nosiga qaytadigan bo‘lsak, duoda “Parvardigoro, bizlarga xotinlarimizni erga itoatli va bolalarimizni ahli solih ekanliklarini ko‘rish bilan ko‘zlarimiz quvonchga to‘lishini ato etgin”, deyilmoqda.
Duoning so‘ngida, “bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin!”, deyilmoqda. Peshvo degani imom deganidir. Imom esa odamlarni ortidan ergashtiruvchi kishidir. Kim kimga ergashsa, demak ergashilayotgan kimsa uning imomi hisoblanadi. Imom aslida odamlarni yaxshilikka boshlaydi, faqat yaxshilik borasida o‘zgalarga ibrat va namuna bo‘ladi. Qiyomat kunida odamlar dunyoda kimga ergashgan bo‘lsalar o‘shalar bilan birga chaqiriladilar, deyiladi bir oyati karimada. Shunga ko‘ra mazkur duoda bizlarni odamlarga faqat yaxshilikda ibrat va namuna bo‘ladigan peshvolardan qilgin, odamlarga yomonlikni o‘rgatadigan, o‘zgalarga yovuzlikda namuna bo‘ladiganlardan qilmagin, deyilmoqda.
Alloh taolo barchalarimizni ushbu duoda so‘ralganlarga noil aylasin. Omin!
Homidjon Ishmatbekov
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.