Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446

Bemorlik gunohlarga kafforot

18.05.2017   7282   3 min.
Bemorlik gunohlarga kafforot

Insonlar hayotida bo‘lib turadigan turli ofat va bemorliklarning sodir bo‘lishi, bularning hammasi Alloh taolo tomonidan bandalariga bo‘ladigan sinovdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:

“Alloh taolo qaysi  bandasiga yaxshilikni ravo ko‘rsa, o‘shanga biror musibatni yuboradi” (Buxoriy rivoyati).

Solih kishiga  turli  xastaliklar, mahzunlik, g‘am-tashvishlarning yetib turishi Alloh taoloning unga yaxshilikni iroda qilganidir. Bunday kishilar uchun turli tashvishlarning yetishi ularning gunohlarining kafforotidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

“Musulmonga qay bir musibat – horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishimi – yetadigan

o‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforot qilur”,  dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Islom xastaliklarni asosan tib orqali, ba’zi ruhiy muolajaga ehtiyojlari borlarni Qur’oni karim  oyatlari ila muolaja qilishga amr etgan. Har qanday xastalikda avvalo shu sohaning mutaxassislariga murojaat qilinadi.

Lekin afsuski, tib fani muvaffaqiyatli ravishda, taraqqiyot cho‘qqilariga erishib kelayotgan ushbu zamonimizda bemorligi sabab ba’zi insonlar soxta tabiblarga yoki folbinlarga murojat qilishadi. Aholi o‘rtalarida ish ko‘rayotgan  soxta tabiblar, folbin-romchilar sodda kishilarni laqillatib, o‘z manfaatlari yo‘lida, osonlikcha   boylik   orttirish  maqsadida  ulardan  foydalanib   kelishlari  dinimiz ko‘rsatmalariga ziddir

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam hadislarida marhamat qiladilar:

“Kimki tib ilmidan bexabar, tajribasiz bo‘laturib, tabiblik da’vosi ila, biror bemorni davolashga kirishsa va bemorning muolajasi sababli o‘lsa yoki biror zarar topsa, unday “tabib” Alloh taolo oldida marhumning qoniga zomindir” (Ibn Moja rivoyati).

Bemorlikka yo‘liqqan kishi sabr qiladi, savob umidida bo‘ladi va o‘ziga yetgan xastalikni Alloh taoloning qazoyi qadari deb tan oladi. Bemor bo‘lgan inson avvalo va doimo Alloh taolodan shifo so‘rab, duoda bo‘lishi, xayr ehson qilishi, tavba, zikr va tazarru’ni ko‘paytirishi lozim. Shariatda harom qilingan narsalar bilan davolanmaslik kerak. Bularga tumor osish, turli dam solingan iplar, ba’zi hayvonlarning tirnoq va tishlari kabi narsalarni o‘zi bilan olib yurish kabilar kiradi. Ushbu ishlar shirkdir.

Aksari hollarda, ayniqsa ayollarimiz orasida bemorlik yetganida turli folbinlarga borish natijasida: “Sizda amal bor”, “Issiq-sovuq qilingansiz”, yoki  “Fotihani yangilash kerak, buning uchun qora  qo‘chqor so‘yasiz, qonini tanangizga surasiz”,  kabi noto‘g‘ri talqinlarni ham uchratamiz.

Bundan tashqari,   “Qo‘chqorning kalla-pochasi pishirilganda, qo‘yning ko‘zini yolg‘iz farzandlar  yeyishi kerak”,   “Suyakning iligini ota farzandiga qoqib bermasligi kerak”, “Qo‘chqorni kalla suyagini esa xonadondagi  daraxtlarga ilib qo‘yish nazar-nafasdan asraydi”,  deb  noto‘g‘ri  talqin qilinadi.

Bemorlik yetganida  avvalo Allohdangina madad so‘raladi.  Mutaxassis shifokorlar bemorning tibbiy muolajalarga muhtoj emasligini tasdiqlasalar, u shar’iy duolar va dam solish ila davolanishga o‘tishi mumkin. Bunda bemor o‘zi bilgan Qur’oni karim  suralaridan o‘qib o‘ziga dam solishi yoki  ilmli insondan o‘ziga dam solib qo‘yishini iltimos qilsa bo‘ladi.

Imonli inson har qanday mahzunlik va bemorlik Alloh taolo tomonidan ekanligiga imon keltiradi. Shu bilan birga, dardni bergan Alloh taoloning O‘zi davoni ham berishiga shubhasiz ishonadi. 

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hijri Ismoil

14.01.2025   4352   4 min.
Hijri Ismoil

Hijri Ismoil — Ka’ba yaqinida joylashgan yarim oy shaklidagi hudud. Hijri Ismoil “Ismoil toshi” degan ma’noni anglatadi. Aynan shu yerda Ibrohim alayhissalom rafiqalari Hojar va o‘g‘li Ismoilni qoldirganlar. Hijri Ismoil Xatim ham deb nomlanadi. Xatim deb nomlanishiga sabab u Ka’badan sindirib, ya’ni ajratib olingandir.

  • Hijr marmardan qilingan.
  • Xatim devorining balandligi 1 metr-u 32 sm.
  • Devorning eni 1 metr-u 55 sm.
  • Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr-u 77 sm.
  • Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr-u 46 sm.
  • Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
  • Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr-u 29 sm.
  • Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr-u 23 sm.
  • Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr-u 57 sm.

Hijri Ismoil haqida qiziqarli ma’lumotlar

  1. Ibrohim va Ismoil alayhissalom Ka’bani qurganlarida, Hijri Ismoil baytning bir qismi hisoblangan. Ibrohim alayhissalom qurgan Ka’ba devori Hijri Ismoilni ham o‘rab olgan edi. Hozirgi paytda Ka’ba bilan Hijri Ismoilning tashqi devori orasidagi bo‘shliq joy bor. Ka’bani tavof qilganda o‘sha oraliq hududga kirmasdan aylanish kerak, sababi bu joy ham Ka’baning bir qismi sanaladi.
     
  2. Keyinchalik qurayshliklar Ka’bani qayta tiklaganlarida, Baytulloh kub shaklida bo‘ldi va Hijri Ismoil devori Ka’baga tutash yarim doira shaklida qoldi. Bu yerda Ismoil va uning onasi Hojar onamizning qabri bor, degan fikr bor, lekin bu ilmiy jihatdan asosli emas.
     
  3. Qurayshliklar Makkada sodir bo‘lgan toshqin va yong‘indan so‘ng ba’zi joylari buzilgan Ka’bani qayta tikladilar. Ka’bani rekonstruksiya qilish rejasida Hijri Ismoil Ka’baning umumiy maydoniga kirishi kerak edi, ammo Qurayshda buning uchun yetarli mablag‘ yo‘q edi.
  4. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan…», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

  5. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab hijrga kirgizdilar, Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar», deb aytdilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
     
  6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan (Hijri Ismoil) joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
     
  7. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men Hijrda turar, Quraysh esa tungi sayrim (Isro) haqida savollar berar edi. Ular Baytul Maqdisdagi men eslab qololmagan narsalar haqida so‘rashganida avval hech qachon bo‘lmagan qattiq qayg‘uga cho‘mdim. Shunda qarab turgan tomonimda Alloh Quddusni ko‘z o‘ngimda gavdalantirdi – ular mendan nima haqida so‘rasa, shuning xabarini berardim… (Imom Muslim rivoyati). Salaflardan qilingan rivoyatda «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.