O‘qishga, ishga borish yoki uzoqroq safarga chiqish uchun turli zamonaviy ulovlar kecha-yu kunduz xalq xizmatida. Ulovlarga televizor, radio va audiolar o‘rnatilgan. Zerikib qolmaslik uchun ular ham kerak. Ammo...
Yaqinda bir safarga chiqishga to‘g‘ri keldi. Manzilga tezroq borish maqsadida hamkasabalar tezyurar poyezdga chiqdik. Temir yo‘l xodimlari xushmuomalalik bilan yo‘lovchilardan xabar olib turishdi. Bu barchaga xush keldi. Vagon turli yoshdagi yo‘lovchilarga to‘lgan. Hammaga ko‘rish qulay bo‘lgan balandroq joyga televizor o‘rnatilgan ekan. Nazoratchi yo‘lovchilarni zeriktirmaslik uchun televizorni yoqib qo‘ydi.
“Dizayn 2016”ni tomosha qilishga hamma majbur qoldi. “Kulgu ustalari” tayyorlagan behayo shou dasturdagi bachkanaliklar qanday maqsadda yo‘lovchilarga namoyish etilgani bizni hayron qoldirdi. Mening yonimda yoshgina talaba qiz o‘tirgan edi, orqamizda esa balog‘atga yetgan yigitlar o‘tiribdi. “Qiziqchi”lar sharmandalik cho‘qqisiga chiqqan vaqtda yonimdagi talaba qizda qattiq uyalish holatini sezdim. Har holda qizning uyalgani mening qalbimga ozgina taskin berdi. Ammo, bu holat yana va yana takrrorlanaversa, behayolik odatga aylanib qolmasmikan? Shariatda ham, o‘zbekchilikda ham sir saqlanishi muhim bo‘lgan holatlar bugun katta ekranlarda namoyish etilsa, ertaga yosh avlodning ahvoli nima bo‘ladi? Ularning iymon-e’tiqodini tarbiyalash o‘rniga o‘y-fikrini buzishga hatto jamoat transportlari ham xizmat qilsa, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?..
Sharmsiz vaysashlardan eson-omon qutuldik. Televizor o‘chdi. Nazoratchi aka yana nimanidir uladi. Endi bunisi yaxshiroq bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Chet el kinosi ekan. G‘ayritabiiy voqealar, o‘ta shovqin-suronli to‘fonlar, xullas, “kulgu” dan keyin tragedik kino namoyishi yo‘lovchilarni rosa charchatdi. “Yordam bering...”, degan qichqiriqlar asablarni qaqshatdi. Bir mahal bu kino tugagach, yana “Dizayn 2016” bir boshdan oxirigacha namoyish etildi.
Hamrohlarimiz, hammamiz ayol kishi bo‘lganligimiz bois nazoratchi akaga e’tiroz bildira olmadik. Ammo bu hodisani qog‘ozga tushirishga azmu qaror qildim. Chunki har birimiz jamiyat ma’naviyati uchun mas’ul bo‘lmog‘imiz lozim deb o‘yladim. “Ommaviy madaniyat” chegara bilmay istilo qilib olayotgan bugungi jamiyatda hech bo‘lmasa transport vositalari madaniyatsizlikka yordam bermasa yaxshiroq bo‘lar edi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Ijtimoiy odoblar” degan nodir qo‘llanmasining “Yo‘l odoblari” mavzusida: “Yo‘l odoblaridan yana biri kishilarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishdir. Bu ish doimo qilinadigan ishlardan ekanligini yaxshi bilamiz. Jumladan, yo‘lda jamiyat a’zolarini yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishga ehtiyoj juda ham kuchli bo‘ladi” (219-bet), deb yozgani fikrimizning yaqqol dalilidir. Yo‘lda turli yoshdagi va saviyadagi kishilar to‘plangan vaqtda odob-axloq me’yorlariga mos keladigan namoyishlar taqdim etilsa jamiyat ma’naviyati rivojiga hissa bo‘ladi deb o‘ylaymiz...
Munira XO‘JAYEVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti tarbiyachi- o‘qituvchisi
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.