Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Islomiy bag‘rikenglikka tarixiy guvohlik

18.05.2017   5518   11 min.
Islomiy bag‘rikenglikka tarixiy guvohlik

Muqaddas dinimizning asosi bo‘lmish Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimizga yetgan ilohiy ko‘rsatma orqali insoniyat tarixida hali misli ko‘rilmagan tenglik, bag‘rikenglik va adolat namunalarini Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam o‘zlarining hayotlarida va u kishining sodiq izdoshlari bo‘lmish roshid xalifalar davrida butun insoniyat hayratda qoladigan insonparvarlik g‘oyalarini tarqatdilar.

Tarixda bo‘lib o‘tgan ko‘pdan-ko‘p qonli urushlar milliy va diniy nizolardan kelib chiqqani ma’lum. Aksar hollarda bir din vakillari o‘zlari e’tiqod qiladigan dindan boshqa dindagilarni yo‘q qilishga, ularning muqaddasotlarini oyoq osti qilishga harakat qilgan. Insoniyat  tarixidagi og‘ir fojealarga sabab bo‘lgan xatolardan saboq chiqarmasdan XXI asrda ham bunday urushlarni turli bahonalar topib musulmonlar yashaydigan hududlarda alanga oldirish vijdonli odamlarning ishi emas.

  Islom g‘ayrimuslimlarga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib kelgan. Ma’lumki, Islom dini vakillari burungi samoviy dinlar (yahudiylik, nasroniylik) vakillariga  hurmat va ehtirom ko‘rsatgan. Ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qo‘ygan. Madaniyat va an’analariga ehtirom bilan qaragan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar bir-biriga va hatto oralarida yashaydigan ajnabiylarga, ahli zimmaga ham bag‘rikenglikning mislsiz namunalarini ko‘rsatib, butun insoniyatga ibrat bo‘ldi. Jumladan, quyida keltiradiganimiz tarixiy voqelik fikrimizni tasdiqlaydi.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu o‘z xalifaliklarini o‘ta mushkul ishdan boshlashlariga to‘g‘ri keldi. Bu ish avvalgi xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga qarshi qilingan suiqasdga bog‘liq edi. Qotil Abu Lu’lu’a o‘zini-o‘zi o‘ldirgani bilan ish bitib qolmagan edi. Balki bu qotillik yolg‘iz uning o‘zining ishi emasligi oshkor bo‘lgan edi. U holda uning sheriklarini tutib, jazolash mushkul ish emas-ku, deyishingiz mumkin. Ha, bu unchalik mushkul ish emas edi. Ammo ish boshqachasiga aylanib, nihoyatda chigallashib ketgan edi. Masalani ravshan anglashimiz uchun uni batafsil o‘rganib chiqmog‘imiz lozim bo‘ladi.

O‘sha mash’um kuni Abu Lu’lu’a hazrati Umar roziyallohu anhuni va yana o‘n uch sahobiyni hamda o‘zini o‘zi pichoqlab tashlaganidan so‘ng hamma nima bo‘lgani bilan qiziqa boshladi.

Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu Abu Lu’lu’aning xanjarini ko‘rishlari bilan: «Buni kecha Hurmuzon va Jufaynada ko‘rgan edim. «Bu bilan nima qilasizlar?» desam, «Go‘sht kesamiz, biz go‘shtni tish bilan uzib yemaymiz», deb javob berishdi», dedilar.

Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning o‘g‘illari Abdurrahmon esa, Abu Lu’lu’a, Jufayna va Hurmuzonlarning bir narsani pichirlashib maslahat qilib o‘tirganlarini, uni ko‘rib, o‘rinlaridan turganlarida o‘sha xanjar yerga tushib ketganini aytdi.

Hamma Abu Lu’lu’a, Jufayna va Hurmuzon uchovlari maslahat bilan Umar roziyallohu anhuga suiqasd uyushtirganlarini gumon qila boshladi. Hamma ularning kimligini, ularga tegishli ma’lumotlarni surishtira boshladi.

Abu Lu’lu’a al-Mug‘iyra ibn Sho‘ba roziyallohu anhuning quli bo‘lib, asli majusiy, ismi Feruz edi. U Mug‘iyra ibn Sho‘ba roziyallohu anhu bilan ma’lum mablag‘ to‘lasa, ozod bo‘lishiga kelishgan edi. U Umar roziyallohu anhuning oldilariga kelib, xarojning ko‘pligidan shikoyat qilgan, Umar roziyallohu anhu: «Xarojing ko‘p emas», deganlarida achchig‘i chiqqan edi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu odatda, asirlarning Madinaga kirishlariga izn bermas edilar. Mug‘iyra ibn Sho‘ba: «U odamlarga manfaatli ko‘p ishlarni biladi. U temirchi, naqqosh, najjordir» deb, uni Madinaga kiritishga izn so‘ragan, Umar unga izn bergan edi.

Abu Lu’lu’a o‘z qavmining bolalarini ko‘rsa, ularni to‘xtatib, boshini silar va: «Umar mening jigarimni yedi» yoki «Arablar mening jigarimni yedi», der edi.

Kunlardan bir kuni Umar roziyallohu anhu Abu Lu’lu’aga:

«Menga sening agar istasam, shamol bilan un tortadigan tegirmon qilib berishing mumkinligi aytildi», dedilar.

U Umarga peshonasini burishtirib qaradi-da:

«Men senga bir tegirmon qilib berayki, tillarda doston bo‘lsin!» dedi. U qaytib ketganidan so‘ng Umar o‘zi bilan birga bo‘lgan odamlarga:

«Bu qul menga do‘q uryapti-ku», dedilar.

Keyin Ali ibn Abu Tolibga qarab:

«Sen nima deysan?» dedilar.

«Ey mo‘minlarning amiri, u sizga do‘q qilmoqda», dedilar hazrati Ali.

Jufayna esa asli nasroniy bo‘lib, Sa’d ibn Abu Vaqqos uni ma’lum haq evaziga odamlarga o‘qish-yozishni o‘rgatishi uchun Madinaga olib kelgan edi.

Hurmuzon asli majusiy bo‘lib, forsning kattalaridan edi. U ko‘p marta musulmonlar bilan sulh tuzib, qayta-qayta xiyonat qilgan va oxiri qo‘lga tushganda Umar bilan gaplashmoqchiligini aytgandan so‘ng olib kelingan, o‘limdan qo‘rqqanidan, Islomni qabul qilgan edi.

Mazkur uch kimsa xalifa Umar roziyallohu anhuni qasddan o‘ldirganiga hech qanday shubha qolmagan, illat qayerda ekanini hamma anglab yetgan edi.

Hazrati Umarning kichik o‘g‘li Ubaydulloh hamma gapni eshitdi. U otasining jarohati nima bo‘lishini kutib turdi. Besh kun davom etgan muolajalar naf bermadi va Umar roziyallohu anhu vafot etdilar.

Ubaydulloh otasining vafotidan keyin qilichini qo‘liga olib, Hurmuzonnikiga bordi. Uning qorniga qilich sanchib, o‘ldirdi.

Keyin Jufaynanikiga borib, uni ikki ko‘zi orasidan chopib tashladi.

Oxiri Abu Lu’lu’aning xonadoniga bordi. U yerdagi sheriklarini ham o‘ldirmoqchi edi. Abu Lu’lu’aning qizi otasining silohlarini berkitayotgan ekan, unga ham qilich soldi. U ham o‘ldi.

Keyin ko‘chaga chiqib: «Otamning qonida kimning aybi bo‘lsa, hammasini o‘ldiraman!» deb e’lon qildi.

O‘sha vaqtda Suhayb Rumiy roziyallohu anhu Madinaning voliysi edilar. U kishi Ubaydullohni ushlab, qamashga amr qildilar. Uni ushlab, Sa’d ibn Abu Vaqqosning uyiga qamab qo‘yishdi. Unga qo‘riqchilar qo‘yildi. Ubaydullohning ishi bo‘yicha xalifa saylanganidan so‘ng o‘sha xalifa o‘z hukmini chiqarishi kerak edi. Xalifa saylanib bo‘lishi bilan hammaning e’tibori Ubaydulloh ibn Umarning ishiga qaratildi. Bu juda ham nozik va hassos bir masala edi.

Xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu kengash majlisini chaqirdilar va Ubaydulloh ibn Umarni nazarda tutib:

«Menga islomda yoriq paydo qilgan anavi haqida maslahat beringlar», dedi.

Haqiqatda Ubaydulloh ibn Umar nihoyatda qaltis ishni qilgan edi. Islomda qasos olish uchun qotilni o‘ldirish bor. Bir kishini ko‘pchilik o‘ldirsa ham, qasos olish uchun ularning hammasini o‘ldirish ham bor. Shuningdek, o‘ldirilgan shaxs ahlining qotilni o‘ldirish, afv etish yoki diya olishga ham haqlari bor. Lekin bu ishlarning hammasini hukumat qilishi kerak. Hech kim o‘zicha qasos olishi, o‘zicha hukm chiqarishi mumkin emas. Ubaydulloh ibn Umar hukumatning ko‘radigan chorasini kutib o‘tirmay, aybdorlarni o‘zi o‘ldirdi.

Kengash a’zolaridan bo‘lgan Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Ubaydulloh ibn Umarni qatl qilish kerak», degan gapni aytdilar.

Ba’zilar: «Kecha Umar, bugun o‘g‘li o‘ldiriladimi?!» dedilar.

Amr ibn Oss roziyallohu anhu: «Ubaydulloh ibn Umar bu ishni xalifa saylanmagan vaqtda qildi. Shuning uchun uni hukumatning haqqiga tajovuz qildi, deyish mumkin emas. Undan qasos olish shart emas», degan fikr bilan chiqdi.

Xalifaning so‘nggi qarori: «Ularning valiysi menman, men xun to‘lanishini ixtiyor qildim. Uni o‘z molimdan to‘layman», deyish bo‘ldi.

Imom Tobariy Shu’aybdan, u Sayfdan, u Abu Mansurdan quyidagilarni rivoyat qiladilar:

«Al Qumozning (Xurmuzonning o‘g‘li) otasining qatli haqida gapirayotganini eshitdim. U aytdi:

«Madinada ajamlar bir-birlari bilan dardlashib turar edilar. Feruz (Abu Lu’lu’a) otamning oldiga keldi. U o‘zining ikki boshli xanjarini o‘zi bilan olvolgan ekan. Uning qo‘lidan olib ko‘rib: «Bu yurtlarda buni nima qilasan?» dedi. «U bilan kesaman», dedi. Buni bir odam ko‘rib qolib, Umar musibatga uchraganida: «Mana shuni Hurmuzonda ko‘rgan edim. Uni Feruzga berayotgan edi», dedi.

Ubaydulloh ibn Umar kelib, uni qatl qildi. Usmon ish boshiga kelganida meni chaqirib, undan qasos olishimga imkon berdi. «Ey bolam, mana bu otangning qotili, unga bizdan ko‘ra sen haqliroqsan. Uni olib borib, qatl et», dedi. Men uni olib chiqdim. Yer yuzida kim bo‘lsa menga uchrab, uni afv qilishimni so‘rardi. Men ularga:

«Menga uni qatl qilish joizmi?» dedim.

«Ha», dedilar va Ubaydullohni so‘kdilar.

«Sizlar uni himoya qilishingiz joizmi?» dedim.

«Yo‘q», dedilar va yana uni so‘kdilar.

Avvalo, Alloh uchun, qolaversa, o‘shalar uchun uni tark qildim. Ular meni ko‘tarib olishdi. Allohga qasamki, uyimga odamlarning boshi ustida yetib bordim».

Bundan hammaning Ubaydulloh ibn Umarning o‘ldirilmay qolishini chin dildan tilagani, ammo shariat hukmiga itoat qilib, jim turgani ayon bo‘ladi.

Mana bu «Islom adolati» deyiladi. Aybdor taraf tayin. Ular xalifa Umar roziyallohu anhu­ning joniga qasd qilganlari aniq bo‘lgan. Hatto birorta qarindoshlari ham kelib, xalifadan Ubaydulloh ibn Umarni jazolashni talab qila olmaganlar. Chunki ular haqiqatni bilardilar. Ehtimol, bu fitnada ularning ba’zilari ishtirok ham etgandir.

Shuning uchun Hurmuzon, Jufayna yoki Abu Lu’lu’aning qizining qasosini so‘rab kela olmadilar.

Shu boisdan ham hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu hukm chiqarishda «Ularning valiysi menman», dedilar. Shunday bo‘lsa ham, Hurmuzonning o‘g‘lini o‘zlari chaqirib, Ubaydulloh ibn Umarni uning qo‘liga topshirdilar.

Birgina shu misolning o‘zidanoq dinimiz – adolat dini ekani namoyon bo‘ladi, muqaddas dinimizni niqob qilib begunoh odamlarni qatl etayotgan, odamlar gavjum joylarda masjidlarni, bozorlarni portlatib yuborib dinimizni yomon otliq qilayotgan  manfur kimsalarning qilmishlari dinimizga qanchalik yot ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, o‘zlarini manxaji salafi solihlarmiz deb iddao  qilayotgan terrorchi to‘dalarga asl salafi solihlarimiz qanday adolatli, shafqatli insonlar bo‘lganini, ularning da’volari salafi solihlarimiz tutgan yo‘llariga mutlaqo zid ekanini isbotlaydi.

D.ABDUQODIROV,

Faxriddin Ar-Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurti  mudiri   

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   2125   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari