Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

Ko‘p ne’mat egasimiz – biz boymiz

16.05.2017   5779   4 min.
Ko‘p ne’mat egasimiz – biz boymiz

“Dunyodagi eng boy odam kim?” degan savolga “Bill Geyts” deb javob berish mumkin. Ammo bu javob unchalik ishonchli emas. Chunki boyligining hisobini yashirib yurganlarning ko‘pchiligi bu odamdan badavlat ekanini taxmin qilish mumkin...  Modomiki, shunday ekan, “kompyuter qiroli”ning birinchi raqamli boy ekani shartli bo‘lib qoladi.

Bu – masalaning bir tomoni, ikkinchi jihati shuki, boylik o‘zi nima bilan o‘lchanadi – narsaning ko‘pligi bilanmi, nazarning to‘qligi bilanmi?..

Ruhiyatshunoslar inson yaxshi yutuqlarga erishib baxtiyor bo‘lmog‘i uchun ijobiy fikr yuritmog‘i ahamiyatli deydilar. Hayotda katta muvafaqqiyatlarni qo‘lga kiritgan odamlarning xotiralarini tinglaganda ularning ham hayoti boshida farovon bo‘lmaganini, jiddiy sinovlarga yuzlashgan holda qiyinchiliklar qoshida tushkunlikka tushmasdan tirishib-tirmashib vaziyatdan chiqib olganiga guvoh bo‘lamiz. Omadli insonlar  bilan omadsizlar o‘rtasidagi farq ham shu o‘zi. Har ikkisi boshida o‘xshash sharoitda bo‘lgan esa-da, ulardan bir muammolarni hal etish uchun Alloh unga bergan kuch-g‘ayratni ishga solgan, ikkinchisi esa tushkunlikka tushib har doim o‘zining holiga achinib, holidan shikoyat etib o‘zini-o‘zi omadsizlikka mahkum etgan. 

Parvardigorning taqdiriga inonmagan, o‘ziga nisbatan haqsizlik qilindi deya o‘ylagan kishining hayoti g‘avg‘o ichida kechadi. Har doim salbiy hissiyot ta’sirida bo‘lgani bois ishlarini to‘g‘ri tashkil qila olmaydi.

Inson o‘z nasibasiga rozi bo‘lsa, qo‘lidan keladigan ishlarni go‘zal suratda bajarsa, Allohga eng go‘zal shukr etgan bo‘ladi. Chunki haqiqiy shukr Allohning ne’matining qiymatini bilib, ularni Uning rizosi uchun qo‘llamoqdir.

Ijobiy fikrlamoq hayotni qadrlamoqni, turli voqea-hodisalar qarshisida sobit tura bilmoqni ta’min etadi. Nasibasiga rozi bo‘lmoq kishini pishitadi, qayg‘u-alamlardan qochishiga yordam beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom: “Allohning berganiga rozi bo‘l, insonlarning eng badavlati bo‘l!” deb marhamat qilganlar (ImomTermiziy rivoyati).

Dunyoda hech bir inson yo‘qki, har bir ne’matning, yutuqning o‘ziniki bo‘lishini istamasin. O‘z nafsi uchun har narsaning eng yaxshisini istashi insonning boshqalar nasibasiga chang solishiga sabab bo‘ladi. Ammo Parvardigori olam bandalarining nasibalarini o‘zi istagandek yaratgan. Ba’zilarga husn, ba’zilarga qobiliyat, yana biriga moddiy imkoniyat, boshqa biriga esa uni tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan yaxshi bir jufti halol ato qilgan. Ba’zi bandalariga katta imkoniyatlar eshigini ochib qo‘yar ekan, boshqalarini torlik va mushkulotlarga duchor qilgan.

 Bu taqdir sababidan siqilish bandaning odobiga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki iymonli inson biladiki, Robbi uning taqdirini tayin qilgan ekan, unga bo‘yinsunmoq burchidir.
Alloh taolo bandalarini turli suratda imtihon qiladi. “Nega uni bunday imtihon qilding, meni bunday imtihon qilding” deyilmaydi. Aksincha, u o‘z imtihonidan so‘raladi, men o‘z imtihonimdan, ahamiyatlisi –  imtihondan yorug‘ yuz bilan chiqmog‘imdir” deyiladi.

Noshukrlik – baxtsizlik sababi. Zero, nasibasiga rozi bo‘lmaslik va yetishmovchilikdan shikoyat qilish hech narsani o‘zgartirmaydi, aksincha, noliyotgan kimsaning dardini ikki barobar oshiradi. Shukr qilish, qo‘lidagi ne’matlar sababi ila ijobiy tuyg‘ularga sohib bo‘lish insonning bu dunyosi va oxirati uchun nihoyatda foydalidir. Masalan, moddiy boyligi bo‘lmagan, ammo sog‘ligi yaxshi bo‘lgan odam: “Shukrki, sog‘ligim yaxshi” deb qo‘lidan kelgancha mehnat qilib moddiy qiyinchilikdan qutulib oladi. 

Buning aksini qilib, kishi har doim boshqalarga qarab, o‘zini ular bilan muqoyasa qilib, “Nega falon kishilar mo‘l-mo‘l xarajatlar qiladi-yu, men qila olmayman? Men ham ular kabi xarjlashni istayman!” desa o‘zining ahvolini og‘irlashtiradi. farzandlarining rizqini qiyadi, hatto qarzga botib qoladi.

“Hech vaqoyim yo‘q”, degan odamlar ham juda ko‘p ne’mat egasidir. Agar sog‘lik, bo‘sh vaqt, yoshlik kabi hech o‘ylamagan ne’matlarimizga bajara olganimiz qadar shukr qilsak Alloh taolo rizqimizni yanada keng qilib qo‘yadi. Binobarin, Qur’oni karimda: “Kim bir yaxshilik qilsa, biz unga o‘sha ishida yaxshilikni ziyoda qilurmiz. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatli, Shakurdir” (Sho‘ro surasining 23-oyati), deya marhamat qilingandir.

Damin JUMAQUL,

Jurnalist

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Allohdan so‘rang!

25.12.2024   884   2 min.
Allohdan so‘rang!

Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi: 
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim: 
– Biror muammo bormi? 
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».