Bo‘limda Maryam Abdullayeva hamda Munira Abubakirovalar faoliyat yuritishadi.
Qabul vaqtlari: dushanba - juma kunlari soat 9-00 dan – 17-00 gacha |
Telefon raqami: +99871 240-05-07 |
Elektron pochta: umi_nisa@mail.ru |
Bo‘limning vazifalari:
Xotin-qizlarning diniy ma’rifiy salohiyatini oshirish, oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, ona va bola salomatligiga e’tibor qaratish yo‘lida Xotin-qizlar qo‘mitalari, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda ish olib boradi.
Idoraga murojaat qilib kelgan ayol-qizlarning diniy-ma’rifiy va oilaviy muammolarini hal qilish yuzasidan tegishli maslahatlar beradi hamda vakolati doirasida yordam ko‘rsatadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh imom-xatiblarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchilari bilan hamkorlikda quyidagi ishlarni olib boradi:
Ayollar o‘rtasidagi ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatish, milliy qadriyat va hanafiy mazhabi ta’limotiga zid bo‘lgan g‘oyalarni targ‘ib qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rish;
Shuningdek, folbinlik va bid’at-xurofotlarni oldini olish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borish;
O‘quv muassasalari, tashkilot va mahalla yig‘inlarida ayollar va qizlar ma’rifatli, vatanparvar, oila va jamiyat manfaatiga xizmat qiluvchi shaxs sifatida kamol topishiga va ularni turli buzg‘unchi oqimlar ta’siridan saqlash;
Ayollar orasida to‘y va ma’raka-marosimlarning dabdaba va isrofgarchiliksiz o‘tkazish bo‘yicha targ‘ibot olib borish;
Jamiyatda uchraydigan giyohvandlik, axloqsizlik va o‘z joniga qasd qilish kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida joylardagi Xotin-qizlar qo‘mitalari va mahalla faollari bilan hamkorlikda tushuntirish ishlari olib borish;
Ayollar orasida oilaviy ajrimlar, qaynona-kelin, er-xotin mojarolarining oldini olish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borish;
“Hidoyat” jurnali, “Islom nuri” gazetasi va “muslim.uz” saytida turli mavzularda maqolalar bilan ishtirok etish.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.