Yaratganga behisob shukrlar bo‘lsin! Jannatmakon, aziz yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xonadonimizdagi osoyishtalik, dasturxonimizdagi to‘kinlik buyuk Rabbimizning bizga ko‘rsatayotgan cheksiz rahmati, fidoiy insonlarning elim-yurtim, deb qilayotgan ezgu mehnatlarining samarasi desak, aslo yanglishmaymiz. Zotan, har bir kunini, yoyinki har soniyasini o‘zgalar mushkulini oson qilishga, o‘ksik qalblarni quvontirishga baxshida etadigan insonlar - chinakam fidoiylardir. Insonlar xizmatida bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va hojatlarini ravo qilishda doimo harakatda turish qanday saodat. Bu saodat hosili tom ma’noda yaxshilik deb ataladi.
Sunani Ibn Moja va boshqa mashhur hadis kitoblarda Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi:
من حديث أنس ابن مالك رضي الله عنه أنه عليه الصلاة والسلام قال: إِنَّ مِنْ النَّاسِ مَفَاتِيحَ لِلْخَيْرِ مَغَالِيقَ لِلشَّرِّ، وَإِنَّ مِنْ النَّاسِ مَفَاتِيحَ لِلشَّرِّ مَغَالِيقَ لِلْخَيْرِ، فَطُوبَى لِمَنْ جَعَلَ اللَّهُ مَفَاتِيحَ الْخَيْرِ عَلَى يَدَيْهِ، وَوَيْلٌ لِمَنْ جَعَلَ اللَّهُ مَفَاتِيحَ الشَّرِّ عَلَى يَدَيْهِ.
“Albatta, insonlardan yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘ladiganlari bor. Va yana insonlardan yaxshilikka qulf, yomonlikka kalit bo‘ladiganlari ham bor. Alloh taolo qo‘liga yaxshilikni bergan kishiga “Tubo” bo‘lsin! Alloh taolo qo‘liga yomonlikni bergan kimsaga “Vayl” bo‘lsin!”.
(“Tubo” - ko‘p yaxshiliklar yoki jannatdagi daraxtning nomi. “Vayl” - ko‘p yomonlik yoki jahannamdagi dahshatli vodiyning nomi).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi shariflarida insonlar yaxshi yoki yomon ishlarning qilishda ikki turli sinf bo‘lishlarini ta’kidlab: yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf va yaxshilikka qulf, yomonlikka kalit bo‘lishini bayon qilib beryapdilar. Ushbu hadisni eshitgan va yuqoridagi nabaviy taqsim xususida fikr yuritgan har bir inson o‘zini men qaysi insonlar sinfidan ekanman? Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘ladiganlar qatoridami yoki aksimi, deb o‘ylab qoladi. Hech shubha yo‘qki, bu savolga javob berish uchun inson o‘z nafsi oldida turishi, uni qattiq so‘roqqa tutishi, o‘tmishi, tutgan yo‘li, insonlar bilan muomalasi haqida chuqurroq o‘ylab, mulohaza yuritishi lozim bo‘ladi. U yaxshilikka kalit, yomonlikka qulfmi yoki aksi? Alloh azza va jallaning huzurida turib hisob qilinishdan oldin, ushbu hayoti dunyoda nafsni qattiq so‘roqqa tutish lozim. Zero, u kunda faqatgina ikkita yo‘l: “Tubo”ga yoki “Vayl”ga eltuvchi yo‘l bo‘ladi, xolos.
Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘lishni xohlagan kishi quyidagilarga amal qilishi lozim:
وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ
“Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan)
xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir” (Bayyina 5-oyat).
Ixlosli bandasidan yomonliklarni daf qilib, hidoyatga yo‘llash Alloh taoloning shar’iy qoidasi, odatlaridandir. Bu haqda Alloh taolo payg‘ambari Yusuf alayhissalom haqlarida shunday marhamat qiladi:
وَلَقَدْ هَمَّتْ بِهِ وَهَمَّ بِهَا لَوْلَا أَنْ رَأَى بُرْهَانَ رَبِّهِ كَذَلِكَ لِنَصْرِفَ عَنْهُ السُّوءَ وَالْفَحْشَاءَ إِنَّهُ مِنْ عِبَادِنَا الْمُخْلَصِينَ
“(Zulayxo) unga moyil, u (Yusufning dili) ham bunga moyil bo‘lgandi. Agar Rabbining hujjatini ko‘rmaganda (bo‘lar ish bo‘lar edi). Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik. Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir” (Yusuf surasi 24-oyat).
قَدِ افْتَرَيْنَا عَلَى اللَّهِ كَذِبًا إِنْ عُدْنَا فِي مِلَّتِكُمْ بَعْدَ إِذْ نَجَّانَا اللَّهُ مِنْهَا وَمَا يَكُونُ لَنَا أَنْ نَعُودَ فِيهَا إِلَّا أَنْ يَشَاءَ اللَّهُ رَبُّنَا وَسِعَ رَبُّنَا كُلَّ شَيْءٍ عِلْمًا عَلَى اللَّهِ تَوَكَّلْنَا رَبَّنَا افْتَحْ بَيْنَنَا وَبَيْنَ قَوْمِنَا بِالْحَقِّ وَأَنْتَ خَيْرُ الْفَاتِحِينَ
“Diningizdan Alloh bizni qutqargandan keyin yana unga qaytsak, Allohga yolg‘on to‘qigan bo‘lamiz-ku? Unga qaytishimiz mumkin emas, illo, Rabbimiz – Alloh xohlagani bo‘lur. Rabbimiz hamma narsa bo‘yicha ilmi keng zotdir. Tavakkulni Allohga qildik. Ey, Rabbimiz! Biz bilan qavmimiz o‘rtasida haqqoniy hukm qil! Sen hukm qiluvchilarning yaxshisidirsan” (A’rof surasi, 89 oyat).
اتْلُ مَا أُوحِيَ إِلَيْكَ مِنَ الْكِتَابِ وَأَقِمِ الصَّلَاةَ إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ
“(Ey, Muhammad!) Kitob (Qur’on)dan Sizga vahiy qilingan narsani tilovat qiling va namozni barkamol ado eting! Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur”.
هَلْ أُنَبِّئُكُمْ عَلَى مَنْ تَنَزَّلُ الشَّيَاطِينُ
“(Ey, Muhammad! Ayting): Men sizlarga shaytonlar (jinlar) kimlarga tushishi haqida xabar beraymi?
تَنَزَّلُ عَلَى كُلِّ أَفَّاكٍ أَثِيمٍ
Ular barcha bo‘htonchi, gunohga botgan (folchi-romchi, kohin)larga tushurlar.
يُلْقُونَ السَّمْعَ وَأَكْثَرُهُمْ كَاذِبُونَ
Eshitib olganlarini ularga tashlarlar. (Lekin) Ularning ko‘plari yolg‘onchilardir”. (Shuaro surasi, 221-223-oyatlar).
Qanday qilib oqil inson shaytonlar keladigan davralarda hamsuhbat bo‘lishni o‘ziga munosib ko‘radi?! Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘lishni istovchi har bir oqilga yaxshilar suhbatini lozim tutish darkor.
Alloh taolo shunday deydi:
وَاصْبِرْ نَفْسَكَ مَعَ الَّذِينَ يَدْعُونَ رَبَّهُمْ بِالْغَدَاةِ وَالْعَشِيِّ يُرِيدُونَ وَجْهَهُ وَلَا تَعْدُ عَيْنَاكَ عَنْهُمْ تُرِيدُ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَلَا تُطِعْ مَنْ أَغْفَلْنَا قَلْبَهُ عَنْ ذِكْرِنَا وَاتَّبَعَ هَوَاهُ وَكَانَ أَمْرُهُ فُرُطًا
“Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorlari “yuzi”ni istab, Unga
iltijo qiladigan zotlar bilan birga sabr qilishga undang! Dunyo hayoti ziynatini deb ko‘zlaringiz ulardan chetlamasin! Shuningdek, qalbini Biz zikrimizdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang!” (Kahf surasi 28-oyat).
Insonlarda huddi davo (Shifo, malham)ga o‘xshaydigani bor. Agar biror joyda hozir bo‘lsa foyda qiladi. Agar so‘zlasa manfaat berib, to‘g‘risini ko‘rsatadi. Agar nasihat qilsa xolis, samimiy nasihat qiladi va rost so‘zlaydi. U Alloh taoloni rozi qiladigan amalda peshqadamdir. Ana o‘shalar yaxshilik kaliti, to‘g‘rilikka dalolat qiluvchi, hidoyat kemasi, isloh elchisi, fitnani bostiruvchi va Rahmonning g‘azabidan omonda saqlab turuvchi hidoyatchidirlar.
Alloh taoloning bandalari ichida huddi dardga o‘xshaydigani ham bor. Agar biror joyda hozir bo‘lsa balo va ofat bo‘ladi. Do‘stlari bilan suhbatda bo‘lsa, ularni dunyo-oxiratlariga foyda bermaydigan ishlar bilan mashg‘ul qiladi. Ularni yaxshilikdan mahrum etib, mish-mishlar bilan baxtsiz etadi. Agar odamlar bilan muomalaga kirishsa yomonlik yetkazadi. Agar burilib ketsa, yer yuzida fasodga harakat qiladi. Qalbi kasal, fikri buzuq. O‘zini yomonlik va razillik urug‘ini yoyishda shaytonning yordamchisi, yomonlikka kalit, yaxshilikka qulf qilib olgan. Biz Alloh taolodan ana shundaylardan qilib qo‘ymasligini so‘rab duo qilamiz.
Yaratgan bizlarni yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf qilishini so‘raymiz!
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatib
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
1. Kishini chap qo‘lda yeyishidan qaytardilar.
2. Suyanib yeyishdan qaytardilar.
3. Qabrlarni (gips bilan) suvashdan va ularning ustida namoz o‘qishdan qaytardilar.
4. Turib qolgan suvga bavl qilishdan qaytardilar.
5. Kishini bitta kavushda yurishdan qaytardilar.
6. Hojat chiqarish yoki bavl qilishda qiblaga yuzlanishdan qaytardilar.
7. (Azada baland ovozda) yig‘lashdan qaytardilar.
8. Tasvirlar, suratlar(ni uyga osish, uni chizish)dan qaytardilar.
9. O‘tda kuydirishdan qaytardilar.
10. Xo‘rozni so‘kishdan qaytardilar.
11. Ayol kishi boshqa ayol bilan bir to‘shakda kiyimsiz yotishdan qaytardilar.
12. Kishining boshqa kishiga “ayolim singlingdir”, deyishdan qaytardilar. Bu yerda maqsud: mahrsiz.
13. Arrofga (kohin, folbin) ga borishdan qaytardilar.
14. Nard o‘ynashdan qaytardilar.
15. G‘iybat va chaqimchilikdan qaytardilar.