Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Yaxshilikka kalit bo‘ling!

15.05.2017   5930   11 min.
Yaxshilikka kalit bo‘ling!

Yaratganga behisob shukrlar bo‘lsin! Jannatmakon, aziz yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xonadonimizdagi osoyishtalik, dasturxonimizdagi to‘kinlik buyuk Rabbimizning bizga ko‘rsatayotgan cheksiz rahmati, fidoiy insonlarning elim-yurtim, deb qilayotgan ezgu mehnatlarining samarasi desak, aslo yanglishmaymiz. Zotan, har bir kunini, yoyinki har soniyasini o‘zgalar mushkulini oson qilishga, o‘ksik qalblarni quvontirishga baxshida etadigan insonlar - chinakam fidoiylardir. Insonlar xizmatida bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va hojatlarini ravo qilishda doimo harakatda turish qanday saodat. Bu saodat  hosili tom ma’noda yaxshilik deb ataladi.

Sunani Ibn Moja va boshqa mashhur hadis kitoblarda Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi:

من حديث أنس ابن مالك رضي الله عنه أنه عليه الصلاة والسلام قال: إِنَّ مِنْ النَّاسِ مَفَاتِيحَ لِلْخَيْرِ مَغَالِيقَ لِلشَّرِّ، وَإِنَّ مِنْ النَّاسِ مَفَاتِيحَ لِلشَّرِّ مَغَالِيقَ لِلْخَيْرِ، فَطُوبَى لِمَنْ جَعَلَ اللَّهُ مَفَاتِيحَ الْخَيْرِ عَلَى يَدَيْهِ، وَوَيْلٌ لِمَنْ جَعَلَ اللَّهُ مَفَاتِيحَ الشَّرِّ عَلَى يَدَيْهِ.

 “Albatta, insonlardan yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘ladiganlari bor. Va yana insonlardan yaxshilikka qulf, yomonlikka kalit bo‘ladiganlari ham bor. Alloh taolo qo‘liga yaxshilikni bergan kishiga “Tubo” bo‘lsin! Alloh taolo qo‘liga yomonlikni bergan kimsaga “Vayl” bo‘lsin!”.

(“Tubo” - ko‘p yaxshiliklar yoki jannatdagi daraxtning nomi. “Vayl” - ko‘p yomonlik yoki jahannamdagi dahshatli vodiyning nomi).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi shariflarida insonlar yaxshi yoki yomon ishlarning qilishda ikki turli sinf bo‘lishlarini ta’kidlab: yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf va yaxshilikka qulf, yomonlikka kalit bo‘lishini bayon qilib beryapdilar. Ushbu hadisni eshitgan va yuqoridagi nabaviy taqsim xususida fikr yuritgan har bir inson o‘zini men qaysi insonlar sinfidan ekanman? Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘ladiganlar qatoridami yoki aksimi, deb o‘ylab qoladi. Hech shubha yo‘qki, bu savolga javob berish uchun inson o‘z nafsi oldida turishi, uni qattiq so‘roqqa tutishi, o‘tmishi, tutgan yo‘li, insonlar bilan muomalasi haqida chuqurroq o‘ylab, mulohaza yuritishi lozim bo‘ladi. U yaxshilikka kalit, yomonlikka qulfmi yoki aksi?  Alloh azza va jallaning huzurida turib hisob qilinishdan oldin, ushbu hayoti dunyoda nafsni qattiq so‘roqqa tutish lozim. Zero, u kunda faqatgina ikkita yo‘l: “Tubo”ga yoki “Vayl”ga eltuvchi yo‘l bo‘ladi, xolos.

Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘lishni xohlagan kishi quyidagilarga amal qilishi lozim:

  1. So‘zi va amalini xolis Alloh taolo uchun qilish. Biror so‘z aytadimi yoki amal qiladimi undan faqatgina Alloh taoloning mukofotini umid qilishi kerak. Chunki, Alloh taolo O‘zining roziligi uchun qilingan amalnigina qabul qiladi. U zot bu haqda “Bayyina” surasida shunday marhamat qiladi:

  وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ 

Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) 

xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir” (Bayyina 5-oyat).    

 Ixlosli bandasidan yomonliklarni daf qilib, hidoyatga yo‘llash Alloh taoloning shar’iy qoidasi, odatlaridandir. Bu haqda Alloh taolo payg‘ambari Yusuf alayhissalom haqlarida shunday marhamat qiladi:

 وَلَقَدْ هَمَّتْ بِهِ وَهَمَّ بِهَا لَوْلَا أَنْ رَأَى بُرْهَانَ رَبِّهِ كَذَلِكَ لِنَصْرِفَ عَنْهُ السُّوءَ وَالْفَحْشَاءَ إِنَّهُ مِنْ عِبَادِنَا الْمُخْلَصِينَ 

“(Zulayxo) unga moyil, u (Yusufning dili) ham bunga moyil bo‘lgandi. Agar Rabbining hujjatini ko‘rmaganda (bo‘lar ish bo‘lar edi). Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik. Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir” (Yusuf surasi 24-oyat).

  1. Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘lishni so‘rab Alloh taologa duo qilish va U zotga yolvorish. Ma’lumki, Alloh O‘ziga nido qilib duo qilgan bandasini noumid qaytarmas. Bu borada Qur’oni karimda quyidagicha duo vorid bo‘lgan:

قَدِ افْتَرَيْنَا عَلَى اللَّهِ كَذِبًا إِنْ عُدْنَا فِي مِلَّتِكُمْ بَعْدَ إِذْ نَجَّانَا اللَّهُ مِنْهَا وَمَا يَكُونُ لَنَا أَنْ نَعُودَ فِيهَا إِلَّا أَنْ يَشَاءَ اللَّهُ رَبُّنَا وَسِعَ رَبُّنَا كُلَّ شَيْءٍ عِلْمًا عَلَى اللَّهِ تَوَكَّلْنَا رَبَّنَا افْتَحْ بَيْنَنَا وَبَيْنَ قَوْمِنَا بِالْحَقِّ وَأَنْتَ خَيْرُ الْفَاتِحِينَ 

“Diningizdan Alloh bizni qutqargandan keyin yana unga qaytsak, Allohga yolg‘on to‘qigan bo‘lamiz-ku? Unga qaytishimiz mumkin emas, illo, Rabbimiz – Alloh xohlagani bo‘lur. Rabbimiz hamma narsa bo‘yicha ilmi keng zotdir. Tavakkulni Allohga qildik. Ey, Rabbimiz! Biz bilan qavmimiz o‘rtasida haqqoniy hukm qil! Sen hukm qiluvchilarning yaxshisidirsan” (A’rof surasi, 89 oyat).

  1. Alloh taolo farz qilgan amallarni, xususan, namozni to‘kis ado qilishga katta ahamiyat qaratish. Chunki, namoz fahsh va munkar ishlardan to‘suvchidir. Hech shubha yo‘qki, Alloh taoloni buyruqlarini bajarib, toat ibodatda mustahkam va bu yo‘lda jiddiy harakat qilish. Alloh taolo “Ankabut” surasining 45-oyatida shunday marhamat qiladi:

 اتْلُ مَا أُوحِيَ إِلَيْكَ مِنَ الْكِتَابِ وَأَقِمِ الصَّلَاةَ إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ

“(Ey, Muhammad!) Kitob (Qur’on)dan Sizga vahiy qilingan narsani tilovat qiling va namozni barkamol ado eting! Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur.

  1. Karamli xulqlar bilan xulqlanish, yomon xulqlardan chetda bo‘lish. Go‘zal axloq egasini yomonliklardan to‘sib, yaxshilikka chorlaydi. Yomon xulq esa egasini yomonlikka yetaklaydi.
  2. Yaxshi insonlarni do‘st tutish va ular bilan birga hamsuhbat bo‘lish. Mo‘min kishiga xohlagan odam bilan do‘st bo‘laverishi durust emas. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ”Kishi do‘stini dinidadir. Bas, har biringiz kim bilan do‘stlashayotganiga nazar solsin!”(Abu Dovud va Termiziy rivoyati), degan mazmunda muborak hadis vorid bo‘lgan. Yaxshi kishilar bilan birga o‘tirish qo‘ldan boy berib bo‘lmas fursatdir. Ularning majlislarini rahmat chulg‘ab oladi, farishtalar unga nozil bo‘lurlar. Buning aksi o‘laroq, yomonlarning majlislariga esa shaytonlar nozil bo‘ladi.

هَلْ أُنَبِّئُكُمْ عَلَى مَنْ تَنَزَّلُ الشَّيَاطِينُ 

(Ey, Muhammad! Ayting): Men sizlarga shaytonlar (jinlar) kimlarga tushishi haqida xabar beraymi?


تَنَزَّلُ عَلَى كُلِّ أَفَّاكٍ أَثِيمٍ 

Ular barcha bo‘htonchi, gunohga botgan (folchi-romchi, kohin)larga tushurlar.

يُلْقُونَ السَّمْعَ وَأَكْثَرُهُمْ كَاذِبُونَ 

Eshitib olganlarini ularga tashlarlar. (Lekin) Ularning ko‘plari yolg‘onchilardir”. (Shuaro surasi, 221-223-oyatlar).

 Qanday qilib oqil inson shaytonlar keladigan davralarda hamsuhbat bo‘lishni o‘ziga munosib ko‘radi?! Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘lishni istovchi har bir oqilga yaxshilar suhbatini lozim tutish darkor.  

Alloh taolo shunday deydi:

 وَاصْبِرْ نَفْسَكَ مَعَ الَّذِينَ يَدْعُونَ رَبَّهُمْ بِالْغَدَاةِ وَالْعَشِيِّ يُرِيدُونَ وَجْهَهُ وَلَا تَعْدُ عَيْنَاكَ عَنْهُمْ تُرِيدُ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَلَا تُطِعْ مَنْ أَغْفَلْنَا قَلْبَهُ عَنْ ذِكْرِنَا وَاتَّبَعَ هَوَاهُ وَكَانَ أَمْرُهُ فُرُطًا 

“Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorlari “yuzi”ni istab, Unga 

iltijo qiladigan zotlar bilan birga sabr qilishga undang! Dunyo hayoti ziynatini deb ko‘zlaringiz ulardan chetlamasin! Shuningdek, qalbini Biz zikrimizdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang!” (Kahf surasi 28-oyat).

  1. Allohning bandalariga nasihat qilish. Qaysi mo‘minga bo‘lmasin qalbingizda faqatgina unga nisbatan nasihat tuyg‘usi bo‘lsin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda ko‘p bor takrorlab: “Din nasihatdir, din nasihatdir, din nasihatdir”, deb marhamat qilganlar. Insonlar orasida nasihat urug‘i sochilsa fazilat ham yoyiladi, ularning o‘rtalarida yaxshilik ham keng quloch yoyadi. Banda Alloh taoloning bandalariga nasihat qilib yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘lishi mumkin.
  2. Qiyomat soatini va olamlarning Rabbisi huzurida turishni yodga olish. Alloh azza va jallaning huzurida turib hisob berishni, hayoti dunyoda qilib o‘tgan amallarga yarasha taqdirlanishni eslash.

Insonlarda huddi davo (Shifo, malham)ga o‘xshaydigani bor. Agar biror joyda hozir bo‘lsa foyda qiladi. Agar so‘zlasa manfaat berib, to‘g‘risini ko‘rsatadi.  Agar nasihat qilsa xolis, samimiy nasihat qiladi va rost so‘zlaydi. U Alloh taoloni rozi qiladigan amalda peshqadamdir. Ana o‘shalar yaxshilik kaliti, to‘g‘rilikka dalolat qiluvchi, hidoyat kemasi, isloh elchisi, fitnani bostiruvchi va Rahmonning g‘azabidan omonda saqlab turuvchi hidoyatchidirlar.

Alloh taoloning bandalari ichida huddi dardga o‘xshaydigani ham bor. Agar biror joyda hozir bo‘lsa balo va ofat bo‘ladi. Do‘stlari bilan suhbatda bo‘lsa, ularni dunyo-oxiratlariga foyda bermaydigan ishlar bilan mashg‘ul qiladi. Ularni yaxshilikdan mahrum etib, mish-mishlar bilan baxtsiz etadi. Agar odamlar bilan muomalaga kirishsa yomonlik yetkazadi. Agar burilib ketsa, yer yuzida fasodga harakat qiladi. Qalbi kasal, fikri buzuq. O‘zini yomonlik va razillik urug‘ini yoyishda  shaytonning yordamchisi, yomonlikka kalit, yaxshilikka qulf qilib olgan. Biz Alloh taolodan ana shundaylardan qilib qo‘ymasligini so‘rab duo qilamiz.        

Yaratgan bizlarni yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf qilishini so‘raymiz!

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatib

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ boshlaridan kechirgan eng katta qayg‘u

13.01.2025   2971   5 min.
Rasululloh ﷺ boshlaridan kechirgan eng katta qayg‘u

Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:

Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?

Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».

Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Alloh ularning avlodida yolg‘iz Allohga ibodat qiladigan, U Zotga hech narsani sherik qilmaydigan zotlarni chiqarishini umid qilaman», dedilar (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).

Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.

Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:

«Uhud kuni mushriklar chekingach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Saflarni to‘g‘rilanglar, Robbim azza va jallaga sano aytayin!» dedilar. Sahobalar u zotning ortlaridan saflangach, shunday dedilar: «Allohim! Senga hamdu sanolar bo‘lsin! Allohim, Sen bergan narsani tutib qoluvchi yo‘q. Allohim, Sen uzoq qilgan narsani yaqin qiluvchi yo‘q. Allohim, Sen yaqin qilgan narsani uzoq qiluvchi yo‘q. Allohim, Sen bermagan narsani beruvchi yo‘q, Sen bergan narsani to‘suvchi yo‘q. Allohim, bizga barakotingni, rahmatingni, fazlingni, rizqingni keng qilgin! Allohim, hech qachon tugamaydigan, yo‘q bo‘lmaydigan doimiy ne’mat bergin. Allohim, muhtojlik kunida ne’mat, urush kunida omonlik bergin. Allohim, bizga bergan narsalaringning yomonligidan, bizdan to‘sgan narsalaringning yomonligidan O‘zing asragin. Allohim, bizga iymonni sevdirgin, uni qalbimizda ziynatlagin, qalbimizni kufr, fosiqlik va osiylikdan burgin. Bizni to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi bandalaringdan qilgin. Allohim, bizni musulmon holimizda vafot ettirgin, musulmon holimizda tiriltirgin. Bizni xor bo‘lmagan, fitnaga uchramagan holimizda solihlarga qo‘shgin. Allohim, Sening yo‘lingdan to‘sayotgan, rasullaringni yolg‘onchiga chiqarayotgan kofirlarga qarshi O‘zing urush ochgin, ularga azobingni yuborgin! Allohim, Kitob berilgan kofirlarga qarshi O‘zing urush ochgin, Haq iloh O‘zingsan» (Imom Ahmad rivoyati).

Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.