Allohni eslamaydigan sotuvchilar molining siniq joyini yelimlab yashirish, aybi borini tagiga quyish yoki kimyoviy moddalar qo‘llash kabi usullar bilan xaridorni chalg‘itadi. Ba’zi birlari molning yaroqlilik muddatini o‘zgartiradi yoki xaridorga molni yaxshilab ko‘rishga yoki tekshirib yo sinab olishga yo‘l qo‘ymaydilar. Sifatli yog‘ga sifati pastrog‘ini, oliy nav unga birinchi nav unni aralashtirib sotish, mashinaning yurgan kilometr raqamlarini orqaga aylantirib sotish va boshqa shunga o‘xshashlarning hammasi haromdir. Bunday savdodan baraka ko‘tarilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: "Musulmon musulmon bilan aka-ukadir. O‘z aka-ukasiga aybi bor narsaning aybini bayon qilmay sotish halol emas", deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Yana bir hadisda esa: "Oluvchi va sotuvchi bir-birlaridan ajragunlariga qadar ixtiyorlidirlar. Agar ular rost va ochiq savdo qilishsalar savdolari barakali bo‘ladi. Yolg‘on va hiylali savdolaridan esa baraka ko‘tariladi", deb ummatlarini barakaga undaganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo o‘lchov va taroziga xiyonat qiluvchilarni qattiq g‘azabiga olishni quyidagicha bayon qilgan: «(O‘lchov va tarozidan) urib qolguvchi kimsalarga halokat bo‘lgay! Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir» (Mutaffifun surasi, 1-3).
Suddiy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelgan vaqtlarida u yerda Abu Juhayna degan kimsa bor edi. Uning ikkita «mikyoli» (o‘lchov asbobi) bo‘lib, biri bilan odamlarga o‘lchab berar, ikkinchisi bilan o‘ziga o‘lchab olar edi. Shu bois Alloh taolo yuqoridagi oyatni nozil qildi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Besh ish besh ishga bog‘liq», dedilar. «Yo Rasululloh, biri ikkinchisiga bog‘liq bo‘lgan besh ish qaysi?» deb so‘rashdi. «Qaysi qavm ahdini buzsa, Alloh ularga dushmanlarini hukmron qilib qo‘yadi. Alloh nozil etgan narsadan boshqasi bilan hukm qilsa, ularga faqirlik yoyiladi. Fahsh avj olgan yerga, Alloh o‘lat yuboradi. O‘lchov va tarozidan urib qolsa, nabototlar o‘smay, bir necha yil qurg‘oqchilikka duchor bo‘ladilar. Zakot bermasalar, yomg‘ir yog‘may qo‘yadi», dedilar» (Tabaroniy rivoyati).
«Ular o‘zlarining ulug‘ bir kunda – barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob qilinadigan, o‘rtalarida hukm etiladigan qiyomat) kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?!» Mutaffifin surasi, 4-6).
Birovlarning haqidan urib qolish o‘g‘rilik, xiyonat harom luqma bo‘lib, bu ishni qilganlarga Alloh «vayl» bilan tahdid soldi. Vayl – shiddatli azob, boshqa bir rivoyatda aytilishicha, jahannamdagi vodiy bo‘lib. Agar unga dunyodagi tog‘lar tushirilsa, toshlari erib ketadi.
Salaflardan biri aytgan ekan: «Har bir (o‘lchov asbobida) o‘lchovchi va (tarozida) tortuvchi kishining do‘zaxiy ekaniga guvohlik beraman. Chunki Alloh saqlaganlardan tashqari, biron kimsa salomat qolmaydi bundan».
Solihlardan yana biri aytadi: «Bir bemorni ko‘rgani bordim. O‘limi yaqinlashib, o‘zini bilmay yotgan ekan. Unga har qancha «Shahodat» kalimasini talqin qilsam ham, tili hech aylanmasdi. O‘ziga kelgach: «Birodar, shahodatni shuncha talqin qilsam ham, tilingiz sira aylanmadi-ya. Tinchlikmi o‘zi?» deb so‘ragan edim, «Tarozining tili (pallasi) tilimni bosib, gapirtirmay qo‘ydi», dedi. «Nima, tarozidan urib qolarmidingiz?» deya so‘ragan edim, «Yo‘q, Allohga qasamki, unday emas. Biroq vaqtida tarozimning to‘g‘riligini tekshirib turmas edim», deb javob berdi».
Tarozining to‘g‘riligiga e’tibor bermagan kishining holi shu bo‘lsa, urib qoladiganlarning ahvoli qanday bo‘lar ekan?!
Mustafo YUNUSXO‘JAYEV,
Toshkent islom institutining 4-kurs talabasi
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati