Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2025   |   12 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:29
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2025, 12 Ramazon, 1446

Obid Jurayj qissasi...

11.05.2017   7155   6 min.
Obid Jurayj qissasi...

Qissalar nasihat va ibrat manbaidir. Qur’oni karimning ma’lum bir qismi aynan qissalarni batafsil bayon qilishga bag‘ishlangan. Shu boisdan ham Qur’oni karim bilan bir qatorda hadisi shariflarda ham avval yashab o‘tgan ummatlar haqidagi go‘zal qissa va xabarlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Zero, o‘tgan payg‘ambarlar hamda solih zotlarning hayotiy qissalarida keyingi keluvchi avlodlar uchun go‘zal o‘rnak va namuna bordir. Alloh taolo marhamat qiladi:

 لَقَدْ كَانَ فِي قَصَصِهِمْ عِبْرَةٌ لِأُولِي الْأَلْبَابِ مَا كَانَ حَدِيثًا يُفْتَرَى وَلَكِنْ تَصْدِيقَ الَّذِي بَيْنَ يَدَيْهِ وَتَفْصِيلَ كُلِّ شَيْءٍ وَهُدًى وَرَحْمَةً لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ 

“Darhaqiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun (katta) ibrat bordir. (Ushbu Qur’on) to‘qib chiqariladigan gap emas, balki o‘zidan oldingi narsalarni (ya’ni, samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (manbai bo‘lgan bir Kitob)dir” (Yusuf surasi, 111 oyat).

Mana shunday ajoib qissalardan biri Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam as'hoblari orqali bizlarga xabarini bergan “Obid Jurayj” qissasidir.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini rivoyat qiladi: “Uch kishidan boshqa hech kim beshik (ya’ni go‘daklik vaqti)da gapirmagan. Ular: Iyso ibn Maryam alayhissalom, Jurayjning sherigi (uchinchi kishini boshqa rivoyatda Yusuf alayhissalomning pokliklariga guvohlik bergan chaqaloqni  keltirganlar)”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Jurayj ibodatgo‘y kishi bo‘lib, bir uyni tanlab, o‘sha yerda ibodat qilar edi. Bir kuni Jurayj namoz o‘qiyotgan vaqtda uning onasi kelib qoldi va ey Jurayj, deb chaqirdi. Jurayj “Ey Xudoyim, onam (ni tanlaymi) va (yoki) namozimnimi?”, deb ikkilandi. So‘ng yana namoziga berilib ketdi. Onasi kuta-kuta ketdi. Ertasi kuni yana keldi va yana: “Ey, Jurayj!”, deb chaqirdi. Jurayj: “Yo, Xudoyim! Onam (ni tanlaymi) va (yoki) namozimnimi?”, deb ikkilandi. So‘ng yana namoziga berilib ketdi. Onasi yana qaytib ketdi. Ertasi kuni onasi yana keldi va ey Jurayj, deb chaqirdi. Jurayj “Yo, Xudoyim! Onam (ni tanlaymi) va (yoki) namozimnimi?”, deb ikkilandi. So‘ng yana namoziga berilib ketdi. Onasi: “Yo, Xudoyim! Buzuq ayollarning yuzlariga qarab qolmagunicha uning jonini olmagin”, deb duoyibad qildi.

Bani Isroil Jurayjni (o‘zlariga o‘rnak qilishar) va uning ibodati haqida bir-biriga so‘zlashar edi. Shu yerda o‘z husnu jamoli bilan mag‘rurlanib yuradigan fohisha ayol bor edi. U agar xohlasangizlar, uni yo‘ldan uraman, dedi. Keyin Jurayjning oldiga borib o‘zini taklif qildi. Jurayj unga qayrilib ham qaramadi. Ayol chiqib Jurayjning ibodatxonasiga yaqin joyda yashaydigan cho‘pon oldiga kelib unga o‘zidan foydalanishlik imkonini berdi. Ayol cho‘pon bilan zino qilib undan bola orttirdi va odamlar orasida uni Jurayjning farzandi degan ig‘voni tarqatdi. Odamlar Jurayjning ibodatxonasini buzib uni qo‘llari uchi bilan ko‘rsatadigan, hatto ko‘chalarda uni yoqasidan sudrab yuradigan bo‘lishdi. Biroq, Alloh taolo ibodatgo‘y bandasini shunday tashlab qo‘ymadi. Jurayj o‘z Rabbisiga ishonganligi tufayli namozlarida iltijo qilib, bu fitnani bartaraf etishini yolborardi. Zotan, namoz bandaning eng oliy maqomi, kushoyish mavqeidir. Odamlar endigina tug‘ilgan chaqaloqni ko‘tarib kelishganida Jurayj undan otasi kim ekanligini so‘radi. Chaqaloq Allohning qudrati bilan tilga kirib “otam falon cho‘pon” deya javob berdi. Shunday qilib, Alloh taolo ibodatgo‘y bandasini bunday fitnadan qutqarib, uni yana ibodat xalovatiga qaytardi. Odamlar esa Jurayjni ulug‘lab unga maqtovlar yog‘dirishdi”.

Endi ushbu qissadan quyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin:

  • Ota-onani ranjitish, ularga oq bo‘lish juda xatarli ish va ulkan gunoh ekan;
  • Ota-onaning farzandiga qilgan duosi to‘siqsiz qabul bo‘ladi. Shu bois, farzand ota-onadan yaxshi duo topish payidan bo‘lishi, Alloh saqlasin, yomon duo chiqishiga sababchisi bo‘lib qolmasligi kerak. Chunki rohib Jurayjning boshiga shuncha tashvishlar onasiga itoatsizligi tufayli keldi.
  • Alloh taolo Jurayjning onasi qilgan duoyibadini ijobat qildi.  Demak, onalarning duolari shunaqa nozik darajada ekan. Shuning uchun, onalar ham  bolalarining haqqiga har xil salbiy duolarni qilib yuborishdan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Shu o‘rinda bir haqiqat, bizning munis onalarimiz bolamni senlasam “sen” bo‘lib, “o‘l” desam o‘lib qoladi deb farzandlarini mehr qanotlarida asrab-avaylab voyaga yetkazib, tarbiya qilganlar. Hozirda ba’zi yosh kelin onalar bolajonlari o‘rtasidagi muloqot va munosabatlariga bir oz jiddiyroq e’tibor qilsa, o‘tmish momolarimizdan ibrat olsalar yaxshi bo‘lardi;
  • Shuningdek, banda har doim Allohga yuzlanib, bog‘lanib turishi lozim. Shunda Alloh ham uni yakkalab qo‘ymaydi;
  • Har qanday zamonda ham yomonlar bo‘lgan va bo‘lgan. Ularning yomonliklaridan esa iffatini saqlagan kishilargina omonda qoladi. Shunday ekan musulmon kishi har qadamda xushyor va ehtiyotkor bo‘lishi kerak;
  • Alloh bandalarini sinagan paytda chiroyli sabr qilib Rabbilaridan yaxshilikni so‘rashlari lozim.

Alloh taolo barchalarimizga taqvo, O‘zini doim yod etib yurish, musibat payti sabr qilib, ne’mat kelganda esa shukr qilish baxtini nasib etsin! Oxiratda xato va kamchiliklarimizni avf etib, bizlarni jannati bilan mukarram qilsin! Omin!

Jaloliddin Hamroqulov,

TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

 “Novza” jome masjidi imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iftorlik dasturxoni yozilib, qalblarga quvonch ulashildi

12.03.2025   357   1 min.
Iftorlik dasturxoni yozilib, qalblarga quvonch ulashildi

Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.

Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.


Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.


Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi. 

Farg‘ona viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Iftorlik dasturxoni yozilib, qalblarga quvonch ulashildi Iftorlik dasturxoni yozilib, qalblarga quvonch ulashildi Iftorlik dasturxoni yozilib, qalblarga quvonch ulashildi Iftorlik dasturxoni yozilib, qalblarga quvonch ulashildi Iftorlik dasturxoni yozilib, qalblarga quvonch ulashildi Iftorlik dasturxoni yozilib, qalblarga quvonch ulashildi
O'zbekiston yangiliklari