Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447

12.05.2017 y. Ulul-azm payg‘ambarlar

10.05.2017   9589   10 min.
12.05.2017 y. Ulul-azm payg‘ambarlar

 بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat!  Bugungi juma suhbatimiz ulul-azm, ya’ni matonatli  payg‘ambarlar haqida bo‘ladi. Shuning uchun avvalo payg‘ambarlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim deb bilamiz. Biz arab tilidagi “rasul” va “nabiy” so‘zlarini ona tilimizda “payg‘ambar” deb ishlatamiz. Aslida, arab tilidagi “rasul” va “nabiy” so‘zlarining o‘rtasida biroz farq bor.

Rasul so‘zi “risolatun” so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda “elchi”, “vakil” va shu kabi ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa “Alloh taolodan ilohiy kitob nozil qilingan payg‘ambar – rasul deb ataladi”.

Nabiy so‘zi “nabaun” so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda “xabar” ma’nosini anglatadi. Shar’iy istilohda esa “Alloh taolodan ilohiy kitob nozil qilinmagan balki o‘zidan oldingi kitob tushgan payg‘ambarning ta’limotini davom ettiruvchi payg‘ambar  – nabiy deb ataladi”.

Xulosa shuki, barcha rasullar nabiy hisoblanadi, lekin barcha nabiylar rasul hisoblanmaydi.

Payg‘ambarlarning adadi qancha bo‘lgani ma’lum emas. Ammo ba’zi kitoblarda ularning adadi bir yuz yigirma mingdan ortiq, qariyb bir yuz yigirma to‘rt ming ekani zikr qilingan. Qur’oni karimda yigirma beshta payg‘ambar zikr qilingan bo‘lib, ularning barchalari rasul bo‘lishgan.

Muhtaram  namozxonlar! Payg‘ambarlarni Alloh taolo tanlab oladi. Shunga ko‘ra, payg‘ambalikka o‘qib-o‘rganish hamda malaka hosil qilish bilan erishib bo‘lmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

اللَّهُ يَصْطَفِي مِنَ الْمَلَائِكَةِ رُسُلًا وَمِنَ النَّاسِ إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ بَصِيرٌ

ya’ni, “Alloh elchilarni farishtalardan tanlaydi, insonlardan ham. Darhaqiqat, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir!” (Haj surasi, 75-oyat)

Biz bandalar barcha payg‘ambarlarga iymon keltirishga buyurilganmiz. Payg‘ambarlarning barchasi ma’sumdir.

Payg‘ambarlarni yuborishdan asosiy maqsad insonlarga Alloh taoloni tanitish va Unga ibodat qilishga chaqirishdir. Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَمَا أَرْسَلْنَا مِنْ قَبْلِكَ مِنْ رَسُولٍ إِلَّا نُوحِي إِلَيْهِ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا أَنَا فَاعْبُدُونِ

 ya’ni, (Ey, Muhammad!) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg‘ambarga ham: «Mendan o‘zga iloh yo‘q, bas, Menga ibodat qilingiz!» – deb vahiy yuborgandirmiz. (Anbiyo surasi, 25-oyat)

Payg‘ambarlarni yuborishdan yana bir maqsad Alloh taoloning buyruqlari va qaytariqlarini yetkazishdir:

الَّذِينَ يُبَلِّغُونَ رِسَالَاتِ اللَّهِ وَيَخْشَوْنَهُ وَلَا يَخْشَوْنَ أَحَدًا إِلَّا اللَّهَ وَكَفَى بِاللَّهِ حَسِيبًا

ya’ni, Ular (o‘tgan payg‘ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, Undan qo‘rqib, Allohdan o‘zgadan qo‘rqmaydigan zotlardir. Allohning o‘zi (bandalarining amallariga nisbatan) yetarli hisobdondir. (Ahzob surasi, 39-oyat)

Muhtaram jamoat! Alloh taolo yuborgan payg‘ambarlarning ba’zilari ulul-azm payg‘ambarlar deyiladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:

فَاصْبِرْ كَمَا صَبَرَ أُولُو الْعَزْمِ مِنَ الرُّسُلِ

ya’ni, “Bas, (ey, Muhammad!) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling”. (Ahqof surasi, 35-oyat)

Ushbu oyatdagi ulul-azm, ya’ni matonatli payg‘ambarlar kimlar ekani va ularning sonlari nechta ekani haqida ba’zi ulamolar ularning barchasi ulul-azm bo‘lishgan desalar, ba’zilari esa ulardan ma’lum sonlilarigina ulul-azm bo‘lishgan deydilar. Bu borada eng mashhur fikr ulul-azm payg‘ambarlar beshta ekanidir. Ular Nuh, Ibrohim, Muso, Iso va Muhammad alayhissalomlardir. Ulul-azm deyilishidan murod – ular sobit qadam, jiddu-jahd va sabr toqat sohiblari ekanidir. Aslida, barcha payg‘ambarlar mazkur sifatlar bilan sifatlanishgan bo‘lishsa-da, lekin aynan mazkur beshta payg‘ambarlar ushbu sifatlarga xoslanganiga sabab, ular katta shariat sohiblari bo‘lishgani hamda bu shariatlarini o‘rnatishlarida ko‘plab mashaqqat va qarshiliklarga duch kelib, ularni yengib o‘tishda sabr-matonatli bo‘lishganidir. Shunga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga buyurib,“ular kabi sabr qiling”, deb namuna qilingani to‘rtta bo‘ladi. Ya’ni, Nuh, Ibrohim, Muso va Iso alayhissalomlardir.

Nuh alayhissalom uzoq muddat qavmini Alloh taologa ibodat qilishga chaqirdi. Ana shu uzoq muddat davomida qanchadan-qancha qarshiliklarga duch kelgan bo‘lsa ham, imon keltirganlar juda ham oz bo‘lsa ham, sabr-matonat ila Allohning buyrug‘ini davom ettirdi. U zotning payg‘ambarlik davrining o‘zi to‘qqiz yuz ellik yil davom etgan. Bu haqida Alloh taolo shunday marhmat qilgan:

وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا نُوحًا إِلَى قَوْمِهِ فَلَبِثَ فِيهِمْ أَلْفَ سَنَةٍ إِلَّا خَمْسِينَ عَامًا فَأَخَذَهُمُ الطُّوفَانُ وَهُمْ ظَالِمُونَ

ya’ni, “Biz Nuhni o‘z qavmiga (payg‘ambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi*. Bas, ularni zolim (kofir) bo‘lgan hollarida to‘fon (balosi) tutdi”. (Ankabut surasi, 14-oyat).

Nuh alayhissalom umidni uzmasdan, qavmiga turli usullar bilan da’vat qildi. Bu haqda shunday deyilgan:

قَالَ رَبِّ إِنِّي دَعَوْتُ قَوْمِي لَيْلًا وَنَهَارًا فَلَمْ يَزِدْهُمْ دُعَائِي إِلَّا فِرَارًا  وَإِنِّي كُلَّمَا دَعَوْتُهُمْ لِتَغْفِرَ لَهُمْ جَعَلُوا أَصَابِعَهُمْ فِي آَذَانِهِمْ وَاسْتَغْشَوْا ثِيَابَهُمْ وَأَصَرُّوا وَاسْتَكْبَرُوا اسْتِكْبَارًا ثُمَّ إِنِّي دَعَوْتُهُمْ جِهَارًا  ثُمَّ إِنِّي أَعْلَنْتُ لَهُمْ وَأَسْرَرْتُ لَهُمْ إِسْرَارًا

ya’ni, “Nuh aytadi:  “Parvardigoro, qavmimni kechayu kunduz da’vat qildim. Lekin chaqirig‘im ularning qochishini kuchaytirdi, xolos. Qachon ularni Senda kechirim so‘rashga chaqirsam, barmoqlarini quloqlariga tiqib, kiyimlariga o‘ralib olishadi, qaysarlik bilan takabburlik qilishadi. Keyin ularni oshkora da’vat qildim. So‘ng ularga ochiqchasiga va keyin yashirin ham gapirib ko‘rdim” (Nuh surasi. 5-9 oyatlari).

Shuncha uzoq yillarda va turli uslublarda da’vat qilsalarda, qavmidan oz sonli kishilargina imonga kelishdi.

Ibrohim alayhissalom haqida esa shunday deyilgan:

وَإِبْرَاهِيمَ إِذْ قَالَ لِقَوْمِهِ اعْبُدُوا اللَّهَ وَاتَّقُوهُ ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ تَعْلَمُونَ

إِنَّمَا تَعْبُدُونَ مِنْ دُونِ اللَّهِ أَوْثَانًا وَتَخْلُقُونَ إِفْكًا إِنَّ الَّذِينَ تَعْبُدُونَ مِنْ دُونِ اللَّهِ لَا يَمْلِكُونَ لَكُمْ رِزْقًا فَابْتَغُوا عِنْدَ اللَّهِ الرِّزْقَ وَاعْبُدُوهُ وَاشْكُرُوا لَهُ إِلَيْهِ تُرْجَعُونَ

ya’ni,  “Ibrohimni (eslang), u o‘z qavmiga degan edi: «Allohga ibodat qilingiz va Undan qo‘rqingiz! Agar biluvchi bo‘lsangiz, mana shu ishingiz sizlar uchun yaxshiroqdir. Sizlar Allohni qo‘yib faqat butlarga ibodat qilmoqdasiz va (ularni ilohlar deb) yolg‘on to‘qimoqdasiz. Aniqki, sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan narsalar sizlarga rizq berishga qodir emaslar. Bas, (shunday ekan) sizlar rizqni Alloh dargohidan istangiz va Ungagina ibodat qilingiz va Unga shukr qilingiz! Sizlar (oxiratda) Ungagina qaytarilursizlar”. (Ankabut surasi, 16-17 oyat)

 Ibrohim alayhissalomning qavmi gulxan yoqib, hatto u zotni unga otishdan ham qaytmadi: “(Namrud boshchiligidagi mushriklar) dedilar: «Uni yoqib yuboringiz! Agar (biror narsa) qiluvchi bo‘lsangiz (shu ish bilan) ilohlaringizga yordam qilingiz!» Biz aytdik: «Ey, olov! Ibrohimga salqin va omonlik bo‘l!» Ular (Ibrohimga) makr qilmoqchi bo‘ldilar. Biz esa, ularning o‘zlarini ko‘proq ziyon ko‘ruvchi qilib qo‘ydik”. (Ankabut surasi, 68-70 oyatlar)

Muso alayhissalomning voqeasiga kelsak, Qur’oni karimda eng ko‘p zikr qilingan qissa u zot alayhissalomga tegishlidir. U zotni Alloh taolo xudolikni da’vo qilgan Fir’avnning zamonida payg‘ambar qilib yubordi. Muso alayhissalom da’vat yo‘lida misli ko‘rilmagan mashaqqatlarga, bahs-munozaralarga duch keldi.

Iso alayhissalom ham payg‘ambarlik vazifasini ado qilishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldi. Qavm unga kufr keltirib, turli tuhmat bo‘htonlar qilishdi.

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, barcha payg‘ambarlar muallim bo‘lib kelishgan. Insoniyatga xayriyat urug‘ini sochishgan. Bugungi kunda garchi oramizda payg‘ambarlar yo‘q bo‘lsa-da, lekin ularning merosxo‘rlari bordir. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilgan:

عن أَبي الدرداء رضي الله عنه قال: سَمِعْتُ رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: « ... وَإنَّ العُلَمَاءَ وَرَثَةُ الأنْبِيَاءِ، وَإنَّ الأنْبِيَاءَ لَمْ يَوَرِّثُوا دِينَاراً وَلا دِرْهَماً وَإنَّمَا وَرَّثُوا العِلْمَ ، فَمَنْ أَخَذَهُ أَخَذَ بحَظٍّ وَافِرٍ».

رواه أَبُو داود والترمذي

ya’ni, Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: ... Albatta, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Chunki payg‘ambarlar dinorni ham dirhamni ham meros qilib qoldirishmagan. Ular ilmni meros qilib qoldirishgan. Shunday ekan, kimda-kim uni olsa, katta nasibani qo‘lga kiritibdi”, deb aytayotganlarini eshitdim”. (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan).

Shunga ko‘ra, biz musulmonlar ulamolarni g‘animat bilib, diniy masalalarda ixtilofga borib qolgudek bo‘lsak, darhol O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolariga murojaat qilishimiz lozim bo‘ladi.

Ayniqsa, dunyo notinch bo‘lib turgan, turli g‘alamislar dinimizga tuhmat toshini otib turgan, ayrim o‘lkalarda diniy shiorlar ostida qon to‘kilayotgan bugungi kun kabi tahlikali zamonda ogoh va xushyor yashamog‘imiz, mamlakatimizdagi tinchlik, osoyishtalikni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz lozim.

Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilsin! Yurtimizda olib borilayotgan xayrli ishlar va islohotlarga O‘zi barakot ato qilsin! Omin!

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi?

01.08.2025   2151   1 min.
Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi?

Shu yil 31 iyul kuni Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual tanlovi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, bir qator tashkilotlar vakillari va tanlov ishtirokchilari qatnashdi.


Ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov tanlov ishtirokchilarini samimiy tabriklab, bu kabi tadbirlar diniy soha vakillarining bilim va malakasini oshirish bilan birga, ular o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.


Musobaqada “Ibn Sino”, “Boboyi Samosi”, “Abu Bakr Kalabodiy”, “Abduxoliq G‘ijdivoniy”, “Poykandiy”, “Renessans”, “Poyi Kalon”, “Chor Bakr”, “Mohitabon”, “Sayyid Amr Kulol”, “Xoja Romitaniy”, “Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy”, “Naqshband”, “Abu Hafs Kabir”, “Mir Arab” va “Mahmud Tarobiy” jamoalari ishtirok etdi.


Bellashuvda jamoalarga diniy-ma’rifiy, tarixiy va umumiy bilimlarga oid savollar berildi. Qizg‘in va bahsli muhitda o‘tgan tanlovda ishtirokchilar o‘z bilim saviyasi, mantiqiy fikrlashi va jamoaviy hamkorlik qobiliyatini namoyon etdi.


Yakunda Buxoro viloyati hokimining kubogi “Poykandiy” jamoasiga topshirildi. Sovrinni viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Azizbek Qalandarov tantanali ravishda taqdim etdi. Shuningdek, boshqa jamoalar ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi? Buxorodagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” musobaqasi qanday o‘tdi?
O'zbekiston yangiliklari